Hayot maktablari

yoki O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist Salohiddin MUHIDDINOV huzurida

2025 yil yoz uzoq davom etgandek taassurot qoldirdi. Bilmadim, bu yilgi yoz juda issiq kelganidandir, ehtimol. Kuzga yetti kun qolganda erta tongda qadrdonimiz Shuhrat aka Jabborovga qo'ng'iroq qilib:

— Xo'p desangiz, ustoz Salohiddin Muhiddinovni bir yo'qlab kelaylik, — deb taklif qildim.

Shuhrat akaning bunday savobli ishlarga shijoati baland.

Sokin daryo

Salohiddin aka bizni ko'rib xursand bo'lib ketdi. “Tashqarida o'tiraveraylik”, deyishimizga qaramay, ichkariga — mehmonxonaga taklif qildi.

To'rt kam to'qsonga kirsa ham, u kishi xuddi yetmish yoshlar chamasida ko'rinadi. So'zimning avvalida aytib qo'ya qolay: Salohiddin akada kamdan-kam ijodkorlarga nasib etadigan fazilatlar bor. U nihoyatda vazmin va yana eng muhimi, kamgap inson. U yetti o'lchab emas, yetmish o'ylab bir kesadi. Voqelikni tafakkur qilish borasida ham ilg'or.

— O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist unvonini qachon olgandingiz, ustoz? — dedim suhbatga qo'r tashlab.

— Salohiddin aka mendan bir yil avval — 1999 yili olgan, — deb savolimga Shuhrat aka javob berib qo'ydi.

— Tabiatan sizchalik og'ir-bosiq hamkasbni uchratmadim, bu fazilat kimdan o'tgan?

— Rahmatli Fazliddin dadamdan o'tgan bo'lsa kerak. Umrida birovga yomonlik sog'inmagan, dardini barchaga doston qilmaydigan, sabr-qanoatda ham ibrat olsa bo'ladigan kishi edi. Ehtirosga berilganini hech ko'rmaganman. Dadam elda obro'-e'tibori baland muallim bo'lgan. So'zida sobit, ma'rifatli kishi edi. Maorif sohasida yuqori vazifalarda ishlasa-da, dunyoviy firib-nayranglardan o'zini parhez qilib yurardi.

— Siz ham so'zlashdan tinglashni afzal bilasiz. Shuning uchun sizga havasim keladi.

Chindan ham o'ylab qarasam, Salohiddin aka go'yo sokin daryo misoli ekan…

* * *

— Ikkinchi jahon urushi paytiga to'g'ri kelib, bolaligingiz bolalikday o'tmagan ekan-da?

— Urush paytida tilim chiqqan ekan, — deya Salohiddin aka bolalik xotiralarini hikoya qila boshladi. — Sakson yil avval bolaligimda yeganim zog'ora nonning, tolqonning ta'mi haliyam og'zimda qolgan. Mahalladagilarning “Dadang qachon keladi?” degan savoliga “Dadam Gitler o'lganda keladi”, deb javob bergan ekanman. Otam urushdan qaytdi, Gitler ham o'ldi. Ammo dadamning oyog'idan olgan qattiq jarohati umr bo'yi urushni eslatib turdi.

Sakkiz farzandni voyaga yetkazishda, o'qitib-undirishda rahmatli Mukarramxon onamning aytib ado qilib bo'lmaydigan xizmatlari bor. Onam nihoyatda to'g'riso'z va adolatli, qarindosh-urug'lar, mahalla-ko'y orasida o'rni va obro'si baland ayol edi.

Dadamning kitoblari ko'p edi. Dadam ham, onam ham ko'p kitob o'qigan insonlar edi. Ayniqsa, onam ukalarimga, singillarimga alla aytganida shirali ovoziga, biz ancha katta bo'lib qolgan bo'lsak-da, mahliyo bo'lib qolardik.

Dadam bilan onamning oiladagi hayoti bizlarga ibrat maktabi bo'lgan. Dadam onamni juda hurmat qilardi. Onam dadamni “domla” deb e'zozlar edi. Uning sog'lig'iga g'amxo'r bo'lib, parvarishlab yurgan. Har ikkovlari ham odamlardan zarracha yaxshilik ko'rgan bo'lsalar, aslo unutishmagan.

Otalik, onalik vazifalari, mas'uliyati va  odoblari bizlarga meros bo'lib qolgan…

Imtihon

Jurnalistlar haqida yozar bo'lsam, beixtiyor beradigan savolim bor. Salohiddin akadan kasbiga qanday qiziqib qolgani haqida so'radim.

— Uyimizga o'ndan ortiq gazeta kelardi, — dedi u. — Dadam har kuni bir-ikki soat gazeta o'qir edi. Shunday gazetalarda ishlashni tasavvur qilishning o'zi odamni boshqacha qilib yuborardi. Dadamning gazetalarini o'qib yurib, jurnalist bo'lishga qiziqishim paydo bo'lgan, shekilli. Dastlabki maqolalarim rayonlararo chiqadigan gazetada bosilib turdi. Maktabdosh do'stim Rixsivoy Muhammadjonov bilan (hozir u O'zbekiston Respublikasi san'at arbobi) “Gulxan” jurnaliga bordik. Jurnalning o'sha vaqtdagi bosh muharriri Yunusov biz bilan suhbatlashib bo'lgach: “Xonoboddan kelib-ketishning o'zi bo'lmaydi. Uylaringga transport boradimi?” deb so'radi. Keyin Saida Zunnunovaga bizni tanishtirdi. Saida opa judayam vazmin va mehribon ayol edi. Oradan ko'p o'tmay, jurnalda Rixsivoy ikkovimizning bittadan she'rimiz chiqdi.

Maktabni oltin medalga bitirganim uchun meni universitetga suhbatga chaqirishdi. Agar suhbatdan yaxshi o'tsam, imtihonsiz talaba bo'lar ekanman. Ozod Sharafiddinov men bilan bir soatu yigirma daqiqa suhbatlashdi. Ozod aka: “Qanday qilib shuncha narsani yodlagansan, hech narsada yanglishmading?” deb so'rab qoldi. Maktabda o'qigan chog'larim velosipedda Sergeliga sut olib borib sotib kelardim. Yo'lda o'qiganlarimni qo'shiq qilib takrorlab ketardim. Ozod aka javobimni eshitib, sovet adabiyotidan besh, g'arb adabiyotidan to'rt qo'ydi. Shu tariqa imtihonsiz talaba bo'ldim. Menga o'xshab suhbatdan o'tgan o'n bir nafar talaba Bo'kaga g'o'za chopiqqa ketdik…

Adolatga sadoqat

Salohiddin aka bir necha daqiqaga mehmonxonadan chiqib, qo'lida bir dasta gazeta bilan qaytib kirdi. Bu “Hurriyat” gazetasi ekan. Keyingi paytlarda gazetamizda chiqqan o'nlab maqolalar haqidagi yaxshi fikrlarini aytdi. Imtiyozli obuna qilib bergani uchun O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasiga minnatdorchilik bildirdi.  Shu jumladan, kamina yozgan uch-to'rtta maqolamni olqishlab  baho berdi. Ayniqsa, “Do'sti sodiqlar” sarlavhali maqolamiz juda ma'qul bo'libdi. Maqtov kimga yoqmaydi, yashirishga ne hojat, shu tobda o'g'li haqida yaxshi gap eshitgan otadek xursand bo'ldim.

Salohiddin akadan sodiq do'stlari haqida ham so'radik.

— Qaysi birini aytay, nazarimda, do'stlarim ko'p, — dedi u sokin bir ohangda. — Savolingiz uzoq yillar birga ishlab, o'tib ketgan hamkasblarimni yodimga soldi. Ustozlarimiz Maqsud Qoriyev, Xolbek Yodgorov, No''mon Nasimov, hamkasblarimiz E'tibor Oxunova, O'tkir Abduazimov, Jo'ra Xolqosimov, Muhiddin Jalolov, Tojiboy Unaboyev, Ma'ruf Nazarov, Abdukarim Nabixo'jayev, Boltaboy Yusupov, To'lagan Najmiddinov, Jo'ra Sa'dullayev, Rafiq Tursunov, Sa'dulla Hakim va boshqa fidoyi jurnalistlar haqida soatlab gapirishim mumkin. Har biri bir dunyo edi. Sodiq do'stlarimdan, umrlari uzoq bo'lsin, Mirsharof Muhsimov, Mixli Safarovni alohida aytsam bo'ladi. Mixli Safarov har qanday kunda do'stiga ham, adolatga ham sadoqat ko'rsata oladigan inson. Oilaviy bordi-keldimiz bor. O'g'illari o'g'lim bilan do'st. Yelkamni yelkasiga tutsa bo'ladigan do'st.

— Yarim asrdan ko'proq umringiz jurnalistika olamida o'tdi, gazetachilik zahmatlarini boshingizdan kechirdingiz, yoshlarga kasb sirlarini o'rgatdingiz, shogirdlar orttirdingiz, ikki og'iz shular haqida ham aytsangiz?

— Ellik yil avvalgi davrdagi gazetaning navbatdagi sonini chiqarish uchun yigirma to'rt soat uzluksiz ishlaganlarimiz, sahifadagi har bir harf qo'rg'oshinda terilishi haqida gapirsak, xuddi ertak aytayotganga o'xshaymiz, — dedi u. — Axborot texnologiyalari yil sayin aql bovar qilmaydigan darajada rivojlanib borayotgan hozirgi davrda maqola yozishga ham bir paytlardagidek jiddiyroq qarash yo'qolib qoldi. Gazeta o'qish esa yil sayin qiyin yumush bo'lib bormoqda. Shunday sharoitda ham o'zligini yo'qotmay, gazetachilikka, jurnalistlik kasbiga sadoqat bilan xizmat qilayotgan shogirdlarim bor. Hozir o'nlab shogirdlarimning o'zlari ustoz bo'lishgan.

Ustoz otangdan ulug'

— Men ham Salohiddin akaning shogirdiman, — deydi Shuhrat aka unga qarab. — 2000 yil boshida Prezident devonidan “Xalq so'zi” gazetasi tahririyatiga Salohiddin Muhiddinovning o'rniga bosh muharrir o'rinbosari bo'lib borgandim. Birgalikda ahil ishlashdik. Tushunmagan joylarimni ustozdan so'rardim. Har qanday inson yillar mobaynida tajriba orttirishi mumkin, lekin o'sha tajribani yoshlarga hamma ham o'rgatavermaydi. Salohiddin aka yoshlarga yordami tegsa, xursand bo'ladigan inson.

Yana bir voqea esimga tushib ketdi, — deb Shuhrat aka so'zini davom ettirdi. — Salohiddin aka tahririyatda ishlash bilan bir paytda Xonobod mahalla fuqarolar yig'inida rais ham bo'lgan. Yosh bir yigit huzuriga kiradi: “Aka, men “Xalq so'zi”ga ishga kirish uchun maqola yozgani keldim”. Bu gapga javoban Salohiddin aka: “Siz bu mahalla haqida yozolmaysiz”, deganda, haligi yigit sababini so'raydi. “Chunki men “Xalq so'zi”da ishlayman”, deb izoh beradi. Unga mahallaning hayotimizdagi o'rni haqida mulohazali maqola yozishni maslahat beradi. Yosh muxbir yaxshi maqola yozib, maqsadiga erishadi. “Xalq so'zi” gazetasiga ishga qabul qilinadi. Shu yil kasb bayramimiz arafasida u O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist bo'ldi. O'sha jurnalist yigit kimligini aytaymi? U bugun “Yangi O'zbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari bosh muharriri Salim Doniyorov edi.

— Odatda, birov o'tirgan vazifaga boshqa birov kelsa, oralarida har xil g'iybat gaplar bo'ladi, — dedi Salohiddin aka. — Shuhratjon ikkovimizning oramizda biror marta ko'ngilxiralik bo'lmadi. U bosh muharrir o'rinbosari, men adabiy kotib vazifasini bajarib yuraverdik. Alloh quvvat berib, yetmish uch yoshgacha gazetada ishladim. Undan keyin ham ancha yillar mahalla fuqarolar yig'inini boshqardim.

Suhbatimiz chog'i Salohiddin aka uni ustoz deb yuradigan o'nga yaqin taniqli ijodkorlar nomini tilga oldi. Ushbu suhbatimizni qog'ozga tushirayotib, “Xalq so'zi” gazetasi mas'ul kotibi Yusufjon Hamidovdan ustozi haqida so'radim. U quyidagi dil so'zlarini yozib yuboribdi:

— “Xalq so'zi” gazetasida ish boshlaganimda endigina yigirma ikki bahorni qarshilagan paytim edi. Universitetning ikkinchi kurs talabasi uchun bu nufuzli dargohda faoliyat yuritish katta bir omad bo'lsa, Salohiddin Muhiddinovdek ustozlardan kasb sir-asrorini o'rganish taqdirning bizga ko'rsatgan katta inoyati edi. Haftada besh marta chop etiladigan gazetada ish hamisha qizg'in kechadi. Ba'zan tongni ishxonada kutib olgan paytlarimiz bo'lgan. Shunda ham xushhol va ochiq chehrada uyga qaytardik. Salohiddin akadan biz nafaqat jurnalistika ilmini, balki hayotga teran nazar tashlamoqni o'rgandik. Do'stlarga mehr-muhabbatni o'rgandik. Shu ma'noda, bugun faxr bilan ayta olamanki, biz nafaqat universitet, shu qatorida ustoz Salohiddin Muhiddinov maktabini ham o'taganmiz.

Ustoz juda hushyor, har qanday mushkul vaziyatda eng to'g'ri qarorni qabul qila oladigan, oqil kishi. Birga faoliyat yuritganda uning bu fazilatlari tahririyat ishini to'g'ri tashkil etish, gazetaning o'qishli chiqishida asqatgan.

“Ustoz otangdan ulug'”, deydi xalqimiz. Yillar o'tgan sayin Salohiddin akadek insonlar timsolida bu hikmatning naqadar hayotiyligini his qilib boraveramiz”. Salohiddin aka “Xalq so'zi” gazetasiga kelguniga qadar otaxon gazetalardan biri “Sovet O'zbekistoni” hozirgi “O'zbekiston ovozi”da uzoq yillar samarali mehnat qilgan.

* * *

Ustoz Salohiddin aka haqida so'z aytsag-u,  uning ukasi, rahmatli Zohiriddin Muhiddinovning yaxshiliklarini eslamasak, vijdon qiynaladi.

Bu voqeaga o'ttiz yildan oshibdi. O'shanda “Jiguli” avtomobilini sotib olib, boshim osmonda yurgan paytlar edi. Ichki ishlar vazirligi va Respublika davlat yo'l harakati xavfsizligi boshqarmasi faoliyati haqida huquqiy mavzuda tahliliy maqolalar yozadigan jurnalistlardan biri bo'lganman. U davrlari biz kabi jurnalistlar to'g'ridan-to'g'ri DAN boshqarmasi boshlig'i va uning rahbar xodimlari oldiga kirib,  savollariga o'sha paytdayoq javoblar olib ketaverardi. Gazetalarga ma'lumot va axborot olish uchun hozirgiday sun'iy to'siqlar,  rasmiyatchi matbuot kotiblariyu axborot xizmatlari yo'q edi. Avtomobillar uchun chiroyli davlat raqamlari ham hozirgiday auksionda uchqur otlarning bahosida sotilmasdi. Zohiriddin akadan avtomashinamga chiroyliroq raqam olishda yordam so'rab yoniga kirdim.

— Siz sohamizni ko'p yoritadigan faol  jurnalistsiz, chiroyli raqam taqishga loyiqsiz. Qaysi yilda tug'ilgansiz? — deb so'radi u kishi.

1962 yilda tug'ilganimni aytdim. “00-62” raqamini bersa bo'larkan,  deb mas'ul xodimga aytgandi.

Sirdaryo viloyatida DAN – hozirgi YXHB boshqarmasi boshlig'i bo'lib ishlaganida ham uning jamoasi yutuqlari haqida ko'p eshitganman. Shu narsaga amin bo'ldimki, Zohiriddin aka ham akasiga o'xshab haqiqatparvar, qalbida ijodkorlarga mehri baland inson edi. Uning madaniyatli tabiati va kulib turgan nigohi xotiramda qolgan.

* * *

— Otam rahmatli “Qars ikki qo'ldan chiqadi” degan maqolni ko'p ishlatardi, sizni shunday navqiron ko'rishimizda kelinoyimizning ham hissasi kattadir, — deb Salohiddin akaga hazil-chin so'z qotdim suhbatimiz yakunida.

— Rahima hoji ayangiz bilan ellik ikki yil birga yashadik. G'am kelganda sabr, baxt kelganda shukur qilib, qo'shganimiz bilan qo'sha qariyapmiz. U o'zbek tili va adabiyoti fanidan muallimalik qildi. Hozir farzandu zurriyotlarimizni duo qilib yashayapmiz.

Qaytar chog'imiz Salohiddin aka bizlarga “Umr mazmuni” deb atalgan chiroyli kitobni sovg'a qildi. Ushbu biografik esse qahramonimizning ukasi, taniqli jurnalist, tajribali rahbar, bag'ridaryo inson Fathiddin Muhiddinov qalamiga mansub.

Rostini aytsam, kitobni o'qib ta'sirlandim. Fazliddin ota Ikkinchi jahon urushi davrida Leningrad qamalida to'liq qatnashgan ekan. Rahmatli Kenjaboy otam ham ellik yil O'shning turli maktablarida o'zbek tili va adabiyoti fanidan dars bergan, to'qqiz yuz kun Leningrad qamali dahshatlarini boshdan kechirgan edi. Urush, qamal dahshatlari haqida so'zlab berar edilar. Fathiddin akaning kitobini o'qib, beixtiyor otamning qamalda o'tgan kunlari yodimga tushib ketdi…

O'tib ketgan otalarimizning, onalarimizning joylari jannatda bo'lsin! Bugun hayot bo'lganlarining esa umrlari uzoq bo'lsin!

…Salohiddin akaning xonadonidan qaytar ekanmiz, hamkasbimiz, taniqli ijodkor, “Xalq so'zi” va “Narodnoe slovo” gazetalari bosh muharriri o'rinbosari, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist Shuhrat Jabborovga razm soldim. U kishi ham jim, sukutda edi…

Ustozlar yo'li, ibratli hayot maktabi haqida o'ylab ketayotgandir Shuhrat aka ham. Chunki ustoz hamkasbimiz bilan suhbat nafaqat maroqli, har bir inson hayot deb atalmish maktabda o'z o'rni, bahosini olishi, buning uchun odamlarga yaxshilik, ezgulik ulasha bilish fazilatlariga ega bo'lishini dildan o'tkazdik.

Bizning qadrdon akamiz Salohiddin Muhiddinov bir umr matbuot sohasida mehnat qilib, necha yuzlab maqolalar, ocherklar yozgan. Ammo eng muhimi — insoniy fazilatlari ko'pchilikka ibrat bo'lib kelmoqda. Haqiqiy insoniy baxt shundadir, balki…

Dilmurod QIRG'IZBOYEV,

O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × four =