Hokim yoshlar taklifini qo'llab-quvvatladi
Bugungi kunda mamlakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida yoshlar masalasi davlat siyosati darajasiga ko'tarilgan bo'lib, ularning ta'lim olishi, huquqiy ongini oshirish, bandligini ta'minlash va tashabbuslarini qo'llab-quvvatlashga alohida e'tibor qaratilmoqda. Ana shunday amaliy ishlardan biri sifatida an'anaga aylangan payshanba — “Yoshlar kuni” doirasida Toshkent menejment va iqtisodiyot institutida talaba-yoshlar bilan ochiq muloqot tashkil etildi.
Ushbu uchrashuvda O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi o'rinbosari Shuhrat Polvonov, Yakkasaroy tuman hokimi Nilufar Allabergenova, tuman prokurori Bekzod Shamshiyev, institut rektori Hojiakbarxon Ahmedov, shuningdek, tuman hokimi o'rinbosarlari hamda mas'ul rahbarlar ishtirok etishdi.
Ochiq va samimiy ruhda o'tgan muloqot davomida yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, ularning fikr va tashabbuslarini rag'batlantirish, ta'lim sifati va bandlik masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Talabalar o'zlarini qiziqtirgan savollarga bevosita mutasaddilardan javob olish imkoniyatiga ega bo'ldi.
Uchrashuvning eng yorqin va esda qolarli jihati bu — yoshlar tomonidan bildirilgan tashabbus bo'ldi. Xususan, institut rahbariyati va talabalari tuman hokimiga ushbu uchrashuv samimiy ruhda o'tgani, institutga yana tashrif buyurishlarini so'rab, taklif bildirishdi. Bu taklifga Nilufar Allabergenova tomonidan darhol ijobiy munosabat bildirilib, “Sizlar taklif qilinglar, albatta, birga bunday uchrashuvlarning ko'pini o'tkazamiz!” deya ochiq va samimiy javob qaytarildi.
Uchrashuv rahbarlar va yoshlar o'rtasidagi ochiqlik, ishonch va yaqinlik muhiti tobora mustahkamlanayotganining amaliy ifodasi bo'ldi desak xato bo'lmaydi. Muhimi, bunday muloqotlar yoshlarning jamiyat hayotida faol ishtirok etishi, o'z fikrini erkin bildirishi va tashabbus ko'rsatishiga keng yo'l ochmoqda.
Tadbir ko'tarinki kayfiyatda yakunlanib, ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Eng muhimi, bu kabi uchrashuvlar “Yoshlar tashabbusi amalga oshadi” degan tamoyil hayotda o'z isbotini topayotganini yana bir bor ko'rsatdi.
Zero, Prezidentimiz tomonidan yoshlarga qaratilayotgan e'tibor — bu kelajakka qaratilgan mustahkam poydevordir.
Prezidentimizning “Yangi O'zbekiston strategiyasi” kitobida ta'lim va tarbiya haqida ham keng fikr yuritilib, jumladan, shunday deyiladi: “Oliy ta'lim tizimining vazifasi faqat talabalarga dars berishdan iborat emas. Universitet va institutlarimiz ilm-fan sohasida ham faol ishlashi, yoshlarni ilmiy ishlarga, katta-katta loyihalarga jalb etishi kerak.
Ta'lim sohasining yana bir eng asosiy vazifasi bugungi kun uchun zarur bo'lgan yangi avlodni, ilm-fan va o'z ixtisosligi asoslarini puxta egallagan, bilimli yoshlarni tarbiyalashdan iboratligi shubhasiz”.
Darhaqiqat, Yurtboshimizning yuqoridagi fikrlariga javoban, Toshkent menejment va iqtisodiyot institutida ham yoshlarning bugungi o'y-xayollari, qiziqishlari, intilishlari har tomonlama qo'llab-quvvatlanmoqda.
Sodirjon YaKUBOV,
Toshkent menejment va iqtisodiyot
instituti professori.
