Ogulbay Gayliyeva: “Do'stlik tuyg'usi adabiyotdan boshlanadi…”

Toshkentga bir borganimda   “Ijod olami” degan jurnalga ko'zim   tushib qoldi.   E'tiborimni undagi “Modern –rebus emas…”   sarlavhali suhbat o'ziga   tortdi. Ijodkor quyidagicha mulohaza   yuritibdi: “… Bugungi   shoirlar nazmini Fitrat,   Cho'lpon, Oybek, Rauf Parfi   she'riyati bilan xolisona   solishtirganda nimalar oydinlashadi… Bu kabi… savollarga   javob axtarib ko'radigan   davr yetib keldi, deb   o'ylayman. Darvoqe, nukuslik   olima Ogulbay Gayliyeva   o'zbek, turk­man, qoraqalpoq   modernist shoirlari ijodi   tadqiqiga kirishgani quvonarli   hol. Ana o'sha   usul ko'pchilikka namuna   bo'lishi lozim (“Modern she'r   – rebus emas…” Shoir Bahrom Ro'zimuhammad bilan   suhbat. Suhbatdosh: Anvar Allambergenov. “Ijod olami”.   2019-yil,   6-son 8-bet).

Garchi o'zim   Nukusda yashasam-da, ijod   olamiga aralashib yursam-da   Ogulbay Gayliyevadek novator   olima haqida eshitmagan ekanman.   Qiziqishim ortgani bois   ishxonasiga borib, uni   axtarib topdim va suhbatdoshim. Demak, hamsuhbatim — Qoraqalpoq davlat universiteti turkman tili va   adabiyoti kafedrasi mudiri, filologiya fanlari doktori, dotsent   Ogulbay GAYLIYEVA.

 

­— Avvalo, o'zingiz haqingizda   qisqacha gapirib bersangiz?

— Men 1977 yili   Qoraqalpog'istonning Xo'jayli tumanida   tavallud topganman. Millatim   — turkman. She'riyatga   qiziqishimga otam sababchi   bo'lgan. U bo'sh   vaqtlarida, xususan, qishning   uzun tunlarida bizga   (oilada to'qqiz nafar   farzandmiz) she'r aytib   berardi. Alisher Navoiy,   Maxtumquli, Berdaq, Pushkin,   Abay she'r­lari menda   yoqimli taassurotlar   qoldirgan.   Ularning har biri   rangin dunyodek edi.   Aytilayotgan she'r­larning ayrimlarini   tez yodlab olardim   va ifodali qilib   o'qib berardim. Otam   esa boshimni silab:   “Kelajakda olima bo'lib   chiqarsan-ov! Barakollo!” derdi.   Ana o'sha rag'bat   bois qo'limdan kitob   tushmasdi.

Talabalik chog'larimda   Maxtumquli she'riyati to'g'risida   maqolalar yoza boshladim.   Maqolalarimni ustozimiz professor   Quvonchboy O'razimbetovga   topshirib, o'qib, xulosasini aytishini   iltimos qilardim. Domla   kichik tadqiqotlarimga katta   baho berardi.

Maktabda o'z   ona tilim — turkman tilida   o'qiganman. O'zbek va   qoraqalpoq tillarini sal   keyinroq mustaqil ravishda   o'rgandim. Yana O'razimbetov domla   menga har bir   shoirning poetik tiliga,   obraz yaratish usullariga,   tashbehlariga alohida yondashib   borishimni maslahat berardi.   Shu tariqa men   shoirlarning olamlariga chuqurroq   kirdim va bundan   hayrat topdim. She'riyat   tilga chambarchas bog'liq san'at   turidir. Masalan, Alisher   Navoiy she'rlarini o'zbek,   Pushkin she'rlarini rus,   Maxtumquli she'rlarini turkman,   Berdaq she'rlarini qoraqalpoq,   Abay she'rlarini qozoq   tillarida mutolaa qilsangiz,   obrazli zaylda aytganda, totli mevani bog'ning o'zida,   daraxtdan uzib tanovul   qilgandek o'tkir shirani   his etasiz. Tarjima   jarayonlarida   “meva” ma'lum   darajada shirasidan mosuvo   bo'ladi. Binobarin, til bilmoq — dil bilmoq, deyishim   mumkin.

— Siz qoraqalpoq,   o'zbek, turkman yangi   she'riyatini tadqiq qilayotgan   ekansiz. To'g'ri, bir   millat yangi she'riyatini   tadqiq qilayotgan olimlar   ko'p. Ammo uch   millat she'riyati bilan   shug'ullanayotganlar kam va   bu o'z navbatida favqulodda bir   estetik hodisadir. Xo'sh,   uch millatning yangi   she'riyatidagi mushtarak va   farqli jihatlar qanday?

— Men 2006   yilda “Hozirgi qoraqalpoq   she'riyatida oraliq   shakllarning janr va shakliy   xususiyatlari” mavzusida nomzodlik   disserta­siyamni himoya qilganman.   Doktorlik dissertatsiyamni esa   uchta millat she'riyatini   qiyosiy o'rganish maqsadida   “Mustaqillik davri turkiy   xalqlar lirikasida shakliy   izlanishlar va   ularning   tipologiyasi (o'zbek, qoraqalpoq   va turk­man lirikasi   misolida)” mavzusida himoya   qildim. Aksariyat hamkasblarim, juda qiziqarli   hamda   turkiy xalqlar do'stligi   yo'lida asqotadigan mavzuni   chuqur ochib beribsiz,   dedilar. Va tadqiqotlarimni yanada boyitishimni maslahat   berdilar.

Shuni alohida   urg'ulashim joizki, Turkmanis­tonda Alisher Navoiy ijodiga,   o'z navbatida O'zbekistonda Maxtumquli   she'riyatiga muhabbat kuchli.   Xususan, Xorazm taraflarda   1960-yillardayoq ulug' hofiz   Komiljon Otaniyozov Maxtumquli   she'rlarini qo'shiq qilib   aytgan. El-ulus so'ziga   qaraganda, Komiljon usta:   “Maxtumqulidan uch-to'rtta ashula   o'rganmagan qo'shiqchi el   oldiga chiqsa, masxara   bo'ladi” degan ekan.   Qiziq jihat shundaki,   qadimgi davrlarda Navoiy,   Mashrab, Maxtumquli, Kamina,   Fuzuliy, Mullanafas , Abay, Berdaq, Ajiniyoz kabi   turkiy shoirlarning she'rlarini   o'zbegu turkmanlar, qoraqalpoq,   qozoq, turk, ozarbayjonlar asliyatda o'qib, tushunib   ketaverganlar. Oradan ko'p   yillar o'tganidan so'ng,   masalan, turkman adabiy   tili va o'zbek   adabiy tili; ozarbayjon   adabiy tili va   o'zbek adabiy tili   borasida farq kattayib   boraverdi. Goho turkiy   xalqlar rus tili   vositasida bir-birlarini taniydigan bo'ldilar. Xullas,   bugungi kunda turkiy   shoirlar o'zaro yaqinlashmog'i   kerak. Sababi, baribir   turkiylar so'zlashganda bir-birovini tuzuk tushunadilar.

Istiqlol arafasida   turkman shoiri   Omondurdi   Annadurdiyev Toshkent shahrida   yashagan. Uning bir   she'ri nozikta'b shoir   Muhammad Rahmon tarjimasida   O'zbekistonda nihoyatda mashhur   bo'lib ketganidan voqifman.   Sharq mumtoz she'riyati   davomchilaridan biri Matnazar   Abdulhakim   O.Annadurdiyevning ruboiylarini o'zbekchaga   o'girgan. O'girmalardan bir   shingil:

G'ijjak bir   poklandi, nay bir poklandi,

Yillar bir poklandi, oy bir poklandi.

To'yga kirib   kelding, ohuko'z dildor,

Davra bir poklandi, to'y bir poklandi.

Men o'zim asosan   Abdulla   Oripov, Usmon Azim,   Sirojiddin Sayyid, Mahmud   Toir, Farida Afro'z, Bahrom Ro'zimuhammad, Boltaboy   Bekmatov kabi o'zbek   shoirlarining she'rlarini tahlilga   tortib maqolalar yozganman.   Maqolalarim Makedoniya, Turkiya,   Amerika Qo'shma Shtatlari,   Ukraina, Turkmaniston, Qozog'iston   kabi mamlakatlarda turli   tillarda chop etilgan.   Ayniqsa, Makedoniya jurnallarida ingliz tilida chiqqan   maqolalarim xalqaro miqyosda   ko'proq qiziqish uyg'otganidan xursandman. Turkman   modern she'riyati menimcha,   an'analar bag'rida qad   rostlamoqda. Deylik, modernist   shoir Rajabdurdi Mejekov   ijodida milliy bo'yoqlar   ostidagi yangilanishlarni kuzatamiz.   Badiiy tafakkur maromi,   uslubi an'anadorlarga qaraganda   sal o'zgacharoq. Ijodidan   bir shingil:

Yurak qayg'uli,

       Chidab bo'lmas hech.

       Yo'qotganim,

       Axtarganim   axir qaylarda?

       Javob   bo'lmaydimi bu sasimga   ham?

       Kuzagim,

       Senga mengzar go'zalim   qayda?

Darvoqe, Sag'inboy Ibragimov   she'riyatida ham R.Mejikov   ohanglariga yondoshlik bor.   U ham erkin vaznga bot-bot   murojaat etmoqda.

— Tili, mentaliteti   o'zaro yaqin, aytish   mumkinki, mushtarak xalqlar   o'rtasidagi do'stlikni kuchaytirishda badiiy adabiyotning rolini   qanday baholaysiz?

— Menimcha, do'stlik   tuyg'usi adabiyotdan bosh­lanadi.   Masalan, o'zbeklar Maxtumquli   bobomizning she'rlarini o'qib, she'rlari asosidagi   qo'shiqlarini tinglab turkman   xalqini yanada yaxshi   ko'rib qolganlar. Maxtumquli   Xoja Ahmad Yassaviyni,   Alisher Navoiyni o'ziga   ustoz sanagan. Xuddi   shuningdek, Mullanafas ham O'zbekistonda nihoyatda mashhur ekanligini   bilaman.

Bultur O'zbekiston   Qahramoni, O'zbekiston xalq   shoiri Abdulla Oripovning   “Sen bahorni sog'inmadingmi?” nomli she'rlar to'plami   Jumadurdi Akiyev tarjimasida   turkman tilida e'lon   qilindi. Shu asnoda,   o'zbek-turkman adabiy aloqalari   yilnomasida yangi sahifa   ochildi, deya olaman.   A.Oripovning she'riy turkumini bundan ancha yillar muqaddam   “Qoraqum” (Ashxabodda chiqadi)   jurnalida o'qib, nihoyatda   hayratlangan edim. Chunki,   u xuddi turkman   tilida she'r bitgandek   tuyuldi. Qarang, kattagina   turkumda asliyatdagi bitta   so'z o'zgartirilgan: “Ohujon”   so'zi “Jeyranim” deb   berilgan. Boshqa hamma   so'zlar asliyatdagi yanglig'… Xulosa yasadimki,   A.Oripovning poetik tili   turkman adabiy tiliga   judayam yaqin. Mentaliteti   mushtarak. Chunki, u   ham sahro, dasht farzandidir. Shaxsan men o'zim   zabardast shoir she'rlarini   o'qisam Turkmaniston kengliklarini kezib yurgandek, biyobonlarda o'sadigan   giyohlar   islarini hidlayotgandek bo'laveraman. Ayniqsa, “Sen bahorni   sog'inmadingmi?” sarlavhali she'ri   ruhiyatimga yaqin. Umid   qilamanki, yaqin kelajakda   Erkin Vohidov, Omon   Matjon, Usmon Azim,   Sirojiddin Sayyid kabi   xalqona usulda yozgan   shoirlarning salmoqli she'riy   kitoblari turkmanlarning ham dil mulkiga   aylanadi.

— Filologiya fanlari   doktorligi dissertatsiyasini himoya   qilganingizga ham uncha   ko'p bo'lmadi.   Kelajakda   nimalarni rejalashtirib qo'ygansiz?

— Bundan keyin   ham ilmiy ish   yozishni to'xtatmadim.   Keyingi   ikki yil mobaynida   ikkita monografiya, bitta   darslik, bitta o'quv   qo'llanma, yigirma beshta   ilmiy maqolalarimni alohida   ta'kidlab o'tmoqchiman. Ayniqsa,   “Hozirgi turkman adabiy   tili” (2019), “Turkman   adabiyotini o'qitish metodikasi”   (2021), “Adabiy tur va janrlar   poetikasi” (2021) nomli   kitoblarimdan ko'ng­lim bir   qadar to'ldi. Olloh kuch-quvvat   bersa turkiy xalqlar   adabiyoti, adabiy aloqalari bo'yicha   fundamental loyihalar yaratish,   turkiy she'riyatning nafaqat shakl jihati, balki g'oya   mazmuni, tarjimashunoslik yo'nalishlarida ham tadqiqotlar olib   borishni rejalashtirganmiz.

Quvonchli holat   shundaki, O'zbekiston Respub­likasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev   ijodkorlarni qo'llab-quvvatlamoqda. Uning da'vatlariga javoban O'zbekistonda kitob o'qishga ishtiyoq   sezilarli darajada o'sdi.

—Turkmanistonning o'zida   Sizni yaqindan taniydilarmi? Tadqiqotlaringizga   qanday baho beradilar?

—Turkmaniston Fanlar   akademiyasining Maxtumquli nomidagi   Til, adabiyot va   milliy qo'l­yozmalar institutining bosh ilmiy xodimi,   filologiya fanlari doktori   Ahmet Mammedov “Turk­man   dunyosi” gazetasida “Adabiy   aloqa — uch adabiyot misolida”   sarlavhali maqola e'lon   qildirdi. Mazkur gazetaning   2019 yilgi 25   iyul sonida chiqqan o'sha maqola bizning tadqiqot ishimiz,   ilmiy maqolalarimiz xususida   ham ijobiy fikrlar   bildirilgan. Bu o'z navbatida   taniqli turkman olimining   o'zbek hamda qoraqalpoq   zamonviy she'riyatiga maylini   ifodalaydi.

— Gurungimizni Xo'jaylidagi   oilaviy muhit talqini   bilan boshlagan edik.   Nukusdagi muhit qanday?   Oila ma'nosida?

— Turmush o'rtog'im   Turganboy Keruenov ham   ilm sohasi vakili.   Filologiya fanlari doktori.   Ikki nafar farzandimiz   bor. Uyda hamisha turkiy   xalqlar adabiyoti to'g'risida   suhbatlashamiz. Badiiy va ilmiy   ijoddagi yangiliklar, shuning­dek, jahon adabiyoti yangiliklari   gurunglarimiz mavzusiga aylanadi. Albatta, ruhiy mushtaraklik   og'irimizni yengil qiladi. Bir-birimizni xulosamizdan quvvat olamiz va ilm   yo'lida yanada ildamroq   bo'lishga intilamiz.

Suhbatdosh:

Fotima Abduraimova

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × 3 =