Jurnalist ayollarga uyushma sovg'alari topshirildi

O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tomonidan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishga bag'ishlangan davra suhbati tashkil etildi.

8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag'ishlab o'tkazilgan ushbu tadbirni Jurnalist ayollar kengashi raisi Feruza Odilova olib bordi. Davra suhbatda faol jurnalist ayollar, Uyushma mas'ullari va OAV vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.b. Xolmurod Salimov mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning jamiyatdagi o'rni, roli va nufuzini oshirishga alohida e'tibor qaratilayotgani, kuni kecha Davlatimiz rahbari qaroriga muvofiq, turli sohalarda erishgan alohida yutuqlari uchun bir guruh qizlar Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlangani, Uyushma tomonidan ommaviy axborot vositalarida faoliyat olib borayotgan jurnalist ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ijodiy salohiyatini namoyon qilishiga ko'maklashish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar xususida so'z yuritdi. Davra suhbati ishtirokchilari — faol jurnalist ayollarni Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan samimiy qutladi.

Davra suhbatida jurnalist opa-singillarimizning yozgan maqolalari, tayyorlangan teleko'rsatuv va radioeshittirishlarida nafaqat kasb mahorati, balki qalb qo'ri, ayollik nazokati ham yaqqol sezilib turishi, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligi keng ko'lamli islohotlar jarayonida har qachongidan muhimligi haqida fikr-mulohazalar bildirildi.

Muloqot jarayonida ayol jurnalistlar faoliyatida duch kelayotgan ayrim muammolarni hal etish, ularning huquqiy himoyasini kuchaytirish zarurligi yuzasidan “Postda” — “Na postu” gazetalari va “Qalqon” — “Щit” jurnallari birlashgan tahririyati bosh muharriri Bernora Sodiqova,  “O'zbekiston” telekanali “Perspektiv teleloyihalar, kino das­turlar va tezkor dublyaj” studiyasi katta muharriri Nilufar Umrzoqova, “Sevimli” telekanali “Zamon” informatsion dasturi muxbiri Mo''tabar Nurmuhammedova taklif va mulohazalarini bildirdilar.

Jumladan, jurnalistlarga huquqiy yordam ko'rsatish uchun “Ishonch telefoni” faoliyatini yo'lga qo'yish, “Faol jurnalist ayollar” klubini tashkil etish, faxriy jurnalist ayollarning tajribasidan samarali foydalanish, respublikamiz hududlari bo'ylab jurnalist ayollar uchun press-turlar o'tkazish bo'yicha takliflar o'rtaga tashlandi va muhokama qilindi.

— Jurnalistikaning noni qattiq, deyishadi. Bu jihatlarni har bir jurnalist o'zining kundalik faoliyati davomida his etadi, – dedi O'zbekiston Milliy axborot agentligining Siyosat va yangiliklar tahririyati madaniyat va ma'rifat bo'limi mudiri Nazokat Usmonova. —  Bugun O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi mamlakatimizning eng chekka va olis hududlarida ham soha xodimlari holidan xabar olishi, yoshlarga kasbiy mahorat sirlarini o'rgatishi yaxshi an'anaga aylandi. Bu yo'nalishdagi ezgu ishlar bardavom bo'lishini istaymiz.

Tadbir yakunida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni, bunyodkorlik ishlarini, jamiyat hayotida ro'y berayotgan yangilanishlarni ommaviy axborot vositalarida yoritishda faollik ko'rsatib, keng jamoatchilik e'tirofiga sazovor bo'lgan bir guruh jurnalist ayollarga O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasining sovg'alari topshirildi.

— Bugun O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi qoshidagi Jurnalist ayollar kengashi tomonidan tashkil etilgan davra suhbatida qatnashdik. Muhim masalalar yuzasidan o'zaro fikr almashdik, – deydi  taniqli jurnalist Nilufar Umirzoqova. — Bayram arafasida  bizga Uyushmaning sovg'alari taqdim etildi. Bundan juda mamnunmiz, minnatdorlik bildiramiz. Mana shu fursatdan foydalanib, mamlakatimizdagi barcha ayollar, jurnalist ayollarni bayram bilan tabriklaymiz. Ishtiyoqingiz hech qachon so'nmasin!

O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Axborot xizmati.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

thirteen + 6 =