Vaqtga larza solgan ijodkor
yoxud ustoz Matnazar Abdulhakimni eslab
Matnazar Abdulhakim 1948 yilning 20 fevralida Urganch tumanidagi Qorovul qishlog'i (aynan hozirgi Urganch davlat universiteti joylashgan yerda Abdulhakim boboning uyi bo'lgan)da tug'ilgan. 1972 yilda Taganrog davlat pedagogika instituti (Rossiya)ni tamomlagan. Shundan so'ng Urganch tuman gazetasida bo'lim mudiri, qishloq maktabida o'qituvchi, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo'limida adabiy maslahatchi, Xorazm Ma'mun akademiyasida ilmiy xodim bo'lib ishladi.
Adibning “Tiniq tonglar”, “Fasllar qo'shig'i”, “Qor qo'shig'i”, “Mavj”, “Yonimdagi daryolar”, “Qorachiqdagi dunyo”, “Oydinlik”, “Bir quchoq gul”, “Yolg'iz yaproq” kabi she'riy, “Iymon tuhfasi”, “Yaldoni yoritgan nur”, “Ikkinchi muallim saboqlari” kabi ilmiy hamda Shayx Najmiddin Kubro, Shayx Majididdin Bag'dodiy, Pahlavon Mahmud, Mirzo Abdulqodir Bedildan tarjima, “Javzo tashrifi”, “Azizlar anjumani” kitoblari nashrdan chiqqan.
Darhaqiqat, har bir mashhur inson o'ziga xos fenomenga ega bo'ladi. Qaysidir san'atkorni uchinchi daryoga, yana kimlarnidir vohaning yuksak tog'lariga mengzashadi. Garchi ular haq bo'lsalar-da, hali hech kim hassos shoir va tarjimon Matnazar Abdulhakimga munosib ta'rif berolgan emas. Negaki, Xorazmning donishmandlik timsoliga aylanib yashab o'tgan bu mo''tabar inson nomi ta'rif-u tavsiflarga sig'maydi.
Muhammadrizo Ogahiy hazratlaridan so'ng Xorazm adabiy muhitida eng ko'p va xo'p ijod qilish baxtiga musharraf bo'lgan Matnazar Abdulhakimning oddiy she'rlaridan tortib, adabiy-ilmiy tadqiqotlarigacha falsafa bilan yo'g'rilgan edi. U ko'pchilikning nazdida o'z zamonasining eng yetuk olimi singari tasavvur uyg'otadi.
Ustozga donishmandlik otasi Abdulhakim bobodan o'tgan bo'lsa, ajab emas. Chunki u o'z davrining ma'rifatli insoni bo'lgan. O'z davrida madrasa tahsilini tamomlagan va bir qancha muddat mudarris bo'lib faoliyat yuritgan halol, to'g'riso'z va imon-e'tiqodli Abdulhakim bobo shoir Orzu, Porloq, Otamaxsum Partav, Matyusuf Xarratov — Chokar kabi taniqli shoir va san'atkorlar bilan yaqin do'st-qadrdon bo'lgan. Tez-tez o'tkaziladigan kitobxonlik, she'rxonlik kechalari yosh Matnazarning zuvalasi pishiq, zukko va bilimli bo'lib kamolga yetishiga omil bo'ldi.
Matnazar Abdulhakim bolaligidan she'rlar mashq qildi. Uning mashqlari Urganch tuman gazetasida muntazam e'lon qilinib turardi. O'rta maktabni bitkazib, Xorazm pedagogika instituti (hozirgi UrDU)ga hujjat topshirdi, lekin shu yil o'qishga kira olmadi. U paytlar tanish-bilishchilik, pora oldi-berdisi avj olgan vaqtlar edi. Tabiiyki, shoirning otasi mulla Abdulhakim o'ta diyonatli kishi bo'lib, o'g'lini qing'ir yo'l bilan o'qishga kiritmasdi, albatta. Shunda tuman gazetasi muharriri Qodir Matjonov unga Rossiyaga borib o'qishni maslahat beradi. U esa rus tilini yaxshi bilmasligini va u yerda qiynalib qolishini aytadi. Qodir ota: “Sen sayohatga emas, ilm o'rganishga ketasan, shu asnoda rus tilini ham o'rganasan”, deya jiddiy gapiradi. Shundan so'ng u Taganrog shahridagi pedagogika institutidan kelgan qabul komissiyasiga o'z hujjatlarini topshiradi va imtihonlardan muvaffaqiyatli o'tib, o'qishga jo'nab ketadi.
Taganrogda Matnazar Abdulhakim nafaqat yosh shoir, balki bir qancha sport musobaqalari g'olibi, I-darajali sambo-kurashchisi sifatida tanildi. Birinchi bosqichda o'qib yurgan kezlarida hamyurt qizlarga IV bosqichda o'qiyotgan Dibir degan dog'istonlik yigit va uning jo'ralari tegajoqlik qilib qoladi. O'zbek qizlarining sha'nini himoya qilib, talaba Matnazar Abdulhakimov ularga qattiqroq tanbeh beradi. Boya eslatganimdek, u sambo bo'yicha yaxshi kurashchi bo'lganligi bois, hamyurtlarimizning suyangan tog'i edi.
Bahsning oxiri yaxshilik bilan tugaydi. Bunga Matnazar akaning bilakni emas, ko'proq aql kuchini ishga solganligi sabab bo'ladi. U dog'istonlik yigitlarni o'zining ta'sirchan, ammo achchiq haqiqat bo'lgan so'zlari bilan mag'lub qilib qo'ydi. Keyin ma'lum bo'lishicha, dog'istonlik yigitlar, ayniqsa, Dibir she'riyatga juda qiziqar ekan. Ular xorazmlik kamtar, ammo g'ururli talaba yigit bilan do'stlashib olishgach, Rasul Hamzatov she'riyati borasida uzoq gurunglar qilishadi. Ular oliy dargohni tamomlab ketishgach ham o'zbekistonlik jo'mard do'stidan xabar olgani yotoqxonaga kelib, dildan otamlashib ketishardi.
Oliy o'quv yurtini tamomlagach, Matnazar Abdulhakim Urganch tuman gazetasida, maktabda o'qituvchi bo'lib ishladi. Keyinchalik yuqorida aytilganidek, Yozuvchilar uyushmasi Xorazm viloyat bo'limida adabiy maslahatchi bo'lib uzoq yillar faoliyat yuritdi. Bu davr ijodkor uchun juda sermahsul kechdi. Bu davrlarda u tarjimonlik bilan jiddiy shug'ullandi. Pahlavon Mahmud, Najmiddin Kubro, Mirzo Abdulqodir Bedil, Majididdin Bag'dodiy, Abulvafo Xorazmiylar qatori Munis, Komil Xorazmiy, Rojiy va Ogahiyning forsiy tilda bitilgan g'azallarini o'zbek tiliga o'girdi. Ayniqsa, olimlik iqtidori bilan Pahlavon Mahmud va Najmiddin Kubroning adabiy merosini ilmiy tadqiq qilgani va bu boradagi izlanishlarini “Mangulik jamoli” nomi bilan to'plam qilib, o'quvchilarga tuhfa qilgani katta yangilik bo'ldi.
Darvoqe, xorazmliklar Pahlavon Mahmud va Najmiddin Kubro hazratlarini ulug' avliyo, murshidi komil sifatida tilga olishardi, lekin ularning ma'naviy merosidan yetarli darajada voqif bo'lishmagan. Bu esa juda achinarli holat bo'lgan. Mahoratli tarjimon sifatida ustozning bu ikki ulug' siymoning asarlarini o'zbek tiliga o'girib, xalqqa taqdim qilishi va ularning hayoti va faoliyati haqida qator maqolalar e'lon qilishi, radio va televidenielarda ko'plab chiqishlar qilishida katta bir fidoyilik namunasi mujassam edi, desak, yanglishmaymiz.
…Bir zamonlar Urganchning Tinchlik ko'chasidagi 1-uy (hozirgi Urganch axborot texnologiyalari kasb-hunar kolleji o'rnida) yoshlar uchun tabarruk go'sha sanalardi. Chorrahada munkaygan bu mo''jaz binoda turli xil idoralar joylashgan bo'lib, uning pastki ikki xonasida Yozuvchilar uyushmasining viloyat bo'limi faoliyat ko'rsatardi. Bu yerda Matnazar Abdulhakim uzoq yillar adabiy maslahatchi bo'lib ishlar ekan, ko'nglida iste'dodi uchqunlanib, ozmi-ko'pmi she'r qoralashni boshlagan yoshlarga katta ko'maklar berdi. Olis Gurlan, Bog'ot, Hazorasp, Qo'shko'pir, hatto Qoraqalpog'iston va Turkmanistonda yashab, yozib, izlanayotgan qalamkashlar Matnazar Abdulhakimga qo'l berib kelishardi. Matnazar aka ulardan sira yordamini ayamasdi.
Matnazar Abdulhakim Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo'limida ishlar ekan, Ro'zimboy Hasan, Shuhrat Matkarim, Salomat Vafo, Bahrom Ro'zimuhammad, Rustam Nazar, Go'zal Begim, Gavhar Ibodullayeva, Boltaboy Bekmetov, Joziba, Davron Rajab va Umid Bekmuhammad kabi o'nlab yosh iste'dod egalarining shakllanishida munosib hissa qo'shdi hamda ularning o'z yo'lini topib olishida ma'naviy rahnamolik qildi.
Istiqlol yillarida shoirning ijodiy mehnatlari munosib ravishda ulug'landi. 1998 yilda Matnazar Abdulhakim “O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi” unvoni bilan taqdirlandi. Chunonchi, 2000 yilda o'tkazilgan “Ofarin” tanlovida “Yilning eng yaxshi shoiri” deb topildi. O'zbekiston qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidov ushbu nufuzli mukofotni topshirar ekan, Matnazar Abdulhakimga “Navoiy yo'lida ijod qilayotgan katta shoir” deb ta'rif beradi. O'zbekiston qahramoni, O'zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov esa “Matnazar Abdulhakimni eslab…” to'plamida quyidagilarni yozgandi:
“Xorazmda kitobxonlar bilan bir uchrashuvda Matnazar Abdulhakim ham she'rlaridan o'qidi. Undan yana she'r o'qishni so'radik. Chunki uning she'rlarida ham ilohiy kitobimiz Qur'onda talab qilinganidek “hikmat” ufurib turar edi. Men shunda davra ahliga qarab: “Birodarlar, biz Beruniy hazratlari tavallud topgan zaminda turibmiz. Alloma dahosining qudratidan hammamiz ham baholi qudrat xabardormiz. Biroq men shu daqiqalarda bir fikrni o'ylab qoldim: “Shunchaki shamoyilda ham, fikr-falsafada ham aynan shu yoshda, balki Abu Rayhon ham Matnazar kabi bo'lgandir”, degandim. Bu o'xshatishdan hamma yurtdoshlari iftixor qilishdi, xolos.
Oradan yillar o'tib, Matnazar Abdulhakim muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan Xorazm Ma'mun akademiyasida ilmiy xodim sifatida ish boshladi. Ma'naviyatimiz tarixiga atalgan qator maqola-tadqiqotlar yozdi.
Aytish mumkinki, ularning darajasiga manaman degan …shunoslarning nafasi yetmas edi. Matnazar Abdulhakimning saylanma she'rlar kitobini o'qib chiqqach, uning poeziyasi haqida nimadir yozgim keldi. Biroq ko'z oldimda Matnazarning donishmand nigohi turar, nimaiki yozsang ham unga munosib bo'lmog'i shartdek ko'rinar edi…”
Haqiqatan ham Matnazar Abdulhakim siyrati va suvratida millatimizning ulug' namoyandalari qiyofasini, zakovatini, fidoyilik va donishmandligini ko'rar edik.
— Matnazar og'a ShOIR edilar. Matnazar og'a INSON edilar. Taassufki, bu ikki sifatlashni o'zida jamlagan ijodkorlarni kam uchratamiz, — deya xotirladi taniqli adib Ro'zimboy Hasan.
— Matnazar kamgap edi. Hatto Ellikqal'adagi mashhur she'riyat bayramlarida ham o'rtaga gap qo'shmasdan, faqat hazilga hazil bilan javob beribgina qo'yardi. U kamroq bilib, ko'proq gapirganlarni yoqtirmasdi. Shoirlar davrasi yoki kitobxonlar bilan uchrashuvlarda ham o'zidan-o'zi zerikmasdan jim o'tirganlarini ko'rganman. Unga so'z berilganida ham o'ziga xos bosiq ovozi bilan ma'nodor gapirardi-yu, she'r o'qiganda esa ochilib ketardi. U nasrda Matnazar, nazmda shoir edi. Uning matnazarchasiga o'ynoqi, tuyadan tushgandek salmoqli satrlari o'ylantirib qo'yardi, kuydirib suydirardi, yig'latib kuldirardi. Aytgan ertagi nazmiy falsafaning nomantiq xulosasi yanglig'…
“Men bu dunyoga nimaga kelganini bilmasdan ketganlarning ko'pini ko'rganman. Lekin Matnazar bekorga kelmadi, u shoirlik olamida Matnazar dunyosini yaratib ketdi” deganida O'zbekiston va Qoraqalpog'iston xalq yozuvchisi O'rozboy Abdurahmonov yuz karra haq edi.
— Suhbatlarida bo'lgan chog'larimiz va yoki tasodifan, yo'l-yo'lakay, ikki og'iz salom-alik qilinganda ham u kishining saxovatli, sodiq va sof qalb egasi ekanligiga qayta-qayta imon keltirar edik. Barcha ulkan qalb sohiblari kabi Matnazar aka ham nohaqlik, kin va adovat, baxillik oldida doim ojiz edi. Hech qachon kimdir unga baxillik qilishi yoki “orqadan pichoq urishini” kutmasdi. Ammo hayot ekan, hatto Matnazar Abdulhakimday insonlarga ham baxillik qiluvchi, ko'rolmaydigan va o'z ojizliklarini g'iybat va bo'htonlari bilan niqoblashga, eng yomoni, ul zotga ozor berib, bundan huzurlanuvchilar ham topilib qolardi. Bunday paytlari ustoz jiddiy xafa bo'lar, “mening bularga hech g'ayirligim yo'q, bular nega buncha tubanlikka boradilar?” deb og'rinardilar. Zero bu kishining she'r, adabiyot, ilhomdan boshqa “davron”i yo'q edi, — deya iliq xotiralari bilan o'rtoqlashadi yozuvchi Shuhrat Matkarim.
Kamina ham Matnazar Abdulhakimdek ulug' ustoz bilan maktabda o'qib yurgan kezlaridayoq tanishganman. Ul zotni birovni g'iybat qilmaydigan odam edi, deb eslashadi yaqin do'stlari.
Ustoz “Xorazm yoshlari” gazetasi tahririyatiga tez-tez qadam ranjida qilar va adabiy gurunglarini boshlar edi. Ko'ngli ochiq hamkasblarimiz ustozni ochiq chehra bilan kutib olar va xushta'm choylarni damlab berishardi.
Biz shunday xushkayfiyat ulashuvchi suhbat-anjumanlarga boy kunlarni kutib yashashga odatlanib qoldik.
Umrining keyingi besh-olti yili ichida Matnazar aka ba'zan gurung qilayotib juda muhim gapni aytsa, menga qarab: “Sen buni eslab qol”, der edi. Xotiram pand berishidan qo'rqib, muhim gaplarni uyga boriboq yondaftarimga qayd qilib qo'yardim. Gohida ustoz nasihatgo'ylik ham qilardi. “Xorazm yoshlari” gazetasining qaysidir sonida imlo xato ketganini ko'rib: “Tuyaning kattasi ko'prikda kaltak yeydi. Ishingga mas'uliyatli bo'l”, degan edi. “Inson rostgo'y bo'lishi kerak. Agar rostgo'y bo'lish qo'lidan kelmasa… jim turishga odatlansin”, degan hikmatni ham aytardi. Yana bir gurunglarida chaqimchilik yomon illat ekani borasida gapirdi: “Chaqimchilik — xorlik keltiradi. Bu haqda hadislarda ham aytilgan. Chaqimchi odam yaxshilarning umriga zomin bo'ladi. Oqibatda xalq uni qarg'ishlarga ko'madi. Qarg'ish — badduo. U ham ijobat bo'lishi mumkin”.
Odatda, ustoz nordon ta'mli konfet bilan choy ichardi. Bir kuni bisotimizda o'shanday konfet topilmadi. Guljon degan xodimamiz darhol pastga — 1-qavatda joylashgan bufetga tushdi. Afsuski, bu yerda ham bunday konfet yo'q ekan. U xijolat tortib qaytib keldi. Matnazar aka: “Darvoqe, Sherjonboyning sovg'asi bor edi…” degancha to'rvasini kovlashtira boshladi va bir tugunchani ochdi. Ichida o'rik turshagi bor ekan. “Xiva tongi” gazetasi muharriri Sherjon Masharipov berib yuborgan ekan. Ustoz turshak shimib choy ichdi.
Qaytishga taraddudlanganida tugunni tugib, to'rvasiga solmoqchi bo'ldik. “Hali bu yerda qancha turshak shimib choy ichamiz”, dedi va o'rik qoqini bizga qoldirib ketdi.
Haqiqatan ham ustoz ishxonamizda ko'p choy ichdi. Ul zotning turshakni yaxshi ko'rishini bilgan do'stlarimiz ham qishlog'idan turshak olib kelib qo'yishdi. Matnazar aka kelganida darrov tortmadan uni olib, siylashga tushishardi.
Matnazar aka vafot etgach, uzoq vaqt choynak-piyola turgan tortmani ocholmasdan yurdik. Chunki u yerda unga atalgan tugal nasib qilmagan rizq bor edi.
Bir kuni tortmani ochishga jur'at qildik. U yerda ustozning muborak dahanlari tekkan bir hovuch danak va turshaklar turardi. Danaklarni tashlab yuboray desak, tabarruk bir insonning muborak dahanlari tekkan, turaversa… har xil zararkunandalar yemishiga aylanishi mumkin. Bu holdan voqif bo'lgan “Xorazm haqiqati” gazetasi muxbiri Feruza Tangriberganova danaklarni ekishni maslahat berdi. Bu fikr juda ma'qul keldi. Ustozdan qolgan bir hovuch o'rik danaklari! 2010 yilning dekabr oyida uni tuproqqa qadadim. Hozir uyim atrofi o'rikzor. Bular “Matnazar Abdulhakim o'riklari” deya faxrlanib o'tiraman.
Ha, ustozdan bir olam xotirlar qoldi. Yozib, aytib ado qilish qiyin. Ijodi yanglig' bu xotiralar ham asrlar bilan bo'ylashib yashashiga ishonaman.
Bolaligimda Amudaryo tez-tez tushimga kirar edi. Ehtimol, bu tez-tez takrorlanadigan bir odatimiz tufayli ham shunday bo'lgandir. O'sha davr odatiga ko'ra har kuni vaqtni tomga chiqib, shimol tomonga qarab aniqlar edik. Masalan: choshgoh 8:00 larda uyimiz tomiga chiqib, shimol tomonga qarasak, uch-to'rt chaqirim naridan ajabtovur nur, shu'la jilvalana boshlardi. Soat 10:00 ga yaqinlashganda esa nur bir oqim bo'lib toshib, biz tarafga kelayotganga mengzardi. Odatda, mahallamiz bolalari vaqtni ana shu shu'lalar tutamiga — nurlar oqimiga qarab aniqlardik.
Sizga mubham bo'lmasligi uchun aytib o'tishim joiz, bu yog'du, aslida, Amudaryoga tushgan oftob nurlari aksi bo'lib, kech kuzakda suvlar tiniqlashganidan to javzogacha quyuqlashardi. Maktabga borish, ota-onalarimizning ishdan qaytishini ana shu daryo soati orqali aniqlar edik.
Daryo soati! Betakror shoir va tarjimon, fidoyi tadqiqotchi olim, mehribon ustoz, benazir do'st Matnazar Abdulhakimni ana shu daryo soatiga mengzagim keladi. U Xorazm adabiy muhitining ob-havosi: mavji, jo'shqinligini tanitib turardi. Bu jo'shqinlikka uning o'zi larza soldi. Bu larza, bu mavj asrlar osha davom etishiga ishonaman.
Erpo'lat BAXT,
O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi
a'zosi.
