O'zbekiston — tinchlik tomonda!
Bugun O'zbekistonning xalqaro maydondagi tinchliksevar siyosati, tinchlikparvarlik yo'lidagi strategik maqsadlari o'zining yangi bosqichiga ko'tarildi. Jahon ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar orqali kuzatayotganlarimiz — yer yuzining turli mintaqalarida yuz berayotgan vayronagarchiliklar, inson qadr- qimmatining toptalishi, bundan, ayniqsa, ayollarning, bolalarning, norasida go'daklarning jabr ko'rayotgani qalblarimizni dahshatga soladi.
Yillar o'tib, vayronalarning o'rnida hali yangi binolar, yangi imoratlar, balki, yana qad rostlar, bo'y ko'rsatar. Lekin zavol bo'lgan umrlar, taqdirlarning, begunoh insonlarning hayotini hech narsa bilan qaytarib bo'lmaydi. Bugungi global dunyo va unda inson ongi uchun, tafakkuri uchun bo'layotgan kurashlar, turli ma'naviy tahdidlar, geosiyosiy maydondagi manfaatlar to'qnashuvi bizni tom ma'noda ogohlikka, hushyorlikka da'vat qiladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Respublika Ma'naviyat va ma'rifat kengashining kengaytirilgan yig'ilishida shunday degan edi: “O'zi kim tomondasan” degan kuchli so'rovlar bo'ladi. Men ularga qarab, men O'zbekiston tomondaman, xalqim tomondaman deb aytaman”. Bu gaplar bugun dunyo siyosiy jihatdan yangicha tus olayotgan pallada O'zbekiston Respublikasi Prezidentining qat'iy siyosiy prinsipi, tamoyili o'laroq namoyon bo'lmoqda. AQSh Prezidenti Donald Trampning taklifiga binoan Davlatimiz rahbari Davosda Xalqaro Tinchlik kengashining Nizomini imzolash marosimida ishtirok etgani, Tinchlik kengashiga rasman a'zo bo'lgani dunyo hamjamiyatining tinchlik siyosatida O'zbekistonning ham o'z ovozi, o'z so'zi, o'z imzosi borligidan yorqin nishonadir. Ha, o'tgan haftada davlatimiz o'zining kuchli siyosiy irodasini namoyon etdi! Buyuk ajdodlarimizning erk uchun, Vatan uchun, mustaqillik uchun kechgan kurashlardagi shonli xitoblari avj pardada yangradi! O'sha kun xalqimizning tarix kitobida jasorat va matonat sahifasi bo'lib manguga muhrlandi!
Tinchlik kengashiga O'zbekistonning a'zo bo'lishi bugun O'zbekiston – AQSh munosabatlaridagi ta'lim, tibbiyot, iqtisod sohasidagi hamkorlikdan ko'zlangan maqsadlarni amalga oshirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Bu hamkorlik aloqalari keyingi paytlarda yangi bosqichga ko'tarilgani, har ikki mamlakat Prezidentlari o'tgan yili bir necha bor uchrashib, juda katta investitsiyaviy loyihalarni ko'zlagani xalqimizning turmush farovonligini oshirishda yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Ammo bu yirik sarmoyaviy dasturlarni amalga oshirish uchun, albatta, eng avvalo tinchlik kerak!
Biz o'ttiz sakkiz millionlik buyuk xalqning tinchligi uchun imzo chekkan Prezidentimizning yonida turib, biz ham, o'zbek ziyolilari, o'zbek onalari, o'zbek xalqi bo'lib tinchlik uchun, davlatimizning suverenitetini, mustaqilligini asrash uchun daxldor ekanimizni yurakdan his qilamiz. Va bu daxldorlik tuyg'usini yosh avlodning qalbida ham kamol toptirishga o'zimizni mas'ul deb bilamiz. Tinchlik eng oliy baxt, eng oliy saodat ekanligi va uni asramoq yuksak burch ekanligi haqida bong urib, buni o'z so'zimiz, asarlarimiz bilan yetkazish yelkamizdagi ulkan vazifadir.
Shuncha qirg'in, qiron yetar, bas,
Sanog'i yo'q qurbon yetar, bas,
Nola, afg'on, armon yetar, bas,
Tinchlik uchun imzo chekamiz!
Murg'ak joni sarson bolalar,
Aziz joni arzon bolalar,
Giryon, nolon, hayron bolalar…
Tinchlik uchun imzo chekamiz!
Ko'zyoshlari ummon onalar,
Hasratlari osmon onalar,
Fig'on, isyon, xazon onalar…
Tinchlik uchun imzo chekamiz!
Yig'lab uchar yarador qushlar,
Yerni quchar yarador qushlar,
Motamsaro, azador qushlar…
Tinchlik uchun imzo chekamiz!
G'aflat ichra fursat o'tmasdan,
Jaholatga rag'bat yetmasdan,
Yeru osmon yonib ketmasdan,
Tinchlik uchun imzo chekamiz!
Safsatasi siylov o'ziga,
Dangal aytib shartta yuziga,
Imzo chekar o'zbek so'ziga:
Tinchlik uchun imzo chekamiz!
Jasoratu buyuk ahd ila,
Bobomeros shiddat, shaxt ila,
O'zbekiston bo'lib jahd ila,
Tinchlik uchun imzo chekamiz!
O'zbekiston tinchlik tomonda!
Tinchlik uchun imzo chekamiz!
Sayyora SAMANDAR,
O'zbekiston Yozuvchilar
uyushmasi a'zosi,
“Shuhrat” medali sohibasi.
