Daraxt shoxidagi so'nggi barg misoli…

Murodxon NIYoZXONIY

Muallif haqida:

Murodxon NIYoZXONIY — 1960 yilda Ishtixon tumanining Shayxlar qishlog'ida tug'ilgan. “Salom, bu – men” nomli kitobi nashr etilgan.

She'rlari, tarjimalari va maqolalari vaqtli matbuot sahifalarida e'lon qilinib turiladi.

“Do'stlik” ordeni bilan taqdirlangan.

ONAMGA MAKTUB

Savolingiz qo'ydi meni shoshirib,

“Falonchi qizini sevarmiding sen?”

Nima ham qilardim asli yashirib,

“Yo'q”, dedim, “yo'q” dedim,

soxta kuldim men.

 

“Nega aytmading?” deb qiynamang meni.

Tola sochingizga arzimas dardim.

Onajon, dardingiz oshirib emas,

Baxtingiz oshirib yashash – istagim.

 

Men mag'rur tug'ildim, mag'rur o'laman,

Sevgiga ham egmay bu qaysar boshni.

Lekin men tiz cho'kib o'pa olaman

Oyog'ingiz tekkan har xasni, toshni.

 

Onajon, kuyinmang, shunday kun kelar,

O'g'lingizni shunda dunyo biladi.

O'sha, o'g'lingizga tegmagan qizlar

Hali juda qattiq afsus qiladi.

 

O'GIT

Do'stni “do'st ekan”, deb ko'tarma boshga.

Ushbu nasihatim angla, ol uqib.

Og'rinma bugungi do'stlar safidan

Kimdir chiqsa erta, bo'lib zo'r raqib.

 

Raqibni “raqib” deb kaltaklama ko'p.

Tanti yigit uchun, bilgil, bu ordir.

Kim bilar bugungi raqiblar ichra

Ertangi eng sodiq do'stlaring bordir.

 

KUZ

Qulog'imni teshguday bo'ldi

Xiyobonda, oyoq ostidan

Eshitilgan o'tkir chinqiriq

Va … tanidim sarg'aygan bargni!

Gunohga botirding meni, Kuz,

Oyoq bosdim yashilligida

O'zim sevgan bargning yuziga.

Gunohga botirding meni, Kuz…

 

YaNA KUZ

Kuz,

Mening rafiqamga o'xshaysan.

Sochlari – oltin,

Yuzlarida oftob kulguvchi.

Kuz,

Yoz bo'yi qo'shiqlar kuylab,

Qish oldidan yalang'och qolgan

Daraxtlaring menga o'xshaydi…

 

* * *

Oxirgi ilinjim

Daraxt shoxidagi

So'nggi barg misol

Titrab turar

Yuragim bir burjida…

Sen chiqmading.

“Xayr!” deganday bo'ldi

Ohista birov.

Yetim ilinj –

Uzilgan shul barg

Yerga boshin qo'ygunicha to

Sochlarimni qopladi qirov…

 

QIShLOQ

Qishloq yaxshi,

Ko'z yumsang unda,

Eshitganlar yo'lidan keladi qaytib.

Qarindoshmi, begonami

Kelib yig'laydi,

Hech bo'lmasa … o'z dardin aytib.

 

Kun kelar,

Meni sevishingni odamlar bilar

Va olam havasi keladi menga.

G'iybat botqog'ida qurbaqa o'lar.

Shuncha yil yashadim, ishonib shunga.

Kun kelar,

O'larman, ko'z yoshing – daryo,

Kuyinib yig'laysan ajalni qarg'ab.

Menga havas qilar yana bu dunyo,

Men uchun sen to'kkan ko'z yoshga qarab!

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

20 − two =