Yoshlar hunarli bo'lsa…
Davlatimiz rahbarining 2023 yil 11 sentyabr kuni qabul qilingan “O'zbekiston — 2030” strategiyasi to'g'risida”gi Farmonida 2030 yilgacha bo'lgan davrda birinchi ustuvor yo'nalish sifatida aynan ta'lim sohasini, inson kapitalini rivojlantirishga jiddiy e'tibor qaratilgani bejiz emas.
Zero, har qanday jamiyatning ertangi kun istiqbolini belgilashda bugun unib-o'sib, katta hayotga kirib kelayotgan yangi avlod vakillarining bilimi, keng dunyoqarashi, kasb-hunar egasi bo'lishi hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi ayni haqiqatdir.
Ayni paytda Farg'ona viloyati oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi tizimida 76 ta professional ta'lim muassasalari (32 ta kasb-hunar maktabi, 17 ta kollej va 27 ta texnikum) faoliyat ko'rsatmoqda. Ta'lim muassasalarida 51 mingdan ziyod o'quvchiga 3,5 ming o'qituvchi va ishlab chiqarish ta'limi ustalari 171 ta kasb-hunar bo'yicha saboq beradi.
2023-2024 o'quv yilida viloyatda 15,6 mingdan ortiq maktab bitiruvchilari 32 ta kasb-hunar maktabiga 41 ta kasb yo'nalishi bo'yicha qabul qilindi. Bu yil esa 25 ming nafardan ko'proq maktab bitiruvchilarini professional ta'lim muassasalariga qabul qilish rejalashtirilmoqda.
Bu yilgi bitiruvchilarni munosib ish o'rni bilan ta'minlash maqsadida viloyatdagi 8812 ta ish beruvchi korxona va tashkilotlar bilan ishlab chiqarish hamda diplom oldi amaliyotlarini o'tash bo'yicha shartnomalar imzolangan.
— Bugungi kunda 760 nafardan ortiq o'quvchilarimiz talab va ehtiyoj yuqori bo'lgan 5 ta zamonaviy kasblar bo'yicha raqobatbardosh mutaxassislar sifatida tayyorlanmoqda, — dedi Furqat kasb-hunar maktabi direktori Shahzoda Abdullayeva. — Shuningdek, dual ta'lim tizimi asosida ham o'qitish yo'lga qo'yilgan. IT, xorijiy tillar va sport yo'nalishida ham to'garaklar samarali faoliyat ko'rsatib kelmoqda.
Ta'lim dargohining 10 sotix yer maydonida issiqxona tashkil etilgan bo'lib, bu o'quvchilarning nazariy bilimlarini amaliyotda mustahkamlab borish imkonini berayotir. O'z navbatida ko'chatchilik tarmog'i yana bir qo'shimcha daromad manbaidir. Birgina o'tgan yilning o'zida maktab hovlisida tashkil etilgan uzumzor bog'dan 20 million so'mdan ortiq daromad olindi.
Aytish joiz, viloyatdagi 34 ta professional ta'lim muassasalarida 132 ta kasb bo'yicha (qurilish, hunarmandchilik, yengil sanoat, axborot texnologiyalari, maishiy xizmat ko'rsatish va servis yo'nalishlarida) tashkil etilgan qayta kasb-hunarga o'qitish bo'yicha qisqa muddatli kurslarda o'tgan yil davomida 6500 nafar ishsiz aholi, xususan, yoshlar va uy bekalari o'qitildi. 2024 yilda esa viloyat miqyosida 7 ming nafardan ziyod bandligi ta'minlanmagan yoshlar hamda xotin-qizlarni qayta kasbga o'qitish kurslariga jalb qilish rejalashtirilgan.
Zero, Prezidentimiz bugungi kunda har bir yoshning kasb-hunar maktablari, ta'lim o'choqlarini hech bo'lmasa bir-ikkita kasb egasi bo'lib o'qishni bitirib chiqishi zarurligini vazifa qilib qo'ymoqda. Bu juda to'g'ri va juda muhim. Chunki yoshlar qaysi kasbni tanlamasin hunarli bo'lishsa, ertaga bunday o'zlari ham, butun jamiyat ham yutuqqa erishgan bo'ladi.
Sherzod QORABOYEV,
“Hurriyat” muxbiri.