“Xizrni uchratib qolsam…”

(Shoir Shukur Qurbon bilan suhbat)
Badiiy ijod sohasida qalam tebratayotgan yozuvchi, shoir, umuman, shu sohaga daxldorlik hissi bilan yashayotgan kishi borki, adabiyot qo'riqchisi, himoyachisiga o'xshaydi. Faqat bu himoyada qo'lda qurol emas, qalam, otilgani o'q emas, so'z bo'ladi. Bugungi o'zbek adabiyotining ana shunday jonkuyar, so'zni qadrlovchi vakillaridan biri, so'zsiz, taniqli shoir, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi Shukur Qurbondir.
Ustoz ijodkor bilan adabiyot, so'z qudrati, badiiy ijod mashaqqatlari va zavqi borasida suhbatlashdik.
— Shukur aka, ma'lumki, inson hayotining eng go'zal davri, bu — bolalik. Bu davrda bir qadar erkin va beg'ubor bo'ladi odam. Avvalo, bolalik xotiralaringiz haqida so'zlab bersangiz?
— Ko'pchilikka o'xshab gapiradigan bo'lsam, hayotimning eng go'zal davri, bolaligimning bir qadar erkin va beg'uborligini o'ylasam, kichik bir she'rim yodimga tushadi.
Tuproq kechib, oyoqyalang, boshyalang,
Soatga qaramay yashagan kunlar.
Qoradaryo bo'yi, ko'kmak yulg'unlar,
Sigir yetaklagan bir to'da bola…
Sizga qaytmasligim endi ayondir.
Qo'shimcha qilsam: bolalar bilan birga daryo bo'yiga shox-shabbalardan kapa qurib, quyoshning botishi-yu bulutlarning turli shakllardagi tovlanishlarini, ko'k yuzida barkashday balqigan oy, uning daryodagi sirli-ta'sirli aksi, biri qo'yib, biri chaqnab, maftun etgan yulduzlarni tomosha qilib, kech kirganini bilmay, qorong'ilikdan qo'rqib, yig'lab uyga chopganlarimiz; ota-onalarimiz, akalarimizning bizni qidirib, bo'lari-bo'lganlari yodimga tushadi. Ko'pchilikka o'xshamay gapirsam, besh o'g'il va ikki qizni ulg'aytirgan ota-onamning biz — farzandlari kelajagi uchun qayg'urishlari bir tomon bo'lsa, ikkinchi tomon — kichik yoshimdan uy-ro'zg'or yumushlariga qarashib, bozor boshida bo'ynimni qisib, qiynalib, ezilib, xo'rligim kelib, onam yopgan non-u, yakka-yolg'iz sigirimizning sut, qatig'i, qaymog'i, sariyog'ini sotishim bo'lgan. Ustiga ustak, boshlang'ich sinfda o'qiyotgan kezlarimdan to maktabni bitirgunimcha, boshqa maktabdoshlarim qatori, paxta yakkahokimligining hukmronligi boshimda qora quzg'unday charx urgan. Yuk mashinasi kuzovida qoplardagi yuklarga o'xshab o'tirib, azonlab dalalarga qatqaloqqa, yaganaga, paxta terimiga chiqqanmiz. Hatto qahraton qish kunlari uyda, sandal atrofida o'tirib, onamning ertaklari va xo'jalik beradigan arzimagan pul evaziga, sovuqda ochilmay qolgan ko'saklarni chuvishimga to'g'ri kelgan. Hamma qatori, kunimiz qora non-u zog'ora nonga ham qolgan. Lekin baribir imkon tug'ildi deguncha, qishloq kutubxonasiga yugurganman. U yerdagi dunyo xalqlari ertaklari meni butunlay boshqa — sehrli dunyoga sayohat qildirgan. Boshqa yumushlar bilan andarmon bo'lganimda ham, yo'l yurganimda ham ertaklar qahramonlari bilan birga yashaganman, hatto bir kuni to'xtab turgan yuk mashinasiga boshimni urib yorib, uyga qonimni oqizib kelganman… Onam boshimdan non o'girib, sadaqa qilgan. O'sha voqeadan keyin akalarim meni sal bo'lmasa “jinni”ga chiqarib qo'yishgan.
— Demak, badiiy ijodga ham o'sha bolalik chog'ingizdan mehr qo'ygan ekansiz-da?
— Bolaligim kitob o'qishdan tashqari, boshqa qishloqdosh ko'pchilik tengdoshlarim qatori, meni mehnatga o'rgatgan.
Poliz ekinlari ekish, guvala quyish, devor urish, suvoq qilish, tomga tuproq solish… Dadamning ishxonasida ota kasbi (sartaroshlik)ni ham bolalikda egallaganman. Sartaroshxonada radiokarnay to'xtovsiz ishlab turardi: kasb o'rgana turib, havo mavjlarida yangragan, jahon adabiyoti namunalari asosida sahnalashtirilgan radioinsenirovkalarni qayta-qayta eshitib, maza qilganman. Abdulla Qahhor, Chingiz Aytmatov, Ernest Xeminguey, Mar Bayjiyev, Xayriddin Saloh asarlari asosidagi radiospektakllarning ayrim sahnalari deyarli yod bo'lib ketgan.
She'r yozishga bolalikdan qiziqishimga ona tili va adabiyot darsidan saboq beradigan ustozim, Asliy taxallusi bilan she'r yozib turadigan qishloq shoiri, respublikada xizmat ko'rsatgan o'qituvchi, rahmatli Akromjon Sultonov sababchi bo'lgan. Sinfdoshlarim bilan u insondan so'raganmiz:
— Ustoz, biz ham she'r yozsak, sizga o'xshab shoir bo'lolamizmi?
Ustoz javob berganlar:
— Bo'lmasam-chi! Hammalaring shoir bo'lishlaring mumkin. Faqat ko'p o'qib, o'z ustlaringda ko'p ishlasalaring, bas!
— Nima haqda she'r yozsak bo'ladi, ustoz?
— Hamma narsa haqida she'r yozish mumkin, faqat odamlarga kerakli, yaxshi gaplarni yozsalaring bo'ldi!
Faqat ustoz o'shanda, nazarimda, ikkita gapni unutganlar, “Xudo xohlasa va iqtidorlaring bo'lsa!” demaganlar. Shunda ham, o'ttizta sinfdosh — hammamiz katta umumiy daftar tutib, o'sha kundan boshlab she'r mashq qila boshlaganmiz. Respublika bolalar gazetasi (hozirgi “Tong yulduzi”)ga yuborgan she'rimga, kimsan, mashhur shoir Xayriddin Salohdan javob xati olganman va bundan ancha vaqtgacha o'zimga kelolmay yurganman. Sinfdoshlardan uchtamiz shoir bo'lganmiz. Biri tumanda, biri viloyatda qoldi. Bitta men she'riyat sirlarini yaxshiroq o'rganish, taniqli shoir bo'lish uchun ToshDU (hozirgi O'zMU)ning filologiya fakultetiga o'qishga kirganman.
— Ijodkor kayfiyati, uning yashash muhiti bevosita u yozgan asarlariga ko'chadi. Uzr, lekin ko'cha-ko'yda sizni kuzatgan odam go'yo bu dunyoga begonadek ketayotgan darveshona kishini ko'radi. She'rlaringizda ham jununlik bor. Bu holatda, o'zgacha kayfiyatda yurishingiz sababi nimada?
— Singlim, bu savolingiz bilan meni xursand qildingiz. Negaki, qadim-qadimdan ba'zi odamlar shoirlarni siz aytganday, junun (darveshroq) deb biladi. Ko'hna hikmatlarda aytilishicha, insonda aql-farosatdan bir tomir, nodonlikdan bir tomir, hatto jinnilikdan bir tomir borligi aytiladi va qo'shimcha qilinadi: “…mabodo jinnilik qilsa, unga junun nomini berma!” Qolaversa, Pushkin aytgan: “Chert poberi! Poeziya doljna bыt glupovatыm!” Nega? Chunki hamma biladigan gaplar hamma biladigan tarzda yozilsa, qizig'i bo'lmaydi. Shoir esda qoladigan, mushohada qiladigan darajaga keltirib aytadi. Dunyo ko'rgan ustozlardan biri degandiki, shoirlarga she'rni farishtalar aytib turadi, u yozadi, o'chiradi, yana yozadi, yana o'chiradi, to farishtalarning gaplarigina qolgunicha o'chirib-yozilsa, asari umrboqiylik kasb etadi, she'rxon qalbiga bitmas-tuganmas hayrat baxsh etadi, deb. Bu gapga ishongim keladi. Negaki ba'zi asarlarimni o'zim yozganimga ba'zan o'zimning ham aqlim bovar qilmaydi. Ular Mayakovskiy ta'biri bilan aytganda, “noma'lumlikka sayohat”lar bo'lishadi. Siz aytgan kayfiyatda yurishimga sabab — men ana shu “noma'lumliklarga sayohatlar” gadosiman. Yozganim, yozayotganim, yoza olmayotganim — asarlar meni ruhan o'rab olishadi va to yozib bitirmagunimcha qo'yib yuborishmaydi, tinchitishmaydi.
Bu dunyoda emin-erkin ijod qilish uchun esa, siz aytganday, shoirning yashash muhiti, sharoitining ahamiyati beqiyos. Abdulla Qahhor “Yoshlar bilan suhbat” kitobida yozadi: “Men oltmishga kirgunimcha adabiyotga kirib-chiqib ketganlarning soni bor-u, sanog'i yo'q. Kimdir ilk asarlari muvaffaqiyatidan shuhrat kasaliga uchraydi, kimdir ijodni qo'yib, amal-mansab, unvon, mukofot olishga o'zini uradi, kimdir shaxsiy hayotini izga sololmay xarob bo'ladi”. Men, taqdir-nasib bo'lib, shaxsiy hayotini ellik yoshga kirgunicha “izga sololmagan”lardanman (“Men seni ellik yil axtaribman, yor, Yana ellik yilda topsam, ajabmas!”). Endi ochiq aytaman: Birinchi ayolim hudud noziri bilan til biriktirib, “Erimning o'rtoqlari — har xil shoirlar uyimizga kelib, she'r o'qishib, mahalla tinchini buzyapti. U — jinni!” deb ruhiy xastaliklar kasalxonasiga qamatgan. Yaxshiyam, bu gapdan ustozim Ozod Sharafiddinov vaqtida xabar topib, o'sha paytda O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, sobiq ittifoq xalq deputati Sarvar Azimovni bu ishga aralashtirib, zudlik bilan chiqarib olishgan. Sarvar Olimjonovich xastaxona bosh vrachiga qo'ng'iroq qilganlar: “Zudlik bilan Shukur Qurbonovni u yerdan ozod qiling, u jinni emas, u bizning taniqli shoirimiz!” O'shandan sal avval hudud noziri menga savol bergandi:
— Xotiningiz aytyapti, siz she'r yozarkansiz-a?!
— Ha, shunaqa, qo'limdan boshqa ish kelmagani uchun…
Singlim, savolingizga to'liq javob oldingizmi, yo'qmi, bilmayman, lekin inson o'zi qilayotgan ishga butun borlig'i bilan berilmas ekan, o'zini ham, o'zgalarni ham rozi qilolmaydi. Yuqorida birinchi ayolim haqida aytdim. Xudoga shukur, ikkinchi turmushimdan yolchiganman. Meni tushunadi. Shu o'rinda bir misol keltiraman: yarim kechasi Alisher Navoiyning ona tilimiz uchun kurashi haqidagi tarixiy dostonim ustida ishlayotgan kezlarim (u asar “Sharq yulduzi” jurnali sahifalarida e'lon qilingan) turmush o'rtog'im choy ko'tarib xonamga kirib kelib:
— Dadasi, choyingizni yangilab keldim. Qoldirib ketsam, maylimi? — dedi. “O'n beshinchi asr ayoli yigirmanchi asr ayolining ust-boshini kiyib olibdimi?” — deb hayron bo'lganman va ovoz chiqarib so'raganman ham:
— Nega bunaqa kiyimda yuribsiz?
Albatta, u hayron bo'lgan:
— Kiyimimga nima qipti?
Ana shundan keyin tushunganman — ruhan tarixiy voqealar ichiga kirib, mavzuga berilib ketganimni. Darvoqe, shunga o'xshagan holatni yumor bilan to'rtlikka ham tushirganman. Mana, eshiting:
Shoirlik hayotga to'g'ri kelmas, boq,
Boshga turfa kunlar soladi andoq:
“Kallang ishlaydimi?” deb qolar boshliq.
“Ishlasa, men shoir bo'lardim qandoq?”
(To'rtlikdagi oxirgi satrda boshqa ma'no ham bor: “Kallam ishlaganida qandoq zo'r shoir bo'lardim” kabi).
— Ko'p she'rlaringizda g'am-anduh, iztiroblarda yashayotgan inson tasvirlanadi. Sizni qiynaydigan muammolar, armonlar shu qadar ko'pmi?
— Bu savolingizga payg'ambarimiz Muhammad alayhissalomning to'rtligimga tushgan hadisi shariflaridan birini aytish bilan javob beraman. Men u ulug' zotning 1600 hadisi sharifini 1600 to'rtlikka tushirib, 40 arba'indan iborat “Hikmatlar anjumani” nomli kitob yozganman (kitob 1989 yilda Movarounnahr musulmonlari diniy boshqarmasi mukofotiga sazovor bo'lgan):
Ko'ngilni dardlarda dog'lar edingiz,
O'zni balolarga chog'lar edingiz.
Men bilgan gaplarni bilganingizda
Siz ham oz kulib, ko'p yig'lar edingiz.
Men qirq yoshga kirgunimga qadar totalitar tuzum davrida ziyoli inson sifatida uning xalqimiz hayotiga solgan zahar-zaqqumlarini ko'rib, his qilib, noto'g'ri siyosatning zug'umlari, xalqimiz boshiga solgan qatag'onlari borasida o'qib, bilib, eshitib yashaganman. Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Rauf Parfi singari ustozlarning asarlaridagi haqiqatlarni anglashga uringanman va ularga ergashib, ular chorlagan yo'llarda yozish-chizishga odatlanganman.
Shoirlar kalomi otilgan o'qdir,
Nishonga tegarki, ko'ngillar to'qdir.
Haqiqatni aytish — nodonlik bo'lsa,
Nodonlikdan ayro she'riyat yo'qdir.
* * *
— Haqiqat — osmonda, — degan gap bekor,
U — yerda, oyoqlar ostida xor-zor.
Daraxtdek qaddini tiklasin uchun
Bizdan fidoyilik, jasorat darkor.
Xalqimizning kam kitob o'qiyotgani, o'rniga pulni o'qiyotganidan. Ma'lumotlarga ko'ra, hozir yurtimiz ahlining bor-yo'g'i 4 foizi kitob o'qimoqda! Ma'naviy jihatdan qashshoqlashib borayotir. Binobarin, ayrim nobakorlar hatto o'z ota-onalarining qotillari bo'lishyapti, yosh-yosh oilalar bolalarini tirik yetim qilishib, ajrashib ketishyapti. O'zbek qizlari internetga, “Oynai jahon”ga chiqib, hayosizlarcha (ersirashib), xalqning ko'z o'ngida o'zlariga er axtarishyapti. Axir bekorga aytilmagan: “Alloh taolo hayoni o'n qismga bo'lib, uning to'qqiz qismini qizlarga bergan” deb…
“She'rlarimda g'am-anduh, iztiroblarda yashayotgan inson tasvirlanishi”ga yana bir gapni aytgim keladi: men ustoz Abdulla Oripov bilan bir tahririyatda — “Sharq yulduzi”da ishlaganman. Suhbatlarda Abdulla akaning she'rga, shoirlikka talabining nechog'li yuqori ekanligiga guvoh bo'lganman. Ayniqsa, bir voqeadan keyin bu narsa ikki karra ikki to'rtday oydinlashgan. Ustoz tengqurlaridan biri (noqulay bo'lmasin uchun, ism-sharifini tilga olmayman. U kishi hozirda hayot. — Sh. Q.), bir nechta she'riy to'plamlari va dostonlari bilan tilga tushgan shoir o'sha paytlarda matbuotda bosilgan she'rlarimga munosabat bildira turib, o'zicha maslahat berdi:
— Shukurjon, adabiyotda shoirlar ikki xil bo'lishadi. Birisi dard, alam haqida yozib, zamonaga murosasiz bo'lishadi. Ikkinchisi davrga murosasozlik yo'lidan borib, faqat baxt-saodat to'g'risida yozadi. Siz ikkisidan ham yurmang, ikkisining o'rtasidan, uchinchi tomondan soling yo'lni. Shunda yutqazmaysiz — xalq ham, hukumat ham sizni qo'llab-quvvatlaydi. Adabiyot olamida ham mavqeingiz yaxshi bo'ladi.
Bu gap menga erish tuyuldi. Harchand urinmayin, u shoir og'aning gapini hazm qila olmadim. Qolaversa, men sevib o'qib-yodlab yuradigan ustoz Abdulla Oripov she'rlarida bunaqangi “o'rta yo'l”ning borligini tasavvur ham qilolmasdim. Uning yozganlari yuragimga chippa yopishardi. Butun vujudimni junbishga keltirardi. Hayot haqida chuqurroq o'ylashga, mushohada yuritishga chorlardi. Xonasi kelib qolganida, Abdulla akadan o'sha og'aning o'sha maslahatiga munosabatini bilmoqchi bo'ldim. Men gapimni tugatar-tugatmasimdan ustoz tutaqib ketdilar:
— Bekorlarni aytibdi o'sha akangiz! O'rtadagi yo'l siz uchun emas, Shukurvoy! Siz unday gaplarga quloq solmang, yuragingiz aytganini yozing! — keyin qo'shib qo'ydilar: — Yosh shoirlarga maslahat berishni kim qo'yibdi unga? Nima haqi bor shogirdlarimni chalg'itishga?! — keyin uqtirdilar: — Bilib qo'ying, o'sha yo'ldan — u aytgan yo'ldan borsangiz, yozganlaringiz ham o'sha akangiznikiday o'rtamiyonalikdan nariga o'tmaydi. Yana qaytarib aytaman, yuragingiz ko'rsatgan yo'ldan yuring!
Bu gaplarni o'qigan muxlis, bir shogirdim aytganiday, “Shukur Qurbon — fojialar shoiri ekan” deb o'ylashmasin. Negaki, vodiyda unib-o'sganlar yumorsiz, kulgisiz yasholmaydi. Kulgiga moyil she'rlar, to'rtliklarimni muxlislar yaxshi bilishadi (albatta, ular ostidagi ma'noda baribir g'am-anduh bo'lsa-da).
Yuqoridagilarga yakun sifatida O'zbekiston Qahramoni Ozod Sharafiddinovning shu haqdagi bir fikrini keltirmoqchiman: “Haqiqiy iste'dod egasi hech qachon jo'ngina formulaga tushadigan yuzaki odam bo'lmaydi. Uning hayoti hamisha kurashga, kashfiyotlar va yo'qotishlarga, dramalar va fojialarga to'la bo'ladi”.
— Farzandlaringiz haqida…
— Payg'ambarimiz Muhammad alayhissalom sahobalaridan so'rabdilar:
“Farzandlaringizga qanday qaraysiz?”
“Men farzandlarimni suyumliroq, deyman”, — debdi ulardan biri. Payg'ambarimiz debdilar:
“Suyumliroq, dema, azizroq, degil. Men farzandlarimni rayhonlarim, deyman”. Men bu gapni to'rtlikka tushirib, savob uchun davralarda o'qib yuribman:
“Suyumliroq” dema, “azizroq” degil,
Dunyoda farzandsiz ko'ngil yarimdir.
Hidlash uchun sen ham bo'yniga egil,
Bolalarim mening rayhonlarimdir”.
Shu hadisi sharifga amal qilaman: farzandlarimni hamma qatori yaxshi ko'rib, ularga islomiy tarbiya berishga harakat qilganman. Katta o'g'lim — Abdulla. Ustoz Abdulla Oripov ismini qo'yib berganlar, 1987 yilda G'afur G'ulom nomidagi Adabiyot va san'at nashriyotida chop etilgan “Yillar armoni” kitobini esdalik uchun unga dastxati bilan sovg'a qilganlar. Mana o'sha tabarruk dastxat: “Nevaram Abdullajon! Ismingni qo'ydim, duoi joningni ham eturman! Og'ang — Abdulla! Omon bo'l! 7 may, 1987 yil. Imzo”. Kichik o'g'lim — Alisher xorijiy davlatda mehnat qiladi. Katta va o'rtancha qizlarim uy bekalari. Kichik qizim Gulruh Agrar universitetini bitirgan, O'rmon xo'jaligi agentligida mutaxassis, nomzodlik dissertatsiyasi ustida ish olib borish bilan birga ikki farzandni tarbiyalamoqda. Shu qizim besh mahal namozni kanda qilmaydi, yozgan-chizganlarim ishqibozi.
— Inson hayot sinovlari va talablari oldida chorasiz qoladi. Shunday paytlarda nimadan halovat topasiz?
— Mo'min-musulmonlikni bilgan bandani Alloh hayot sinovlari va talablari oldida chorasiz qoldirmaydi. Payg'ambarimiz (s.a.v) aytadilar: “Chora bor, sabr qilingiz”.
Demak, boshga qiyinchiliklar tushganda sabr qilaman. Alamimni qalamdan olaman. Masalan, mana, bunday:
Do'stim, seni nima jin urdi, netding?
Bir ajib tuyg'uning boshiga yetding.
Oldimga shuncha ko'p poxol soldingki,
Ichida o'zing ham ko'rinmay ketding.
Nayzalar tesholmagan po'stimni, do'stim!
— Ijodkor uchun rag'batlantirish, mukofotlash qanchalik ahamiyatli deb o'ylaysiz?
— Bu savolni mening birorta mukofot olmaganimni bilib beryapsizmi? Yo bu haqdagi fikrimni bilmoqchimisiz?
— Fikringizni bilmoqchiman.
— Yaxshi… Aytishlaricha, yozuvchilarni mukofotlash Iosif Stalin davrida, uning ko'rsatmasiga ko'ra paydo bo'lgan ekan. Atrofidagi odamlar unga: “Iosif Vissarionovich, shu ishni bekor qildingiz. Endi ko'pchilik yozuvchilar mukofot olish harakatiga tushib qoladi. Mukofot olmaganlar mukofotlanganlarni ko'rolmaydi. Natijada ijodi bir chetda qolib ketadi”, deyishibdi. Stalin javob qilgan ekan: “Haqiqiy yozuvchilar mukofot ilinjida yozishmaydi. Mukofot tamasida yozilgan kitoblar bo'sh, arzimas bo'lib, kitob do'koni peshtaxtalarida chang bosib qolib ketadi”.
Ustozlarim: “Yozuvchiga mukofotni Xudo beradi, uni olaman deb urinish shartmas, taqdirda bo'lsa, olasiz, bo'lmasa, ko'ngilni cho'ktirmay, odamlarga kerakli, yashab qoladigan asarlar yozishning payida bo'lish kerak”, deyishgan. Men shu gaplarga amal qilishga urinaman. Lekin mukofotlar uchun har oyda bir oylik-maosh yo undan ko'proq miqdorda pul berib turishlarini eshitganman. Shoir-yozuvchiga ana shu jihatdan ham mukofotlar zarur deb o'ylayman. Ayniqsa, menga o'xshab qarib, nafaqaga chiqqan ijodkorlarga. Agarda lozim topishib, biror mukofot berishsa, (kulib) yo'q demasdim.
— Ko'plab she'rlaringiz qo'shiq bo'lgan. Ayniqsa, respublikada xizmat ko'rsatgan artist Azim Mullaxonov ijrosidagi “Shaytanat” serialiga yozilgan qo'shig'ingiz juda mashhur. Shu she'rni yozishingizga nima sabab bo'lgan?
— Birinchidan, O'zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malikning “Shaytanat” asari adabiyotimizda o'ziga xos voqea bo'lgan. U asar asosida serialning yaratilishi ham ana shunday ahamiyatga ega. Ikkinchidan, men rahmatli Tohir aka bilan “Sharq yulduzi” jurnali tahririyatida va Yozuvchilar uyushmasi Toshkent viloyat bo'limida to'rt yil birga xizmat qilganman. Ota-onalarining duolarini olganman. Mehrlarini ko'p ko'rganman. Gaplarini ikki qilolmasdim. “Shaytanat”dagi qo'shiqqacha aka mendan “Kuntug'mish” radiopostanovkasi, Abdulla Qahhorning “Muhabbat” radioinsenirovkasiga ham qo'shiqlar yozdirib olgandilar (“Muhabbat” radioinsenirovkasiga yozilgan qo'shig'imni yaqinda Chingiz Aytmatov asari asosida suratga olingan “Sarvqomat dilbarim” badiiy filmida bir xonanda qiz ijrosida eshitib-ko'rib xursand bo'ldim). Qisqasi, aka “Shaytanat” serialiga ham qo'shiq yozib berishimni so'radilar.
— Aka, kitobingiz boshdan-oyoq “ur-yiqit, o'ldir-o'ldir, janjal-to'polon”-ku! Uning qaerida qo'shiq aytiladi? — dedim javoban.
— Yo'q, Elchinning uylanish to'yi bor. To'yda kuyovbola qo'shiq aytadi, — dedilar Tohir aka.
— Kuyov bola? … Xalqimizda kuyov bola o'z to'yida qo'shiq aytmaydi-ku!
— Ssenariyda shunday yozilgan. “Yor-yor! Qaydasan, Zulfiya?”da kelin qo'shiq aytadi-ku “Ko'chalar, ko'chalar” deb, bizning kinodayam kuyov bola qo'shiq aytishi kerak.
— Xo'p… Nimani yozaman ekan?.. — o'yladim ovoz chiqarib.
— Mening boshimdan o'tgan, o'zingizning boshingizdan o'tgan gaplarni yozavering, Shukurjon, — dedilar Tohir aka va qo'shib qo'ydilar: — Cho'lponning hamma yaxshi ko'radigan bir qo'shig'i bor, uni siz ham yaxshi bilasiz. “Muhabbatning saroyi keng ekan, yo'lni yo'qotdim-ku, Asrlik tosh yanglig' bu xatarli yo'lda qotdim-ku…” Ma'murjon To'xtasinov ijro etgan uni “Bobur” telespektaklida.
— Bo'ldi, bo'ldi, esladingiz, xuddi shunday boshlanadi u. Xo'sh?
— Shu ohangda, shu bo'g'inda, shu shaklda yozib berasiz.
— Voybo'!.. Aka, Cho'lpon qayda-yu, men qaydaman?!
— Nima balo, quyon yilida tug'ilganmisiz?
— To'g'ri topdingiz, quyon yilida tug'ilganman.
— Shoir odam o'zini buyuklardan kammasman, deb ijod qilishi kerak!.. Bo'ldi, shu qo'shiqni yozasiz.
Akaning iltimosiga ko'ra, o'n sakkiz kun uxlab-uxlamay, nima yeb, nima ichganimni bilmay, qo'shiqni ko'nglimdagiday yozdim va hech qilmagan ishimni qilmoqchi bo'ldim: she'r oxiriga o'z ism-sharifimni qo'ymoqchi bo'ldim va o'ylab qoldim: “Tohir Malik-chi? Kitob uniki bo'lsa, kino uniki bo'lsa?!” Qo'shiq oxiriga akaning ism-sharifini ham qo'shdim:
Bormi biror xayrixohim va yo hamdard?
Muhabbatning —
Tohir Malik, Shukurdayin
qurbonlari chiqdi yo'ldan.
Qo'shiq Tohir akaga ma'qul bo'ldi:
— Buni G'ulomjon Yoqubov, Ahror Usmonov, Ravshan Komilov, Azim Mullaxonovlarga beramiz, ular kuyga solib aytishadi. Qaysi biriniki ma'qul bo'lsa, o'shani serialga olamiz.
Oxir-oqibat, keyin bildim: Azim Mullaxonov kuyga solib ijro etgan tarona ko'pchilikka yoqib, serialga qo'shilibdi. Lekin undan avval Tohir Malik ikkimiz o'rtamizda quyidagicha gaplar bo'lib o'tgan:
— Shukurjon, qo'shiqning ikki qatorini olib tashlaymiz.
— Ie, “qo'shiq ma'qul bo'ldi” deyayotgandingiz-ku hozir. O'zi bor-yo'g'i o'n ikki qator bo'lsa?..
— To'g'ri, qo'shig'ingiz ma'qul. Lekin oxirgi ikki qatoringiz qo'shiqda aytilsa, noqulay. Banditlar bilan qimorbozlar orasida bitta yozuvchi bilan bitta shoirga balo bormi?.. Yaxshi qo'shiq o'n qator bo'lsayam, yaxshiligini yo'qotmaydi.
— Juda qiziq bo'lgan ekan. Chindan ham ajoyib qo'shiq bo'lgan. Yana she'rlaringizdan biriga murojaat qilsam. “Ortiqcha odam” she'ringizda “Keragidan ortiq sevdik, qalbda dog'lar ham keragidan ortiq” deysiz. Inson qachon o'zini, tuyg'ularini ortiqcha sezadi?
— Bu she'rni boshqacharoq tushunish kerak. Hikmatlarda keladi: “Mo'min-musulmon odam boshqalarning aziyatlaridan bezib, tog'-toshlarga qo'y boqish uchun chiqib ketadi…” Bu xuddi ana shu hikmatga amal qilib yozilgan she'r. Aytaylik, ustoz Rauf Parfining timsoli. U qaysi davrada she'r o'qimasin, boshqalar o'qigan she'rlar nisbatan rangsiz, nursiz va ma'nosiz bo'lib qolar, natijada ustozning hurmati ortib, davra fayzini olib ketardi. Nafaqat she'r o'qiganda, muloqotlaridagi gap-so'zlari ham ma'no jihatidan teran va esda qolarli bo'lardi. Shuning uchun uning orqasidan g'iybat qiluvchilar, unga hasad qiluvchilar son-sanoqsiz edi. Ularni Rauf aka “maydalar” derdi. Men bu haqda bir to'rtlik qoralaganman:
Bu maydalar ulg'ayib, bo'lmadi katta,
Yo kichrayib, bo'lmadi yer bilan bitta.
Yurar har qaerda o'rmalab to'p-to'p,
Joy yo'q oyoq bosishga hatto.
Tasavvur to'liq bo'lsin uchun, ruxsatingiz bilan, yuqorida siz tilga olgan she'rni o'qib beraman, uni eshitmagan muxlislar uchun bu holatni kerak deb o'ylayman:
Ortiqcha odam
Orangizdan o'tib ketaylik shundoq,
Qaytmaymiz,
Bezovta qilmaymiz boshqa.
Kuyladik —
Ko'nglimiz to'lib ketgan choq,
Ingradik — boshimiz tekkanda toshga.
Izimizdan g'iybat qilingiz, biz — shod,
To'kilar orttirgan gunohlarimiz.
Keragidan ortiq siyladi hayot,
Keragidan ortiq qalb dog'larimiz.
Keragidan ortiq sevdik,
Yig'ladik —
Bir pari paykarning vasliga tashna.
Muhabbat bog'iga bizlar sig'madik,
Siz sig'ing, iloyim,
Siz baxtli yashang.
Sizni tark etmasin iqbol va omad,
Tole qarshilasin sizni har sahar.
Bizsiz bemalolroq qozoning shuhrat,
Bizsiz bemalolroq uring qahqaha.
Kechirasiz,
O'tib ketaylik shundoq.
Binobarin, Ustozning holati mening ham boshimdan o'tganki, bu she'r yozilgan. Mana bunga bir misol: yuqorida siz “Shaytanat” videofilmiga yozilgan qo'shiq haqida savol berib, uning mashhurligini aytib o'tdingiz. Lekin u qo'shiqning muallifi ism-sharifini (Shukur Qurbonni) xalqdan sir tutish uchun “mayda-chuyda odamlar” zo'r berib, o'n sakkiz yil davomida harakat qilishdi. Ayniqsa, “oynai jahon” (televizor)dagi ko'rsatuvlarda yarim soat, 45 daqiqalab o'sha qo'shiq to'g'risida iliq gaplar aytildi, hatto “olamlarga tatigulik qo'shiq” deyishdi ham, lekin uni kim yozgan? Muallifi kim? Shoiri kim? Qandaydir “mutasaddi, muharrirlar” hech kimga ayttirishmadi. Videoserial tasmasidan ham ism-sharifimni olib tashlashdi (ishonmasangiz, “Shaytanat” serialining o'sha qo'shiq ijro etilgan 6-seriyasi oxirini ko'ring, boshqa odamni qo'shiq muallifi deb yozishgan). Oxiri ular yo ishdan ketdi, yo vafot etishdi. Shundan keyin xonanda bilan birga “oynai jahon”da ko'rinib, masalaga oydinlik kiritdik.
— Ustozlaringiz kimlar? Ulardan olgan saboqlaringiz va xotiralaringiz bilan o'rtoqlashsangiz.
— Ustozlarim Ozod Sharafiddinov, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Rauf Parfi, Tohir Malik, Omonulla Madayevlardan olgan saboqlarim haqida alohida-alohida kitoblar yozib, chop ettirganman. Yaqinda (Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Milliy kutubxonasi nashriyoti, 2022) ularning hammasini bir jildga jamlab, 454 sahifa qilib, “Ma'no ahli bilan yonma-yon” nomi ostida nashr ettirdim. U respublikamiz oliy o'quv yurtlarida darslik sifatida o'qitilyapti.
— Insonda orzu-havas degan narsalar hech qachon so'nmaydi deyishadi. Mabodo siz Xizrni uchratib qolsangiz, undan nimani so'ragan bo'lardingiz?
— Xalqimizning ma'nan yuksalishiga yordam berishini so'rardim. Axir hozir odamlarning ko'zlariga qarab bo'lmaydi: kitob o'qimaganidan. E'tibor qiling, kitob o'qimagan odamning ko'zlari hayvonlarning ko'zlaridan farq qilmaydi — tuyg'usiz, his-hayajonsiz.
Ikki xil odamzod yashar dunyoda:
Kitob o'qiydigan, o'qimaydigan.
Birisi yashaydi misli mol, poda,
Biri — misli cho'pon, mol haydaydigan.
—O'zingiz hech narsa so'ramasdingizmi?
—Tani-jonim sog', farzandlarim, nabiralarimdan ko'nglim to'q. Halol rizq – Allohdan. Kun o'tib turibdi. Ijod qilyapman. Yetadida shu.
— Insonga hayot bir marta beriladi. Ammo qayta tug'ilganingizda… yana ijodkorlikni, shoirlikni tanlarmidingiz?
— “Qayta tug'ilish” degan gapga ishonmayman. Bu — Ovro'pa jurnalistlari o'ylab topgan gap. Lekin savol berdingiz, unga javob berishga harakat qilaman: yashirib nima qildim, keyingi yillarda nashriyotlar xodimlarining yolg'on va'dalari, sarson-sargardon qilishlari hiqildog'imga kelganidan, “bekorga shoirlikni tanlagan ekanman” degan kunlarim ham bo'lgan. Shu bilan birga, yana bir gapni aytmasam bo'lmaydi: hikmatlarda kelishicha, mo'min-musulmon odam aldanishga moyil bo'larkan, balki men ham ana shular toifasidandirman. Buning ustiga, umrim bino bo'lib, birovga yolg'on gapirmagan, birovni aldamaganman. Hayotda ham, ijodimda ham. Qiynalishlarim shuning natijasida paydo bo'lsa kerak. Yana bilmadim.
Shulardan ruhan ezilib yurganimda, ko'chada bir shoira singlimni uchratib qoldim. Iqtidorli shoirani ko'rganimdan xursand bo'lib, hol-ahvol so'ramoqchi bo'lgandim, kutilmaganda nima dedi, deng?
— Nima dedi?
— “Ie, Shukur aka, tirikmisiz? Bormisiz? Men sizni o'lib ketgan, deb o'ylabman”, — desa bo'ladimi?
— Hazillashgandir?
— Hazil ham shunaqa sovuq bo'ladimi? Qari odam bo'lsam, unga, umuman, birovga hech qachon yomonlik sog'inmay yashagan bo'lsam.
— Siz nima dedingiz?
— “Tirikman — baxtga qarshi. Singlim, men o'lganim bilan yer to'yarmidi? Sal shoshmang, bir-ikkita yozayotgan, yozaman degan narsalarim bor, yozib olay”, dedim…
Kechirasiz, mavzudan sal chetga chiqdim.
…Lekin o'ylab qoldim: Ozmi-ko'pmi asarlarni men yozmaganimda… Payg'ambarimiz Muhammad alayhissalom hadisi shariflaridan bir ming olti yuztasini kim bir ming olti yuzta to'rtlikka tushirib kitob qilib chop ettirardi? Ma'lumot uchun: “Qirq arba'in” “Yoshlik” jurnalida e'lon qilingan, Amerikada, Amerika radiosidan vatandoshlarimizga qo'yib eshittirilgan, o'sha mamlakatga bosh olib ketgan o'ttiz yettinchi yil qatag'oni jabrdiydalari to'g'risidagi “Vatandan ketish” dostonimni, hazrat Alisher Navoiyning ona tilimiz taraqqiyoti uchun kurashlari ifodalangan “So'z yo'li”, xalqimiz rassomchiligi tarixidan yozilgan “Behzod”, “Shashmaqom” ijodkorlari xususidagi “Ustod Shodi yoxud bastakor haqida hikoyat” tarixiy dostonlarimni, ustozlarim saboqlari borasidagi esselar va boshqa asarlarimni aynan kim men singari yozardi? Axir ularning ko'pchiligida o'zim ko'rgan, bilgan, eshitgan voqealarim aks ettirilgan.
Demak, savolingizga javob: “Ha, agar hayot qayta berilganida ham ijodni, shoirlikni tanlardim”.
— Bugungi adabiyot qadri, jamiyatda ijodkor o'rni xususida nimalar deysiz?
— Bundan ikki-uch yil oldin, “O'zbekiston adabiyoti va san'ati” gazetasi yopilishidan avval, unda yarim sahifa bo'lib “Jadidlar” nomli she'rim bosilgandi. Yozuvchilar uyushmasi xodimlaridan yozuvchi va shoirlarning shu mavzuda yozilgan she'rlarini yuborishlarini so'rab, yuqori tashkilotlardan qo'ng'iroq qilishgan va ular javob uchun taraddudlanib turishgan ekan. Shu paytda men ulardan birining xonasiga nimadir ish bilan kirib qoldim va “Jadidlar” she'rim xususidagi fikrlarini bilmoqchi bo'ldim. Xodim xursand bo'lib, menga minnatdorchilik bildirib, yuqoridagi holatni aytdi va “O'zbekiston adabiyoti va san'ati” gazetasi bosh muharririga qo'ng'iroq qilib, she'rimning nusxasini olib, so'ralgan joyga yubordi. She'rimda bugungi kunning quyidagidek ohanglari borligidan xursand bo'ldi:
Dunyo tan olmoqda O'zbekistonni,
Mening Vatanimni — jannat makonni.
Hayratga solmoqda yangilanib u
Eskirgan, shalag'i chiqqan jahonni.
— “Hurriyat” gazetasi o'quvchilariga tilaklaringiz, so'zlaringiz bo'lsa, marhamat!
— Hurmat qilib, “Hurriyat”day xalqimiz ma'rifati va ma'naviyati targ'ibotchisi bo'lgan gazeta sahifalarida qatnashish uchun taklif qilganlaringiz uchun rahmat! Va shuni xursand bo'lib ta'kidlashni istardim: gazetangizda, asosan, xalqimiz dilida va tilidagi eng dolzarb muammolar to'g'risida so'z borishi gazetxonni befarq qoldirmaydi. Qaysidir ma'noda, ochilmagan ko'zlarni ochishdek savobli ishga bosh qo'shayapsizlar. Bugunning ta'biri bilan aytganda, Yangi O'zbekistonning yangi kishisini tarbiyalashga xizmat qilayapsizlar.
“Hurriyat” gazetasi o'quvchilari Alloh rozi bo'ladigan ishlar bilan shug'ullanishsin. Ularga ikki dunyo saodatini tilayman.
— Ustoz, ajoyib suhbat uchun tashakkur!
Gulnora ShERMATOVA
suhbatlashdi.