Milliy vijdon yo'li, ruhi, madadi

Jurnalistikada shunday holatlar borki, ayniqsa, sohadan yiroq e'tiroz etuvchilarga batafsilroq tushuntirilsa, foydadan xoli bo'lmaydi. Ulardan biri — “Jurnalist o'ziga daxldor bo'lmagan muammoga aralashmasin!” degan iddao yuzaki qaragandagina asosliday tuyuladi. Birinchidan, jurnalist o'zi a'zosi, vakili bo'lgan jamiyatdagi har qanday muammoga daxldor kasb sohibi hisoblanadi. Bamisoli jamiyatning barcha qon tomiri uning qon hujayralariga ulangan deyavering! Ikkinchidan, jurnalistlik kasb-korining tabiati shunday: u eng faol, eng haqparvar, eng kuyunchak, ziyrak va hushyor inson sifatida xalq va jamiyat qozonida yashaydi va qaynaydi. Ushbu qozonda zig'ircha kemtiklik ko'rdimi, u qarab turmaydi: olovni yo ko'taradi, yo pasaytiradi, yo o'chiradi.

Jurnalistlarni tirnoq orasidan kir izlovchiga chiqaruvchilar bor. Shaxsan men bu piching-kinoyani inkor etmayman, zero jurnalist tushungan-tushunmagan “do'stlari” tomonidan qancha ta'na-malomatga qolmasin, qarshilikka uchramasin, jamiyat tish-tirnog'iga qadar toza, ozoda va pokiza bo'lishi orzusida ijod qiladi, izlanadi, yelib-yuguradi, hayotini baxshida qiladi.

Qarang, salkam qirq yil muqaddam, sho'roning paymonasi to'lib borayotgan, butun respublikada yakkayu yagona jurnalistika fakulteti (ToshDU tarkibida) faoliyat yuritib turgan bir zamonda ushbu ilm dargohi farzandlari, ya'ni talabalari yig'ilishib olsa-da… fakultetda o'quv ishlarining qoniqarsizligini dasturxon qila ketsa! Darslik bormi, dars jadvali bormi, o'qitish uslubi bormi, domlalarning layoqatsizligi bormi, aytilmagan gap qolmadi hisob!

Muhokama ishtirokchilaridan biri kutilmagan muammoni o'rtaga tashladi: nima emish, talabalar ne hasratda yozib-chizib, bezatib chiqargan va devorga ilgan gazetalarni fakultet rahbariyati tomonidan paydar-pay olib tashlash, yo'qotish odat tusiga kiribdi! Shogirdlar gazeta iladi, ustozlar olib tashlaydi: ana, sizga sof milliy hangoma! Sababi…

Sababini qo'ya turaylik, ushbu masalani ko'ndalang qo'ygan talaba — maqolamiz qahramoni, hozirda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti professori, fan doktori, keng jamoatchiligimiz orasida taniqli va hurmatli Halim Sayid edi!

* * *

Halimjon o'sha talabalik kezlarida inson huquqlarini himoya etuvchi bir-biridan zalvorli milliy va xalqaro qonun-qoidalarni nechog'liq o'zlashtirgani menga qorong'i, albatta, ammo-lekin “fikr va so'z erkinligi” deya atalguvchi eng ilohiy, eng tabiiy va eng insoniy tuyg'uning mavjudligini, bu tuyg'uga monelik ko'rsatish g'ayriinsoniy, g'ayrihuquqiy, g'ayrimadaniy, g'ayrima'rifiy va g'ayriaxloqiy xatti-harakat ekanini qalban his qilgani yaqqol ko'zga tashlanib turgandi. Biz olamshumul muammolarni qatorlashtirib, o'quvchi yo tinglovchini global va globallashuv degan mavhumlikning u yog'idan olib kirib, bu yog'idan olib chiqishga odatlanib qolmoqdamiz. Mayli, buning ham o'rni yo'q emas, ammo!.. Gap devoriy gazetadagi fikr, mulohaza, tanqid, tadqiq, tahlil, taklif, istak va hokazoga toqat qilish haqida, gapiruvchining og'ziga, yozuvchining qo'liga urish bilan ish bitmasligi, muammo yo'qolib qolmasligi haqida bormoqda! Fikr, so'z ardoqli va mo''jizalarga boy xilqat ekani nazarda tutilmoqda.

Tilga olingan o'sha mashvarat ishtirokchilarining aksariyati bugungi adabiy, ma'rifiy, ijodiy jamoatchiligimiz orasida e'zoz-e'tibordaligidan faxrlanasan, g'urur tuyasan kishi!

Qayta qurish, oshkoralik muhiti tarbiyalagan, hayotga oq yo'l bergan avlod vakillari edilar ular!

* * *

Shaxs va shaxsiyatning shakllanishida sabab va oqibatlarning sanog'i yo'q. Halimjonning Abdulloxon Abdulvohid o'g'li ismli bobosi bog'bonu dehqonchilikdan qo'li bo'shagan paytlar kitob ta'mirlash bilan mashg'ul edi. Yirtilgan-netgan, varaqlari to'zib ketgan kitoblarni aylanib-o'rgilib, ularga qayta jon bag'ishlashning savobini ayting! Halim Sayid inson sifatida savob-odam, ya'ni ma'rifatli, ziyoli boboning puxta e'tiqodi va albatta, savobli amallaridan bunyod bo'lgan tirik savob! Bunday bo'lmasa, nafaqat Toyloq tumani Shopo'lat qishlog'ining oddiy va odmi odamlari, balki bu yog'i Qashqadaryo-yu Buxorodan kitob ishqibozlari ta'mirlash uchun tashlab ketgan, vaqtincha yerto'lada saqlanayotgan eski-tuski kitoblarni varaqlamay, hijjalamay, tengqurlariga qo'shilib ko'cha changitib o'ynamasmidi? Abdulloxon boboning xonaki muallimligida arabiy harfni tanigani, “Muallimi soniy”, “Haftiyak”, “Chorkitob”ni xatm qilgach, yerto'laga biqinib olib, “Ko'zgu”, “Mir'ot”, “Zerkalo” otliq bir nashrni soatlab varaqlab o'tirishi, “Oyina” jurnalining muharriri Mahmudxo'ja Behbudiy degan zot mukarram inson ekaniga qiziqishi, nima, hayotning biz aqlimiz yetmas sinoatimi, sinovimi, taqdiri azalmi?

Abdulloxon bobodan qolgan ma'naviy meros maktab muallimi Amonilloxon ota va shafqat hamshirasi Santalatxon ona oilasida davom etgani va bu sog'lom muhit farzandlar tarbiyasida chandon qutlug' ahamiyat kasb etgani-chi? O'sha ikki avloddan meros qutlug' va munavvar udumu an'analar Halim Sayid va hassos olima Nilufarxon Namozova oilasida — uchinchi avlod ziyolilari tutumida ham in'ikosini topayotgan bo'lsa-chi?

* * *

Oilaviy muhitda olingan inja tarbiya qay manzillar sari yetaklashini hali o'quvchi, hali talaba maqomidagi Halim Sayid bilmasa bilmagandir, keyinchalik u kitoblaridan birida iqtibos sifatida keltirgan Ziyo Ko'kalpning “Har narsadan oldin, kerak bo'lsa, mamlakatimizda, boshqa islom o'lkalarida doimiy milliy vijdonni uyg'ontirishga va quvvatlantirishga kirishish kerak. Chunki har qanday taraqqiyotning manbai milliy vijdon bo'lgani kabi milliy mustaqillikning tug'iladigan joyi ham, tayanchi ham ana shudir”, degan oltinga teng gaplarini hali o'qimagan, anglab yetmagan esa-da, “milliy vijdon” deya atalmish yo'lni insoniy vijdon, ma'naviy vijdon, ma'rifiy vijdon… ilmiy-intellektual vijdonga uyqash holda o'z hayotining, faoliyatining, insoniylik a'molining shoh ko'chasi etib belgilab olgan edi!

Milliy vijdon uchun millatning sog'lomligi, farovonligi, g'urur-iftixori, nomusu orini saqlashdan-da ulug'roq maqsad-maslak yo'q. Jurnalistni esa jamiyatning tabibi deyishadi. Shunday ekan, jurnalistikadan ulug'roq kasb-kor ham yo'q. Nihoyatda gullab-yashnab ketgan jamiyat ham hamisha bunday tabib ko'magiga muhtoj. Jurnalistning dunyoviy fanlardan xabardorligi, bilimi, yangilikka intilishi bilan bir vaqtda, asosiysi, yozishga malakasi bo'lmog'i kerak. Amriqoda har bir dorilfunun o'ziga yarasha alohida madaniy markaz hisoblanadi, kerak bo'lsa, har bir ziyoli, ma'rifatli inson, chunonchi, o'z shaxsi, ma'naviyati shakllangan fidoyi jurnalist o'zicha madaniy markazdir! “Xulosam shuki, kech bo'lsa-da, jadidchilik oqimi, ularning vakillari merosini bilishimiz, ularning o'gitlari, foydali tajribalarini ijodimizga, hayotimizga tatbiq etishimiz shart!”

Halim Sayid shular singari o'z hayotiy dasturlaridan ayrim bandlarni matbuotda e'lon qilganida sho'rolar saltanati, har qalay, tarix sahnini to'la bo'shatib qo'ymagan edi!..

* * *

Halimjon Vatanimiz mustaqilligini dastavval publitsist sifatida qarshi oldi. Turfa va dolzarb mavzularga qo'l urdi. Suhbatlar uyushtirdi. Yozarmanlarning, ularga qo'shilib o'qirmanlarning ham kuni tuqqan edi-da, o'ziyam!..

Milliy matbuotimizga mutlaqo yangicha, beg'ubor, samimiy nafas olib kirgan “Oila va jamiyat” gazetasida bosh muharrir o'rinbosari vazifasida ishladi. So'ngroq “Ma'rifat” gazetasi uning bosh muharrirligida milliy bosma nashrlar yetakchilaridan biriga aylandi.

Hozir bir qator qalami va ijodi puxta hamkasblarimiz Halim Sayid rahbarligidagi “Ma'rifat” maktabida saboq olganlari bilan faxrlanadi. O'sha davr “Ma'rifat”ining salmog'i ortdi, chunonchi, ko'p sahifali gazeta maqomiga ko'tarildi, mualliflar doirasi kengaydi, maktab — jamiyat hayotining negizi, poydevori, degan aqidaning qaror topishi yo'lida beminnat va astoydil izlandi, mehnat qildi, ravnaq topdi. Adolat yuzasidan eslashga burchlimizki, xalq ta'limi vaziri Jo'ra Yo'ldoshev chinakam ma'noda o'z sohasining fidoyisi, bilimdoni edi. Domla vazirlik tizimidagi barcha bo'g'inlar, jumladan, tahririyat, matbuot ishlarini zamonaviy talablar darajasiga ko'tardi. Halim Sayid tashabbusi bilan tahririyat qoshida tashkil etilgan “Mahorat maktabi”dan o'nlab ijodkorlar uchirma bo'ldi. Alohida ta'kidlamoq darkorki, mazkur maktab mudarrisligiga Saydi Umirov, Mahmud Sa'diy kabi zabardast ustozlar faol jalb etildi.

* * *

Halimjon talabalik yillarini yodga olar ekan, “Biz jamiyatning tanazzulga yuz tutganini ilk bor Tog'ayev ma'ruzalaridan anglagandik”, deb yozadi. E'tibor beraylik: qisqa bir jumlada talabalik darsi, domla Ochil Tog'ayev shaxsi, ma'ruza ko'lami, jamiyatning ahvoli qamrab olinmoqda. Sohaga, haqiqatga, soha fidoyilariga bo'lgan bu tarzdagi ibratga loyiq hurmat va ehtirom, ziyraklik va fidoyilik Halimjonning ustozlarga va safdoshlarga bo'lgan sadoqati timsoliga aylandi. Ibrohim G'afurov, Najmiddin Komilov, Saydi Umirov, Boybo'ta Do'stqorayev, Mahmud Sa'diy, Qulman Ochilov, Gulandom Boqiyeva singari hurmatga sazovor ustozlar bilan hamkorlik xotiralari alohida kitoblarga jo bo'ladi.

* * *

Halim Sayid uchun hayotiy maqsad-maslak, ilmiy-ijodiy yo'l tarhini Behbudiy hazrat chizib bergan ekan, bu chizgiga sadoqat bobida shogird ustoz o'gitlaridan bir baxya-da chekinmadi. Hayoti uvol ketgan ustozning ma'naviy merosi uvol bo'lmasligi yo'lida sa'y-harakat ko'rsatdi, tinim bilmadi. Muharrir bo'ldi, muallimlik qildi, gazetachilikni o'rniga qo'ydi, maqolalar, kitoblar yozdi. Olimlik martabasiga erishdi.

Jadidchilik harakatini, bu harakatni o'rganishga hayotini, iste'dodini baxsh etgan ustozlar ilmiy-adabiy merosiga suyandi. Ozod Sharafiddinov, Naim Karimov, Ibrohim G'afurov, Begali Qosimov, Solih Qosimov, Sherali Turdiyev, Boybo'ta Do'stqorayev, Sirojiddin Ahmad izlanishlarini nihoyatda puxta o'rgandi. Nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli yoqladi.

Ulug' ma'rifatparvar Mahmudxo'ja Behbudiy tavalludining 150 yilligiga bag'ishlab chop etilgan “Turkiston dahosi” monografiyasi bilan olim uzoq yillik izlanishlari yo'lidagi navbatdagi marrani zabt etdi. Halim Sayid nomi hozirgina yodga olingan billur ro'yxatdan haqli ravishda o'rin oldi.

Ilm-fanning ajralmas mo''jizalaridan biri shundaki, har qanday mavzu-muammo qanchalar chuqur va atroflicha o'rganilmasin, tadqiqot tadqiqotga, izlanish izlanishga yo'l ochib boraveradi. Shu ma'noda “Turkiston dahosi”ning “O'qib-o'rganish hech qachon kun tartibidan tushmaydi — ahamiyatini yo'qotmaydi” degan so'zlar bilan tugallanishi ko'ngilga tugilgan rejalarning bepoyonligidan, ko'lami va miqyosidan dalolat beradi.

* * *

Paradoksni qarangki, jamiyatdagi muammolarga ko'z-quloq bo'lish missiyasini zimmasiga olgan jurnalistika o'z “tomorqa”si tashvishlariga ko'milib qolmoqda. Afsuski, muammolar kamayishi o'rniga yil sayin urchimoqda, ba'zan gazak olmoqda. Matbuotimiz sahifalarida ko'rinib qolayotgan fikr-mulohazalar, bahs-munozaralar orasida qimmatli tavsiyalar, takliflar nechog'liq ko'p bo'lsa, shuncha yaxshi, albatta. Yana shunisi ham ma'lumki, axborot va matbuot dunyosida kuzatilayotgan muammolar umumbashariy ko'lamda kechmoqda, mutaxassisu mutasaddilarni umumbashariy miqyoslarda bosh qotirishga undamoqda.

Sirasini aytganda, hozir kuzatilayotgan ahvol ayrim xorijiy manbalarda o'tgan asrning ikkinchi yarmidan boshlab tilga olingan, muhokamaga tortilgan. Xususan, fundamental tadqiqotlarda ilgari surilgan xilma-xil bashoratlar, farazlar, nuqtai nazarlar maroq bilan o'qiladi. Yashirishning hojati yo'q, milliy jurnalistika fanimizda mutaxassislarimiz oldida turgan bu kabi vazifalar tog'-tog' bo'lib bo'y cho'zib bormoqda. So'z, fikr va axborot erkinligi bo'ladimi, axborot maydonidagi yangilanishlaru media olamidagi qorishiq jarayonlar bo'ladimi, ommaviy kommunikatsiya — ommaviy muloqot jin ko'chalarimi, ommaviy axborot vositalarining xalq va jamiyat hayotidagi o'rni bilan bog'liq konvergensiya jarayonlaridan so'z ochiladimi, xullas, sohaga doir nimaiki masala-muammoga duch kelsak, yechimni-chorani… xorijdan izlaymiz, xorij mutaxassislariga ko'z tikamiz, onasini sog'ingan go'dak holida termilib o'tiramiz!

Xo'sh, nima qilmoq kerak?

Nazariy jihatdan puxta fundamental tadqiqotlar zarur! Mustaqil davlat, mustaqil milliy axborot maydoni, mustaqil matbuot, mustaqil jurnalistika, son jihatidan ko'payib borayotgan jurnalistika fakultetlari va albatta, O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida shakllangan ilmiy salohiyat sohamizga doir har qanday muammoning eng zamonaviy yechimlarini topishga, ishlab chiqishga va albatta, amaliyotga tatbiq etishga qurbi, imkoniyati yetadi!

Halim Sayidning “Matbuot — milliy manfaatlar himoyachisi” nomli ixchamgina risolasida (“Ma'naviyat” nashriyoti, 2008 yil) bu borada zalvorli mulohazalar bor. “Modomiki, — deb o'qiymiz risolada, — dunyodagi har qaysi mustaqil davlatning o'z milliy manfaati bor ekan va uning jurnalistikasi ana shu manfaatlarni xalqaro axborot maydonida himoya qilish uchun kurashar ekan, tabiiyki, o'zbek jurnalistikasi ham ana shunday yuksak burch va mas'uliyatdan xoli emas”.

Gap nima haqda bormoqda? Bu o'rinda mustaqil axboriy jamiyat matbuot nazariyasi yaratilishining ahamiyati nazarda tutilmoqda. Darhaqiqat, Halim Sayidning filologiya fanlari doktori ilmiy darajasini olish uchun yozgan dissertatsiyasi aynan monografik xarakterda ekani va jurnalistika ilmi, konsepsiyasi va amaliyotiga daxldor har jihatdan MUSTAQIL munosabat asoslarini ishlab chiqishga qaratilgani bilan qimmatlidir. Shuni ham ta'kidlash joizki, bu kabi mulohazalar zinhor milliy mahdudlikka chorlov sifatida talqin qilinmasligi kerak, qolaversa, axborot bilan bog'liq hech bir muammo endilikda alohida olingan davlat chegarasi hududida hal bo'lmasligi hech kimga sir emas, yangilik ham emas. Halim Sayid ham xalqaro jurnalistika prinsiplariga nisbatan hurmatni saqlagan, ya'ni ilmiy odob talablariga rioya etgan holda, mavjud xalqaro “nazariyalarni o'zaro qiyoslab o'rganishimiz o'z yo'limizni topishimizga yordam beradi” demoqda. Katta maqsadlarga vazminlik, bosiqlik va butkul ilmiy yondashuv darkorligini ta'kidlamoqda.

Jo'n taklif tashlanayotgani yo'q o'rtaga. Zotan, ulug' maqsadlarga qaratilgan har qanday sa'y-harakat zamirida, markazida oqilona milliy manfaat mezonlari qad rostlab turmog'i zarur. Maqolamiz avvalida tilga olingan vasiyat maqomidagi milliy vijdon ruhini saqlash, asrash, muttasil ilg'or zamonaviy takomilga yetkazish maslagiga xizmat qilish bizlarga ham qarz, ham farzdir.

Xurshid DO'STMUHAMMAD.

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

17 + seven =