Kasb hunar – insonga ziynat
Zangiota tumanining “Bog'zor” qo'rg'onidagi “Sadoqat bog'i” hududidagi Ma'naviyat va ma'rifat markazi. Bu maskanda O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi jazoni ijro etish departamenti Markaziy tergov hibsxonasida xizmat olib borayotgan xodimlar yig'ilishgan.Ular uchun har dushanba kuni ma'naviyat va ma'rifat tadbirlari o'tkazish odatga aylangan. Yangi yilning birinchi dushanbasida O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi, “Oltin qalam” xalqaro tanlovi sovrindori, “Hurriyat” mustaqil gazetasi bosh muharriri o'rinbosari Dilmurod Qirg'izboyev bilan mazkur muassasa xodimlarining “Yoshlarni zamonaviy kasb-hunarga o'rgatish — davr talabi” mavzusida ma'rifiy uchrashuv bo'lib o'tdi.
Har bir millatning saodati, davlatlarning taraqqiyoti yoshlarning salohiyatiga, yaxshi tarbiyasiga bog'liq. Yoshlarimiz kasb-hunarli bo'lish bilan birga ilm egallashlari ham muhim. Shiddat bilan rivojlanib borayotgan bugungi davrda odamlarni ish bilan ta'minlash, biror faoliyat turiga jalb etishning eng samarali yo'li ularni kasb-hunarga o'qitishdir. Shu bilan bir qatorda yoshlarni munosib kasbga yo'naltirish, ish bilan ta'minlash, hayotda o'rnini topishiga ko'maklashish ham jinoyatchilikning oldini olishga xizmat qiladi.
Taniqli ijodkor yig'ilganlar huzuridagi suhbatini O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O'zbekiston xalqiga Murojaatnomasidagi yoshlar xususida bildirilgan fikrlaridan boshladi.
Yangi O'zbekistonimizda qo'lga kiritilgan eng muhim yutuqlar haqida so'z ketganda, azmu shijoatli sportchilarimizning nufuzli xalqaro musobaqalardagi g'alabalarini ta'kidlash o'rinli. O'zbekiston futbol milliy terma jamoamiz ilk bor jahon chempionatiga yo'llanmani qo'lga kiritdi. Navqiron grossmeyster Javohir Sindorov eng yosh jahon kubogi sohibi bo'ldi. 9-17 yoshli shaxmatchilar o'rtasida “rapid” va “blis” yo'nalishlari bo'yicha jahon chempionatida yurtimiz vakillari 5 ta oltin, 2 ta kumush, 5 ta bronza medalini qo'lga kiritib, umumjamoa hisobida birinchi o'rinni egalladi.
Yoshlar Paraosiyo o'yinlarida jasoratli va matonatli sportchilarimiz 125 ta oltin, 77 ta kumush, 52 ta bronza medalini qo'lga kiritib, ishtirokchi davlatlar o'rtasida eng yuqori natijani qo'lga kiritdi.
O'quvchi va talabalarimiz xalqaro fan olimpiadalarida 51 ta oltin, 101 ta kumush, 126 ta bronza medalini qo'lga kiritib, o'z bilim va salohiyatini dunyoga namoyish qildi.
Ertangi kunga ishonch bilan dadil borayotgan yoshlarimizga qarab, ular erishayotgan yutuqlarni ko'rib, ko'ksimiz tog'dek ko'tariladi. Albatta, bugungi murakkab zamonda yoshlarimizni turli sinovlarga chidamli, vatanparvar insonlar etib tarbiyalash muhim vazifadir.
Kasb tanlash inson hayotidagi muhim tanlovlardan biridir. Mutaxassislarning fikricha, bolada biror kasbga qiziqish 7-sinfdan boshlanib, qaysi kasbni tanlashi 9-sinfda to'liq ma'lum bo'ladi. Shu bois 9-sinf bitiruvchilarini fanlarni o'zlashtirishi va kasbiy qiziqishiga qarab saralab olish tizimi joriy etilishi, albatta, o'z samarasini beradi. Yoshlarimiz talab yuqori bo'lgan kasblar bo'yicha dunyoda raqobatbardosh bo'lsa, qanday yaxshi!
Kasbiy ta'limning eng muhim bo'g'ini bo'lgan texnikumlar yangi sifat bosqichiga olib chiqilishi ham quvonchlidir. 2026 yildan boshlab har yili kamida 100 tadan texnikum to'liq ta'mirlanib, texnologik va talab yuqori bo'lgan kasblarga mos holda jihozlab berish rejalashtirilgan. Yurtimiz texnikumlarida ham rivojlangan chet davlatlaridagi kasbiy ta'lim dasturlari joriy qilinishi mo'ljallanmoqda. Hatto joriy yildan boshlab texnikumlarda ta'lim olayotgan 100 ming o'quvchiga stipendiya to'lanadi, a'lo baholarga o'qiyotgan va tanlagan kasbini puxta egallayotganlarga oshirilgan miqdorda stipendiya beriladi.
— Hayot imtihon, — deb so'zini davom ettiradi notiq. — Bu imtihondan munosib o'tish hammaga ham nasib etavermaydi. Adashgan yoshlarni to'g'ri yo'lga boshlash, ularning qonun-qoidalarga amal qilishlari yo'lida jonbozlik ko'rsatish, ayniqsa, ushbu muassasa xodimlarining ham vazifalaridan biridir.
Ilm-hunarni, odob-axloqni meros qoldirish har bir oila uchun, ota-ona uchun katta baxt. “Qush uyasida ko'rganini qiladi” degan maqol bejizga aytilmaydi. Ko'zlarimizning nuri bo'lgan aziz farzandlarimiz farog'atda yashashlari uchun ularga adabni, kasb-hunarni o'rgataylik. Halol bilan haromni, to'g'rilik bilan xatolikni anglash ham yoshlikdan oilada shakllanadi. Halol rizq hunardan, kasbdan keladi. Bolalarga ustoz-shogird an'analari tamoyili asosida hunar o'rgatish ota-bobolarimizdan qolgan xayrli udum. Bu borada vodiy viloyatlarida rivojlangan hunarmandchilik maktablarining asosini ham shunday tajriba tashkil etadi. Iymon ham yoshlikdan quvvatga kirib boradi. Kasb-hunarli, axloq-odobli, iymonli yoshlarda jinoyatchilikka moyillik bo'lmaydi. Axborot texnologiyalari rivojlangan bugungi davrda internet orqali yoshlarimiz ongiga axloqsizlik singib borayotgani ma'lum. Bu axloqsizlik bizning mentalitetimizdagi me'yorlarga umuman to'g'ri kelmaydi. To'g'ri, internetning afzalliklari ko'p. Ammo internetdagi yovuzlik, yomonlik, razolat aks etgan ma'lumotlar, behayo lavhalar endigina hayotga kirib kelayotgan o'g'il-qizlarning axloqiy tarbiyasiga tuzatib bo'lmas darajada ta'sir qilishini ham unutmaslik kerak.
Yoshlarni kasb-hunarli qilish bilan birga vatanparvarlik, Vatanga sodiqlik ruhida, ma'naviy fazilatli, o'qimishli qilib tarbiyalashda mana shunday ma'rifat darslarining ahamiyati kattadir.
Muhammad KENJA.
