Yöqolayotgan tillarning “qizil kitob”i
«Nemis milliy ensiklopediyasi»ning hammuallifi, “Afandi latifalari”ning nemis tilidagi tarjimoni, Urganç davlat universiteti professori Atabay Jumaniyozov bilan suhbat
“Millatni uyğotiş uyğonganlarning vazifasi” deb yozgan edi Abdulhamid Çölpon. Tafakkur qilayotgan millatgina uyğoq böladi. Olimlari, oriflari uyğoq bölgan elning ertasini sevinib kutiş mumkin. Quyida sizga Urganç davlat universiteti professori Atabay Jumaniyozovning til taqdiri, tarjimaçilik muammolari, etimologiya bilan boğliq mulohazalarini tuhfa etar ekanmiz, bu bezovtaliklar umummilliy qayğurişimizga, jonbozliklarimizga muhtoj va muştoq ekanligini taʼkidlagimiz keldi.
Atabay Jumaniyozov haqida maʼlumot: 1947 yilda Xorazm viloyatining Qöşköpir tumanida tuğilgan. Toşkent davlat Çet tillar institutida, Germaniyaning Leypsig universiteti aspiranturasida tahsil olgan. Volfgang Flayşer rahbarligida falsafa fanlari doktori darajasini olgan. Yevropa, Amerika, Avstraliya mamlakatlarining Til va Adabiyoti böyiça professor unvoni bilan taqdirlangan. 10 dan ortiq darslik va öquv-qöllanmalari, 150 dan ziyod ilmiy-ommabop maqolalar muallifi. 2018 yilda Davlatimiz tomonidan “Döstlik” ordeni bilan mukofotlangan.
— Siz yurtimizning katta olimlaridan birisiz. Qolaversa, taniqli şoir Matnazar Abdulhakimning sizga bağişlab yozilgan “Etimologiya luğati” şeʼrini ham yaxşi eslaymiz:
Demak, sözda riyo imkoni yöqdir,
Söz yaşaydi, bizga fido etib jon.
Bizlar sözni sotib qöymasak, basdir,
Söz bizni sotmaydi heç qaçon!..
Va albatta, Sizning ulkan til mutaxassisi ekanligingiz va şuning barobarida uşbu şeʼr ham bizni sizning ilmingizdan, suhbatingizdan bahramand bölişga çoğlanişimizga turtki bölgan bölsa, ajab emas. Aytingçi, aynan nemis tili, nemis adabiyotiga qiziqiş sizda qanday paydo bölgan?
— Tilga qiziqişimning anʼanaviy sabablari bor. Bolaligimizda maktablarda çet tili fani öqitilmagan. Şuning barobarida çet tilini biliş har bir sovet fuqarosi uçun zarur, deb qaralgan. Şu asosda maktablarimizda yevropa tillaridan — ingliz, nemis, fransuz va ispan tillaridan bittasi öqitilgan. Endi bularning öqitilişi siyosat bilan uzviy boğliq edi. Avvalo, bu kabi masalalar sobiq ittifoqning yevropa davlatlariga bölgan munosabatidan kelib çiqib belgilangan. Fransuz, nemis tillari ularga, yaʼni sobiq Sovet mafkurasiga yaqin bölgan tillar sanalgan, Pyotr I kabi hukmronlar davrida ham bu tillar saroy tillari darajasida edi.
Bu albatta, menda maktabdaligimdayoq katta qiziqiş uyğotgan. Tahsil olayotgan maktabimizga amaliyot ötaşga bir öqituvçi keldi, uning har bir ötgan darsi men uçun kutilmagan yangilik edi va ana şu sabab men bu sohaga qiziqa boşladim. Qolaversa, Otam ham şuni istagan, yo çet tili, yoki matematika fani öqituvçisi bölişimni maslahat bergan edi. Şu bilan çet tili mutaxassisligiga öqişga kirdim, öqişni tugatgaç, Urganç davlat universitetiga işga yuborildim. Bilasiz, universitet degani juda masʼuliyatli joy, avvalo, talabalarni yaxşi öqitiş kerak, yaxşi öqitiş uçun özing yaxşi öqişing kerak. Mehnat qildim, izlandim va şuning natijasida şu sohada nimalardir qildim va qila olyapman, deyolaman.
— Atabay aka, eşitişimizça, Germaniyaga borib yaşagan ekansiz, aspiranturada öqigansiz, bir neça bor malaka oşirib qaytgansiz. Nemis tili va adabiyoti mutaxassislari bilan hozir ham aloqa qilib tursangiz kerak-a?
— Men oliy taʼlim sohasida işlaşim jarayonida nemis tili darsliklariga katta ehtiyoj borligini sezdim. Natijada darsliklar yozib tayyorlaşga kirişdim va ular Toşkentda, Germaniyada çop etildi. Şuningdek, Germaniyada yaşaydigan özbeklar uçun ham darsliklar tayyorladim. Germaniyaning Gumboldt universitetida talabalar özbek va turk tillarini örganişadi. Nemislarning turklar bilan aloqasi juda yaxşi, Germaniya aholisining 10 foizini turklar taşkil etadi. Bizlarning ruslar bilan aloqamizga 150 yil tölgan bölsa, nemislarning turklar bilan aloqa örnatganiga 350 yil bölgan. U yerda millati turk böla turib, Vazir darajasiga kötarilgan odamlar borligini yaxşi bilamiz. GDR paytida Leypsig universiteti bilan hamkorlik va aloqalarimiz yaxşi bölgan, men özim ana şu yerda öqiganman. Berlinda Gumboldt universiteti, Erkin universitet bor, şular bilan hamkorlikni doimiy va davomli tarzda olib boramiz. Berlinda Gumboldt universitetida özbek tili böyiça öqiyotgan talabalarga erkin maşğulotlar olib borganman. Gumboldt universiteti professori turkolog olima Ingeborg Baldauf, Berlin Erkin universiteti olimasi Zigred Klaynmişel bilan hamkorlik qilamiz. Zigred Klaynmişel nemis tilida tayyorlangan darsliklarimizning hammuallifi hamdir.
Har yili özimizdan 3-4 nafar talabani Germaniyaga öqişga yuboramiz. Endi talaba almaşiş tajribasi bilan Avstriya ham qiziqa boşladi. Ularning öqituvçilari bu yerga kelib 2-3 oy dars ötişadi, bizning öqituvçilar esa u yerga öqişga, malaka oşirişga borişadi.
— Nufuzli nemis milliy ensiklopediyasi(Brock hauc)ning hammualliflari safida bor ekansiz…
— Nemis ensiklopediyasining dastlab 10 jildligini, keyin 30 jildligini çop etişdi. Ensiklopediya tayyorlaniş jarayonida Özbekiston haqida maʼlumot söraşgan va men tayyorlab berişga harakat qilganman. Ensiklopediyaga Özbekiston haqida unça katta emas, 7-8 bet atrofida maʼlumot kiritilgan. Biroq şunday nufuzli ensiklopediyaga Özbekiston haqida kiritilişi sevinarli hol, albatta. Qişloq xöjaligi, maorif, tibbiyot sohasidagi hamma maʼlumotlarni tayyorlab berdim va natijada şu ensiklopediyaga meni hammuallif qilişdi. Keyin naşriyot 30 jildlik ensiklopediyani menga poçta orqali jönatdi. Buni qölga oliş, dunyoning qaysidir joylarida sen tayyorlagan materiallarning kimlargadir asqotişi juda sevinarli hol.
— Suhbatimiz Germaniya va nemislarning maʼnaviy-maʼrifiy dunyosi haqida ketar ekan, biz uçun bu juda qiziqarli: aytingçi, u yerda oddiy odamlarning kitobga munosabati qanday?
— Yevropada ziyolilar ham, oddiy odamlar ham kitobni juda aziz tutişadi. Kitob dunyoni biliş, nomaʼlum narsani maʼlum bölişi, juda bölmasa, farqlaş uçun kerak böladi. Özi “ilm” nomaʼlumni maʼlum qiliş, aslida “farqlaş” deganidir. Inson butun umri davomida ikkiga ajraladi: bu — yaxşi, bu – yomon, degan. Ruhiy tomondan ham ikkiga ajraladi: maʼqul, nomaʼqul. “Maʼqul”ning özagida “aql” bor. Demak, yaxşi-yomonni, maʼqul-nomaʼqulni farqlaşda kitob asosiy manba hisoblanadi.
Endi nemislarga keladigan bölsak, ular öta aqlli xalq. Aqlli xalq esa kitobsiz yaşay olmasligi aniq. Hatto Moskvaga borsangiz, metroga tuşar ekansiz, böş ötirgan odamni körmaysiz, deyarli köpçiligi kitob öqiyotgan böladi.
Nemislar noşirlik borasida dunyoda birinçi örinda turişadi, axir. Men ular bilan birga yaşaganman, böş vaqti bölişi bilan kitob öqişadi. Negadir, ular televizor körişmaydi, deyarli körişmaydi. Bizda esa televizor körsin-körmasin, kun böyi u yoniq turadi. Ular teledasturlardan özi köradigan maʼlum körsatuvlarga belgi qöyib qöyişadi va faqat şuni körişadi. Biroq betöxtov kitob öqişlarini bilaman.
— Yoşlari ham köp kitob öqişadimi?
— Kattalari ham, yoşlari ham şunday, juda kitobxon. Men nemislarni bir oğiz taʼrif bilan “Mukkasidan kitobga berilgan xalq” deb taʼriflaşim mumkin. Ular orasida hozirgaça, kitob eng yaxşi sovğa sanaladi. Kitob öqir ekan, kelgan joyiga — orasiga bir gul qöyib qöyişadi. Ularda ham internet raketa tezligida uçadi, ijtimoiy tarmoqlardan butun dunyo xalqlari kabi nemislar ham unumli foydalanişadi. Biroq bu xalq orasida kitob eng qadrli, eng köp öqiladigan vosita bölib qolayotgani hayratlanarli.
— Mana bizda ham rağbatlantirib, hatto avtomaşinalar sovğa qilib yoşlarni kitob öqişga qiziqtirişga urinişmoqda. Nima deb öylaysiz, bu biror-bir natija berişi mumkinmi?
— Bu holatda yoşlar kitobni öqiş uçun emas, rağbat uçun öqiydi-da. Bu bilan xalqni kitobxon qilib bölmaydi. Haqiqiy kitobxon odam maşina beriş evaziga kimdir kitob öqiyotganini körsa taajjublanadi, yanayam aniqroği, kuladi.
— Suhbatimiz kitob, til masalasida ketayapti. Bugungi kundagi tilga munosabatlar sizda qanday fikrlar paydo qiladi?
— Tariximizga nazar solsangiz, bizda alfavit 4 marta almaşdi. Axir bularning har biri rivojlanişning, taraqqiyotning oyoğiga urilgan bolta-ku. Özimizni “Özbek” deb ataymiz-u, alfavitimizda yumşoq “ö” harfi yöq. Özbekligimizni ifodalaydigan “ö” harfiga ega emasmiz. Boşqa harfni yozib “ö” deb talaffuz qilamiz.
Men Qöşköpir tumanidan bölganligim sababli yölda eʼtibor qilaman, közim tuşadi, tuman markaziga kiraverişda “Welcome to Qo`shko`pir” deb köpgina imlo xatolari bilan yozib qöyişibdi. Endi bu yerda yaşaydigan tub aholi qöşköpirliklar, yaʼni özbeklar bölsa, qani ayting-çi, bu yerga qaçon bir ingliz keladiyu bu xatolarga töla jumlalarni öqiydi? “Qöşköpirga xuş kelibsiz!” deb yozib qöyaversa böladi-ku! Dökonlarimiz ham şunaqa. Nahotki qaçondir keladigan bitta inglizni deb öz xalqimizga va öz tilimizga nopisandlik qilamiz, tilimizni va özimizni xorlaymiz?! Muayyan tillarning dunyoga yoyilib borişi muayyan maʼnoda siyosat bilan, muayyan maʼnoda öşa tilning mavqei bilan boğliq böladi. Keyin xalqning muayyan maʼnodagi intiliş va istaklari bilan ham boğliqdir.
Inson tabiatan yalqov. Masalan, “dorixona” — bunda sakkiz tovuş bor, “apteka”da esa olti tovuş. Albatta, tabiatan yalqov bölgandan keyin sakkiz tovuşli “dorixona” sözini talaffuz qilgandan köra olti tovuşli “apteka” sözini aytişni afzal köradi. Aslida tilning tanazzuli, halokati uçun har birimiz u yoki bu darajada hissa qöşayapmiz.
— Bu yerda tillarning özaro oldi-berdisi ham bor. Çetdan sözlarning kirib tilimizga yastanib örnaşib olişini nima desa böladi? Töğri, bu holni tilimizning boyişiga xizmat qiladi va hokazo deyişimiz mumkindir, biroq bu öz sözlarimizning yöqolib ketişiga zamin yaratayapti-ku?
— Har bir söz öşa xalqning kaşfiyoti. Çunki u öşa narsani sezdi, his qildi va unga nom berdi. Deylik, “rentgen” nima uçun şunday nomlandi, çunki şu odam uni birinçi bölib kördi va körsata oldi. Hozir eng boy til arab tili, uç yarim million sözi bor. Bizniki esa bir million tört yuz ming söz. Arablarda sözlar bizdan uç marta köp. Demak, ular bizdan köra uç marta köproq narsalarni his qilişgan: körgan, eşitgan, bilgan, yegan, içgan.
“Izohli” luğatimizda 80 ming söz bor. Biroq işlatiladigan sözlar bir million ikki yuz — bir million tört yuz ming atrofida deb aytiladi. Köryapsizmi, şu yerda ham ikki yuz ming sözni sarson qilayapmiz. Inglizlar bir milliondan ortiqroq sözlar kiritilgan luğat tuzişdi. Mana bu qölimdagi luğat — nemislarniki, yarim million söz kiritilgan. Biz esa haliyam 80 ming sözda yuribmiz. Şunday bölgaç, boşqa tillardan söz olamiz-da, olmaslikning iloji bormi? Tinimsiz yangiliklar bölyapti, yangi nomlar kirib kelyapti. Albatta, bizda bölmagandan keyin ular öz nomi bilan kirib keladi. Töğri, yangi sözlarning muqobil varianti böladi, biroq muqobil sözlarning maʼno tafovutlari ham borligini unutmasligimiz kerak.
Masalan, bizning tilimizda “oblast” degan söz bor edi. Hozir u “viloyat” söziga ötib örin almaşdi. “Viloyat” arabça söz, “muqaddas yer”, “zamin” degani. Şuningdek, sanskrit tilidan kelayotgan “birodar” sözi bor. “Brat”, “brother” hammasi bir sözdan olingan. Agar bugungi kunda “birodar” sözini işlatadigan bölsangiz, avvalo, biror-bir diniy mazhab tuşuniladi. Şunday qilib, tilimizga, sözlarimizga talafot yetaveradi-da…
Qöl telefonni inglizlar “Hendi” deyişadi, biz ham keyin qöl telefon deyişni boşladik. Köryapsizmi, bizda ham yangi maʼno kaşf etildi. Uşbu xonadagi predmet va jihozlarning nomlarini olaylik: “oyna” – arabça, “lampa” – grekça, “karta” – sanskritça, “pol”, “patolok” – örisça, “şkaf, eşik” – forsça, “qopi”(eşik) – turkiy söz, “eşik” – forsça(şkaf sözidan), “doska” – rusça, köryapsizmi, hozir ötirgan joyimizdagi deyarli hamma sözlar boşqa tillardan kirib kelgan ekan. Deylik, yapon tili şunday bir tilki, undagi sözlar butun dunyo tillaridan töplangan. Ularning sözlarini bu undan — bunisi undan deb aytib bölmaydi. Özi tillarni bölganda yapon tili alohida turadi. Heç qaysi oilaga kirmaydi. Şu maʼnoda boşqa tillardan söz olmaslikning iloji yöq.
— Yaxşi bilamiz, har bir davrda tilni saqlaş, boyitiş masalasida ziyoli qatlam boş qotirgan. Ayting-çi, bugun tillarning yöqolişi yoki halokat yoqasiga borib qolişining oldini oliş, uni muhofaza qiliş uçun nimalar qiliş kerak?
— Dunyoda yöqolib borayotgan quşlar, ösimliklar va jonivorlar uçun “Qizil kitob” bor. Biroq yöqolib borayotgan tillar uçun “Qizil kitob” yöq. Bugungi kunda olti mingta til bölsa, ularning ançasi halokat yoqasida turibdi. Mana biz nima haqida qayğurişimiz kerak.
Xorazmning Qöşköpir tumanida “Ittifoq” xöjaligi bor. U yerda forsiylar yaşaşadi. Olloqulixonning öğli Rahmonqulixon 1825 yilda ularni olib kelgan. Mana ular 200 yilda tilini yöqotdi. Bundan 30-40 yil oldin taniqli şoir Matnazar Abdulhakim bilan forsiylar yaşaydigan qişloqqa borgan edik. U paytda forsiyda şeʼrlar öqiydigan, qöşiqlar kuylaydigan qariyalar bor edi. Aslida bir tilni yöqotiş uçun ikki avlodning özi yetarli böladi. Masalan, Malayziya 40 yilda eng ilğor mamlakatlar safiga qöşildi. Bu avlod esa 40 yilda butun boşli bir tilning “boş”iga yetdi.
Mana, biz tuşunça sözini işlatamiz. Bu “tuşmoq” sözi bilan boğliq. Tuşgan narsa miyaga emas, qalbga tuşişi kerak, çunki miya vosita, xolos. Deylik, inson “Men seni çin miyamdan yaxşi köraman” demaydi-ku, “Çin qalbdan, çin yurakdan” deydi. Bilim qalbga tuşmagunça bilim bölmaydi. Buning uçun esa, ming marta öqiş kerak böladi. Bizga millatning ruhi bölgan tilimizning sofligi va gözalligini saqlaşda, uni boşqa tillarga yem bölib ketişidan muhofaza qilişimizda heç qanday markazlar emas, özimizning ana şu men yuqorida aytgan bilim va tuşunçalarimiz yordam beradi.
— Keyingi yillarda Xorazm şevasidagi juda köp sözlar isteʼmoldan çiqib ketayotganini köriş mumkin…
— Millat yöqolmasa, til yöqolmaydi va yoki aksinça, til yöqolmasa, millat yöqolmaydi. Deylik, Germaniyada 300 ta şeva bor. Har bir viloyatning öz gazetasi bor. Oxirgi varaği özining şevasida çiqadi. Endi Xorazm şevasiga keladigan bölsak, uning şu iqlimda yaşovçi kişilarning ahvoli ruhiyasini ifodalaydigan sözlar talaygina. Baʼzan adabiy tildan kengroq jihatlarini ham kuzataman. Masalan, “yutmoq” feʼli bor: deylik, şaşkada yutmoq, ovqatni yutmoq. Bu adabiy tilda faqat “yutiş” şaklida işlatiladi. Xorazmçada esa “ovqatni yutasiz”, şaşkada utasiz. Yoki “turmoq” sözi ham xuddi şunday maʼnoga ega. Adabiy tilda bitta, bizda esa ikki xil şaklda işlatiladi: örningdan tur, “Dur”(töxta) maʼnosida. Bunday misollarning bir qançasini keltiriş mumkin. Ana köryapsizmi, til biz körgan, sezgan narsalarga nom beriş uçun yaralgan. Til har bir narsaga alohida nom bersagina kuçli va qudratli böladi.
— Uzoq yillardan buyon talabalarga nemis tilida dars berib, şu tilning qulay va noqulay jihatlarini kuzatib yurgan olim va til mutaxassisi sifatida nemis tiliga qanday taʼrif berasiz?
— Nemis tili boy til, katta tarixga ega til, aniq til, fikr aytiş va uni ifodalaş uçun nihoyatda qulay til. Odam bu tilda eşitsa ham, gapirsa ham tuşunilişi nihoyatda oson. Fikr boşqa bir tomonlarga ketib qolmaydi. Bu tilda narsa narsadek nomlanadi va izohga hojat qolmaydi. Bu til orqali dunyoni anglaş muayyan maʼnoda yengil keçadi, yaʼni agar özimizning tilimiz bilan qiyoslaydigan bölsak. Deylik, “Quyoş” sözini işlatadigan bölsak, quyoşning dalili quyoş-da, “oftob”, “yoritkiç” kabi boşqa dalillardan qoçadi odam. “Non”ni — non, “ona”ni ona deb tuşuniş kerak. Agar “non”ni — yegulik, “ona”ni — bizni dunyoga keltirgan zot deydigan bölsak biz asl sözdan qoçgan bölamiz. Ana şu maʼnoda nemis tili nihoyatda kuçli tildir.
— Eşitişimizça, “Afandi latifalari”ni nemis tiliga tarjima qilib, Germaniyada çop ettirgan ekansiz. Bu qanday bölgan özi?
— Endi tarjima masalasiga kelsak, bu juda ham qiziqarli iş. Tarjimaçilikka qiziqişimga sabab, 80-yillarda oliy öquv yurtlarida rus tilini öqitiş kuçayib ketdiyu, çet tillarga qiziqiş susaydi. Şunda biz mutaxassis bölmagan ixtisosliklar uçun çet tilini öqita boşladik. Bu jarayonda tilni yengil örgatiladi, uni çuqur bilişga hojat yöq edi. Öylab qarasam, nemis tilidan şunça maşaqqat bilan olgan bilimlarim yöqolib bormoqda. Çunki dars ötiş jarayonida nemis tilida gapiradigan gaplarim oddiy gaplardan iborat bölib qolmoqda. Ana öşanda öqiganim bor edi, tilni saqlab qolişning birdan-bir yöli tarjima bilan maşğul bölişdir, degan. Bir tildan ikkinçi tilga tarjima qiliş kerak va yana şu tilga qaytiş kerak. Keyin tarjima bilan şuğullanişni boşladim. Qatʼiy bir qarorga kelgaç, sobiq ittifoq davrida Moskvadagi “Progress” naşriyotiga xat yozdim. Ular menga nemis tilidan özbek tiliga emas, nemis tilidan rus tiliga tarjimalar qilsam yordam berişlari mumkinligini maʼlum qilişdi. Bu esa meni yanayam aniqroq qaror qabul qilişimga yordam berdi: özbek tilidan nemis tiliga tarjimalar qilişga kirişdim. Bu uçun nemislarning özlariga murojaat qilişga töğri keldi. Oxir oqibat “Afandi latifalari”ni tarjima qiliş işini boşlab yubordim.
Nemis noşirlarining xayrixohligi sabab 1000 dan ortiq Afandi latifalarini nemis tiliga tarjima qildim. Naşriyot muharrirlari bularning orasidan 500 tasini saralab olişdi va mening tarjimamdagi “Afandi latifalari” kitobini nemis tilida naşr etişdi. Oradan biroz fursat ötgandan keyin mendan tarjimon sifatida roziligimni olib, çöntakbop kitob körinişida ham çiqarişdi.
— Tarjimonlik faoliyatingizni qaysi asarlar bilan davom ettiryapsiz?
— Işimiz, bilasiz juda eʼtibor va bilim talab talab qiladi. Taʼlim, ilm bilan şuğullaniş va şuning barobarida tarjimani birga olib boriş juda murakkab iş. Istasang-istamasang baʼzida bir tomonlama ketib qolişga töğri keladi. Çunki orada men öqitiş işlari bilan band bölib, tarjimadan biroz muddat nafas rostlagan paytlarim ham böldi.
Keyingi bosqiç tarjimalarni boşlaşimga taniqli şoirimiz Bahrom Rözimuhammad sabab böldi. Peter Dombrovskiyning “Velates” kitobini özbek tiliga tarjima qildik. Xeynening balladalarini tarjima qilib çop ettirdim. Tarjima zavqli iş, odam dam oladi, ana şu muhitga safar qiladi. Men tarjima qilgan adabiyotlarning barçasi nemis tili, nemis adabiyotida tan olingan asarlardir. Öylaymanki, bu haqda gapirib ötiriş şart emas.
— Mana yillar davomida nemis adabiyotidan namunalar özbek tiliga tarjima qilib kelinmoqda. Mutaxassis sifatida bularni kuzatib borsangiz kerak?
— Ha, albatta imkon va vaqt nuqtai nazaridan kelib çiqib kuzatib borişga harakat qilaman. Şu til böyiça mutaxassis böla turib kuzatmaslik, tarjimalar haqida, ularning muvaffaqiyatli va nomuvaffaqiyatli örinlari haqida muayyan bir fikrga kelib uni bildirmasdan turiş mumkin emas. Yozuvçi Nazir Safarovning “Çayon yili” romani, Özbek xalq ertaklari nemis tiliga tarjima qilindi. Bir tildan ikkinçi tilga tarjima qilayotgan odam ikkala tilda ham birday yaşay olmoği kerak. Va, albatta tarjima qilingan asarlarda men ana şu hayotni körgim keladi.
Yangliş Egamovaning Gyotedan qilgan tarjimalarini aynan siz aytmoqçi mutaxassis nigohi bilan öqib çiqdim. Yangliş Egamova tarjimalarini boşida “Gyote bilan suhbatlar” deb nomlagan ekan. “Gyote bilan gurunglar” deb özgartiring “g-g” harflari bir-biriga juda harfdoş va ohangdoş böladi deb maslahat berdim. Bu Yangliş opaga yoqdi va kitobni şunday qilib çiqardi.
— Tarjimaçilik sohasidagi işlarni izga tuşirişimiz uçun nimalar qiliş kerak, deb öylaysiz?
— Endi tarjima va tarjimaçilik borasida qilişimiz kerak bölgan işlar hali juda köp. Çunki, bu sohada maʼlum bir tizim yöq, tarjimonlar uyuşmalari yöq. Bu sobiq ittifoq davrida juda yaxşi yölga qöyilgan edi. U davrda tizim, izçillik, rağbat hammasi bor edi. Jahon mumtoz adabiyoti namunalarining eng saralarini tarjima qilinişi şu uçun ham aynan öşa davrda amalga oşirilgan. Bugun esa kim nimani xohlasa tarjima qilib kitob holida naşr etib yotibdi. Uning tarjima sifati, darajasi, mahorati haqida qayğurib, u bilan qiziqib köradigan birorta taşkilot yöq. Bu tarqoqlik alaloqibat tarjimaçilik sohasini “şörvaning şörvasi” degan qöpol öxşatişli kelajakka mahkum qilsa, ajab emas. Töğri, tarjima, tarjimonlik hammaning öz xohişi va iqtidoridan kelib çiqib qilinadigan zahmatli bir iş. Meni bunga qarşiligim yöq. Çunki har bir öquvçi özining taʼbi va didiga qarab asarni qölga oladi yoki olmaydi.
Tarjima jarayonida u mutlaqo tarjimonning asariga aylanadi. Deylik, “Mona Liza”ni boşqa rassom ham çizişi mumkin, biroq bu çizilgaç, Leonardo Da Vinçining emas, boşqa rassomning “Mona Liza”siga aylanadi. Tarjima ham xuddi şunday iş. “Nemis balladasi”ni bir nemis yaratadi. Men uni öqib xuddi öşa “Nemis balladasi”ni özbek tilida yarataman. Töğri, asar Gyoteniki, biroq uning tarjimasi özbek tilida yaratilar ekan, u muayyan maʼnoda sizning ham asaringizga aylanadi. Ular “tarjima”ni “Übersetzung” deb aytişadi. Bu bir narsani boşqa joydan olib kelib boşqa bir joyga qöydi deganidir. Bu bizdagi “ağdardi” söziga ham töğri keladi.
— Bizda tarjima va tarjimaçilikni tuşuniş, uni baholaş mezonlari dunyo, xususan, nemis tarjimonlari va nazariyotçilarinikidan farq qilsa kerak?
— Bizning aynan özbek tarjimon va nazariyotçilarining tarjima töğrisidagi fikrlari biroz boşqaçaroq. Biz tarjimani asliyatning aynan özi deb tuşunamiz. Deylik, oddiy “non” sözi, biz uni rusçada “xleb” deb ataymiz. Axir “non” “xleb” emas-da. “Çoynak”ni arab tiliga “Abrik” deb tarjima qilişibdi. “Abrik” “çoynak” emas, “obdasta” u.
Tarjima öta murakkab jarayon, bu jarayonda biz aynan asliyatni bermoqçi bölamiz, buning esa heç ham imkoni yöq. Baʼzi sözlar, tuşunçalar bir xalqda bor bölsa, u ikkinçi bir xalqda yöq. Şu maʼnoda, tarjimalarni soliştirmoqçi bölsak, avvalo, tarjimon asarning, sözning, tilning ruhiga kira olgan yoki kira olmaganligi juda muhimdir. Qolaversa, bunga xohişi va vaqti bölişi yoki işi bilan bevosita boğliq bölişi zarur.
Masalan, Erkin Vohidov Gyotening “Faust” asarini özbek tiliga tarjima qilgan. Garçi asar rus tili orqali tarjima qilingan bölsa ham fikrlarning ravon va tiniqligi, tarjimonning mahoratini körib quvonasan, bahra olasan. Asar odatda bir tildan tarjima qilinganda 30 foiz, ikkinçi til orqali ögirilganda esa 60 foiz qiymatini yöqotadi. Biroq tuşunçani, fikrni beriş Erkin akada juda ravon va gözal keçgan. Mana bu asarning tarjimasi bizni qançalar quvontirgan bölsa, hozirgi tarjimalardan qoniqiş ham, quvoniş ham ozroq bölmoqda.
Men öz tarjimalarimni doim asliyati bilan birga beraman. Çunki tilni biladiganlarning, mutaxassislarning mulohazalari doim men uçun qiziq. Astoydil tarjima bilan şuğullanadigan mutaxassislar buni öqib, öz bahosini berişi mumkin. Mening universitet talabalari uçun çiqargan qöllanmalarim qaysidir maʼnoda zarurat nuqtai nazaridan qilingan bölişi mumkin. Biroq tarjimalarim qalb xohişi bilan qilingan. Garçi matbuotda eʼlon qilmagan bölsam-da özim ham, bolalarim ham şeʼr yozamiz. Özimizning oilaviy şeʼriyat albomimiz bor.
— Hayot mazmunini nimalarda körasiz?
— Beşta sezgi aʼzolarimiz orqali seza olganlarimiz konkret böladi, seza olmaganingiz esa abstraktdir. Endi siz şularni muşohada qildingiz. Hamma narsani körib turib, nomlamasangiz farqlab bölmaydi. Nom aslida farqlaş uçun zarur. Nomlaş uçun esa söz kerak. Sözning asosida uçta narsa: predmet va tuşunça, uning örtasida esa maʼno yotadi. Faqat tuşunça emas, muşohada qiliş bor. “Muşohada”ning özagida esa “şahid” sözi mujassam. Muşohada bu sizning tafakkur jarayoningiz. Masalan, “öy” deymiz, öy bu — biror narsani bilişga qilingan harakatdir. Tafakkur şuni muşohada qiliş jarayonidir. Tasavvur qilganda esa rasmi köz oldingizga keladi, fikr esa xulosadir.
— Sözlarning maʼnoyu mazmunini izohlab, tuşunçamizga joylab qöyişingiz bizni juda hayron qoldirayapti. Biz ijodkorlar xayolga beriluvçanmiz. Bu haqda nima deysiz?
— Xayol bu — ruhning harakati ifodasi. Hozir siz butun xayolingiz bilan mendasiz, yaʼni meni tinglayapsiz. Agar siz Toşkent haqida öylasangiz, xayol ham Toşkentga ketadi. Ruh körgan narsasini anglaşga yordamlaşadi, körgan narsasini nima ekanligini anglamagan odam jinni böladi. Yegan-içgan narsasining taʼmini bilmaydi. Ular ruhan ojiz odamlardir.
Kitoblarda Alloh taolo odamni loydan yaratdi va puflab jon kiritdi, deyiladi. Daraxtlarga suvni berdi — jon, hayvonlarga qonni berdi — jon, odamga esa suvniyam, qonniyam va nafasni ham berdi. Ruh Allohniki, U uçun na vaqt, na zamon bor. Ruh uçun ham yöq. Ruhning körinişi esa xayol. Odam xayol surayotgan paytda turtsangiz yiqiladi yoki “hey” desangiz çöçib ketadi. Çunki bu paytda ruh boşqa yoqda böladi. Ruh bilan ötgan zamonga borib keliş imkoni bor. Sizga Alloh taolo şunday quvvat bergan. Kelajakka borib kelolmaysiz. Xayol ruhning körinişi, ruhning ifodasidir. Xayol vaqt bilan belgilanmaydi. Masalan, hozir xayolingizdagi yer şarining eng uzoq biror joyiga borib keling, unça vaqt ketmaydi-ku. Alloh uçun vaqt yöq. Soniya, lahzalar esa, vaziyatdan qutuliş uçun özimiz öylab topgan narsalardir.
— Maroqli suhbat uçun taşakkur, domla.
Gözal BEGIM suhbatlaşdi.
