“Vatanni beg'araz sevmoq kerak!”

Shoir, tarjimon va adabiyotshunos

Abduvohid Hayit bilan suhbat

 

— Abduvohid aka, avvalo, vatanga xush kelibsiz. Suhbatimizni siz ayni paytda istiqomat qilayotgan olis Kanada haqida boshlasak. U yerdagi hayotingizning boshlanishi bilan bog'liq voqealar bilan o'rtoqlashsangiz, degandim.

 

— Rahmat, taqdir taqozosi bilan Kanadaga borganimizgayam 17 yil bo'libdi. Immigratsiya har doim noldan boshlanadi. Albatta, boshqa bir muhitga moslashish oson kechmaydi, qiyinchiliklar bo'ladi. Lekin baribir, har kuni yangi bir narsa, yangi bir olamni kashf etish juda maroqli.

Kanadada ikki til: fransuz va ingliz tillari davlat tili hisoblanadi, aksariyat provinsiyalar ingliz tilida, biz yashab turgan Kvebek esa — to'liq fransuz tilida gap­lashadi. Shu bois biz Kvebekdagi markaziy shahar — Monrealga kelgan yilimiz fransuz tilini oilaviy o'rganish bilan mashg'ul bo'ldik. Til o'rganish jarayonida tirikchilik uchun har xil joylarda ishlashga ham to'g'ri keldi.

 

— O'zbekistonda siz dastlab yaxshi shoir sifatida tanilgan edingiz. So'ng­­ra ilmiy ish bilan ham shug'ullandingiz. Xorijda bu faoliyatlarni davom ettir­yapsizmi?

 

— Nima desamikin… Ilmiy ishimni davom ettirish maqsadida, Kanadaga kelganimizdan keyin bir-ikki yil o'tib, Monrealdagi Kvebek universiteti (UQAM — L’Université du Québec à Montréal) tarix fakultetiga o'qishga topshirdim. Filologiya fanlari nomzodi — PhD diplomim borligi uchun meni magistraturaga imtihonsiz qabul qilishdi. Bir yil o'qidim. Ikkinchi yili AQSh tarixi kursini oldim. Ammo bu kurs bo'yicha adabiyotlar, asosan, ing­liz tilida ekan. Mening inglizcham yetarli bo'lmagani uchun kursni vaqtinchalik to'xtashishga to'g'ri keldi. Ingliz tili kurslariga yozilib, qachon ingliz tilim qoniqarli darajaga yetganda yana kelib o'qishni davom ettirishimni maslahat berishdi. Shunday qilib, men ingliz tili kurslariga yozilib, inglizchani puxtaroq o'rgana boshladim. Lekin u paytda oilani boqish, ijara va to'lovlar uchun ishlashim ham kerak edi. Bu orada turmush o'rtog'im tibbiyot bo'yicha o'qishni boshlab yubordi. Chunki u vatanda Toshkent davlat bolalar tibbiyoti ins­tituti magistratura kursini ham tamomlab, vrach bo'lib biroz ishlagan edi. Menda universitetga qaytib yana o'qishni davom ettirish imkoni bo'lmadi. Shundan buyon o'z qiziqishlarim bo'yicha ishdan keyin mustaqil shug'ullanib kelaman. O'zbekistonda yoqlagan ilmiy ishim Navoiy “Xamsa”si bo'yicha edi. Mumtoz adabiyot ham aslida tarix, shu bois Monrealdagi Kvebek universitetida tarixdan olgan bir yillik tahsil menga ancha yordam berdi. Buning mahsuli o'laroq “Ivan Vasilyevich (chindan ham) kasbini o'zgartiradi” maqolasini yozdim. Badiiy ijodga kelsak, she'rlar ham… ba'zan yozilyapti… Yana ijodiy ishlardan: fransuz shoiri Sharl Bodlerning “Yovuzlik gullari” kitobidan bir necha she'rni asliyatdan o'zbek tiliga tarjima qilib, ularni sharhladim. Bu tarjimalar O'zbekistonda “Jahon adabiyoti” jurnalida chop etildi. Kelajakda Bodlerning mazkur kitobini to'liq tarjima qilib, har bir she'rni o'zbek o'quvchisi uchun sharhlab berish niyatidaman.

— Farzandlaringiz qaysi tilda va qaerlarda o'qishadi?

 

— To'ng'ich farzandimiz — Sevinch Monrealdagi Konkordiya universiteti san'at fakultetida ingliz tilida tahsil oladi. Uni ona yurtimiz — O'zbekistonga turmushga uzatganmiz. Ikkinchi farzandim — Chingiz onasining kasbini tanladi, ya'ni Kvebekdagi Sherbruk universiteti tibbiyot bo'limi talabasi, bo'lajak shifokor. Kenjamiz — Timur esa maktabda ikkinchi sinfda o'qiyapti. Katta farzandlarimiz o'zbek, fransuz, ingliz va rus tillarida bemalol gapirishadi, kenjamiz Kanadada tug'ilgan, uning fransuz va inglizchasi juda yaxshi, o'zbek tiliniyam chuqurroq o'rganishga harakat qilyapti.

 

— Turkiyaga ketgan bir vatandoshimiz bilan suhbatlashganimda, yurtdan olisdagi hayoti haqida Rumiyning “Tashqarisi seni yoqadi, ichkarisi esa meni”, degan go'zal so'zlarini keltirgan edi. Ya'ni, chiroyli fotoselfilar senga noma'lum boshqa yerlarga qiziqish uyg'otishi tabiiy. Ammo bu vatandan tashqarida hayotning gulgun ekanini bildirmaydi. Siz mana shu borada nima deya olasiz? Sizni hamon qiynaydigan gaplar bormi ichingizda?

 

— Hozir globalizm davrida yashayapmiz. Albatta, Vatan muqaddas, Vatan ichidagilarning vatan dardi qancha bo'lsa, bizda ham shuncha. Vatandagi yutuqlardan quvonamiz, yutqiziqlardan qayg'uramiz. Onani hamma joyda ham sevaverasiz, ya'ni onani sevish uchun uning bag'rida bo'lishingiz shart emas. Hozir “O'zga yurtda shoh bo'lguncha, o'z yurtingda gado bo'l” qabilidagi maqollarning davri o'tib ketgan. Bu mening shaxsiy fikrlarim, albatta.

Chor Rossiyasi zobiti va etnograf V.P.Nalivkin o'zining “U yerliklar ilgari va hozir” (“Tuzemsы ranshe i teper”) asarida: “Ko'pgina sartlar bir qishloqda tug'ilib, bir umr o'sha qishloqda yashab, hatto qo'shni qishloqni ko'rmay o'lib ketadi”, qabilida yozadi. Bu albatta XIX asr oxiri — XX asr boshidagi gap. Ammo yaxshi eslayman, hatto bizning bolalik yillarimizda ham, agar kimdir qo'shni qishloqqa qiz bersa, “uzoqqa turmushga berdik”, “musofir bo'lib ketdi” kabi gaplar quloqqa chalinardi. Bugun esa bir mamlakatda tug'ilib, boshqa bir mamlakatda ta'lim olib, bosh­­qa bir mamlakatda yashash, ishlash oddiy holatga aylandi. Minglab yurtdoshlarimiz Amerika qit'asida yashaydi, millionlab o'zbeklar yer yuzi bo'ylab sochilib ketgan. Ular aslo o'zlarini “g'urbatdagi g'arib” deb his qilmaydi. Hamma narsaga yaxshi tomondan qarash kerak. Xorijga chiqish ko'plar uchun yangi imkoniyatlar, o'z qobiliyatlarini to'laqonli ifodalash imkonini beradi. Ularning har biri O'zbekis­tonni qalbida, siyratida tashiydi. Ularning har biri vatanning xorijdagi bir elchisidir. Ularning har biri O'zbekistonni o'nlab, yuzlab xorijliklarga tanitadi, vatanga kelganda esa nafaqat moddiyat, balki xorijda ko'rgan, o'zlashtirgan tajribalarini bir qatra bo'lsa-da, vataniga olib keladi. Ular qancha ko'p bo'lsa, shuncha yaxshi. Dunyoning boshqa bir burchagida tinchgina ishlab, yashab tursa-da, ularning har biri, hatto o'zlari bilmagan holda, o'z yurtining global dunyoga qo'shilishi, rivojlanishi uchun xizmat qiladi. Chunki ular vatanni beg'araz sevuvchilardir.

 

— Monrealdagi vatandoshlar bilan uchrashib turasizlarmi? Ular bilan bordi-keldi munosabatlarda nimalarga ko'proq e'tibor berasiz?

 

— Monrealda o'zbeklar Kanadadagi boshqa bir shahar — Toronto yoki AQShdagi kabi ko'p emas. Lekin juda yaxshi jamoamiz bor. Mus­taqillik, Navro'z, Yangi yil va boshqa bayramlarda, albatta, yig'ilib turamiz. Yoz oylarida tabiat qo'ynida tadbirlar uyushtiramiz. Tadbirlarda farzandlarimizga milliylikni singdirish uchun qadriyatlarimizga ko'proq e'tibor qaratamiz. Ancha yillar oldin yurtdosh­larimiz meni Monrealdagi o'zbeklar jamoasiga oqsoqol etib saylashgan edi. Shundan beri o'zbeklarning boshini qovushtirish, tadbirlar uyushtirish kabi ishlarni baholi qudrat bajarib kelyapman.

 

— Abduvohid aka, albatta, O'zbekis­tonga kelganingizda do'st-yaqinlar davrasida Kanada haqida ozmi-ko'pmi savol-javoblar bo'lsa kerak. Xuddi shunday, kanadaliklarning yurtimiz va odamlarimiz haqidagi fikrlari qanday?

 

— Ochig'ini aytsam, men xorijda dastlab juda ko'p odamlarning O'zbekiston degan mamlakat borligini hatto bilmasliklariga guvoh bo'lganman. Bu, albatta, hukumat bilan bog'liq gap emas. Men, asosan, mahalliy aholi ichidaman. Savolingizga javobni ham shundan kelib chiqqan holdagina bera olaman. Tabiiyki, kim bilandir tanishganda qaerlik ekanim bilan qiziqishadi, chunki mahalliylarga o'xshamayman-da. “O'zbekistonlikman” desam, ularning ba'zilari: “Qaerda u mamlakat? Yevropadami?” “Markaziy Osiyoda. Ilgari sovetlar ittifoqi tarkibida bo'lgan…” deb tushuntiraman. Shundan keyin O'zbekistonni o'rganishga kirishib ketishadi. Hatto internetdan O'zbekis­ton haqida o'qib, videolar ko'rib, menga savollar berishardi. Sport orqali O'zbekistonni taniydiganlar bor. Men  ularga Vatanimning yaxshi jihatlarini ko'rsatishga harakat qilaman. Samarqand va boshqa shaharlarimiz, Toshkent metrosi suratlarini ko'rsatganimda, hayratlanishadi, O'zbekistonga sayohat qilishni istab ham qolishadi.

 

— Davlatlar o'rtasida yillar, balki asrlar davomida bunyod bo'lgan muzlar eridi. Qo'shni davlatlar bilan chegaralarimiz ochildi. Xorijiy mamlakatlarga chiqish-kirish osonlashdi. Siz nima deysiz, bugungi O'zbekiston, sizningcha, kechagisidan yana nimalari bilan farq qiladi? Kelganingizda nima topdingiz va nima yo'qotdingiz?

 

— Darhaqiqat, juda ko'p ijobiy o'zgarish­lar bo'lganligini e'tirof etish kerak. Deylik, 2016 yilgacha xorijda yashaydigan barcha yurtdoshlarimiz uchun O'zbekis­tonga kelib-ketish bir azob edi. Juda ko'p byurok­ratik to'siqlar, sinovlar aeroportdan bosh­lanib, aeroportda tugardi. Albatta, bu narsalar ko'pchilikka ma'lum, ularni bugun eslashga ham hojat qolmagan. Bundan boshqa ham ko'p yaxshi ishlarning guvohi bo'ldim. Faqat shu galgi kelishimda Toshkentda havoning nihoyatda ifloslanganini, avvalgi Toshkentga zeb berib, havo berib turgan osmono'par chinorlar o'rnida ko'plab archasimon daraxtlar ekilganining guvohi bo'ldim. Bilmadim, ko'zimga ular shaharda o'zlarini xuddi begona his qilayotganday tuyuldi. Ba'zilari butunlay qovjirab qolgan, ulkan chinorlar fonida qimtinib turibdi. Monrealda, umuman, Kanadada havo nihoyatda toza bo'lgani uchun ham menga havoning ifloslangani yaqqol sezildi. O'tgan yili kelganimda bunday emasdi. Bu gal Toshkent havosi hatto nafas olishimda qiyinchilik tug'dirdi. Nafas olsang, dimoqqa chala yongan tutun hidi uriladi, o'pkang to'lib nafas ololmaysan. Kanadada ekologik fojialar u qadar sezilmaydi, chunki ekologiyaga jiddiy e'tibor beriladi. Xususan, Kanada parlamentida ham Yashil partiya deputatlari soni oshib bormoqda. O'zbekistondagi ekologik fojialarni ham tezlikda bartaraf etish hukumat uchun eng dolzarb masala ekanini his qildim.

 

— Siz ijod sohasidan chiqqan odamsiz. Ozmi-ko'pmi bugungi adabiy jarayonlarni kuzatib borayotgan bo'lsangiz kerak, albatta. Nima deya olasiz bu haqda? Ijtimoiy tarmoqlarda siz o'tkazib yuborishni xohlamaydigan ijodkorlar kimlar?

 

— Albatta, ijtimoiy tarmoqlar orqali bugungi o'zbek ijodkorlarining yangi she'r­lari, asarlaridan bahramandman. Mus­taqillikdan keyin adabiyotda biroz turg'unlik davri bo'lgan edi, lekin 2010 yillardan boshlab adabiyotga yangi bir avlod kirib keldi. Bu yerda ijodkorlarni nomma-nom sanamoqchi emasman. Ishonamanki, ular o'zbek adabiyotining bugunini yaratishyapti. Ulardan oldingi avlodlar vakillari ham ijoddan to'xtashgani yo'q. Adabiy maydonda juda katta jonlanish bor. Bu o'rinda, ehtimol, ularning saviyasi ham muhim emas. Eng muhimi, ular o'zbek adabiyotiga, adabiy muhitiga tiriklik baxsh etishyapti va ular vositasida adabiyot yashayapti.

 

— Kelajak yillardagi rejalaringiz qanday? Vatanga qaytish niyatingiz bormi?

 

— Kelajakda til bo'yicha tadqiqotlarni davom ettirishni xohlayman. Yozganlarimni kitob shaklida nashr etishni ham o'ylayapman. Yana O'zbekistonda nisbatan ko'proq bo'laman, deb niyat qilyapman. Lekin butunlay qaytish rejam yo'q. Chunki, o'zingiz bilasiz, farzandlar qaerda bo'lsa, ota-ona ham o'sha yerda. Bolalar endi Monrealda katta bo'lishdi, shu yerda ildizlashdi-da. Nima ham deya olaman, nasibamiz Kanadada ekan…

Muhayyo PIRNAFASOVA

suhbatlashdi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five + 3 =