Oltin kuz mo''jizalari

Mana, oltin kuz fasli ham o'zining izg'irinli kunlari bilan kirib keldi. Navbati bilan yoz oyi ham oltin kuzga o'z o'rnini bo'shatib berdi. Kuzning boshqa fasllardan farqi shundaki, kuz oyi kelishi bilan deyarli barcha dov-daraxtlar oltin rangga belanib qoladi. Pishiqchilikning gashtini aytmaysizmi! Polizlardagi qovun-tarvuzni, olma, anor, olxo'ri, yong'oq mevalarini shoxlaridan qoqib terishning gashti bo'lakcha. Dalalarda yetilgan kartoshka, piyoz, sabzi, lavlagiyu turplarni kovlab, qazib qop-xaltalarga joylashimiz — qish fasli kelayotganidan darak berayotgandek go'yo. Bu faslda oxirgi bedalar o'rilib, o'tin tayyorlanib, qishga hozirlik ko'rila boshlanadi. Mevalarning, ayniqsa, o'rik, olma qoqilarning zo'rligi-chi! Boldan shirin qovun tilimlaridan quritilgan va soch kabi o'rib qo'yilgan qovun qoqining mazasi tilni yoradi-ya…
Tarvuzdan shirindan-shakar qaynatilgan shinnilar ham kuzning bir mo''jizasi. Bu faslda bobodehqon tomonidan uzumlar xomtok qilinib, tuproq ostiga yopiladi. Qurigan daraxtlar kesilib, yangisini ekishga hozirlik ko'riladi. Yerlar shudgorlanib, urug' sepiladi. Qo'yingki, barcha yumushlar kuz faslida jadallik bilan olib boriladi.
Kuz yomg'irining ham o'z gashti bor. Keyin izg'irinli shamol kelib, xazon yaproqlarini uchirib, ona yerga poyandoz to'shaydi. Tumanlarda, qishloqlarda hosil bayramlari avj oladi. Hamma xursand. Hosildorlikning so'nggi manzili bo'lgan bu mo''jizaviy fasl — bolalarning quvonchli bayrami, desak, adashmagan bo'lamiz. Momolarimiz, onalarimiz ham bu oltin faslda, albatta, bekorga vaqt sarflashmaydi. Hovlidagi gullarning urug'ini ajratib olib, kelgusi yilga hozirlab, qurigan qurut va qoqilarni xaltalarga joylash bilan mashg'ul bo'ladi.
Oltin kuzning yana bir tarovati shundaki, odamga o'zgacha ruh bag'ishlaydi. Mana shu fasl bobodehqon-u mirishkorlar, bog'bonga charchoqlarini unutib, dam olish imkoniyatini beradi. Mehnatlari samarasini, daromadini ko'rish baxtiga, quvonchiga yetkazadi. Oilasi davrasida bemalol choy ichib, gurunglashib o'tirishga fursat yaratadi.
Hosil bayramida bolajonlarimizning sunnat to'ylari ham avj oladi. Yana hamma xursand.
Hatto qishki kiyim libosigacha mana shu faslda tayyorgarlik ko'rilib, taxt qilinadi. Oltin kuz haqida nemis yozuvchisi Gyote shunday ta'riflagan ekan: “Kuz — fasllar otaxoni. Chunki bahordan boshlab to kuzgacha qilingan ishlar bu faslda o'z natijasini, samarasini berib, kuz fasliga bosh egib, aniqlab berganday go'yo. Kuzning yana bir mo''jizasi shundan iboratki, bu fasl insonlarni mehnat va insoniylikka, baxt-saodatga chorlaydi”.
Oltin kuz fasli, hosil bayramlari, to'kinlik, baraka oyi muborak bo'lsin, azizlar!
Ravshanbek UBAYEV.
Turkiston viloyati.