Yangi poliz mahsulotlari

Xiva shahrida o'tadigan “Qovun sayli” festivaliga sovg'a bo'ladi.

Shu kunlarda har yili an'anaviy ravishda Xorazm viloyatida o'tkazib kelinayotgan festivalga qizg'in tayyorgarlik ko'rilayotir. Viloyatda polizchilik sohasida yangi bir tajriba asosida qilingan tadqiqotlar mevasini berdi.

Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti hamda O'zbekiston qishloq xo'jaligi ilmiy ishlab chiqarish markazining sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti Xorazm ilmiy tajriba stansiyasi hamkorligida voha sharoitiga mos yangi qovun navlari yaratildi.

Izlanishlar va tajribalar natijasida “Iftixor”, “Gandimyon” va “Kumush” deb nomlangan qovun urug'lari tajriba tariqasida ekildi va yuqori hosildorlikka erishildi. Ko'hna voha tuprog'i va iqlim sharoitida baravj rivojlanishi, o'ta darajada shirinligi va ko'rinishi chiroyliligi, saqlanish muddati uzoqligi bilan ajralib turadi.

Urganch davlat universiteti professori, qishloq xo'jaligi fanlari doktori Sanjarbek Sa'dullayev e'tirof qildi:

— Yangi kashf etilgan qovun navlari mahalliy iqlimga moslashuvchan va viruslarga chidamli. Bu izlanishlar nafaqat polizchilik sohasini rivojlantiradi, eksport salohiyatini ham oshiradi. Qishloq xo'jaligida iqtisodiy samaradorlikka erishishda ham katta ahamiyatga egadir. Kelgusida seleksiya ishlarini yanada kengaytirib, polizchilikda yangi mahalliy brendlar yaratish yo'lida faoliyat olib boramiz. Xorazm ilmiy tajriba stansiyasida bu safar 127 turdagi qovun navlari “Qovun sayli” festivalida namoyish etiladi. Yangi navlar bozorbop, eksportbop.

Festivalda viloyatning bir qator polizchilik dalalarida, so'lim bog'larida yetishtirilgan turli xildagi mevalar, mazasi asaldan shirin qovunlar mamlakatimizning turli burchagidan sayilga keladigan yurtdoshlarimizga va xorijiy mehmonlarga havola etiladi.

“Qovun sayli”da shirindan-shakar qovunlarni yetishtirgan navlar ijodkorlari bo'lgan olimlar ham ishtirok etishadi.

Qovunning 90 dan ortiq navidan turli xildagi mahsulotlar qadoqlangan holda tayyorlanib havola etiladi. Qovundan tayyorlangan murabbolar, sharbatlar, muzqaymoqlar ham ko'rgazmadan o'rin oladi.

Qadimda shirinligi bilan sevib tanovul qilingan, ammo so'nggi yillarda unutilib borayotgan 30 turdan ortiq qovun navlari Urganch davlat universitetining olimlari tomonidan qayta tiklanayotganligi e'tiborga loyiq, albatta.

Mamlakatimizning sevimli san'atkorlari va xorijdan tashrif buyuradigan taniqli san'at yulduzlari festival qatnashchilariga quvonch ulashadi.

Festival doirasida meva-sabzavot va poliz mahsulotlari savdosi, milliy liboslar hamda hunarmandchilik mahsulotlari, tasviriy va amaliy san'at asarlari ko'rgazmalari namoyishi ko'zda tutilgan.

Feruza TANGRIBERGANOVA

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fourteen − two =