Farmoyish kutadi botir daraxtlar
Yomg'irli peyzaj
Chig'anoq ho'playdi nayson tomchisin,
Bog'lar soyasidan Oy berar sado.
Borliqqa taralib dengizlar isi,
Xo'rsinib qo'yadi yomg'irli dunyo.
Tomchilar halqobga otilar xurram,
Orziqib termilar adashgan baxtlar,
Sodiq mulozimdek boshin qilib xam,
Farmoyish kutadi botir daraxtlar.
Bo'm-bo'sh uyalarga hayron boqar tun –
Ho'l bo'lgan qanotlar ortga qaytmaydi.
Derazalar yig'lar odamlar uchun,
Ularning ko'zyoshin hech kim artmaydi.
May tonglari
1-chizgi
Qoqigullar mitti bulutdek
Suzib yurar may dalasida.
Tunda qaymoq bog'lagan sutdek
Jimirlar suv tong pallasida.
Bu jimirlash bir to'lqin bo'lib
Yo'l olarkan qirg'oqqa tomon,
“Qizil, sorig', yashil” ga to'lib
Hazratimni takrorlar Osmon.
2-chizgi
Xo'p yuvinib-taranmish bahor,
Havo chashma suvidek toza.
Ninachilar to'plashib ifor
O'tloqlarda ochmish mag'oza.
G'imirlagan xonqizilarga
Hovuchidan ichirib shudring,
Tong sho'x imlar bog'lar tomonga:
“Imillamay, men bilan yuring”.
Afsun atrin taratar jiyda,
Qulab tushar sarxush arilar.
Hisortog'ning etaklarida
Quvlashmachoq o'ynar parilar.
Tog' ochadi ulkan ko'zlarin,
Sig'dirolmas lekin aqliga:
Parilarning ko'rib yuzlarin
Toshlar kirmish odam shakliga.
Quvvat olib tavba, hollardan
Qaytib olam bahorlariga,
Jinlar yashil majnuntollardan
Chiviq eshar tulporlariga.
Dunyo baxtga intiq hali ham –
Nur kaftida havoyi bo'sa.
Shamol “puf”lar darenii xurram –
Suv sathida harir kulimsa.
So'roq
Hoy So'z, qachon bo'lganding ozod,
Nahot, senga yot bo'lsa xo'rlik?
Sezilmagay nega bir imdod,
Sezilmagay nega bu hurlik?
Ne'matlardan mudom mahrumday
Qo'shildingmi yana so'l safga?
Yo bir qari, xasta mahkumday
Tushganmiding umumiy avfga?
Davroningga et bizni guvoh –
Bir xojaday kuldir qulingni.
Yolg'on bo'lsa, bilaylik – goh-goh
Shiqirlatib turgin g'ulingni.
Uch kundir
Uch kundir
Naysonning tinmas yog'muri,
Uch kundir
Chaqinlar uradi qah-qah.
Uch kundir
Ko'rinmas ufqning oxiri,
Bo'ron qo'llarida yulqinar farah.
Uch kundir
Bo'shamas Ko'kning ummoni
Qasos tomchisiga do'nar savdolar.
Ayovsiz savalar xasta dunyoni…
Jo'n ekan biz bilgan jami g'avg'olar.
Uch kundir
Qushlarga rizq bermas bahor
Rostlab ololmaslar chechaklar qaddin.
Uch kundir
Yer tinglab bo'lmadi bezor
O'lik bola tuqqan og'ochlar dardin.
Shivirloq xitob
Ey, hayot tuxmini asrab kelgan Nur,
Ey, g'am ildizidan suv ichgan Shajar,
Bo'linmak onida tuygancha huzur
Qutlug' dog'laridan sevingan Qamar,
Ey, har qabatida teranlashgan Ko'k,
Kamonidan tinmay nur otgan Kunash,
Ey, Tog' ismin olgan buyuk teva, cho'k,
Majnun kelmaguncha – yo'q endi jo'nash!
Ey, Nur jamoliga oshiqqan Tuproq,
Borlig'u borlig'in yuvib bergan Suv,
Ey, umr kaftida muzlagan Idrok,
Ey, Idrok qamchisin sog'ingan Tuyg'u.
Ey, goh ortib, gohi yetmagan Havo,
Ey, hech bir hukmni tan olmagan Vaqt.
Ey, Abad tongini ottirgan Navo,
Ey, ismi ulkan-u, o'zi inja Baxt.
Ey, hayot tuxmiga “kuh-kuh”lagan Nur…
Gulnoz Mo'minova
Gulnoz Mo'minova — 1978 yili tug'ilgan. Toshkent davlat universiteti (hozirgi O'zMU)ning jurnalistika fakultetini tamomlagan.
“Fasllar shiviri”, “Sayyoh qushlar”, “Dil siniqlari” va “Chig'anoq” nomli she'riy to'plamlari nashr etilgan.
«Yoshlar» radiokanalida ishlaydi. Oilali.