Fedinning o'rmon-bog'i

Shu yil may oyi yakunlarida taniqli ijodkor Fozil Farhodning ijtimoiy tarmoqlar orqali yozgan postlari sabab, Surxondaryo viloyati Jarqo'rg'on tumanidagi “Oqtepa” mahallasida joylashgan “Uchko'l” suv ombori hududida tabiatsevar faol, ovchi va baliqchi Aleksandr Fedin tomonidan tashkil etilgan 100 gektarga yaqin maydondagi kichik qo'riqxona yuqori idoralarning e'tibori tufayli yana eski egasi A.Fedin ixtiyoriga topshirildi.

Dastlab bu maskanda A.Fedin 1988 yili 4 gektar yer olib, bog'-qo'riqxona yaratish ishlarini boshlagan edi. Yillar davomida u bog'ni kengaytirdi: xorijdan turli noyob daraxtlar, novdalar va butalar olib kelib ekdi. Qo'riqxonaga tutash “Uchko'l” (“Tri ozera”) ko'lida noyob qushlar, baliqlar va hayvonlar dunyosini asrab, boy flora va faunani shakllantirdi. Natijada qo'riqxona kichik tropik mintaqaga aylandi.

Hudud, aslida, O'zbekiston ovchi va baliqchilar jamiyatiga qarashli edi. Fedin va uning tabiatsevar do'stlari bu joyni chinakam jannatmonand maskanga aylantirdilar.

Aleksandr Ivanovich Fedin 2000 yili Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida sodir bo'lgan terrorchilarga qarshi janglarda ham faol qatnashib, Vatan mudofaasiga munosib hissa qo'shgan fidoiy insonlardan.

Shunday qilib, “Uchko'l” bog'-qo'riqxonasi haqiqiy tabiat maskaniga aylangach, Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Aleksandr Ivanovich Fedinni “Do'stlik” ordeni bilan mukofotlagan edi hatto.

Biroq… 2025 yili Fedinning qo'riqxonasi undan olib qo'yildi. Qattiq siqilish ortidan A.Fedin ruhiy kasalliklar shifoxonasiga tushib qoldi. Shundan so'ng yuqori idoralar ko'magi bilan tabiat jonkuyari Aleksandr Fedin shu yilning iyun oyi boshida adolatga erishdi. Viloyat hokimi Ulug'bek Qosimov uni borib ko'rdi, hol-ahvolidan xabar oldi.

Xullas, Fedin qo'riqxonasi yana uning o'ziga qaytarildi. Ma'lum muddat qiyinchiliklarga uchragan tabiat shaydosining ishlari qaytadan yurishib ketdi.

O'zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o'zgarishi qo'mitasi ixtiyoriga o'tkazilayotgan Fedin qo'riqxonasi bugun jurnalistlar, televidenie xodimlari va keng jamoatchilik e'tiborida turibdi.

Nima ham derdik, “Inson qadri uchun” tamoyili asosida Aleksandr Fedinning ham qilgan ishlari ommalashtirilmoqda.

Abduvali AHMAD.

Termiz tumani.

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × two =