Otam haqiqiy qahramon edi

deydi namanganlik nuroniy Mahmud ADAShEV

Aslida u kishi bilan tanishganimga uncha ko'p bo'lgani yo'q. Lekin ilk tanishuvimizdayoq go'yoki uzoq vaqtdan buyon bir-birimizni yaxshi biladigan qadrdonlardek   dildan gurunglashdik. O'z davrida turli rahbarlik vazifalarida ishlab, el-yurt nazariga tushgan, yoshlari to'qsonni qoralab qolgan namanganlik uch-to'rt nafar taniqli nuroniylar qatorida u kishi bilan ham bir uchrashuvda yaqindan tanishib qoldik. Avvaliga hammaga choy quyib uzatib o'tirgan kamtarin kishini o'zimga tengqur deb o'ylabman. Davradagilarga Toshkentdan kelgan jurnalist ekanimni, gazetada ishlashimni qadrdonlarimizdan biri aytgach, suhbatimizga yanada qo'r kirdi.

Mahmud aka bilan dildan suhbatlashib o'tirdik. Uning Toshkentdagi do'st-birodarlari mening ham qadrdonlarim ekan. U qaytar chog'imda Toshkentga borganimda, do'sti, iqtisod fanlari doktori, professor Odil Olimjonovga alohida salom aytishimni tayinladi. Odam o'zidan yaxshi nom qoldirib yurishi kerak-da. Bilaman, Odil akani taniganlar qilgan yaxshiliklarini yaxshi eslashadi.

Odil aka ziyoli inson, u kishi bilan goh-gohida ko'rishib turamiz. Gapimiz gapimizga qovushadi. To'g'riso'z, xolis inson. Doimo yozganlarimni sinchiklab o'qib, “maqolangiz yaxshi chiqibdi” deb ko'ngilni ko'taradi. Yaxshi insonlar haqida yozishga ilhomlantirib yuradi. Odil Olimjonovga Mahmud akaning salomini yetkazdim.

— Mahmud Adashev haqida ham yozsangiz arziydi, ko'pni ko'rgan bo'lsa ham juda kamtarin inson, — dedi Odil aka. — Otasi kimligini bilasizmi? U Ikkinchi jahon urushida yigirma bir yoshida Sovet Ittifoqi Qahramoni bo'lgan Solijon Adashevning o'g'li.

Ochig'i, yangi tanishimning qahramon inson farzandi ekanligini hayolimga ham keltirmagan edim.

Oradan kunlar o'tib, vodiyga xizmat safariga borgan chog'imda Odil akaning gapi esimga tushib, beixtiyor Mahmud akaga qo'ng'iroq qildim. Gazetaga yozmoqchi ekanimni aytsam, “Yozishga arziydigan nima ish qilib qo'yibmiz?” deb kamtarinlik qildi. Unamay turib oldi. So'ngra: “Faqat rahmatli padaribuzrukvorim haqida ko'proq yozsangiz, mayli”, dedi.

Undan otasi haqida so'radim.

— Solijon otam rahmatli yozuvchi Said Ahmad bilan yaqin qadrdon edi, — dedi Mahmud aka. — Qachon Namanganga kelsa, ikkovlari ko'rishib, uyimizga kelardi. Ular kulishib, uzoq gaplashib o'tirganlari hecham ko'z o'ngimdan ketmaydi. Otamning O'zbekistonda taniqli odamlar orasida o'rtoqlari, tanishlari ko'p bo'lgan. O'zi ham ko'p kitob o'qigan ziyoli inson edilar. Shuning uchun mashhur olimlar, yozuvchiyu shoirlar bilan tez-tez uchrashib turishni xush ko'rardi. Ayniqsa, jurnalistlardan do'stlari juda ko'p edi. Qaerga borsalar ham jurnalistlar bilan muloqot qilardilar. Xullas, otamiz tufayli oilamiz a'zolari e'zozlanib, e'tiborda bo'lardik. Ularning yonida yurishning o'zi biz uchun katta baxt edi.

Otam jiddiy, qattiqqo'l, aytgan ishini bajaradigan, va'dasida turadigan, to'g'riso'z inson edi. Shunday bir so'zli, haqgo'y kishilarning hamma davrlarda ham el-yurt, mahalla-ko'y orasida qadri baland bo'lgan. Suyansa bo'ladigan, ishonchli, lafzi halol insonligi uchun bo'lsa kerak, otamizning oldiga kelib ketuvchilar ham ko'p edi. Yoshga ham, qariga ham, boyga ham, kambag'alga ham bir xil munosabatda bo'lar edi. Ayniqsa, musofir, bechorahol, qo'li kalta odamlarga ko'proq e'tibor berardilar. O'ylab qarasam, Ikkinchi jahon urushidan eson-omon qaytib kelgan odamlarning hammasi ham shunday fazilatli kishilar bo'lishgan ekan. Balki, ana shunday xislatlari uchun ham Alloh ularni janggohlardan omon saqlab qolgandir.

— Tanzila onam rahmatli hayot bo'lganida bu yil yuz yoshga kirardilar, — deb Mahmud aka hikoyasini davom ettirdi. — Volidamiz ham o'qimishli, jamiyatda faol ayol bo'lgan. Eng muhimi, ota-onamiz biz farzandlarini birovning haqidan qo'rqadigan qilib tarbiyaladi. Oliy ma'lumotli qilib, el-yurtga nafi tegadigan insonlar qatoriga qo'shdi. Ayniqsa, onam bizga ota-onalarining, ya'ni buvi va buvamizning  yaxshi amallari haqida ko'p so'zlab berishdan erinmasdilar. Keyinchalik anglab yetsam, bunda hikmat ko'p ekan. Bugun biz ham farzandu nabiralarimizga ularning ibratli hayotini aytib berishdan erinmasligimiz kerak. Axir, “Qush uyasida ko'rganini qiladi”, deb bejiz aytishmagan-ku.

Mahmud Adashev yigirma to'qqiz yoshida Namangan tajriba zavodiga rahbar bo'lgan ekan. O'sha yillari bu zavodda 450 dan ortiq kishi ishlagan. Qirq yilga yaqin rahbar bo'lib korxonada ishlagan chog'lari odamlarga qilgan yaxshiliklari haqida o'zidan emas, boshqalardan, ko'pchilikdan iliq gaplar eshitdik.

Yaxshilikning mukofoti yaxshilik deydilar. Yaxshi odamlarni Yaratgan Egam yaxshi farzand bilan siylasa bu chinakam baxtdir. Akamizning tadbirkor o'g'illari Jahongir, Ilhom, o'qituvchi qizi Hilola, nebaxtki, qobil,  ota-onasiga mehribon, ularga munosib farzandlar bo'lishibdi. Havas qilsa arziydi.

Netongki, bugun bunday baxt, taqdir hammaga ham nasib etmagan…

Muhammad KENJA,

jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

10 − ten =