Aqchako'l ilhomlari qayta ko'z ochdi

Yangi ohanglar yangradi…

Bahorning murodbaxsh kunlaridan birida Elliginchi qal'ada ozod ovozlar jarangladi. Bu jarangdor ovozlar Aqchako'l qirg'oqlariga bosh urib qaytdi. To'qqiz yildan buyon mamlakatimizning barcha joyidan keladigan iqtidorli va iste'dodli yoshlarni kutaverib ko'zlari to'rt bo'lgan Aqchako'lning sog'inchlari ushaldi go'yo…

* To'qqiz yillik tanaffusdan so'ng “Aqchako'l ilhomlari”

 yana qaytadan tashkil etildi.

* Bo'stonda Abdulla Oripovning byusti ochildi.

* Dasht o'rnida hazrati inson mehnatidan BO'STON yuz ochdi.

* Yosh iqtidorlar kashf etildi.

So'lim Amudaryoning zilol suvlarida toblangan Ellikqal'adagi “Aqchako'l ilhomlari” tanlovi o'zgacha bir tarzda boshlandi va ko'ngillarni shod etdi.

Ellikqal'ani poytaxtdan kelgan bir guruh adiblar, rassomlar ash'orlari bilan yanada to'lqinlantirib yubordilar. Tashrif buyurgan yoshlarning o'zgacha ohanglari yuraklarni titratdi go'yo…

Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi tomonidan tashkillashtirilgan sahnalar, go'zal bir tadbirlar qalblarga rohat, ko'zlarga quvonch hadya etdi go'yo…

Oliy Majlis Senati a'zosi, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, Xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, taniqli shoirlar G'ayrat Majid, Farida Afro'z, Mahmud Toir, Rustam Musurmon va boshqa yana bir qancha so'z sohiblarining har bir chiqishi yurtdoshlarimizni to'lqinlantirib yubordi.

O'zbekiston Qahramoni, sevimli shoirimiz Abdulla Oripovning umr yo'ldoshi Hanifaxon ayaning hamda farzandi Shoiraxon Oripovaning so'zlari, tashriflari butun tanlov ishtirokchilarini mamnun etdi. Hanifaxon ayaning ustoz shoirimiz Abdulla Oripovga bag'ishlab yozgan she'ri, cheksiz sog'inch va ehtiromlar, go'zal nazm durdonalari ko'zlarimizni yoshlantirdi…

Ellikqal'ada tanlov kunida yangi ochilgan O'zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov byustini ko'rganimizda, ustoz qarshimizda gavdalangandek bo'ldi…

— Biz hamon Abdulla Oripovdan o'rganamiz, — dedi O'zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid ustozning byusti qoshida, — shu muqaddas ma'voda Ustozning izlari qolgan, Ustozning so'zlari qolgan, Ustozning betakror fikrlari, e'tirofu hikmatli nazmlari hamon jaranglayotgandek… Biz bu byustning o'rnatilishidan mamnunmiz. Ustozga bo'lgan hurmat va izzatdan xursandmiz. Ustozning takliflari va tashabbuslari bilan “Aqchako'l ilhomlari” respublika tanloviga tamal toshi qo'yilgan edi. Mana, oradan to'qqiz yil o'tib, Prezidentimiz ­Shavkat Mirziyoyevning adabiyotga, ma'naviyat va ma'rifatga e'tibori, g'amxo'rligi sababli yana ushbu tanlov — adabiyot va san'at bayrami qayta tiklandi. Bu diydorlashuvni mamlakatimizning ko'pchilik aholisi sog'inch bilan kutgan edi…

Matnazar Abdulhakimning “Ustozga ehtirom” she'riga qo'yilgan haykal qoshida boshimizni egdik. Nazarimda, shu lahzalarda muallimaning faryodi keladi uzoq-uzoqlardan. Muallima jonajon uyiga, oilasiga hamon shoshilayotgandek edi. Hamon go'dak farzandiga ko'krak tutish uchun chog'lanayotgandek… Ammo yirtqich changaliga tushgan muallimaning faryodi yuraklarni o'rtab yuboradi. Uning qonli ko'ylaklari ko'z oldimga kelgandek bo'ladi. Bu faryod hamon eshitilib turgandek… Bu faryod orasida daftar topshirmay qolgan 7 nafar o'quvchining ham faryodlari elas-elas quloqqa chalinadi… O'quvchilar boshlarini aybdorona egib: “Muallima opajon, bizni kechiring, biz agar yetti daftarni Sizga berganimizda, shu daftarlarni yoqib, uyingizga yetib borardingiz”, deyishadi faryod bilan…

Muallima esa xokisor bo'lib turibdi. Muztar bo'lib turibdi. Emizikli farzandining ona mehriga to'ymay qolganligidan iztirob chekib turibdi. Mehr va muhabbat bilan ADABIYoTni o'rganayotgan o'quvchilariga tayyorlagan saboqlarini berolmay qolganiga afsus chekib, nadomat bilan qarab turibdi…

Muallimaning poyiga qo'yilgan guldastalar buyuk USTOZga cheksiz hurmat hissini ifoda etdi. Muallima o'zining poyiga qo'yilgan guldastalarni ko'rib, sekingina jilmayib qo'ygandek bo'ladi, nazarimda. Yonidagi o'quvchining boshini silagandek tuyuladi. Jilmayishi barobarida “Men hammangizni yaxshi ko'raman” deyayotgandek tuyuladi. Hatto daftar topshirmay qolgan yetti nafar o'quvchini ham kechirgandek…

Tanlov ishtirokchilari bo'lgan nazm va nasr ixlosmandlari — Abdulla Oripovning shogirdlari, bugungi yoshlarning qalamidan to'kilgan durdonalar juda haroratli va betakror edi. Ularning jozibali satrlarida Yangi O'zbekiston yuz ochgandek, bor bo'y-basti bilan namoyon bo'lgandek… Ularning asarlarida yurtimizning mehnatkash, samimiy, oqko'ngil insonlari shu aziz tuproqni yanada gullatish ishqida halol mehnat qilishayotganligi ifoda etiladi. Bu insonlar o'zlari tug'ilib o'sgan joyni o'zlari dunyoga kelgan, kindik qoni tomgan tuproqni aziz bilishadi. Bu insonlar shoirlarning she'rlarida, adiblarining asarlarida yashashadi, san'atkorlarining ohanglarida yuz ochishadi… Yoshlarning satrlarida jaranglagan tuyg'ular sof, musaffo. Ularning intilishlari, tasavvurlari, ilhomlari go'zal. Yoshlarning Vatanga muhabbati o'zlarining qalbidan toshgan she'rlarida aks sado beradi…

O'zbekiston xalq rassomi Akmal Nurning tashrifi san'at ixlosmandlarini yanada xushnud etdi. Uning shogirdlari tanlov doirasida sehrli qalamlari vositasida manzaralarni betakror holda ifoda etishdi. Tasviriy san'at sohasining iqtidorli yoshlari yuraklaridagi oshuftaliklarni, yurtimizning go'zalligini qog'ozga muhrlashdi. Ona Vatanimizning, jonajon yurtimizning, aziz tuproqning hislarini, tuyg'ularini, o'tmishi va kelgusini tarannum etishdi. Bir-biridan go'zal manzaralar yaratishdi…

Elliginchi qal'ani yaratishda bosh-qosh bo'lgan, shu qum va dashtdan iborat bo'lgan zamin o'rnida jannatmakon bir bo'stonni yaratgan inson, Ellikqal'a tumani markazini BO'STON deb atagan olim Ne'matulla Xudoyberganovning qadamini butun bir yurt munosib baholadi, munosib izzat-hurmat ko'rsatishdi, munosib taqdirlashdi. Shoirlarning she'rlarida kuyga solindi bu zamin, rassomlarning asarlarida oddiy dasht o'rnida BO'STONni yaratgan inson mehnati tufayli dashtda GULISTON ko'z ochdi. Har bir qadamda bog' yaratgan, har bir qadamni yashillik dunyosiga aylantira olgan hokim, shoir, adib va olim deya olqishlanadigan Hazrati Insonning mehnatlari bugun tillarda doston bo'lmoqda, zahmatlari o'z mevasini ko'rsatmoqda… Dasht o'rnida gullar, bog'lar ko'zlarni quvontiradi. Yangidan-yangi binolar qad rostladi, so'lim bir maskanga aylandi Ellikqal'a!

Tanlov boshlanishida va yakunida ijro etilgan qo'shiqlar sahnalarni titratdi go'yo. Xuddi Otajon Xudoyshukurov, Bobomurod Hamdamov tirilib kelgandek bo'ldi…

Yoshlarning ovozlari betakror, jarangdor, tiniq va shirali… Tanlovda Abdulla Oriflar tug'ildi, Otajonlar qaytadan dunyoga keldi, Akmal Nurning izdoshlari namoyon bo'ldi. Ular bizning vorislarimiz, ular Yangi O'zbekistonning hur va ozod iqtidorli yoshlaridir!

Eng hayratlanarlisi, ko'ngillarni sel etgan qo'shiqlar ijrochisi Tamara Doshumovaning tashrifi bo'ldi. Qarsaklar qarsaklarga ulandi. Tamara opaning betakror ovozlari uzoq-uzoqlarga yetib bordi. Hatto Qizilqum va Qoraqum bag'ridagi barxanlarni bir silkitib, tebratib o'tgandek bo'ldi. Uning ohanglari Yonbosh qal'alarni, Tuproqqal'alarni eritdi, Bo'zatov etaklarigacha yetib bordi.

Ilmli, dunyoqarashi keng, kelajakka intiluvchan, Yangi O'zbekiston quruvchilari bo'lgan yoshlarning sohir ovozlari yangragan tanlovdan hamma xursand bo'ldi. Yangidan-yangi iqtidorlar kashf etildi. Ularga qimmatbaho sovg'alar va faxriy yorliqlar hadya qilindi.

Feruza TANGRIBERGANOVA.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 × three =