Maqolaning “dardi” bo'lishi kerak
Ommaviy axborot vositalarida mehnat qilayotgan yosh va serqirra ijodkorlar bilan muloqotda bo'lish insonga ruh bag'ishlaydi. Muhtaram mushtariy, ruhiyatdagi ana shu fayz va tarovatni, ajib taassurotni qalbingiz kengliklariga yoyib yubormoq niyatidamiz. Suhbatdoshimiz “Huquq” gazetasi muxbiri, iste'dodli jurnalist Yulduzxon Hojiyevaning jurnalistika bilan bog'liq o'z qarashlari bor. Shu sabab, bir necha savollar asnosida fikr almashdik.
— Yulduzxon, o'tib borayotgan yil siz uchun ham salmoqli bo'ldi. Navbatdagi yilda ham ana shu faollik mezonlarida qalam tebratasiz degan umiddamiz!
— Rahmat!
— Bugun “Ommaviy axborot vositalarining ta'sirchanligini oshirish masalasi” bot-bot tahlil etilyapti. Siz ijod jarayonida ana shu masalani nechog'lik yodda tutasiz?
— Men shunchaki o'qib -o'tib ketilaveradigan maqola yozishni o'zimga nomunosib hol deb baholayman. Maqolaning “dardi” bo'lishi kerak. O'ziga xos yuki, zalvori sezilishi shart.
Masalan, birgina ajrimlar masalasini oladigan bo'lsak, to'g'ri bu borada mahallalarda tashkil etilgan yarashtiruv komissiyalari faoliyatini e'tirof etish mumkin. Shunga qaramay, sir emaski, oilaviy ajrimlarga ko'p guvoh bo'lmoqdamiz. Xuddi shu mavzuda yozadigan bo'lsak, aytaylik statistik ma'lumotlarni, raqamlarni keltirib qo'ysak, maqolaning hisobotdan farqi bo'lmay qoladi.
Mavzuni atroflicha o'rganib, bugun jinoyat ko'chasiga kirib qolayotgan o'smirlarning aksariyatini noto'liq oilalarda voyaga yetayotgan bolalar ekanligiga shohid bo'ldim. Chunki oilaviy nizolarda kattalar hamisha o'zicha haq, ammo ajrimlar natijasida eng ko'p jabr chekkan bu bolalar bo'lib qolayapti. Chunki u baxtli bolaligini yashashi, ham ota, ham ona mehri va tarbiyasi ostida ulg'ayishi kerak.
Bu borada turkum maqolalar yozdim va uni jinoyat ko'chasiga kirib qolgan bola tilidan hikoya qildim. Boisi hech kim onasidan jinoyatchi bo'lib tug'ilmaydi. Uni oilaviy muhit ne ko'ylarga solganini ifoda etishga harakat qildim.
— Yulduzxon, notinch oila, nizoli xonadonlarda o'sayotgan bolalar ruhiyatiga ham ozor yetadi. Chunki ota-ona o'z munozarasi bilan band bo'lib, bolasi uchun vaqt ajrata olmaydi. Shu o'rinda yana bir mulohazani bildirmoqchi edik. Mahallalarda tashkil etilgan yarashtiruv komissiyalariga psixologlarni ham jalb etish o'rinli bo'lardi. Nikohning krizis holatlarini tahlil etgan mutaxassis fikricha, kechirish, unutish va olg'a intilish shart va zarur ekan. Chunki birinchi oilasi bilan kelisha olmagan yoshlar, ikkinchi bor oila qurgan taqdirda ham ana shu o'zaro bir-birini to'g'ri tushunish masalasida qiynalishadi. Xalqimiz “qushning ham uyasi buzilmasin” deydi. Chunki qush uchib ketishi mumkin, ammo uyasidagi palaponlarni parvoz baxtidan mahrum etish kerakmas. Siz ayni shu o'rinda oiladagi bekalik mas'uliyatingiz va burchingizni qanday tushunasiz?
— Aytaylik, ertaga gazeta bosmaxonaga topshiriladigan kun. Uyga odatdagidan juda kech keldim. Biroq bu menga, “charchadim-ku” degan xulosani bermasligi kerak. Men bolalarimning uy vazifalarini tayyorlashiga ko'maklashishim, mehr va e'tibor ko'rsatishim, oila yumushlarimni ado etishim uchun o'zimda kuch va iroda topa olishim kerak. Chunki biz ziyoli qatlam ham kasbimizning vazifalarini, hamda bekalik-onalik burchini bekamu-ko'st bajarishga barcha kuch va bilimlarimizni safarbar etishimiz lozim.
— Kasbiy bilim va tajribalaringizni boyitishda aynan nimalarga ahamiyat qaratasiz?
— Ijodkorda o'ziga xoslik bo'lishi kerak. Ustoz jurnalistlarning ijod mahsullarini o'qib boraman. Ayniqsa, Ahmadjon Meliboyev, Xurshid Do'stmuhammad, Mahmud Sa'diy, Farmon Toshev, Ahmadjon Otaboyev, Abdurasul Jumaqulov va hokazo ustozlarning ijodlari qalbimga juda yaqin. Ular mavzuga qanday yondashayapti, qaysi rakurslarda yozayapti, ijodiy muvaffaqiyatini ta'minlayotgan sir-asror nimada? singari savollarga o'zimcha javob izlab, tahlil qilaman. Ulardan o'rganaman va shu asnoda o'z uslubimni shakllantirishga intilaman.
— Sarlavha ijodkorligi borasida fikringiz qanday?
— Bizda “dejurniy” ya'ni navbatchi sarlavhalar shakllanib qolgan-da! U maqolagayam, bu maqolagayam tushib ketaveradigan sarlavhalar matbuot sahifalarida aylanaveradi. Buni bartaraf etish vaqti keldi, deb o'ylayman.
Ba'zida xususiy nashrlarning topqirligidan biz davlat nashrlari xodimlari qaysidir ma'noda ibrat olishimiz kerak, degan fikrim ham yo'q emas. Masalan, xususiy gazetalardan birida “Gulsanam Mamazoitovaning qaynonasi uning san'atiga nima deydi?” degan sarlavhani ko'rib qoldim. Gazetani aynan shu sarlavha uchun sotib oldim. Qiziq-da endi! San'atshunos fikrini taxmin qilish mumkin, muxlisning e'tirofini ham tasavvur qilamiz, ammo qaynonasi nima degan ekan, degan fikr meni qiziqtirib qo'ygandi. Uyga yetib borishga ham sabrim chidamay, transportda o'qidim. “San'atiga qarshiligim yo'q”, degan ekan xolos. Biz sarlavha topishda ularning ishbilarmonligidan andoza olsak, yomon bo'lmasdi. Demoqchimasman, diltortar sarlavha tagida oddiy gap bo'lsin, yo'q, sarlavhamiz gazetxonning dil shishasini bir chertsa, so'ngra asosli mulohazalarimizni taqdim etsak yaxshi bo'lardi.
— Mazmunli suhbat uchun rahmat! Kelayotgan yil siz uchun ijodiy muvaffaqiyatlar yili bo'lishiga tilakdoshmiz.
Gulzebo IBROHIMOVA
suhbatlashdi.