So'x — Yangi O'zbekistonning bir bo'lagi
Kuni kecha So'x tumanining Istiqlol mahallasi hududida Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan barpo etilgan bolalar sog'lomlashtirish oromgohi tantanali tarzda foydalanishga topshirildi.
Bolalar oromgohining ochilish marosimi katta tantanaga, aytish joiz bo'lsa, do'stlik, shukronalik, yaxshi qo'shnichilik bayramiga aylanib ketdi.
Tadbirda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, O'zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o'rinbosari Akmal Saidov, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov, Oliy Majlis Senati a'zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, vazirlik va idoralar mas'ullari, Tojikiston mustaqil kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Maliksho Ne'matzoda boshchiligidagi Tojikiston delegatsiyasi, Qirg'izistonning Batken va Qadamjoy tumanlari hokimlari, keng jamoatchilik vakillari, ziyolilar, elimiz ardog'idagi ustoz va murabbiylar, taniqli ijodkor va san'atkorlar, nuroniylar va mahalla faollari, ota-onalar hamda bolajonlar ishtirok etdilar.
Qariyb 5 gektar maydonda barpo etilgan oromgoh 200 o'ringa mo'ljallangan bo'lib, yozgi mavsum mobaynida 5 smenada jami 1000 nafar o'g'il-qizlarning miriqib hordiq olishlari, sog'lomlashtirishlari rejalashtirilgan. Bu maskanda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari uchun 29 milliard so'mdan ziyod mablag' yo'naltirilgan. Ta'kidlash kerakki, mazkur oromgoh Davlatimiz rahbarining tegishli qarori hamda uning ijrosi natijasida amalga oshirildi.
Tadbirda so'z olganlar ushbu muhtasham va zamonaviy ko'rinishda bunyod etilgan inshoot – So'x bolalar sog'lomlashtirish oromgohi Yurtboshimiz tashabbusi va e'tiborlari natijasi ekanligi, Davlatimiz rahbarining o'z xalqiga, xususan, so'xliklarga bo'lgan qaynoq mehri va g'amxo'rligining yorqin ifodasi ekanini ta'kidlashdi. Bugungi kunda mamlakatimizda Prezidentimiz boshchiligida jamiyat hayotining har bir sohasida amalga oshirilayotgan islohot va yangilanishlarning, eng avvalo, inson manfaatlarini ta'minlashga qaratilganligini alohida qayd etib, bu jarayonda ko'hna tarixga ega So'xning yangi O'zbekistonning bir bo'lagi sifatida chin ma'noda yangilanayotganiga e'tibor qaratdilar.
Bayram tadbiri O'zbekiston va Tojikistonning taniqli san'atkorlari ishtirokidagi kuy-qo'shiqlar, yig'ilganlarning raqslari bilan davom etdi.
Shuningdek, tantanali tadbir viloyatning anklav hududlari – So'x tumanidagi 27 ta mahalla, Farg'ona tumanidagi “Shohimardon” va “Yordon” mahallalari hamda Rishton tumanining “Cho'ng'ara” mahallasidagi mas'ullar o'rtasida tashkil etilgan “Eng yaxshi mahalla raisi”, “Eng yaxshi sektor rahbari”, “Eng yaxshi xotin-qizlar faoli”, “Eng yaxshi yoshlar yetakchisi”, “Eng yaxshi hokim yordamchisi” tanlovlari g'oliblarini taqdirlash marosimiga ulanib ketdi. G'oliblarga diplom va pul mukofotlari, 1-o'rin sohiblariga avtomobil kalitlari topshirildi.
Quvonchli tadbir yorqin tomosha – so'xliklarning jo'shqin va xurram kayfiyatini yanada orttirgan mushakbozlik bilan yakunlandi.
Sherzod QORABOYEV,
“Hurriyat” muxbiri