Denov adabiy muhiti

Qo'qon adabiy muhitidan farqli o'laroq, Denov adabiy muhiti XX asr oxiri va XXI asr boshlarida shakllandi. Fikrimizning isboti sifatida taniqli adabiyotshunos olim, O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi, Denov tumani Ma'naviyat va ma'rifat targ'ibot bo'limi rahbari Toshtemir Turdiyev to'plab, nashrga tayyorlagan “Denov tafakkur charog'lari” (Toshkent, “Universitet”, 2010) nomli kitobni ko'rsatish mumkin. Keyingi bir yarim ming yil davomida bitilgan manbalardan namunalar jamlangan qo'lingizdagi ushbu asar allaqachon kitobxonlar mulkiga aylandi.

“Denov tafakkur charog'lari” an'anasining davomi sifatida keyinchalik “Chag'oniyon tarannumi” (Toshkent, “Musiqa” nashriyoti, 2015) kitobi chop etildi. Unda Denov hamda Surxondaryoning boshqa tumanlaridagi e'tirofga loyiq bir qator ijodkorlar asarlaridan namunalar jamlangan. Bundan tashqari, turli kasb-hunar egalari bo'lmish ellikdan ortiq mahalliy ijodkorlarning fotosuratlari Denov tumani hokimligidagi T.Turdiyevning xizmat xonasini betakror va tengi topilmaydigan “muzey”ga aylantirgan. Xonaning bir burchagida endigina bosmaxonadan keltirilgan kimlarningdir kitoblari uyumi, stol ustida esa kundalik gazeta va jurnallar taxlami turadi.

T.Turdiyevning ikki qo'li doim ko'ksida, mehmonlarga nisbatan: “Xush kelibsiz, buyugim, xizmatdamiz!” deydi. Boshqa bir mansabdorning qabulidagi muhitga qarama-qarshi o'laroq, bunday mehribon ijodkor qarshisida, ayniqsa, yoshlarning yuzidan tabassum arimaydi, tilidan bol tomadi: “Ustoz, ustozjon!” Ha, biz bilgan Denov adabiy muhitining markazi — shunday fusunkor, maftunkor va ohanrabo joydir.

Denov — Chag'oniyonning eng qadimgi manzillaridan biri. Biz qalamga olayotgan adabiy muhitning o'q ildizi Chag'oniyon tarixiga va o'sha zaminga borib taqalishi — bor gap. Qadimgi Chag'oniyon hududi esa hozirgi Surxondaryoning Boysun, Qiziriq, Qumqo'rg'on, Oltinsoy, Sho'rchi, Denov, Sariosiyo, Uzun tumanlari hamda Tojikiston Respublikasining janubiy-g'arbiy qismlaridan iborat bo'lgan. Yozma tarixiy manbalar va toshbitiklar Abu Bakr as-Sag'oniy, Ahmad ibn Muhammad as-Sag'oniy, Abu Hamid Usturlobiy as-Sag'oniy, Abu Ali Husayn ibn Ahmad Sallomiy, Abul Qosim Ali ibn Muhammad Iskofiy, Tohariy, Ma'rufiy, Abu Mansur Muhammad ibn Ahmad Daqiqiy kabi taniqli siymolar Chag'oniyonda yashab o'tganligidan xabar beradi.

To'rt ming yillik Eron va Turon tarixini, eng qadimgi afsona, rivoyat, qissa va yuzdan ortiq dostonlarni, ellikta podsholik hamda to'rtta sulola davridagi voqealarni ko'klarga ko'targan, oltmish ming baytdan iborat “Shohnoma” singari asarning muallifi Abulqosim Firdavsiy umrining o'ttiz uch yili davomida yozgan ushbu asarning dastlabki ming bayti aslida Ahmad Daqiqiyniki ekanini e'tirof etgan. Bu shunchaki oddiy maqtov emas, balki tarixiy haqiqatdir.

Toshkent tarixidan ma'lum va mashhur bo'lgan allomalardan biri Xoja Ubaydulloh Ahrordir. U Xoja Mahmudning o'g'lidir. Xoja Ubaydullohning bobosi bo'lmish Xoja Xovand Tahurning otasi esa Shayx Umar Bog'istoniydir. U o'g'li Xoja Xovand Tahurga shunday nasihat qilgan ekan: “Bolam, mulla bo'lma, so'fi bo'lma, shayx bo'lma, musulmon bo'lgin!”

Xoja Ubaydullohni “Musulmon kim?” degan so'roqning javobi qiziqtirib qoladi. Samarqand, Buxoro va Hirot ulamoyu fuzalolaridan bu so'rog'iga jo'yali javob topa olmaydi. Nihoyat, haligi savolga javobni u Chag'oniyon zaminidan, jumladan, denovlik Ya'qub Charxiy ibn Usmon ibn Mahmud ibn Muhammad G'aznaviydan (1363-1447) topadi. Allomaning javobi shunday edi: “Fuqaro manfaatlari uchun yashamoq — musulmon bo'lmoqdir”. Ushbu ilmiy xulosasi bilan Mavlono Ya'qub Charxiyni G'arbiy Yevropa va AQShdan qariyb uch asr ilgari “Kasaba uyushmalari” g'oyasiga asos solgan arbob deyish o'rinlidir.

Ayni damda biz uchun So'fi Olloyor (1644, Kattaqo'rg'on bekligi, Minglar qishlog'i — 1724, Denov) hazratlarining siymosi muhim. Chunki Denov adabiy muhiti shakllanishida u zoti sharifning ham ijobiy ta'siri katta bo'lgan. Denovlik ijodkorlardan qaysi biri So'fi Olloyor shaxsiyati bilan bog'liq rivoyatlar tug'yoni tufayli she'r, ilmiy maqola, qissa yoki doston yozmagan deysiz?

Ayni paytda kamina ham “Gourgon” dostonini yozdim. Doston o'n uch qismdan iborat. Uning mazmun-mohiyatiga ham forsiy, ham turkiy tilda qalam tebratgan So'fi Olloyorning ilonlarga nisbatan: “Toshi yumshoqdir, ichi zahar”, — degan xulosasini singdirib yubordim.

 

Tepa emas, larzon vujudim,

Tuproq misol sukutga tolgan.

Qay bir odam tili uchida

Ilon zahri o'rnashib qolgan.

Ilon zahri zangga o'xshamas,

Birovlarning qoniga ko'chgan.

Birovlarning jussasi katta,

Yuragidan oqibat o'chgan…

Birovlarning zamini zahar,

Osmonidan zahar yog'adi.

Erta-yu kech bemor onasi

Sigiridan og'u sog'adi.

 

“Yozish, — degan edi bobomiz Abu Rayhon Beruniy bundan ming yillar burun, — xabar turlaridan biri bo'lib, uni boshqa turlardan ko'ra sharafliroq sanash mumkin; qalamning abadiy izlari bo'lmaganda, xalqlarning xabarlarini qaydan bilar edik?” Bu fikr osmondagi hiloldek haqiqatdir.

Albatta, Denov adabiy muhiti shakllanishida xalq og'zaki ijodining o'rnini ham rad qilib bo'lmaydi. Xalq og'zaki ijodi necha-necha asrlar osha qaynab yotgan ming ko'zli buloqqa o'xshab ketadi. Bunday betakror xalq buloqlarining soni ming-mingtadir. Ulardan biri — bir yarim ming yildan buyon qovun pishig'ini ko'rgan “Alpomish” dostoni hisoblanadi. Bu dostonning boshqacha ishlangan variantlari ham oz emas. Xususan, uning surxondaryocha variantini T.Turdiyev xalq baxshisi Xushboq Mardonaqul o'g'lidan yozib oldi. Uni ko'p nusxada qayta-qayta chop ettirdi va kitobxonlar mulkiga aylantirdi.

T.Turdiyev shoira Ra'no Uzoqova ijodini miridan sirigacha benuqson o'rgandi. Uning vaqtli matbuotda e'lon qilingan she'rlarini arxiv materiallari orasidan izlab to'pladi, nashrga tayyorladi va kitob holida o'quvchilar hukmiga havola etdi. Nihoyat, Toshtemir Turdiyev “Subhidam qaldirg'ochi” kitobini Ra'no Uzoqova ijodi va umr yo'liga bag'ishladi.

Hozir Denovda Ra'no Uzoqovaning izdoshlari bisyor. Ulardan Gulandom Tog'ayeva (2-darajali “Sog'lom avlod uchun” ordeni, “Shuhrat” medali singari davlat mukofotlari sohibasi), Dilrabo Norqulova (2002 yilgi Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori), Shahnoza Tursunova (2005 yilda adabiyot yo'nalishi bo'yicha Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori bo'lgan), Farida Toshpo'latova (2011 yilda Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga loyiq topilgan). Xuddi yuqoridagilar kabi Feruza Qurbonova bilan Ruxshonabonu Abdurazzoqova ham Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlaridir. Shunday yuksak mukofotlarga da'vogar denovlik ijodkor qizlar safining oxiri ko'rinmaydi.

Tumanda Denov adabiy muhitiga bosh-qosh bo'lgan, ortiqcha maqtovlarga nomuhtoj beshta O'zbekiston Qahramoni yetishib chiqqan. Toshtemir Turdiyev aqliy, jismoniy va malakali mehnatda ularga namunadir:

Ey xaloyiq, Denov ogoh,

Quyosh guvoh, fursat o'q.

Toshtemirning mo'ljali ko'p,

Keksarishga vaqti yo'q!

Borliq guvoh — chumolida  orom bor, ammo Toshtemir Turdiyevda tinim yo'q. O'tgan kuni u akademik Nazar To'rayev uy-muzeyini tashkil etilishiga bosh-qosh bo'ldi. Kuni kecha esa Hazarbog'dagi 27-sonli umumiy o'rta ta'lim maktabining 100 yilligini nishonlashda tashabbus ko'rsatdi va “Shuhrat topgan maktabning sharafli yo'li” (“Surxon-nashr”, 2025) kitobini yozdi.

Kitobdan o'qiymiz: “…maktabni 1953 yilda tamomlagan Toshpo'lat Temirov Samarqand davlat universitetining matematika fani o'qituvchisi bo'lib yetishdi… O'quv maskanini 1965 yili tamomlagan Vitaliy Kasabrinov Sibir Fanlar akademiyasi akademigidir. Alik Kisatayev esa Sankt-Peterburg Atom energiyasi nazorati bo'lim boshlig'i. 1978 yili maktabni tamomlagan Dilbar Ahmedova Buxoro viloyati xotin-qizlar qo'mitasining raisi…” Kitobda nomlari qayd qilingan va qayd qilinmagan, havas qilsa arziydigan maktabning sobiq o'quvchilari — Denov farzandlari, Denov adabiy muhitiga aloqador davlat va ilm-fan arboblaridir.

Bugunga qadar Denov adabiy muhiti ta'siri sababli Hamid Badalov (1928-1995), Mengziyo Safarov (1938-1994), Abbos Malik (1938-2008), Chori Yoqubov (1940-2003) kabi o'nlab taniqli iste'dodlar yetishib chiqdi. Ulardan har biri o'zbek milliy adabiyoti va Denov adabiy muhiti tarixida tengi yo'q, betakror siymolardir.

Eng muhimi, bugungi Denov adabiy muhiti ham o'z o'rniga ega. Bugun Denovda yashab samarali ijod qilayotgan taniqli yozuvchi va shoirlardan Chorshanbi Dehnaviy, Hurram Rayimov, Ochil Arslon, Nasrullo, Xolbibi Ergasheva singari yetuk iqtidolarni butun mamlakatimizda yaxshi bilishadi. Ular bilan bir qatorda Sarvar To'rayev, Feruza To'rayeva, Shuhrat Azizov singari yosh ijodkorlarni alohida ta'kidlash mumkin.

Xushboq RAHIM,

falsafa fanlari nomzodi,

“Do'stlik” ordeni sohibi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

15 − 9 =