Ichki ishlar organlari xodimlarining imijini oshirish — milliy va xalqaro tajriba

Ishonchim komil, o'z vazifasini halol va vijdonan ado etadigan ichki ishlar organi xodimi el-yurt o'rtasida albatta munosib obro'-e'tibor topadi.

Shavkat MIRZIYOYEV

Imij — “ishontirish” usuli…mi?

Ijtimoiy tarmoqlarda davlat xizmatchilari haqidagi ijobiy va salbiy fikrlarni ko'plab kuzatish mumkin. To'g'ri, huquqiy demokratik davlatda yashaymiz. Biroq davlat va oddiy xalq o'rtasidagi munosabatlar jarayonida “imij” tushunchasi alohida o'rin tutadi. O'zbekiston milliy ensiklopediyasiga ko'ra, imij (inglizcha “image”, lotincha “imago” — timsol, ko'rinish) — shaxs, hodisa, narsaning ommalashtirish, reklama qilish maqsadlarida odamlarga hissiy-ruhiy ta'sir ko'rsatishni ko'zlab shakllantiriladigan qiyofasi; targ'ib qilish vositalaridan biri.

“Imij” tushunchasi reyting, obro', mashhurlik, joziba, maftunkorlik, e'tibor, nufuz va boshqa tushunchalar bilan hamohang.

Mutaxassislarning fikricha, imij 4 turga: kasbiy, ijtimoiy, oiladagi va shaxsiy turlarga bo'linadi. U tashqi ko'rinish, kiyinish madaniyati, urf-odatlar, faoliyat va sa'y-harakatlar, inson axloqi, o'zini tutishi, maqsadlari, do'stlari va munosabatlarida namoyon bo'ladi.

Demak, imij — omma tafakkurida maqsadli shakllantiriladigan hamda ratsional yoki emotsional xususiyatga ega bo'lgan narsa, hodisa va yoki insonlar timsoli, ularning yig'ma obrazi hisoblanadi. Shu bois imijga nisbatan har doim u yoki bu darajadagi ijtimoiy munosabat mavjud bo'ladi.

Ko'pchilik mutaxassislar tomonidan ichki ishlar organlari xodimlari imijining tarkibiy qismlari sifatida tashqi ko'rinish; huquqiy ong; shaxsiy sifatlar; kirishimlilik belgilangan.

Ushbu sifatlarni jamoatchilik e'tiboriga namoyon etishda ommaviy axborot vositalari muhim rol o'ynaydi. Umuman, ommaviy axborot vositalari insonlarning fikrlash darajasiga ta'sir ko'rsatishi nuqtai nazaridan aytish mumkinki, ular ichki ishlar organlari xodimlari imijini oshirishning asosiy mexanizmlaridan biri hisoblanadi.

Xalqchil tuzilma

Mamlakatimizda davlatimiz rahbari boshchiligida ichki ishlar organlari xodimlarini xalqqa yaqinlashtirish, el-yurt dardi va tashvishi bilan yashashga, xizmat qilishga qaratilgan ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda. Yangi O'zbekistonda yangi ichki ishlar organlarini shakllantirish, aholiga o'z vaqtida va qonuniy yordam ko'rsatadigan, ijtimoiy yo'naltirilgan professional xalqchil tuzilmaga aylantirish barobarida uning imijini oshirishga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Chunonchi, ichki ishlar organlari xodimlarining zamonaviy qiyofasini yaratish, ularning mas'uliyati va kasbiy salohiyatini oshirish bo'yicha ham qator ijobiy ishlar qilindi. Osoyishtalik posbonlarini xizmat burchiga sadoqat, vatanparvarlik, halollik ruhida tarbiyalash, obro' e'iborini oshirishga erishish vazirlik rahbariyatining doimo diqqat markazida. Islohotlar samarasi o'laroq, xodimlarning huquq va vakolatlari kengaydi, ayni paytda mas'uliyati ham oshdi, ularni huquqiy va ijtimoiy tomondan himoyalash asoslari yaratildi. Bugungi kunda ichki ishlar organlarining faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida shaxsiy tarkibni zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishga layoqatli, ma'naviy yetuk, ruhiy va jismoniy jihatdan barkamol, malakali xodimlar bilan jamlash choralari ko'rilmoqda.

Shaxsiy tarkib o'rtasida ham ma'naviy-ma'rifiy ishlarni sifat jihatdan yangi pog'onalarga ko'tarish, xodimlarning bilim saviyasini yanada yuksaltirish, ma'naviyatli, vatanparvar, o'z kasbiga sadoqatli va fidoyi xodimlarni shakllantirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Bunda ichki ishlar organlarida ma'naviy-ma'rifiy ishlarni tashkil etish konsepsiyasi muhim dasturilamal bo'lib xizmat qilmoqda.

Imij yaratish mas'uliyati

Ichki ishlar organlari xodimlari xizmatni bevosita fuqarolar ko'z o'ngida amalga oshiradi, demakki, fuqarolar bilan muloqotda ochiq va samimiy bo'lish, dardini eshitish, ularning murojaatlari bilan ishlashda haqqoniy bo'lish zarur.

Ammo so'nggi paytlarda ichki ishlar xodimlarining xizmat vazifalarini bajarishga to'sqinlik qilish, ularni haqorat qilish, xatti-harakatlarini ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish orqali “shantaj” qilish holatlari ham uchrab turibdi. Internet va ijtimoiy tarmoqlarda osoyishtalik posbonlarini obro'sizlantirish, noxolis axborotlarni bo'rttirib ko'rsatish holatlari kam emas.

Binobarin, ichki ishlar organlarida imij yaratish mas'uliyatli, shu bilan birga, birmuncha mashaqqatli. Masalan, profilaktika inspektorining xalq orasida o'z imijini yaratishida tashqi ko'rinishning o'zi kamlik qiladi. O'z ustida tinimsiz izlanish, fuqarolar huquq va erkinliklarining haqiqiy himoyachisi bo'lish, xalqning og'ir damlarida eng yaqin ko'makchisi, hammaslak bo'lish ham juda muhim.

Yaxshi bilamizki, xodimning imijini oshiradigan jihatlardan yana biri uning ma'naviyatidir. Inson kamoloti va ma'naviy dunyoqarashi esa kitob orqali yuksaladi. Shuning uchun shaxsiy tarkib o'rtasida kitob va kitobxonlikni targ'ib qilish, mutolaa madaniyatini oshirish, kutubxonalar fondini boyitib borish ustuvor vazifalardan biri bo'lib qolmoqda.

Soha vakillari el orasida obro' qozonishlari, imijini oshirish uchun, avvalambor, zimmalaridagi vazifalarni sidqidildan bajarishlari lozim. Har bir xodim fuqarolar bilan muloqotda xushmuomala bo'lishi, kasbiy va huquqiy bilimlarini muttasil oshirish ustida tinmay izlanishi zarur. Ana shunda muayyan maqsad va muddaolarga erishiladi.

Xorij tajribasi

Xorijiy tajriba huquqbuzarliklar profilaktikasida yangi ish uslublarini qo'llash, aholi va jamoatchilik bilan yaqin muloqotni yo'lga qo'yish, ichki ishlar organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini o'rnatish, shuningdek, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish lozimligini ko'rsatmoqda.

Rus tadqiqotchisi S.Naumov “Ichki ishlar organlari xodimlarning imiji — bu ularning eng xarakterli va tipik xususiyatlarini ochib beruvchi murakkab tasvirdir” deb fikr bildirgan bo'lsa, A.Syomik unga “xizmat vazifalarini bajarishda namoyon bo'ladigan ijtimoiy xatti-harakatlar namoyishi” deb ta'rif bergan. Boshqacha qilib aytganda, ichki ishlar organlari xodimining imiji bu — jamoatchilik nigohidagi ichki ishlar organlari xodimlarining tasviri bo'lib, ular xizmat faoliyatining xarakteri va xususiyatlarini namoyon qiluvchi murakkab jarayondir.

XXI asr boshlarida Rossiyada ichki ishlar organlari tizimida jinoyatchilikning o'sishi, qonunlarga beparvolik bilan munosabatda bo'lish holatlarining oshishi va fuqarolarga nisbatan qo'pol muomalada bo'lish kabi tizimli muammolar yuzaga keldi. Bu omillar esa mamlakatda ichki ishlar organlariga nisbatan jamoatchilik ishonchining pasayishiga olib keldi, imijiga jiddiy ta'sir ko'rsatdi.

Bu holatlarni bartaraf etish Rossiya hukumati tomonidan Ichki ishlar vazirligi tizimida keng ko'lamli islohotlar o'tkazish yo'li bilan amalga oshirildi. Xususan, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirish, tizimni modernizatsiya qilish, jumladan, ularning faoliyat samaradorligini oshirish, kadrlar muammosini hal etish hamda sohaning moliyaviy va moddiy-texnik holatini yaxshilash ko'zda tutildi.

Rossiya Federatsiyasida politsiya organlari axborot xizmatlari tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda politsiya xodimlari faoliyatiga nisbatan salbiy axborotlar tarqalishiga qarshi quyidagi yo'nalishdagi ishlar amalga oshirilmoqda:

1) axborot maydonini monitoring qilish;

2) tanlangan materiallarni tartibga solish;

3) tanlangan kontentlarni vaqt va makon jihatdan bog'lash;

4) salbiy videoroliklarga ekspertlar bahosini berish;

5) targ'ibot roliklarini ishlab chiqish;

6) targ'ibot roliklarini axborot maydoniga chiqarish.

Shunday bo'lsa-da, ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya ichki ishlar tizimlarida faoliyat olib borayotgan xodimlarning zo'ravonligi, qo'pol va noxolis ish olib borish holatlariga duch kelinmoqda.

Ayniqsa, ishlash uchun borgan mehnat muhojirlariga nisbatan mamlakat kuch ishlatar tizimlarining quyishqondan chiqqan holdagi hatti-harakatlarini mutlaqo oqlab bo'lmaydi. Bunday qonunga hilof hatti-harakatlar qoralanadi va tegishli tartibda qa'tiy munosabat bildirilmoqda.

Gruziya misolida gapiradigan bo'lsak, bu mamlakat ichki ishlar organlari tizimini isloh qilish quyidagi yo'nalishlarda olib borildi: birinchidan, institutsional tarkibiy o'zgarishlar, ikkinchidan, kadrlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish, uchinchidan, ijtimoiy himoya tizimini kuchaytirish, to'rtinchidan, korrupsiyaga qarshi kurash va beshinchidan, moddiy-texnik bazani yaxshilash kabilar.

Yangi politsiyachilar ochiq tanlov asosida jalb etilib, ularda huquq-tartibot idoralarida tajribaga ega bo'lgan shaxslar ishtirok etmaydilar. Nomzodlarni yollashda g'arb me'yorlariga muvofiq ishlab chiqilgan psixologik testlardan foydalaniladi, bu esa politsiya xodimlarining o'rtacha intellektual darajasini oshirish va beqaror yoki tajovuzkor psixikaga ega bo'lgan odamlardan voz kechish imkonini beradi.

Shuningdek, rivojlangan davlatlar tajribasiga e'tibor qaratsak, ular tomonidan politsiya faoliyatiga oid ko'plab filmlar, teleseriallar va videolavhalar ishlab chiqilgan. Bunda politsiya haqida jamoatchilikda ijobiy tushunchalarni hosil qilish maqsadida asosiy e'tibor ko'proq politsiya xodimlarining imijini tashkil etuvchi komponentlarga qaratilganligiga guvoh bo'lishimiz mumkin.

Ma'lumki, azaldan Sharq jahon madaniyatining eng asosiy o'choqlaridan biri bo'lib kelgan. Ana shu buyuk madaniyat xodimlarimizning ma'naviy jihatdan yuksalishiga, shubhasiz, imijini ko'tarishga ijobiy ta'sir ko'rsatishi shubhasizdir.

Azizjon FAYZIYEV,

podpolkovnik.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one × one =