Ilmdan topilgan baxt

Inson umri davomida qoldiradigan eng ulug' meros — ilm, tarbiya va shogirdlar qalbida yoqilgan ma'rifat chirog'idir. Ana shunday yorug' yo'lni bosib o'tgan, o'z hayotini fan va ta'limga bag'ishlagan yetuk olimlardan biri — fizika-matematika fanlari doktori, professor Gulmirza Xudoyberganovdir. Bu yil ustoz muborak 80 yoshi nishonlanmoqda.

Professor Gulmirza Xudoyberganovning ilmiy-pedagogik faoliyati o'zbek matematika maktabi taraqqiyoti bilan chambarchas bog'liq. 1977 yil yanvar oyidan boshlab u kishining rahbarligida “Ko'p o'lchovli kompleks analiz” mavzusidagi ilmiy yo'nalish faol ish boshlagani zamonaviy matematika fanini chuqurlashtirishda muhim bosqich bo'ldi. Bu yo'nalish nafaqat nazariy bilimlarni mustahkamlash, balki talabalarni mustaqil fikrlashga, har bir qoidani tanqidiy tahlil qilishga o'rgatdi.

O'sha yillari biz Toshkent davlat universiteti matematika fakultetining birinchi kurs talabalari edik. Ilm olamiga ilk qadam qo'yayotgan, kelajakdagi yo'limizga ishonch va shijoat izlayotgan bir paytda Gulmirza aka kabi ustoz bilan uchrashuv taqdirimizda hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi. Ustozning darslari oddiy ma'ruza emas, balki fikrlash madaniyati, ilmiy jasorat va haqiqatga sadoqat darsi edi.

Gulmirza Xudoyberganov talabalari uchun nafaqat bilim manbai, balki hayotiy namuna bo'lib keldi. U kishi ilmda halollik, mehnatga sidqidildan yondashish, vaqtni qadrlash kabi fazilatlarni o'z shaxsiy namunasi bilan o'rgatdi. Shu bois bugun turli sohalarda samarali faoliyat yuritayotgan ko'plab olimlar, pedagoglar va mutaxassislar o'zlarini Gulmirza Xudoyberganovning shogirdi deb faxr bilan aytadilar.

Ilm yo'liga kirgan har bir inson uchun fidoyi, oqko'ngil, o'z sohasining mutaxassisi bo'lgan donishmand qalb egasiga shogird bo'lish unga hayot in'om etgan bebaho mukofotdir.

Men ustozim, fizika-matematika fanlari doktori, professor Gulmirza Xudayberganovdan talabalik paytlarimdanoq saboq olish baxtiga muyassar bo'lgan baxtli insonlardan biri ekanligimdan doimo faxrlanib yuraman. Oliy ta'limda “iqtidorli yoshlar bilan ishlang, to'garaklar o'tkazing” degan topshiriqlar eshitib qolamiz. Mening ilmiy faoliyatimda eng asosiy rol o'ynagan, ilm yo'liga kirishimga rag'bat, kuch bergan, talabalik yillarimda qatnashgan matematik analiz fanidan to'garak tarixini eslab o'tishni o'zimning vazifam deb bildim.

Bundan roppa-rosa ellik yil oldin Toshkent davlat universiteti (hozirgi O'zMU) matematika fakultetining birinchi kursida o'qir edim. Biz o'zbek guruhida ikkita guruh edik. Birinchi guruhda ustozimiz Gulmirza Xudayberganov, ikkinchisida taniqli matematik Muxamedjon Qilichevich Xoliqov matematik analiz fanidan ma'ruzalar o'qir edi. Bir kuni Muxamedjon Xoliqov yonlariga chaqirib, Gulmirza Xudayberganov matematik analiz fanidan to'garak mashg'uloti tashkil etayotganini, meni o'sha to'garakka domlaning o'zlari taklif etganligini aytdilar. Men birinchi kursning ikkinchi yarmidan, ya'ni bahorgi semestrdan o'sha to'garakda qatnasha boshladim.

Ma'lumki, hamma matematik ta'limotning fundamental asosi matematik analiz hisoblanadi. Universitet matematika ta'limida matematik analiz fani 4 ta semestr o'qitiladi va o'quv mashg'ulotlariga ajratilgan o'quv yuklamalari ham ko'p. Shu davrda tashkil etilgan matematik analiz fani bo'yicha to'garak oliy ta'lim muassasalarida talabalar bilimini chuqurlashtirish, murakkab masalalarni mustaqil yechishga o'rgatish va ilmiy tafakkurni rivojlantirishga qaratilgan muhim ilmiy-ijodiy faoliyat shakli bo'lib xizmat qilar edi.

Amerikalik olimlar B.Gelbaum, Dj.Olmstedning 1967 yilda “Mir” nashriyotida rus tiliga tarjima qilinib, nashr etilgan “Kontrprimerы v analize” (“Analizda kontur masalalar”) nomli kitobi xuddi matematika to'garagi uchun yaratilgan o'quv qo'llanmadek edi. Mazkur kitob matematik analiz fanida o'rganilgan mavzularni to'ldirishda, ya'ni talabani fikrlashga o'rgatishda, yangi mavzularni chuqur o'rganishda, shular asosida ilmiy masalalarni yechishga o'rgatishda, “tajribasiz” talabalar uchun “xavfli” savollarni o'rganishda muhim o'rin tutgan. Qizig'i, kitobda masalalarning to'la isboti berilmagan. Talaba o'z ustida ishlab, turli o'quv adabiyotlarini o'qish orqaligina ularni isbotlay oladi va unda ayrim masalalarning g'oyalari berilgan joylari bor edi. Kitobda chuqur mulohaza qiladigan, o'tilgan mavzularni o'zlashtirishni talab qiladigan masalalar mavjud bo'lib,  bular talabani ijodiy yondashishga undaydigan masalalar edi.

Buni qarangki, ana shunday ilmga, fanga ishtiyoq talab va berilgan saboqlar natijasi — ana shu to'garakda men bilan birga qatnashgan talabalardan Bahodir Shoimqulov, Isoqjon Hamdamov, Niyatbay Uteliyev, Saylavboy Kosberganov, Barliqbay Prenov singari do'stlarimiz fizika-matematika fanlari doktorlari, professorlar bo'lib yetishdi. Bundan tashqari, to'garakdoshlarim orasida fizika-matematika fanlari nomzodlari, dotsentlar ham bor.

Shunday. Ustozdan olim ona yurt shon-sharafi uchun o'z ustida tinmay ishlashi lozimligini o'rgandik. Shogirdlar bilan munosabatda betakror samimiyatni o'rgandik. Ilmdagi halollik yutuqlar garovi ekanligini angladik. Olim ma'naviyati bir nur sifatida jamiyatning ma'naviy-axloqiy hayotini yoritib turishini ustozimiz faoliyati misolida kuzatdik! Tan berdik!

80 yil — bu faqat vaqt o'lchovi emas, balki ilm yo'lida sarflangan umr, minglab shogirdlar taqdiri, fan ravnaqiga qo'shilgan ulkan hissadir. Hurmatli ustozimizning hayot yo'li yosh avlod uchun hamisha ilmga chorlovchi debocha bo'lib qolaveradi.

Gulmirza Xudoyberganovni qutlug' yoshi bilan samimiy tabriklab, u kishiga mustahkam sog'liq, uzoq umr va ilm ravnaqi yo'lida yana ko'plab shogirdlar tarbiyalash baxtini tilaymiz!

Ro'zimboy MADRAHIMOV,

oliy ta'lim a'lochisi,

professor.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fifteen − 3 =