Ruhiyat oftobi

Buzilgan uy

Shahar mahallalarining biridan o'tayotib, buzilgan uyga ko'zimiz tushdi. Hovli devorlari yo'q, eski imoratning old tomoni qulab tushgan, xona tokchalarida eski guldon, sarg'ayib ketgan gazeta va kitoblar sochilib yotardi.

— E-e-e, anavi tomondagi kitoblarni qarang, kitoblarni! — dedi hamrohim qulab yotgan paxsa devorlar orasini ko'rsatib. Birovning buzilgan uyi bo'lsa ham, qulagan paxsalar orasida go'yo norasida go'dak siqilib qolgandek, o'sha tomonga yugurdik.

Qarasak, paxsa uyumlari orasida juda ko'p kitob taxlanib yotgan ekan. Bir-ikkitasining avaylab changini qoqib, ko'z yugurtirdim. O'tgan asrning 50-60-yillarida chop qilingan badiiy adabiyotlar, taniqli o'zbek, tojik adiblarining asarlari ekan.

— Xonadon egalari nega kitoblarni bu qadar xor qilib tashlab ketishdiykin? — bu javobsiz savolni o'zim o'zimga berdim.

— Hozir hech kimga kitob kerak emas, hamma tadbirkor bo'lib ketgan, — dedi hamrohim. — Bu xarobaxonada kitoblarning xor bo'lib yotishi uvol, xo'p desangiz, hammasini yig'ishtirib olib ketaylik…

Men-ku, kitoblarni jon deb olib ketmoqchiman, lekin birovning uyi, birovning mulki, boz ustiga, bizni ko'rgan qo'shnilar nima deb o'ylaydi?

— Yaxshisi, qo'ni-qo'shnidan surishtirib, uyning egasini topaylik, so'ramasdan olsak bo'lmas, — dedim istihola qilib.

Shunday xulosa bilan ishxonaga bordik. Taniqli jurnalist, yozuvchi Normurod Karimzoda degan hamkasbimiz bizni kutib turgan ekan. Buzilgan uyda ezilib-bosilib yotgan kitoblarga jonim achib, Karimzodaga voqeani gapirib berdim. Normurod aka buzilgan uy qaerdaligini surishtirdi. Men tushuntirdim.

— Bo'ldi, esladim, — dedi Karimzoda. — U hovlida bir taniqli jurnalist, ko'p yillar davlat idoralarida ishlagan kishi yashagan. Avtohalokatga uchrab, vafot etgan. Uning nomiga qo'yilgan ko'cha ham bor. O'g'li biznesmen, “dom”da turadi.

— O'g'li bor bo'lsa, kitoblarni shunchalik xor qilmasdan, uyiga olib kelsa bo'lmasmikan?

— Bilmadim, hozir birovga aql o'rgatadigan zamon emas, — yelkasini qisdi Karimzoda.

Ancha vaqtlardan keyin yo'lim tushib, yana o'sha ko'chadan o'tib qoldim. Buzilgan uy o'rnida ikki qavatli muhtasham uy qad rostlabdi. Mening ko'z o'ngimda esa paxsa uyumlari orasida bir-biriga qalashib, xor bo'lib yotgan kitoblar gavdalandi. Yangi imorat ko'zimga juda fayzsiz, nochor bo'lib ko'rindi. Chunki unda kitobni sevgan, uni umr bo'yi asrab-avaylab kelgan otaning ruhi yo'q edi…

Otam olib bergan kitoblar

Otam o'tgan asrning qahatchilik yillarida ota-onadan erta judo bo'lib, turmushga chiqqan opasining qo'lida qoldi. 1937 yilda harbiy xizmatga safarbar qilindi. Otliq razvedka qo'shinlarida xizmat qilib, 1941 yilning boshlarida uyga qaytib keldi. Besh oydan keyin ikkinchi jahon urushi boshlanib, yana frontga ketdi.

Rizqli qul o'lmas, deganlariday, 1946 yil urushdan nogiron bo'lib qaytib kelib, kolxozda qo'sh haydadi, dehqonchilik qildi. 60-yilning o'rtalari. Amir katta degan g'o'labirdan kelgan miqtigina odam bo'lardi, o'sha kishining zvenosida ishlardik. O'shanda men o'n yoshlarda edim, uyda kitob kam, bori ham opalarning darsliklari, ularni allaqachon o'qib bo'lganman. Bir kuni Amir kattaning eshagi xurjunida katta kitobni ko'rib qoldim. Asta olib, muqovasiga ko'z yugurtirdim. “Sharq yulduzi” deb yozilgan ekan.

— Ha, jurnal o'qiyapsanmi? — dedi Amir katta to'satdan tepamda paydo bo'lib.

— Qiziqarli kitob ekan…

— He, bu kitob emas, jurnal. Nima, kolxozchi kitob o'qimaydi, deb o'ylaganmiding? — kuldi Amir katta. — Xohlasang, o'qishga berib turaman, keyin o'zimga qaytarasan…

Otam bizning suhbatimizni sal nariroqda eshitib turgan ekan, indamay ketmonini yelkalab ketdi. Kunlarning birida meni shahardagi kitob do'koniga olib bordi. “Bizga eng yaxshi yozuvchilarning kitoblaridan tanlab bering”, — dedi u sotuvchiga. Xullas, otam o'sha kuni kolxozdan olgan oyligining hammasiga kitob olib berdi. Opalarim bilan talashib-tortishib kitoblarni bitta qoldirmay o'qib chiqdim. Maktab kutubxonasidagi kitoblarni allaqachon o'qib chiqqanman, shuning uchun kolxozda pomidor terilsa yoki uzum uzilsa, bir chelagini shaharga olib borib sotib, puliga do'kondan kitob olardim. Onam: “Ko'p o'qiyverma, miyang suyulib qoladi”, deb qo'limdan kitobni tortib olib, yashirib qo'yardilar. Hozirgacha o'shanda otam olib bergan kitoblarni avaylab saqlayman.

Tafakkur ummoni

700 ming papirus o'ramlaridan iborat qo'lyozmalar mavjud bo'lgan Aleksandriya kutubxonasi dunyodagi eng boy ma'rifat maskani hisoblangan. Misr podshosi Ptolemey 500 kilogramm kumush evaziga afinaliklarning barcha qadimiy qo'lyozmalarini ana shu kutubxona fondiga sotib olgan. Aleksandriyaga kelgan dengizchi va sayyohlar o'zlari bilan olib kelgan barcha kitoblarni kutubxonaga sotishga yoki nusxasini berishga majbur bo'lishgan.

Miloddan oldingi 336 yilda Makedoniya hukmdori Filipp II Eronga qarshi kurashda halok bo'ladi va uning o'g'li — 20 yoshli Aleksandr taxtga o'tirib, urushni davom ettiradi. U sonsiz lashkari bilan Eron shohi Doro III ni asirga oladi. U dushman kelishidan oldin Taxti Jamshiddagi buzoq terilariga oromiy tilda yozilib, oltin suvi yuritilgan “Avesto”ni Aleksandriya kutubxonasiga jo'natadi va jo'natib ulgurmaganini kuydirib tashlaydi. Kichik Osiyodagi Pergam shahrida eramizdan oldingi II asrda mol terisidan yozuv qog'ozi tayyorlash yo'lga qo'yilgan va u pergament deb atalgan. Aleksandriya kutubxonasiga pergamentga bitilgan qo'lyozmalar juda ko'p miqdorda yig'ilgan.

Kitob — fazilat, kitob — tafakkur ummoni, kitob — ko'ngil quvonchidir. Dunyoda ilm ahli, qalam ahli borligi ilm ustuvorligidan, kitobat dunyosi beqiyosligidan dalolat beradi.

Ma'lumotlarga qaraganda Mahmud Koshg'ariy turkiy xalqlarning oltin kitobi bo'lmish “Devoni lug'otit turk”ni yozishdan avval 14 yil mobaynida Yuqori Chindan boshlab butun Movarounnahr, Xorazm, Farg'ona, Buxoro, hozirgi Shimoliy Afg'onistonga qadar cho'zilgan turkiy o'lkalarni kezib chiqib, turli sheva va lahja xususiyatlarini o'rganadi, ularni adabiy til bilan chog'ishtirdi. 1072 yilda, 64 yoshida davr tili, adabiyoti, tibbiyoti, tarixi, geografiyasi, etnografiyasi, hunarmandchiligi va astronomiyasi haqidagi bilimlarni qamrab olgan, xalq taqdiri, inson, madaniyat, ijtimoiy adolat to'g'risidagi mushohadalarga yo'g'rilgan asarni yozishga kirishadi va 1074 yilda yakunlaydi. Mahmud Koshg'ariy jamiyatda yurtni ulug'lash, turkiy xalqlarni birlashtirish, ijtimoiy adolat tamoyillarini qaror toptirish muhimligini ta'kidlaydi. Oradan ming yillik tarix o'tgan bo'lsa-da, bu bebaho meros o'z ohorini, dolzarbligini yo'qotgan emas. Shuning uchun ham YuNESKOning fan va madaniyat bo'yicha xalqaro tashkiloti Mahmud Koshg'ariyning 1000 yilligini keng nishonlash haqida qaror qabul qilgan edi.

XI asr o'rtalarida yirik tasavvufshunos olim Yusuf Xos Hojib zamon allomalari tomonidan “Turkiy shohnoma” deb ta'rif qilingan “Qutadg'u bilig” (“Saodatga eltuvchi bilim”) — falsafiy-didaktik dostonini yaratdi. Unda inson kamoloti, uning jamiyat va hayotda tutgan o'rni, burch va vazifalari haqidagi muammolar o'ziga xos tarzda bayon etiladi.

Al-Xorazmiy, al-Zamaxshariy, al-Farg'oniy, Beruniy, ibn Sino, Mahmud Koshg'ariy, Yusuf Xos Hojib singari ulug' bobokalonlarimiz yozib qoldirgan asarlar, kitoblar nafaqat xalqimizni, balki dunyo xalqlarini tafakkur ziyosidan bahramand etib, jamiyat taraqqiyotiga xizmat qildi, hamon yana xizmat qilmoqda. Axir bunday yaxshi kitoblar tafakkurni charxlaydi, go'zallikka da'vat qiladi, ko'ngilni ko'taradi, insonni ma'rifatli qiladi.

Kitobning davri o'tdimi?

Yaxshi kitobning davri hech qachon o'tmaydi. Yomon kitob unutiladi. Bugun kitobning o'rnini elektron kitoblar egallayapti, deymiz. Yomon kitob elektron shaklda bo'lsa ham uni hech kim o'qimaydi. Jamiyatda kitobning ahamiyati pasaygan, degan gap quloqqa chalinib qoladi. Aslo. Jamiyat ma'naviyatida kitobning ahamiyati hech qachon pasaymaydi, u “Devoni lug'otit turk” kabi faqat bilimlarnigina emas, balki axloqiy, madaniy qadriyatlarni o'zida mujassam qiladi va avlodlarni tarbiyalaydi. Fan-texnika shiddat bilan rivojlanayotgan davrda inson tarbiyasi, bilim va salohiyatini o'stirish yana kitobga borib taqaladi. To'g'ri, internet olami kengayib bormoqda, lekin kitob mutolaa qilish — bu boshqa narsa. Uning o'rnini hatto internet ham bosolmaydi.

Kitobga mehr bolalikdan, ertaklardan boshlanadi. Bunda ota-onalarning, maktabgacha ta'lim muassasalarining o'rni beqiyosdir. Ular bolalar ongiga kitob va mutolaa madaniyatini mehr bilan singdirib borishlari lozim. O'qituvchining doimiy mehnat quroli kitob-daftardan iborat, deb o'ylaydiganlar xato qiladi. Uning o'tirish-turishidan tortib o'zini qaerda, qanday tutishi ham atrofdagilari uchun o'ziga xos tarbiyadir. O'qituvchining o'z kasbiga qay darajada mehrli ekani o'quvchilarning darsni o'zlashtirishida, kitobga, darslikka munosabatida namoyon bo'ladi. To'g'ri, hozir maktablarda darslar kompyuter texnologiyalari asosida tashkil qilinayapti, ulardan foydalanish zamon talabi, lekin kitobga mehr o'qituvchidan o'tadi.

Yoshlarning madaniyati, intellektual salohiyati, ijtimoiy qarashlari va hayot haqidagi o'ylari o'tgan asr yoshlariga qaraganda juda baland, ular kundalik hayotda ro'y berayotgan voqea-hodisalardan xulosa chiqarib, tarixiy jarayonlar ishtirokchisi sifatida o'sib-ulg'aymoqda. Aql-idrokli bunday yoshlar kitobning qadrini bilishadi.

Yoshlar xalqaro o'rgimchak — internetga mahliyolik illatini va kitobning beqiyos hikmatini, ular o'rtasidagi farqni anglab yetsagina, kitobning qadri oshadi, kitobga munosabat o'zgaradi.

Internet tekin va siyqa axborotlar, yolg'on-yashiq va behayo reklamalar bilan to'yintirilgan dunyo chiqindixonasiga aylanib bo'ldi. Miya tafakkur qilishdan ko'ra ko'proq tekinxo'rlikka o'rgandi. Mag'zava oldi-qochdilar, fikrlashga o'rin qoldirmaydigan dunyoqarashlar hammayoqni ishg'ol qildi. Kitob o'qimay qo'ygan olomon internet tili bilan gapira boshladi. Bu olomon hamma joyda o'z dunyoqarashini ma'qullashni xush ko'radi, o'zidan boshqa hech kimni tan olmaydi.

Internet taraqqiyoti baribir kitobga bo'lgan munosabatni, uning qadrini tushirolmaydi. Chunki har qanday axborot, ijod mahsuli, adabiyot bosma manbalar asosida yuzaga keladi. Yaqin va uzoq kelajakda ham kitob ruhiyat oftobi, bizning eng yaqin do'stimiz, maslahatdoshimiz, ko'makchimiz bo'lib qolaveradi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog'an taklifiga ko'ra Anqara shahrida ochilgan, 4 million bosma nashr va 120 milliondan ziyod elektron faylga ega bo'lgan mahobatli xalq kutubxonasining ochilish marosimida ishtirok etganida: “Dunyodagi har qaysi davlat, har qaysi xalq birinchi navbatda o'zining intellektual salohiyati, yuksak ma'naviyati bilan qudratlidir. Bunday yengilmas kuch manbai esa, avvalo, insoniyat tafakkurining buyuk kashfiyoti — kitob va kutubxonalarda”, — degan edi.

Nurulloh OSTON,

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × 1 =