BOBUR MEROSI — xalqlar o‘rtasidagi uzviy halqa

Xalqimiz o‘zining buyuk tarixi va ajdodlari bilan hamisha g‘ururlanib keladi. Dunyoning qaysi burchiga bormang, ajdodlarimiz merosiga ro‘baro‘ kelasiz. Ayniqsa, 14-15 asrlarda Markaziy Osiyoda vujudga kelgan ijtimoiy-siyosiy muhit, jahon tamaddunida alohida sahifa bo‘lib qoldi. Sohibqiron Amir Temur barpo etgan buyuk saltanatda ilm-ma’rifat, riyoziyot, astronomiya, adabiy muhit yanada ravnaq topdi. Temuriy shahzodalarning ilm-ma’rifatga katta e’tibor qaragani tarixdan ma’lum. Astronomiya va falakiyotshunoslikda Mirzo Ulug‘bek o‘zidan katta meros qoldirgan bo‘lsa, Temuriyzoda Zahiriddin Muhammad Bobur o‘zbek mumtoz adabiyoti, jug‘rofiya, tarix voqeligini muhrlashda katta mavqega erishdi.

 

Ulug‘ bobomizning sertashvish hayoti va jo‘shqin faoliyati siyosiy jihatdan inqirozga uchragan Temuriylar davlatining so‘nggi davriga to‘g‘ri keldi. Bobur Mirzo chekiga inqirozning barcha azob-uqubatlarini boshdan kechirish tushgandi. Uning ruboiy va g‘azallarida akslantirilgan holatlarda ham ana shu ruh yaqqol bayon etilgan.   

Boburning podshohlik va mumtoz adabiyotdagi faoliyati ko‘pchilik tarixnavislarni o‘ziga rom etgan. Albatta, yurtdoshimizning boshidan o‘tkazgan voqealarni mashhur «Boburnoma» asarida batafsil keltirgani o‘sha davr tarixini o‘rganishda muhim ahamiyatga ega. Ma’lumki, Bobur Movarounnahrdan chiqib ketganidan keyin, tarqoq Hindistonda markazlashgan davlatga asos soladi. Shu o‘rinda aytish kerakki, uning hayotida Afg‘oniston, ayniqsa, Qobul shahri ham muhim o‘rin tutgan. Bobur shaxsini o‘rganayotgan olimlarimiz ham buni bir necha bora ta’kidlagan.

Bugungi kunda Bobur va Boburiylarga taalluqli ko‘plab moddiy boyliklar va asarlarining asl qo‘lyozmalari dunyoning turli burchaklariga tarqalib ketgan. Shuningdek, Hindistonda ham Boburga tegishli buyumlar va tarixiy manbalar juda ko‘p. Boburga tegishli noyob qilich esa Nyu-Yorkning Metropoliten muzeyidan joy olganiga nima deysiz?! Hindistonni zabt etgandan keyin Boburga in’om qilingan Ko‘hinur olmosi esa bugungi kunda Buyuk Britaniya qirollik oilasining mulkiga aylangan. Buyuk sarkarda va davlat arbobi, Boburning tarixiy ashyolari dunyo muzeylarini va kimlarningdir shaxsiy kollektsiyalarini to‘ldirib kelmoqda. Ularni qaytarish esa oson ish emas, albatta. 

Yurtimizda Bobur hayoti va ijodini o‘rganish va uning merosini qayta tiklash bo‘yicha qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, Xalqaro «Bobur» jamoat fondining izlanishlari tahsinga loyiq. Fond mamlakatimiz mustaqillikka erishgan kunlardan boshlab ulug‘ ajdodimiz merosini tiklashga kirishdi. Aytish mumkinki, fond vakillari Temuriylar va Boburiylar o‘tgan yo‘llardan yurib katta ilmiy-madaniy boyliklarimiz bo‘yicha aniq ma’lumotlarni to‘pladi. Afg‘oniston, Eron, Hindiston, Iroq, Rossiya, Xitoy mamlakatlari hududlarida mangu qo‘nim topgan ayrim buyuk ajdodlarimizning maqbaralari qayta tiklanib obod go‘shaga aylantirildi. Ekspeditsiya a’zolari yillar mobaynida amalga oshirilgan izlanishlari natijasida Andijonda «Bobur va jahon madaniyati» muzeyi barpo etildi. 

Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoev o‘zining saylovoldi dasturida xorijiy mamlakatlarda saqlanayotgan o‘zbek davlatchiligiga oid dalillar va mumtoz adabiyotimiz namunalarining asl nusxalarini qaytarish asosiy ishlarimizdan biri ekanini ta’kidlagan edi. Davlat rahbarining o‘zbek xalqining tarixiy va  madaniy boyliklari namunalarini Vatanga qaytarish to‘g‘risidagi topshirig‘ini bajarish doirasida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi rahbariyati boshchiligidagi delegatsiya Hindistonga tashrifi davomida Dehli shahrida Hindiston Milliy muzeyiga tashrif buyurdi.

Mazkur muzey mamlakatning asosiy tarixiy-badiiy xazinasi hisoblanib, u qadimgi yodgorliklarning boy kollektsiyasi, o‘tmishdagi tsivilizatsiyalarning arxeologiya boyliklari hamda madaniyat va etnik xilma-xil eksponatlarni o‘zida jamlagan.

Hozirgi kunda muzeyda 200 mingdan ortiq hind va xorij san’ati namunalari saqlanadi. Muzeyda Osiyo buyumlariga bag‘ishlangan va mintaqamizning Hindiston bilan bog‘lovchi ko‘p asrlik va samarali aloqalari haqida guvohlik beruvchi maxsus galereya tashkil etilgan. Ular orasida Boburiylar va ular hukmronlik qilgan davrlarga oid ko‘plab eksponatlar bor. Ana shulardan biri Zahiriddin Muhammad Boburning 1528 yilda yozilgan “Devoni Bobur”ning asl qo‘lyozmasi va 1640 yilda chizilgan “Shaxzoda Doro Shukuhning to‘y marosimi” miniatyurasining nusxalaridir. Ushbu noyob asarlarni O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha Hindiston milliy muzeyiga Tashqi ishlar vazirligi tomonidan taklif bildirilgan edi. Muzey rahbariyati bilan olib borilgan muloqotlardan so‘ng hind do‘stlarimiz tarixiy manbalarning nusxalarini berishga rozi bo‘lishgan. 

Mazkur tashrif davomida Hindiston Milliy muzeyi Bosh direktori Budha Rashmi Mani O‘zbekiston delegatsiyasiga yuqorida qayd etilgan qo‘lyozma va miniatyura nusxalarini rasman topshirdi. 

Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra Bobur tiriklik paytida ikkita devon tuzgan. Ularning birinchisida Movarounnahr va Afg‘onistonda, ikkinchisiga Hindistonda yozgan she’rlarini kiritgan. Bu haqda «Boburnoma»ning 925 hijriy, 1519 milodiy voqealari bayonida shunday deyiladi: «Hofiz Mir kotibning og‘a-inisi Samarqandtin kelib erdi, bu fursatta Samarqandg‘a ruxsat berib, Po‘lod Sultong‘a devonimni yibordim». 

Bobur devoni Sharq mumtoz lirik janrlardagi asarlar majmuasidan iborat to‘plam. Hozirgacha dunyo qo‘lyozma fondlari va kutubxonalarida Bobur devonining 9 ta qo‘lyozma nusxalari aniqlangan. 

Hindiston milliy kutubxonasida saqlanyotgan notugal, lekin shoir ijodiy merosini aniqlashda muhim bo‘lgan bu qo‘lyozma chiroyli ta’liq xati bilan ko‘chirilgan. Sahifalarida yuqori darajada bezaklar berilgan. 22 betdan iborat. Unda «Risolai Volidiya», 2 ta masnaviy, 24 ta ruboiy, 2 ta g‘azal, 3 ta qit’a va «Aruz» risolasidan parcha o‘rin olgan. 20a varaq hoshiyasida podshohning evarasi Shohjahon tomonidan tasdiqlangan Boburning asl dastxati mavjud. Shunga ko‘ra manba shoir vafotiga qadar o‘zi tomonidan tuzdirilgan deb hisoblanadi.

 Bundan tashqari Al-abd Mumahammad Boqiy tomonidan nasta’liq xatida ko‘chirilgan «Devoni turkiy Bobur podshoh» Parij Milliy kutubxonasida, kotibi va ko‘chirilgan sanasi noma’lum «Devoni Bobur chig‘atoyi» Istanbul universiteti kutubxonasida, «Devoni Sultonul-a’zam Bobur Mirzo» Istanbuldagi To‘pqori saroyidagi Ravon kutubxonasida, «Devoni Mirzo Bobur» Istanbul shahar kutubxonasida, «Devoni Bobur podshoh»ning ikkita nusxasi Hindistonning Haydarobod shahrida joylashgan Salorjang muzeyida 4, 18 raqamlari bilan joylashtirilgan. Mazkur muzeydagi birinchi devonning ko‘chirilgan sanasi va kotibi noma’lum 18-raqam bilan ro‘yxatga olingan devon esa 1774 yilda Ali Kotibiy tomonidan ko‘chirilgan. Shuningdek, 1776 yilda Boburiylardan Ajit Sing Jayd Bahodur buyrug‘i bilan Hayotali tomonidan ko‘paytirilgan «Devoni Bobur podshoh» Londondagi Britaniya muzey kutubxonasida, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Alisher Navoiy nomidagi adabiyot muzeyi fondida «Bobur devoni»ning Toshkent nusxasi saqlanyapti. 

 

Xulosa o‘rnida aytish kerakki, Bobur va uning ajdodlari bilan bog‘liq hali ochilmay qolayotgan masalalar, ularga tegishli tarixiy dalillar oz emas. Boburiylarning moddiy merosi sanalgan «Bobur devonining» esa qaytarilgani xalqimiz uchun ajoyib sovg‘a bo‘ldi. Boburning avlodlariga qoldirgan boy va bebaho merosi Markaziy Osiyo, hind, afg‘on xalqlari o‘rtasidagi uzviy halqa bo‘lib keldi va bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi. 

 

Jobir XO‘JAQULOV 

 

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

12 + 6 =