Do'sti sodiqlar
SURATDA: (chapdan o'ngga) maqola muallifi, publitsist Muhammad Kenja (Dilmurod Qirg'izboyev), Xalq maorifi a'lochisi Sobirjon Otajonov, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist Ahmadjon Meliboyev, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi Zuhriddin Isomiddinov va pedagogika fanlari doktori, professor Qozoqboy Yo'ldoshev.
(Sadoqat va odamiylik haqida hikoya)
U kishi bilan 2017 yili bolalarning sevimli shoiri, rahmatli Tursunboy Adashboyevning janozasi kunida tanishgandim. Baland bo'yi, tik qomati, yuzidagi bir qadar jiddiylik uni boshqalardan ajratib turardi. Ta'ziya kunlari hassakashlar qatorida turgan Ahmadjon Meliboyev, Zuhriddin Isomiddinov, Ahror Ahmedov singari taniqli jurnalistlar ham unga hurmat-e'tibor bilan munosabatda bo'lishgandi. Yoshi saksonlarga borib qolgan bu kishi uch kun biz bilan Tursunboy aka yashab o'tgan xonadon yo'lagida ta'ziyaga kelganlarni kuzatdi.
Do'st-birodarlar ta'ziyasida dardkash bo'lib o'tirishda ham ibrat bor. Beixtiyor erta bir kun kelib, o'zing ham bu foniy dunyodan boqiy dunyoga ketishing haqida o'ylaysan. Marhumning xayrli amallarini yodga olasan. Do'stingning do'stlarini taniysan. O'tgan kunlaringga, umr daftaringga bir nazar tashlaysan.
Zuhriddin akadan u kishi haqida so'radim.
— Sobir aka asli Namanganning Yangiqo'rg'onidan, Tursunboy akaning bolalik qadrdoni, — dedi u. — Ularning do'stligiga hamma havas qiladi. Tursunboy aka Toshkentdan ona yurti Qirg'izistonning Olabuqasiga ketayotganida Sobir akani ko'rib ketardi. Sobir aka Toshkentga kelsa, albatta, Tursunboy aka bilan uchrashardi. To'y-ma'rakalar bir-birlarisiz o'tmasdi. Tursunboy aka tufayli Sobir aka ko'p ijodkorlarga qadrdon bo'lib ketgan.
Oradan bir necha yil o'tib, Sobir aka Toshkentda Tursunboy Adashboyev va Tohir Malikni xotirlab ehson dasturxoni yozdi. Unda O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid ham qatnashdi. Yashirmayman, ko'nglimning tub-tubidan “qani edi, mening ham shunday do'stim bo'lsa”, degan o'y kechdi.
Ota-onasiga ixlos bilan xizmat qilib duolarini olgan, qalbida hasadi yo'q, ehsoni kuchli erkaklarning do'sti ko'p bo'lar ekan. Hayot maktabimda shunday xulosaga keldimki, Sobirjon aka ham, Tursunboy aka ham do'stu yoronlari ko'p ana shunday fazilatli insonlar ekan.
Alixonto'ra Sog'uniyning “Tarixi Muhammadiy” asarida yozilishicha, Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam bilan Abu Bakr Siddiq bolalikdan do'st bo'lishgan. Bu dunyoda eng og'ir mashaqqatlar, musibatlar nabiylar boshiga tushgan. Rasululloh uchun eng qiyin damlarda ham Abu Bakr Siddiq do'stiga sodiq qolgan. Bu islom olamida do'sti sodiqlarning eng oliy namunasi bo'lsa kerak.
Gohida do'stlarim ko'p, lekin sodiqlari bormikan deb o'ylab qolaman. Yaxshi gumondaman. Borga o'xshab tuyulaveradi.
Keyingi oylarda Tursunboy aka va Sobir akalarni tez-tez o'ylaydigan bo'lib qoldim. Yaxshilarning yaxshiliklarini hayotlik chog'larida bildirib qo'yish ham bir ezgu fazilat deb eshitgan edim.
Yangiqo'rg'onning Zarkent qishlog'iga qarab otlandim. Sobirjon aka bilan kelishilgan paytda u yashaydigan xonadonga bordim.
— Xush kelibsiz, Tursunboy do'stim bahonasida uyimizga ulug' adiblar qadamlari tekkan, — deya ichkariga taklif qildi u kishi. — Sizni ko'rib, o'sha kunlar yodimga tushib ketdi.
Sobirjon akadagi avvalgi g'ayrat va dadillik o'rnini sokin mo'ysafidlik egallabdi.
— Tursunboy bilan tanishganimda 5-sinfda o'qirdim, — deb hikoyasini boshladi. — Do'stimiz qo'shni Qirg'izistonning Olabuqa rayonidagi Safed Bulon qishlog'ida tug'ilgan. Zarkentimizga o'n ikki yashar bola payti muxbirlik qilib kelgan edi. Zarkent qishloq matlubot jamiyati raisi, adabiyotni yaxshi biladigan To'raxo'ja Hasanov haqida maqola yozish niyatida biz tomonga o'tgan ekan. O'shanda tanishgan edik. U paytlari respublikalar o'rtasida chegaralar yo'q edi. Biz ularning qishlog'idagi, ular bizning qishlog'imizdagi maktablarda o'qib yuraverardik. Bitta sinfda o'qidik. Tursunboy bolaligidan adabiyotga berilgan edi. Bir kuni kimyo darsida badiiy kitob o'qib o'tirganida domlamizdan dakki eshitgani hecham esimdan chiqmaydi. Oqqo'rg'on qishlog'idagi maktabda 10-sinfni ham birga bitirdik. Adabiyotga qiziqishi chuqurlashib boraverdi. Yoshligimdan men ham kitob o'qishni yaxshi ko'raman. Ammo Tursunboy esa kitob o'qib, she'rlar yozardi. Maktabni bitirgach, u O'shga borib, gazetada ishlay boshladi, uylandi.
Safed Bulonga bizning Zarkent qishlog'imiz orqali o'tiladi. Uning bahonasida Tohir Malik, Ozod Sharafiddinov, Ibrohim G'afurov kabi taniqli adiblar bilan bir davralarda o'tirib, qadrdon bo'lib ketdik. Ayniqsa, Zarkentda litsey-internat ochilib, men unga direktor bo'lgach, ko'plab taniqli shoir va yozuvchi, olim va san'atkorlar bilan uchrashuvlar o'tkazardik. Muxlislar zalga sig'maganidan litsey hovlisiga to'lib ketardi. U davrlarda adabiyotga bo'lgan muhabbat ham, odamlar orasidagi oqibat ham kuchli edi.
— Tursunboy Adashboyev bilan sizni adabiyot do'stlashtirgan ekan-da, — dedim suhbatga qo'r tashlagandek bo'lib.
— Juda to'g'ri ta'rif berdingiz. Do'stlar o'rtasida adabiyot, kitob tursa — bunday do'stlikning umri boqiy bo'lar ekan. Hayotimiz bolalar tarbiyasi, adabiyot, ijod haqidagi suhbatlar bilan mazmunli edi. Bir-birlarimizni ko'rmasak, sog'inadigan, ko'rganda sevinchdan boshimiz osmonga yetadigan bo'ldi.
— Siz ham Tursunboy akaga o'xshab kamtarin ekansiz, — dedim.
— Bizlarning do'stligimizni shu xislat kamolotga yetkazgandi. Salkam yetmish yillik do'stligimizni o'lim ajrata oldi.
Tursunboy turlanmaydigan odam bo'lgan, — deb Sobir aka so'zini davom ettirdi. — Yaltiroq yolg'onlarni yomon ko'rardi. To'g'ri so'zli, bir yuzli, halol inson edi. Kibrli odamni yoniga yaqinlashtirmas edi.
— O'xshatmaguncha uchratmas deyishadi. Sizni ham bilganlar shunday ta'riflashadi!
Esingizda bo'lsa, Toshkentda ko'rishganimizda hikmatli bir gapni aytgandingiz: “Tursunboy Adashboyev bilan cho'ntaklarimizdan shamol o'tib turgan paytda do'st bo'lgan edik”, deb. Bu adibona ibora. Do'stlikka sodiqlikning hikmati ham, ibrati ham shunda! Do'stlikning qudrati sadoqatda!
Rus tili va adabiyotini yaxshi bilishingiz haqida yaxshi fikrlar eshitganman, — deb uni savolga tutdim.
— 1952 yili 5-sinfni a'loga bitirganim uchun faol o'quvchilarning 3-respublika qurultoyiga yuborishdi. Toshkentdan poezdda ikki nafar millati rus o'quvchi qizlar bilan bir kupeda qaytdik. Rus tilini mutlaqo bilmasdim. Ular choy ichishsa, tashqariga chiqib turdim. Gaplashgim keladi, til bilmayman. U paytlari poezdlar Toshkentdan Namangangacha ikki kunda kelar ekan. Rosa alam qildi. Oltinchi sinfdayoq rus tilini o'rganishga kirishdim. Bir yilda uch mingta so'zni daftarga ruscha-o'zbekchada yozib yodladim. Keyingi yil ham til o'rganishim shunday davom etdi. Sakkizinchi sinfga o'tgan chog'im ruscha gap tuza boshladim. To'qqizinchi sinfda esa “Boshsiz chavandoz” asarini rus tilida o'qib, o'qituvchimizga so'zlab berdim. “Yaxshi, yetmish foiz tushunibsan, bo'sh kelma”, deb meni rag'batlantirdi. O'ninchi sinfda rus tilidagi asarlarni bemalol o'qib, mazmunini tushunadigan bo'lib ketdim. Hatto o'zim o'quvchi bo'lsam-da, ustozlarimning iltimosiga ko'ra, kechki sinflarga matematikadan rus tilida dars bera boshladim.
1962 yildan boshlab ikki yil Saratovda harbiy polk maktabida zobit bo'ldim. O'zbekistondan borgan bolalarga rus tilini o'rgatib, ularni xizmatga tayyorladim. Rus tilini ruslardan yaxshi bilar ekansan, deb polkda hurmatim ortib ketdi. Kutubxonamda besh mingdan ortiq o'zbek va rus tillaridagi kitoblar bor. Alloh menga tez o'qish va tafakkur qilish uchun o'tkir zehn berganiga beadad shukur qilaman. Kitoblarimning hammasini o'qib chiqqanman.
— Shaxmatni ham yaxshi o'ynar ekansiz.
— Namangan davlat pedagogika institutida o'qiyotgan talabalik davrimda shaxmat bo'yicha O'zbekiston chempioni bilan parkda seans bo'lgandi. Birgina men uni yutganman, — dedi u kulimsirab.
— Eshitishimcha, sizni boshqa millat vakillari ham bag'rikeng inson deb hurmat qilishar ekan, boisi nimada?
— Asosiy sababi ilmda, ko'p o'qiganlikda deb bilaman. Til bilish, ilm kishini doimo davra to'riga olib chiqqan. Bundan keyin ham shunday bo'lib qolishini istardim. Matematika fanidan ustozim yahudiy kishi bo'lgan. Undan ham ko'p narsani o'rganganman. Qaerda, qaysi sohada ishlagan bo'lsam, doim yangilik qidirib yurganman. Ish faoliyatimda dunyo tajribalarini qo'llab, olqish olganman. Kutubxona tashkil etish, kitobsevarlarni rag'batlantirish borasida ham rivojlangan chet mamlakatlarning ilg'or usullaridan foydalanganman. Odamlar hali-hanuz o'tgan kunlardagi yaxshi ishlarimni aytib yurishadi.
Ayam rahmatli: “Dunyoviy ilmga kuchli ixlos qo'yding, shu qobiliyatingni islomiy ilmga sarflaganingda bormi, katta ulamo bo'larding”, deb gapirib qolardi. Har qanday ilmning poyoniga yetish uchun sabr-toqat kerak. Qirq to'qqiz yil muallimlik qildim. Xalq ta'limi a'lochisi bo'ldim. Oltmish to'rt yillik umr yo'ldoshim — II darajali “Mehnat faxriysi” Bibiruqiya xonim bilan qo'sha qarib yuribmiz. Bosib o'tgan umrimning biror kuniga afsuslanmayman. Keksalik chog'larimda muqaddas dinimiz yo'l-yo'riqlarini chuqurroq o'rgandim, farz ibodatlarimni ham bajarib yuribman. Makkayu Madinaga haj ziyoratiga turmush o'rtog'im bilan borish nasib etdi. Shukur, beadad shukur qilaman, bu kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor. Faxrim shuki, bugun farzandu nabiralarim xizmatlarimizni qilib, duolarimizni olishmoqda.
— Hovlidagi alvon-alvon gullarni o'zingiz parvarish qilsangiz kerag-a? — dedim gulzorlarga tikilib.
— Gullarga ayolim qaraydi.
Hovlidagi so'rida Sobirjon aka bilan suhbatlashib o'tiribman-u, go'yo Tursunboy aka bizlarga qarab turganday edi.
Sakson besh yoshda ham teran fikrlaydigan, nozikta'b, mehridaryo ustozni yo'qlab kelib, ko'nglini ko'targanim uchun o'zimdan xursand bo'lib ketdim. Uning siymosida solih bir mo'minning kamolotini ko'rdim. Ilmli, ma'rifatli, do'stga sodiqlar har qanday moddiy qudratdan ustun ekaniga ular timsolida yana amin bo'ldim…
Mavlono Jaloliddin Rumiy: “Haqiqiy do'stlar qo'l bilan ko'zga o'xshaydi. Qo'l og'riganda ko'z yig'laydi, ko'z yig'laganida, qo'l uni artadi”, deb aytgan ekan. Darhaqiqat, Sobir aka va Tursunboy aka ham shunday do'st edi.
Do'stlik qudrati sadoqatda. Do'sti sodiqlikni esa Yaratgan faqat o'zi suygan bandalarigagina mukammal nasib etar ekan! Har kimni ham Alloh shunday ulug' ne'mat bilan siylasin!
Muhammad KENJA.
