Jasorat va shijoat — hayot mazmuni
Ohangaron vodiysi juda qadim–qadimdan nafaqat o'zining go'zal tabiati hamda bebaho qazilma boyliklari, balki el-yurt xizmatiga kamarbasta, fidoyi insonlari bilan ham ma'lum va mashhurdir.
El-yurt ishiga sidqidildan yondashib, halol mehnati bilan mamlakatimizda tanilgan asl insonlardan biri, shubhasiz, Abduhoshim Mutalovdir.
Zero, kuni kecha muhtaram Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizdagi kasaba uyushma faollari va faxriylari bilan uchrashuvda “Har bir tashkilot va muassasa tarixini o'rganish, ularda mehnat qilgan insonlarni yodga olish, ezgu ishlarini kelajak avlodlarga yetkazish barchamizning burchimiz”, deb haqli ravishda ta'kidladilar.
Abduhoshim Mutalov 1947 yil 27 aprelda Ohangaron tumanining Toshariq qishlog'ida oddiy dehqon oilasida dunyoga keldi.
Maktabda o'qib yurgan chog'laridayoq o'quvchilar orasida o'zining tirishqoqligi, o'qishga, bilim olishga chanqoqligi bilan alohida ajralib turardi.
Oiladagi iqtisodiy tanglik unga poytaxtda oliy ta'lim olishga imkon bermadi va shu sabab 1965 yili dastlab Toshkent non kombinatida oddiy novvoy bo'lib ishladi.
Bu orada u harbiy xizmatga chaqirildi va xizmatdan so'ng yana Toshkent non kombinatida ishini davom ettirdi. Abduhoshim nima bo'lsa ham oliy ma'lumot olishga intilardi. Shu maqsadda Moskvadagi Butunittifoq sirtqi oziq-ovqat sanoati institutiga o'qishga kirdi va 1976 yili mazkur oliy ta'lim yurtini tugalladi.
Avvaliga u Toshkentdagi don mahsulotlari kombinatida ishladi. O'sha paytlardayoq ishchanligi, tashkilotchiligi va bilimdonligi bilan ko'zga tashlanib qolgan Abduhoshim Mutalovga O'zbekiston SSR don mahsulotlari vaziri bo'lib ishlayotgan Rahim Xushvaqtovich Qo'yboqarovning nazari tushib qoldi.
Ohangaron shahridagi don mahsulotlari kombinati tashkil topgan kundanoq ishlab chiqarish o'ta sust bo'lib, har yili mahsulot tayyorlashda muntazam qoloqlikka yo'l qo'yilayotgandi va bu korxonani zukko, bilimdon va talabchan kadrlar bilan mustahkamlash maqsadida vazir 1979 yili Abduhoshim Mutalovni Ohangaron don mahsulotlari kombinati direktori vazifasiga tayinlaydi.
Yosh direktor ishni avvalo mehnat intizomini mustahkamlashdan boshladi, tashmachilikka keskin barham berdi, ishlab chiqarish texnologiyalarini ta'mirladi va uning o'zi doimo korxonaning ishlab chiqarish sexlarida va ishchilar orasida bo'lar, ko'pincha ish bisyorligidan kombinatda tunab qolardi.
Mazkur maqola muallifi, ya'ni men ham o'sha paytlarda “Ohangaron” gazetasida mas'ul kotib bo'lib ishlardim va ko'pincha sanoat korxonalari mavzusida qalam tebratayotganligim bois, kunlardan birida shaharda peshqadamlar sifatida ancha tanilib qolgan Ohangaron don mahsulotlari kombinatiga maqola yozish uchun bordim.
Nomim ulug', supram qup-quruq bo'lib yurgan paytlarim, zavod sari yayov ketdim…
Tan olish kerak, o'sha kezlarda matbuot xodimlarining mavqei ancha yuksak bo'lib, Ohangaron shahridagi deyarli barcha yirik korxonalarning salobatli rahbarlari hamisha muxbirlarga katta e'tibor va hurmat ko'rsatishardi.
Direktor Abduhoshim Mutalov meni yaxshi kayfiyat hamda yorug' chehra kutib oldi va darrov kabinetiga emas, balki korxonaning ishlab chiqarish sexlariga olib borib, texnologik jarayonlar va ishchilar bilan tanishtirdi.
Korxona jamoasi yangi direktorga ishonch va umid bilan qarayotganini sezdim.
So'ng direktor kabinetida suhbatimiz davom etdi va Mutalov meni korxonaning to'planib qolgan muammolari va kelgusidagi rejalari bilan batafsil tanishtirdi.
Men boya aytganimdek, korxonaga piyoda kelgandim va redaksiya bilan kombinat oralig'i salkam to'rt kilometr edi. Buni Mutalov sezdimi, u korxona hovlisiga chiqib kuzatarkan, meni qop-qora zulukday Gaz-24 “Volga” yengil avtomashinasiga solib jo'natib yubordi.
Shu kezlari men atigi yigirma sakkizlarda bo'lsam ham hali bunaqangi hashamatli mashinaga o'tirmagan edim va Mutalovning oddiy ijodkorlarga bo'lgan oliyjanob munosabatidan g'ururlanib, gerdaygancha mashinaning orqa o'rindig'iga o'tirib olib, xursand holda redaksiyaga kirib keldim.
Abduhoshim Mutalov 1986 yilda O'zbekiston SSR don mahsulotlari vazirining o'rinbosari, 1987 yilda respublika don mahsulotlari vaziri, 1991 yil O'zbekiston SSR Ministrlar Soveti raisi muovini va 1992 yil 13 yanvardan O'zbekiston Respublikasining birinchi Bosh vaziri etib tayinlandi.
Zotan, Abduhoshim Mutalov to'g'risida har qancha gapirsak ham oz.
Joriy yilning 18 oktyabr kuni Ohangaron shahridagi 6-son bolalar musiqa maktabining faollar zalida uch avlod uchrashuvi doirasida mehnat faxriysi Abduhoshim Mutalov bilan ma'naviy-ma'rifiy tadbir bo'lib o'tdi.
Tadbirni Nuroniylar jamg'armasi Toshkent viloyati bo'limi raisi Abdusamad Nosirov olib bordi.
So'zga chiqqan mustaqil respublikamiz Oliy sudining birinchi raisi bo'lgan va shu kunlarda o'zining to'qson yillik yubileyini nishonlagan Ubaydulla Qurbonovich Mingboyev quyidagilarni so'zlab berdi:
— Biz Birinchi Prezidentimiz rahbarligida mustaqil davlatimizning dastlabki qonunlarini birga yaratishda o'sha paytdagi Bosh vazirimiz Abdihoshim Mutalovdan ko'pgina muhim va zarur maslahatlarni olganmiz. Bu kishining o'ta kamtarligi, chuqur bilimi meni doimo hayratga solib kelgan. Hozir o'sha kunlarni faxr bilan eslayman.
— Men o'shanda Mutalovga muovin edim, — dedi so'zga chiqqan Qayum Jalilovich Haqqulov. — Ha, juda-juda qiyin kezlar edi. Mutalov Bosh vazir etib tayinlanganda, bilasizmi, O'zbekistonda bir haftaga zo'rg'a yetadigan un zaxirasi qolib, ocharchilik xavfi tug'ilgandi. Bosh vazirimizning uddaburonligi va tezkorligi tufayli bu muhim masala ijobiy hal bo'ldi. Shuningdek, Abduhoshim Mutalov bilan birga Toshkent viloyatining tumanlarini gazlashtirish masalasini ham muhokama qilib, qisqa muddatda olis qishloqlarga ham tabiiy gaz yetib kelishiga erishdik. Men Mutalov bilan birga ishlaganimdan cheksiz faxrlanaman…
Shuningdek, tadbirda so'zga chiqqan O'zbekiston xalq shoiri, O'zbekiston Oliy Majlisi Senati a'zosi Mahmud Toir, O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Toshkent viloyati bo'limi raisi, O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan yoshlar murabbiysi Rahmatilla Sheraliyev, texnika fanlari doktori, professor Abdurashid Hasanov, taniqli shoir Barot Isroil, yuridik fanlar nomzodi Faxriddin Komilov, “Nuroniy” jamg'armasi Ohangaron shahar bo'limi raisi Shavkat Komilov va boshqalar mehnat faxriysi, davlat va jamoat arbobi Abduhoshim Mutalovning davlat va xalq oldidagi buyuk xizmatlarini e'tirof etib, unga uzoq umr tiladilar.
Pirovardida Abduhoshim Mutalov so'z olib, bugungi ma'naviy-ma'rifiy tadbir tashkilotchilariga chuqur minnatdorchilik bildirdi.
Peshindan so'ng ma'naviy- ma'rifiy tadbir qo'shni Olmaliq shahriga ko'chdi.
Mehmonlarni Olmaliq kon- metallurgiya kombinati aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi, O'zbekiston Oliy Majlisi Senati a'zosi Abdulla Xursanov kutib oldi.
Mehmonlar muhtasham metallurglar saroyidagi arxeologiya muzeyini diqqat va katta qiziqish bilan ko'zdan kechirdik.
Mazkur muzeyda Ohangaron vodiysining qadim tarixi, olis Iloq davlati va uning poytaxti Tunkent shahriga hamda Suyurlitepa yodgorligiga oid eksponatlar to'planganlarda katta tassurot qoldirdi.
Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mis boyitish fabrikasi qurilishiga 2024 yil oktyabr oyida muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev start bergandi va mana shu qisqa muddat mobaynida bu joyda ulkan qurilishlarni ko'rib, davlatimizning qudratiga tan bermay iloj yo'q.
3-mis boyitish fabrikasi O'zbekiston rangli metallurgiya sanoatida eng muhim va eng yirik investitsiya loyihalaridan biridir va uning loyiha quvvati yiliga 60 million tonna rudani tashkil etadi, bu esa minglab qo'shimcha ish o'rinlari yaratilishiga zamin bo'ladi.
Kombinat boshqaruvi raisi Abdulla Xursanovning aytishicha, bugungi kunda korxonada 36 ming kishi ishlaydi va ularning o'rtacha ish haqi salmoqli bo'lib, qator ijtimoiy kafolatlar yaratilgan.
Tadbir so'ngida Abdulla Xursanov so'zga chiqib, Ohangaron tumani va shahar faollari hamda mehnat faxriylarining tashrifidan g'oyat mamnun bo'lganligini aytib, barchaga chuqur minnatdorchilik bildirdi.
Darhaqiqat, o'tgan shanba kunidagi ajoyib tadbir hammamiz uchun juda mazmunli va juda unutilmas kun bo'ldi.
Ozod XUShNAZARZODA
