Mehnat qadr topganda…
Har bir insonning o'ziga yarasha ilmi, salohiyati, dunyoqarashi bo'ladi. Biroq xayolot olami sarhad bilmas cheksizdir. Shu sababdan inson biror ijod mahsulini yaratishda o'ziga xos yondashib, yangilik yaratishga urinadi. Yurtimizda so'nggi yillarda imkoniyati cheklangan fuqarolarga oddiy rassomchilik, hunarmandchilik bilan shug'ullanadimi, barcha qulay sharoitlarni yaratib berish, ularni har jihatdan qo'llab-quvvatlash davlat va jamiyatning asosiy vazifasiga aylandi.
Bu borada Prezidentimizning 2021 yil 21 dekabrdagi “Nogironligi bo'lgan shaxslarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, ularning bandligiga ko'maklashish hamda ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qaroridan kelib chiqib, Sirdaryo viloyati hokimi Akmaljon Mahmudaliyevning 2023 yil 30 noyabrdan 30 dekabrgacha “Mehr-muruvvat oyligi” o'tkazilishi to'g'risida farmoyishi chiqarildi. Bu esa nogironligi bo'lgan, imkoniyati cheklangan fuqarolarga yanada ko'tarinkilik, ularning ham jamiyatda o'z o'rni borligini e'tirof etishga yana bir turtki bo'ladi.
Shundan kelib chiqib, maxsus maktablar tarbiyalanuvchilarining ijod namunalari viloyat “Yoshlar markazi”da tashkil etilgan “Inklyuziv auksion”da namoyish qilindi va sotuvga qo'yildi. 350 ga yaqin san'at asarlari, uy-ro'zg'orda foydalaniladigan buyumlar, taqinchoqlar, sovg'alar ko'rgan kishini hayratlantiradi, zavqini oshiradi. E'tiborli jihati shundaki, imkoniyati cheklan(ma)gan o'g'il-qizlarning qo'llari bilan yaratilgan san'at asarlari, kompozitsiyalar qoldiq materiallardan, oddiy buyumlardan yaratilgan. Bundan tashqari, viloyat rahbarlari, nuroniylar, keng jamoatchilikning ishtiroki tadbirning yuqori saviyada o'tishiga zamin yaratdi.
Ta'kidlab o'tish joizki, Komila Karimova, Oxunjon Olloberdiyev, Sevinch Abdullayeva, Davlatjon Axriddinov, Fotima Karimova, Aziz Mamaraimovlarning ijodiga mansub san'at asarlari auksion ishtirokchilarida katta qiziqish uyg'otdi. Shu bois suvenirlar, tasviriy san'at mahsuli — kompozitsiyalar va boshqa asarlar boshlang'ich baholaridan ancha yuqori narxlarda sotildi. Xususan, Oxunjon Olloberdiyevning boshlang'ich bahosi to'rt yuz ming so'm bo'lgan “Elkanli kema” suveniri uch million so'mga, Sevinch Abdullayevaning boshlang'ich bahosi bir million sakkiz yuz ming so'm bo'lgan oltita rasmlar kompozitsiyasi besh million so'mga sotilganligi bejizga emas.
Sarflagan vaqtlari, mehnatlari zoe ketmaganligi, qolaversa, ko'rgazmali namoyish orqali san'at namunalari auksion savdolariga qo'yilishi yosh ijodkorlarga yanada ko'proq rag'bat beradi. Nuqsonlari borligi bois ularning o'zini boshqalar oldida aybdordek his qilishga emas, aksincha, o'z ustida ko'proq ishlab, yangi-yangi ijod namunalarini yaratib, xalqimizga tuhfa etib hayratlantirishga, mo''jizalar olamiga yetaklashga undaydi.
Bahrom BOYMURODOV.