Milliy kino rivoji uchun keng yo'l

Kino san'ati inson ongi va qalbiga kuchli ta'sir ko'rsata oluvchi beqiyos qudrat va imkoniyatlarga ega.

Mamlakatimiz kino san'ati bir asrdan ziyod tarixga ega bo'lib, o'ziga xos taraqqiyot yo'lini bosib o'tgan. Bu davr mobaynida o'zbek kinosining poydevori yaratilib, u xalqimizning madaniy-ma'naviy hayotida muhim o'rin egalladi.

Mustaqillik yillarida milliy kinematografiya rivojiga davlatimiz tomonidan qaratilayotgan katta e'tibor natijasida sohada muayyan yutuqlarga erishildi. Mazmun va shakl jihatidan rang-barang kinoasarlar yaratilib, ular tomoshabinlar e'tiborini qozondi.

Bugun kino sohasiga har qachongidan ham katta e'tibor berilmoqda. Boshqa sohalarda bo'lgani kabi o'zbek milliy kinosi rivoji uchun keng yo'l ochib berildi. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 avgustdagi “Milliy kinematografiyani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi va 2017 yil 9 avgustdagi “O'zbekiston ijodkorlarini qo'llab-quvvatlash “Ilhom” jamoat fondini tashkil etish to'g'risida”gi qarorlari ana shu g'amxo'rlikning amaliy isbotidir.

Xabaringiz bor, joriy yilning 16 may kuni muhtaram Prezidentimiz Toshkent shahridagi madaniyat va san'at sohasidagi yangi maskan va loyihalar, jumladan, O'zbekiston xalq artisti Botir Zokirov haykalining ochilish marosimida ishtirok etdi, so'ngra O'zbekis­ton davlat konservatoriyasi huzuridagi Botir Zokirov nomidagi milliy estrada instituti faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Shu kuni Prezidentimiz Kinochilar saroyini ham borib ko'rdi. Aytish joizki, ushbu maskan 2021 yil mukammal ta'mirlanib, sharoitlari yangilandi. Katta-kichik zallar, yozgi kinoteatr va xonalar zamonaviy jihozlandi. Bugun bu yerda jami 3 ming nafar tomoshabinni qabul qilish imkoni mavjud.

Davlatimiz rahbari dastlab O'zbekiston kino san'ati muzeyini ko'zdan kechirdi. Muzey 1972 yilda tashkil etilgan bo'lib, ilgari muzey-arxiv sifatida faoliyat yuritgan. Unda ellik mingdan ortiq tarixiy buyum, libos, rasm va kinotasmalar bor.

Endilikda muzey Kinochilar saroyiga ko'chirilib, ko'rgazmaga qo'yildi. Birinchi qavatdagi eksponatlar o'zbek kinosining tarixi va asoschilari, so'nggi yillardagi yutuqlariga bag'ishlangan. Ikkinchi qavatda tarixiy filmlardagi liboslar, atoqli kinoijodkorlar hayoti va faoliyati aks ettirilgan. Ahamiyatlisi, kino ko'rish istagida kelgan borki, shu tarix bilan tanishib o'tadi.

Davlatimiz rahbari shu yerda rejissyor va aktyorlar, kinoshunoslar, soha mutasaddilari bilan suhbatlashdi.

— So'nggi yillarda milliy kinomiz qayta “uyg'ondi”, desak to'g'ri bo'ladi. Yuqori saviyali, zamonaviy sifatli filmlar paydo bo'ldi. Buning uchun sizlarga minnatdorlik bildiraman. Shu bilan birga, kinematografiyani rivojlantirish uchun yana nimalar qilishimiz kerak, degan savol meni o'ylantiradi. Agar tariximizni dunyoga tarannum etmoqchi bo'lsak, xalqimizning milliy g'ururini ko'tarmoqchi bo'lsak, buni birinchi navbatda kino yordamida amalga oshirishimiz kerak, – dedi Davlatimiz rahbari.

Muloqotda Prezidentimiz tashabbusi bilan ishlab chiqilgan “Tirik tarix” turkumidagi filmlar loyihasi taqdimot qilindi.

Bu 2024-2030 yillarga mo'ljallangan strategik das­tur bo'lib, eng qadimgi o'tmishimizdan tortib, yaqin tariximizgacha bo'lgan juda katta davrni qamrab oladi. Yaratilajak filmlarning mavzusi keng va rang-barang.

Jumladan, miloddan avvalgi VI asrda yashagan milliy qahramonimiz Shiroq haqida, milliy davlatchiligimiz tarixida o'chmas iz qoldirgan Alp Er To'nga, Sohibqiron Amir Temur va temuriylar, shu paytgacha yetarli o'rganilmagan Shayboniylar, qoraqalpoq shoiri Ajiniyoz va boshqa mashhur adiblar haqida, buyuk allomalarimiz va milliy istiqlol kurashchilari to'g'risida hikoya qilinishi ko'zda tutilgan.

Loyihada chet ellik hamkorlar, xususan, Ispaniya, Germaniya, Vengriya, Rossiya, Belarus, Turkiya, Yaponiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Hindiston, Ozarbayjon, Qozog'iston, Turkmaniston, Tojikiston kabi davlatlarning kino san'ati ustalari ham ishtirok etishi rejalashtirilgan.

— Albatta, bu dastur va g'oyalarni amalga oshirish uchun ko'p moddiy imkoniyat talab etilishini, yuzlab iste'dodli mutaxassislar zarurligini ham barchamiz yaxshi bilamiz. Qanchalik qiyin bo'lmasin, biz tom ma'nodagi ulkan, tarixiy bu loyihaning moliyaviy masalalarini hal qilamiz. Nega deganda, ushbu das­tur shonli o'tmishimizni chuqur anglab, shu asosda kelajakka ishonch bilan dadil qadam qo'yishga, yoshlarni chinakam vatanparvar insonlar qilib tarbiya­lab, Uchinchi Renessansni barpo etishga katta turtki bo'ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

* * *

Davlatimiz rahbari bilan bo'lib o'tgan dildan suhbat kino sohasi vakillariga ilhom, ijod zavqini bag'ish­lagani shubhasiz. Bu jihatlar Kino saroyining qad rostlaganiga 60 yil to'lgani munosabati bilan o'tkazilgan “Yangi O'zbekiston kino san'atining ufqlari” forumida ham o'zining yaqqol ifodasini topdi. 

Anjuman avvalida kinoijodkorlar, mutaxassislar hamda mehmonlar kinosaroy binosida O'zbekiston kino san'ati muzeyidagi eksponatlar bilan tanishdi.

Forumda keyingi yillarda kinematografiya sohasiga qaratilayotgan yuksak e'tibor va rag'bat xususida batafsil so'z yuritildi. Buning natijasida o'zbek kinochilari tomonidan yaratilgan “Yakshanba”, “Ko'k choy”, “Ilhaq”, “O'zbek qizi”, “Faridaning ikki ming qo'shig'i”, “Abdulla Oripov”, “Meros”  va boshqa ko'plab filmlar xalqaro fes­tivallarda alohida e'tirof etilib, mukofotlarga sazovor bo'ldi.

Shuningdek, anjumanda Prezidentimizning kinoijodkorlar bilan samimiy uchrashuvi, mazkur muhtasham kinoteatr barpo etilganining 60 yilligi hamda unda tashkil etilgan “Yangi O'zbekiston – yangi kino san'ati” nomli ko'rgazma va undagi eksponatlar, kino tarixi haqida batafsil so'z yuritildi.

Forum davomida O'zbekiston xalq artisti Botir Zokirovning hayoti va ijodiga bag'ishlangan “Kuylamoq – yashamoq demak” nomli hujjatli filmning ilk katta premyerasi namoyish etildi. Mazkur hujjatli kartina ustoz san'atkorning mashaqqatli hayoti, ijod yo'lidagi iztirobli izlanishlari, jahon miqyosida tan olingan qo'shiqlari xususida atroflicha hikoya qilgani bilan ahamiyatli bo'ldi.

Forum yakunida Milliy kino san'ati saroyining 60 yilligi munosabati bilan Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi tomonidan barcha kinoijodkorlar va mutaxassislar uchun estrada yulduzlari ishtirokida gala-konsert tashkil etildi.

Islom ASILBEKOV.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 − 2 =