Esse — fikrga yo'l ochadi

taniqli adabiyotshunos olim, O'zbekiston Qahramoni Ibrohim G'afurov bilan suhbat

Talabalik paytlarim mansuralarini sevib mutolaa qilganim, badiiy tarjima va essenavislikka ishtiyoq uyg'otgan inson — Ibrohim G'afurovning uyiga ketyapman. Vaqt peshindan oqqan. Ishqilib, tabarruk yoshdagi odamni urintirib qo'ymasam bo'ldi-da, deya ming o'y bilan liftdan ko'tarildim. Zakiylik ufurib turgan qiyofadagi Ibrohim G'afurov eshikni qiya ochib: “Sevara, kelavering”, dedi doimgidek hazin ohangda. U kishi divanga, men stol atrofidagi o'rindiqqa cho'kdim. Shu kichik hujrada katta-katta asarlar yaralgani, mana shu men o'tirgan stol biroz avval qog'ozga burkanib yotgani, ro'paramdagi kichik jussali donishmand dunyo adabiyotini shu xonada zabt etgani haqida o'ylayman. Xonaning har burchiga razm solib, mo''jizakor nimadir qidiraman. Qahramonimni zimdan kuzataman. Ustoz o'ylarimni o'qigandek: “Sevara, tarjimalar bo'lib turibdimi?” deya so'roqqa tuta boshladi. “Hozir faqat tadqiqot ishim — esse bilan ovoraman”, deyman aybdor odamdek qimtinib. “Ha, esse go'zal janr. Men uchun ham sevimli. Maza qilib o'qiyman”, deya Ibrohim aka oradagi sukunatga barham berib, suhbatni boshlab berdi.

— Ustoz, essega o'nlab, yuzlab ta'rif-tavsif keltirilgan. Ammo uning ham bir “mana shu esse” deya yoqasidan tutadigan, janr sifatida ma'lum chegara-qolipi bo'lishi kerak-ku. To'g'ri, qoliplarga sig'maydigan, chegaralarni pisand etmaydigan asov janr deymiz-u, ko'p hollarda unga yuklatilgan mana shu xususiyatlar o'quvchini, adabiyotshunosu pub­litsistni ham chalkashtirib qo'yayotgandek. Hatto ahvol shu darajaga yetdiki, yozuvchi yozganining nima ekanini o'zi ham bilmay qolgan paytlari esse deya imzo cheka boshladi…

— Albatta, har kim esse tushunchasiga har xil ta'rif beradi. Lekin essening maqoladan asosiy farqi shuki, unda muallif mavzu yo hodisa haqida o'zining shaxsiy qarashlaridan kelib chiqib yozadi. Yozayotgan narsasida doim o'zining o'ylari, kechinmalari, xayollari, fantaziyasi, hikoya qilayotganiga munosabati, shaxsiy nuqtai nazari birinchi o'ringa chiqadi. Xuddi lirik she'rda shoir kechinmalari, xayollari haqida yozganidek, esseda ham o'ylari, hikoya qilayotgan voqelikka munosabati, shaxsiy nuqtai nazarini qo'shib ketadi, shu yo'sinda mavzuni rivojlantirib boradi. U xolislik prinsipi ustuvor sanaluvchi maqolalardan farqli ravishda “esse” deb ataladi.

Esse o'zi — tajriba degani. Yevropada O'rta asrlarda Uyg'onish davridagi Avgustinga o'xshagan faylasuflar, yozuvchilarning hammasi esse yozishgan. Ma'lum bir mavzuni o'zlarining shaxsiy munosabatlari va nuqtai nazaridan yoritgan. Ana shu yozmalar esse deb jahon adabiyotiga kirgan. Masalan, siz Erkin A'zamning qissalarida inson obrazi deb yozyapsiz. Bu yerda hech o'zingizni qo'shmay, mavzu yuzasidan tadqiqot, tahlil va talqinlaringizni bayon qilib ketasiz. Agar u haqdagi tasavvurlaringiz, xayollaringizni, o'zingizni qo'shdingizmi, u ilm emas, essega aylanib qoladi. Essening ta'riflari ko'p bo'lishi mumkin, lekin asosiy xususiyati — shaxsiy nuqtai nazar. Shuning uchun esse yozadigan odamning dunyoqarashi, tafakkuri, yozayotgan mavzusini qanchalar bilishi, qanchalar to'liq tasavvur qilishi muhim. Ko'plar hali o'zi hayotiy tajribaga ega bo'lmay turib, fikri hali ma'lum hodisalar atrofida to'la shakllanmay turib yozishadi-yu, odamga ta'siri kuchli bo'lmaydi. Lekin Monten, Balzak, Stefan Sveyglar, kim bo'lmasin, katta yozuvchilarning esselariga nazar tashlasangiz, ichi to'la ilm, tadqiqot, taassurot. Masalan, Sveyg Balzak haqida ajoyib esse yozgan, uni o'qirkansiz, siz faqat Balzakni emas, muallifni ham kashf qilib boraverasiz, uning siymosi sahifalaridan kelib chiqaveradi. U janriga ko'ra roman-biografiya darajasidagi asar bo'lsa ham, yozilishi, uslubiga ko'ra sof esse.

Naim Karimovning Mirtemir, Maqsud Shayxzoda, Hamid Olimjon haqidagi bibliografik tadqiqot kitoblari bor. Shularning hammasida ham Naim aka shaxsiy nuqtai nazaridan bayon qiladi. Uning Hamid Olimjon haqidagi bilim doirasi, fazosi qahramonning o'zi haqidagi ma'lumotidan katta, ko'p bo'lganki, buning uchun alohida tayyorgarlik ko'rgan, arxiv hujjatlarini o'rgangan, yaqinlari, oila a'zolari, do'stlarining suhbatini olgan, siz-u biz, hatto Hamid Olimjonning qo'lida bo'lmagan hujjatlar bilan tanishgan… Shu ma'noda ushbu asarlarni ham adabiyotshunoslikkagina doir asar emas, esse namunasi deb qarash kerak bo'ladi. Ilmiy maqolada olimning shaxsiy taassurotlarini bayon qilishga haqi yo'q. U masalaga muammoni topish va yechim berish ko'zi bilan qaraydi. Esseda yozuvchi muammo, yechim, shu bilan birga, xulosa ham bera oladi.

Yoshlikda yozganlarimning ko'piga adabiy o'ylar deb nom qo'yganman. Ruslarda “literaturnыe razdumya” degan janr bor. U ham ma'lum darajada essega yaqinlashib boradi. Lekin unda muallifning shaxsiy qarashlari keng, chuqur berilmaydi. Unda asar mazmunini bayon qilib berish bilan birga, u xususida o'y, fikr yuritadi. Kechinmalar tarzida emas, o'ylar tarzida. Kechinmadangina iborat bo'lsa, u esse emas. Yuqorida aytganimdek, essenavis shaxsining boyligi — uning tasavvuri, fantaziyasi, kechinmasi va eng muhimi, bilimining boyligi demakdir. Misol uchun, Balzak haqida juda ko'p asarlar yozilgan, hammasi bir-biridan ajoyib, ammo Sveygniki boshqacha, ajralib turadi. Adabiy bazaning qanchalar chuqur, keng ekanligi, ong, tafakkur holati alohida o'rin tutadi.

Esse — ta'sirchan janr. Lirik she'r odamga qanchalik ta'sir etadi, a?! Esse ba'zi o'rinlarda undan ortiqdir, ammo kam emas.

Biografik asarlar, romanlarning essedan farqi — muallif munosabatida. Yozuvchilar shaxsiy fikrini bildirishga nihoyatda ishtiyoqi baland bo'lganidan ko'p hollarda badiiy asarlarda ham bu lop etib ko'zga tashlanib qoladi, qahramonlari “men”ga — muallifga aylantiriladi. Bu holatni Dostoyevskiydan Tols­toygacha kuzatish mumkin. Esseda muallif obrazi birinchi darajali masala. Unda muallif o'zining xulosalarini berishga — garchi unga hech kim qo'shilmasa ham — haqi bor. Qisqa qilib aytganda, esse — shaxsiy fikr.

— Hamma shaxsiy fikrni esse deb nomlash mumkinmi?

— Bu jarayon esseda yozuvchining hayoti haqidagi, hikoya qilayotgan voqea yoki persona haqidagi fikrlari qanchalik ahamiyatli ekaniga qaraydi. Hamma narsani muallif pozitsiyasi, rakursidan ko'rayotganimiz uchun, albatta, fikr ahamiyatga ega bo'lishi kerak. Herman Hessening ilmiy, tarixiy esselarini olaylik, g'ij-g'ij ilm bilan to'lib ketgan. Monten davrining maishiy, tarixiy voqeliklarini Monten nuqtai nazaridan yorityapti. Sveyg o'sha voqea haqida butunlay boshqacha yozishi mumkin edi. Miyaga kelgan, sayqallanmagan fikrni aytaverish, yozaverish fikrni ham, yozuvchini ham e'tiborga arzimaydigan holga tushiradi.

— Demak, ijtimoiy tarmoqlarda yangrayotgan “shaxsiy fikr”lar, blog yoki longridlarni esse deb atab bo'lmaydi.

— Bloglar, longridlarda kechinmalar chuqur, shuningdek, essening eng muhim jihati — badiiyat bo'lmagani uchun ularni hech qachon esse deb atab bo'lmaydi. Faktlarni bayon qilishda ma'lum fikrlarni o'rtaga tashlashi mumkin, lekin bu esse degani emas. Esseda badiiyat, ifoda madaniyati, fikr teranligi doim bo'lishi kerak. Fikrlarni badiiy tarzda, nafosat bilan ifodalab berish lozim. Esse — voqelik haqida badiiy taassurot degani. Shu xususiyati bilan oddiy maqolalardan kes­kin farq qiladi. Bekorga uni badia deb atashmagan. Badia aslida esse degani, lekin hali to'la ma'noda uning ekvivalenti sifatida qo'llanmayapti.

— Sobiq ittifoq davrida, yanayam to'g'rirog'i, 1922-1991 yillarda matbuotda esse namunalari kuzatilmagan, degan fikrni o'qidim bir rus adibining tadqiqotlarida. Bu fikr erkinligi bilan bog'liq deyiladi. Siz o'sha davrlarni ham ko'rgan inson sifatida chindan shu holatlarga guvoh bo'lganmisiz?

— Esse hech qachon taqiqlanmagan. Shaxsiy fikrini bayon qilishdan qo'rqishgan. Qo'rquv bo'lgan. Lekin Rossiyada Shkovskiyga o'xshaganlar chiroyli esselar yozishgan. Milliy adabiyotlarda qo'rquv bo'lgani sababli yorqin, ta'sirchan esse namunalari deyarli yo'q. Adolatli fikr aytishdan qo'rqish juda kuchli bo'lgan. Shu sababli bu janr milliy adabiyotlarda taraqqiy qilmagan. Ammo rus, Yevropa adabiyotlarida eng taraqqiy qilgan janrlardan biri. Hozir ham, kelajakda ham yozuvchilar bu janr imkoniyatlaridan har tomonlama to'g'ri foydalanishsa kerak deb o'ylayman. Esse fikrga yo'l ochadi, fikrni shakllantiradi-da.

— Fikrga yo'l ochishi, shakllantirishi ham G'arb va Sharq essechiligida turlicha, ayniqsa, mavzular ko'lami meni doim o'ylantirib keladi. To'g'ri, G'arbda esse, asosan, intellektual, ratsional janr sifatida tanilgan, lekin mustaqillikdan hozirgacha bo'lgan davr­­ni olsak, milliy essenavislikda faqat xotira-esselar ustuvor ekanini, ko'p hollarda esse deganda faqat bir kishi portretiga chizilgan chizgilar, u haqdagi xotiralar deb tushunilish holatlari kuzatiladi. Vaholanki, essening to'qqiz-o'ntalab turlari mavjud. Milliy essechiligimizda Kamyu, J.Oruell, F.Bekon, B.Franklin, V.Irving, Ch.Lem, U.Xizlitt, Kuinsi, R.Emerson, G.Toro, uzoqqa bormay, yonimizdagi Iosif Brodskiy, Mixail Epshteyn, Lev Anninskiy, Samuil Lurye, Sergey Gandlevskiy, Mixail Ayzenberg, Andrey Aryev, Igor Klex, Kirill Kobrinlardek odamning jiddiy masalaga e'tiborini tortadigan, o'ylantirib qo'yadigan, tafakkuriga ozuqa beradigan esselar yaratilmadi. Bu qaysi omil bilan bog'liq: sharqona dunyoqarash, zamon talabi yoki muallif mahorati?

— Har qanday janrda yozganda ham, u asarning qanday chiqishi, sifati-saviyasi… bu tamomila muallifning o'ziga, shaxsiy-individual xususiyatlariga, intellekti qanchalar boy, kechinma-tuyg'ulari qanchalik rivojlanganiga bog'liq. Demak, milliy essenavislikda Kamyu yoki Oruelldek dunyoqarashi boy yozuvchi yo'q. Essenavisning ijodkor-shaxs yoki faylasuf-shaxs sifatidagi boyligi esse voqealarini, bayon tarzini paydo qiladi. Shuning uchun har kim ham esse yozolmaydi. Esse deb qo'yilgani bilan esse bo'lmaydi. Bo'sh asarlar chetga chiqib qoladi.

Mavzu muallifni o'stirdimi, yozuvchilik, ijodkorlik dunyosiga qanday ta'sir etdi, adabiyotga nima berdi, mavzu unga qanchalar yaqin, qanchalar uning ichiga kirgan, mavzuni ishtirokchi sifatida ochganmi yoki hujjatlar, matbuot, odamlardan so'rab-o'rganib yozganmi — o'shanga qarab essening uslubi paydo bo'ladi. Misol uchun, davlat tili haqidagi qonun qanday yaratildi, vaziyat qanday bo'lgan edi, unda yozuvchi, publitsist, deputatlarning roli qanday bo'ldi… — agar shu voqealarning shaxsan guvohi bo'lgan bo'lsangiz, ishtirokchi, guvoh sifatida yondashasiz, yoki aksincha… Aytmoqchimanki, birinchi jumlalardan uslub, pozitsiya namoyon bo'ladi, xotira va kechinmalar orqali mavzu ochilib boraveradi.

— Tarixiy tadrijiga nazar solsak, xorijlik olimlar janr genezisini G'arbda Monten, Sharqda Sey Senagon bilan bog'laydi. Oxirgi kuzatishlarim, o'rganishlarimdan ang­layapmanki, garchi esse deb atalmagan bo'lsa-da, tasavvuf adabiyoti namunalarini bemalol esse deb atash mumkin. Masalan, Aziziddin Nasafiyning “Komil inson” kitobi yoki Bahouddin Naqshband, Abduxoliq G'ijduvoniy, Naj­middin Kubro asarlari har tomonlama esseni eslatadi.

— Yuqorida sanaganingiz allomalar risola shaklida go'zal asarlar bitgan. Risola degan so'zning ichida esse tushunchasi ham bor. Avtorning butun shaxsiy qarashlari bilan yo'g'rilgan asar esse deyiladi. Navoiyning Jomiy, Pahlavon Mahmud haqidagi asarlarini hikoya deyishga ham hayron bo'lib turasiz, risola yoki esse deb atalsa, qolipga tushgandek bo'ladi. So'fiylar ham o'zlarining manoqiblarida so'fiylik yo'li haqida hikoya qilgan, ularni to'g'ridan-to'g'ri esse deb atamasak ham, esse namunalari bor. Yoki Boburning “Boburnoma”si yozilish uslubi, shakliga ko'ra Montenning “Tajribalar”ini eslatadi. Inson voqealarga baho berganda, xulosa chiqarganda, ma'lum bir yo'llar, ma'lum usullardan borishga to'g'ri keladi. Shu nuqtai nazardan ko'p asarlar bir-biridan ayro holda bir-biriga juda o'xshaydi. Boburning shaxsiy qarashlari, shaxsiy ifoda usuli bilan “Boburnoma”ni tarixiy esse desa ham, xotiranoma desa ham bo'ladi.

— Essening kelajagini qanday ko'rasiz? Esselashish jarayoni hali boshqa fanlarda ham davom etadimi?

— Essening janr sifatida kelajagi juda porloq. Nega desangiz, ilm ta'sirida odamlarning individual tomondan o'sib borishi, ongning o'zgarishi, qarashlarning yangilanishi kuzatiladi. Shu o'rinda aytib ketay, sun'iy intellektdan insoniyat hech qochib qutulolmaydi. Uning insonga beradigan tafakkur, yaratuvchilik, ijodkorlik xususiyatlari kengayib, rivojlanib, rang-barang bo'lib boradi. Jamiyatda yangi tafakkur yo'llarining yuzaga kelishi essega murojaatni kuchaytiradi. Odam o'zini izhor etishga ehtiyoj kuchayadi. Izhor degan so'z essega juda to'g'ri keladi. Izhor, bu — ko'ngil gaplari-da. Odam yaralibdiki, ko'nglidagi gaplarini boshqalar bilan baham ko'rishga ehtiyoj sezadi.

Esse, bu — iqror. Tolstoyning “Iqrornoma”sini eslang, unda o'zini qiynagan, fikru xayolini band etgan kechinmalarining hammasini qog'ozga to'kkan. Inson ustida, inson shaxsi ustida, inson kelajagi ustida juda ko'p bosh qotirgan. Telba bo'lib qolish darajasida, talvasa bilan, joniga qasd qilar darajada o'ylagan. Hayotining har xil davrlarini bayon qilgan. Badiiy asarda yoki oddiy maqolada aytolmaydigan o'ylarini, iztiroblarini, kechinmalarini izhor etish, ochish, fosh etish uchun essedan qulay janr yo'q. O'ylaymanki, kelajak adabiyotida essening roli juda katta bo'ladi. Essening turli-tuman, rang-barang shakllari dunyoga kelaveradi. Jamiyat, xalq hayoti haqida, insonning jamiyatdagi o'rni, oiladagi o'rni haqida fikrlaydigan odam ko'paygani sari o'zining kuzatuvlari, shaxsiy mulohazalarini aytishga ehtiyoj sezishi tabiiy. Kelajak adabiyotida essening roli juda katta bo'ladi va turli-turli shakllari dunyoga kelaveradi.

— Esseni adabiy janr deb ko'p ta'kidladingiz. Biroq XIX-XX asrlarda u publitsistik janr sifatida, XXI asrga kelib esa alohida fan — esseistika sifatida evrilishlarga uchradi. Esseistikaga publitsistikadan xoli, alohida fan sifatida qaralyapti.

— Essening modifikatsiyalari ko'p bo'lishi mumkin. Publitsistikaga endi esse elementlari, hikoya usuli kirib kelyapti. Esselarga chuqur bayonchilik xususiyati xos, publitsistikada bu kuzatilmaydi. Publitsistika hech qachon chuqur bo'lishi mumkin emas. U dolzarb mavzuni ommaga ochib beradigan, omma e'tiborini tortadigan soha. Esse bilan publitsistikani aralashtirib bo'lmaydi. Lekin hozir ko'p mualliflar publitsistik maqolalariga shaxsiy fikrlarini singdirishga harakat qilyapti. Ya'ni, esseistik elementlarni olib kiryapti. Chuqur emas, sayoz. Undan chuqurlikni ham talab qilib bo'lmaydi. Essedan esa badiiy chuqurlikni, falsafiy chuqurlikni, mazmun chuqurligini talab qilishga tamomila haqqimiz bor. Publitsistikada shart emas. Esseistikaning publitsistikadan alohida soha sifatida qaralishi mutlaqo to'g'ri.

…Ibrohim G'afurovning talqinicha, esse — shaxsiy o'y, ta'sirchanlik, izhor va iqror. Yo'l-yo'lakay olimning mulohazalarini o'ylab kelarkanman, tasdiq va inkorlar, shubha va ikkilanishlar, qarama-qarshi fikrlar qurshovida qoldim. Ana shu kechinma va o'ylar ta'sirida esa keyingi maqolamga mavzu topildi: “Esse adabiy janrmi yoki publitsistik?”

Sevara ALIJONOVA

suhbatlashdi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

19 − fourteen =