Nayrang yoxud shifokorning o'limiga oid xulosalar nega turlicha?

Sog'liqni saqlash vazirligi diqqatiga!

 

Tahririyatimizga, Samarqand shahar, Buyuk ipak yo'li ko'chasida yashovchi Nigora Ismoilovadan shikoyat xati kelganida, avvaliga, “nahotki shunday bo'lsa”, degan o'y bilan ishonqiramay turdik. Ammo o'rganishlar natijasida rostan ham N.Ismoilovaning 1967 yilda tug'ilgan, tibbiyot fanlari nomzodi bo'lgan turmush o'rtog'i O'ktam Tojiyevich Rahmonqulovning 2020 yil 29 iyunda koronavirus kasalligi sabab vafot etganligi ma'lum bo'ldi. Lekin…

— Boshimizga tushgan bu musibatdan keyin, yanada og'ir kunlarga duch keldik. — deydi N.Ismoilova. — Turmush o'rtog'im “Covid-19” karantini davrida 2020 yil apreldan 2020 yil 19 iyungacha “SamAvto” MChJ korxonasida karantin holatida ishlab, shifokor sifatida o'z burchini sadoqat bilan bajarib kelayotgandi.

U 2020 yil 19 iyun kuni uyga betob ahvolda keldi. Issig'i baland edi. Tinmay yo'talardi. 2 kun uyda muolaja qildik, ahvoli yaxshilanmadi, 22 iyun kuni o'zimizning 7-sonli oilaviy poliklinikaga murojaat qildik.

Poliklinikadan kelib, burnidan surtma olib ketishdi. 2020 yil 23 iyun kuni esa “Koronavirus aniqlandi”, deb uni Samarqand viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib ketishdi. Oilamizni ham uy sharoitida qattiq karantinga olishdi. Turmush o'rtog'imni shifoxonaga borib ko'ra olmadik, telefon orqali muloqot qilib turdik.

Har gal gaplashganimizda, “Men yaxshiman, analizlarim yaxshi chiqdi, havotir olmanglar”, deb bizni xotirjam qilib turardi. Ammo kutilmaganda 2020 yil 29 iyun kuni turmush o'rtog'imning vafot etganligi to'g'risidagi xabar keldi.

O'sha paytda oilamiz qattiq karantinda edi. Karantin sababli turmush o'rtog'imning bironta ta'ziya ma'rakasini o'tkazish u yoqda tursin, uni vafotidan keyin oxirgi marta ko'rishga ham ruxsat berishmadi. Qattiq qayg'uda qoldik. Qaynopam, qarindosh-urug'larimiz va qo'ni-qo'shnilar: “Yurtga kelgan balo ekanda, nima qila olardik”, deb meni va bolalarimni yupatishdi. El qatori biz ham chidadik, nailoj, osmon yiroq, yer qattiq ekan-da. Yig'lab-yig'lab bor alamimizni ko'z yoshimizdan oldik…

Men ham bu balo-qazo sabab turmush o'rtog'imdan bevaqt ayrilib, bolalarim otasiz bo'zlab qolgach, qiynalib, moddiy yordam olish uchun hujjat yig'a boshladim va Samarqand viloyat yuqumli kasallik­lar shifoxonasiga turmush o'rtog'imning vafoti bilan bog'liq tibbiy xulosasini olish uchun bordim.

Lekin turmush o'rtog'imni davolagan shifokor Ilhom Hamidov xulosani “7-sonli oilaviy poliklinika beradi”, dedi. Men 7-sonli oilaviy poliklinikaga qo'ng'iroq qilib, turmush o'rtog'imning vafoti bilan bog'liq tibbiy xulosasini sizlar berar ekansizlar deb so'raganimda ular: “Sizga qanday qilib biz xulosa beramiz, axir u kishi viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida vafot etgan-ku”, deyishdi.

Men 2020 yil 7 iyul kuni turmush o'rtog'imni davolagan shifokor Ilhom Hamidovga qo'ng'iroq qilib, yana o'sha xulosani so'radim, u kishi yana qat'iy ohangda: “7-sonli oilaviy poliklinikadan so'rang, sizga aniq javob berishadi”, dedi.

Men majbur bo'lib yana 7-sonli oilaviy poliklinikaga qo'ng'iroq qildim. Ular dabdurustan: “turmush o'rtog'i og'ir ahvolda uyga olib ketilgan va uyda vafot etgan”, degan xulosa bera olamiz, de­yishdi. Bu gapdan so'ng qon bosimim oshib, miyamga chiqib ketdi. Bu nima degani edi? Hech tushunolmasdim.

Axir, karantinda ekanligimiz sabab, oilamizning egasi, turmush o'rtog'imning hatto dafn marosimlarini o'tkaza olmay istirobda qolganimiz yetmaganidik, 7-sonli oilaviy poliklinika menga qanday qilib “turmush o'rtog'i og'ir ahvolda uyga olib ketilgan va uyda vafot etgan”, degan xulosa berishi mumkin? Qani bu yerda mantiq, odamgarchilik va haqiqat?

2020 yil 10 iyul kuni qaynonam Tojiyeva Malohat bilan sud tibbiy ekspertiza byurosiga bordik. U yerda bizga: “biz mayitni yormadik,   faqat muzlatgichda saqladik, tibbiy xulosani Samarqand viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasidan olasizlar”, deyishdi. Biz bu nayranglardan yurak bag'rimiz ezilgani sabab turmush o'rtog'im davolangan shifoxonaga yana qaytib bordik.

Shifoxona bosh shifokoriga turmush o'rtog'imning vafoti bilan bog'liq tibbiy xulosasiga kelganligimni aytdim. U kishi: “Hozir viloyat sog'liqni saqlash bosh­qarmasi boshlig'i Davron Jumaniyozov keladi va ishlaringizni hal qilib beradi”, dedi. Davron Jumaniyozov keliboq: “Sizlar uyga ketaveringlar, o'zim kechgacha xulosani yetkazaman”, deb aytdi.

To'g'risi, nima deyishga ham tilim aylanmaydi. D.Jumaniyozov oradan 4 kun o'tgach, ya'ni 2020 yil 13 iyul kuni soat 16 lar oralig'ida 7-sonli Oilaviy poliklinikadan turmush o'rtog'imning vafoti bilan bog'liq tibbiy xulosani yetkazdi. Netongki, xulosada: “Og'ir ahvolda uyi­­ga javob berilgan”,   deb yozilgan ekan…

Kimga dod deyishni bilmay qoldim. Agar turmush o'rtog'im ishsiz, bekorchi bo'lib vafot etganida ham chidardim, u tibbiyot fanlari nomzodi, “Covid-19” tufayli karantin sharoitida korxonada ishlayotgan ediku! Kasalxonada jon taslim qilgan insonga: “Og'ir ahvolda uyiga javob berildi”, deb yolg'on ma'lumot berish kimga va nimaga kerak bo'lib qoldi?

Men ushbu shikoyat xatimga maxsus komissiya “turmush o'rtog'imni qay holatda ko'mishgani haqidagi suratlarni va tibbiy bayonnomasidan ko'chirmani” taqdim eta­yapman. Birgina ilinjim tahririyatdan, haqiqatni oydinlashtirishda ko'mak so'rayman…

Ushbu bir ojiza ayolning yozgan shikoyat xatini o'qigan har qanday odam “Samarqand tibbiyot muassasalarida nimalar sodir bo'lgan o'zi?” — deb o'ziga o'zi savol berishi tabiiy. Keling, avvaliga gospital bosh shifokori Z.Bulayev va shifokor I.Hamidovlar imzolagan “Bemorning №5075-sonli tibbiy bayonnomasidan ko'chirma”sidan qo'yilgan tashxisni to'liq keltiramiz:

“Rahmonqulov O'ktam. Yoshi: 1967 yilda tug'ilgan. Kelgan kuni: 23.06.2020 y. Ketgan kuni: 30.06.2020 y.. Bemor 23. 06.2020 yil tez yordam mashinasida keltirildi, bemorda tana harorati oshishi, tomoq og'rishi va koronavirus birlamchi tahlili musbat chiqqanligi, musbat natija olinganligi tufayli to'liq tekshirish va davolash maqsadida VYuKK Samarqand viloyat SEOM ma'lumotnomasi asosida yotqizilgan. Ko'rikda: bemorning umumiy ahvoli o'rta og'ir bo'lib turgan, oxirgi kuni 23.30 da to'satdan uxlagan vaqti talvasa kuzatilib, chap tomonlama qo'l oyoqda harakat va sezish yo'qolgan, ahvoli og'irlashgan. Es-hushi koma, ko'z qorachiqlari kengaygan, fotoreaksiya sust…

Yakuniy tashxis: Bosh miya qon aylanishining o'ng o'rta miya arteriyasi havzasida   ishemik insult (tromboembolik turi) tipda buzilishi. Chap tomonlama gemiplegiya.   Bosh miya komasi. Tutqanoq sindromi…

Bemorga ma'muriyat va mas'ul mutaxassislarning tavsiyasi bilan og'ir ahvolda javob berildi”, deyilsa,

“5-sonli O'lim haqidagi tibbiy guvohnoma”da:

“O'lgan vaqti: 01.07.2020 yil, O'lim sodir bo'lgan joy. Samarqand viloyati Samarqand shahri” va “O'limga olib kelgan kasallik: tutqanoq sindromi, COVID-19 bilan muloqot” deyiladi.

Ajabo, buni qanday tushunish mumkin? Nega xulosalar bunday turlicha?

— Mening uch nafar farzandim bor, — deydi N.Ismoilova, — katta qizim Samarqand davlat tibbiyot institutida kontrakt asosida tahsil oladi, 2 tasi hali voyaga yetmagan, yana poliartirit kasali bilan og'rib, harakatlanishi qiyin bo'lgan 72 yoshli qaynopam, yolg'iz ayol Hosiyat Tojiyeva qaramog'imda yashaydi. Haligacha hech joydan moddiy yordam ololganim yo'q…

O'tgan yili pandemiya sabab juda ko'p og'ir kunlarni boshdan kechirganimiz haqiqat. Bu ofat nafaqat yurtimizni, balki butun dunyo ahlini qattiq sarosimaga solib qo'ydi. Talafotlarni, ko'rilgan zararlarni hali dunyo to'liq hisoblab chiqolmayapti. Chunki bu ofat hanuz batamom yo'q bo'lgan emas. Tan olish kerak, tibbiyot xodimlari qahramonona faoliyat ko'rsatishdi. Shu bois, ularga davlatimiz tomonidan katta e'tibor qaratildi. Moddiy jihatdan qo'llab-quvvatlandi.

Ammo yuqoridagi holatga aqlbovar qilmaydi. Qanday qilib va nima uchun pandemiya sharoitida vafot etgan shifokor o'limi haqidagi ma'lumotlar sirli ravishda haqiqatga zid rasmiylashtirilgan? Axir, bemor “uyiga og'ir ahvolda” javob berilganida, o'z uyida vafot etgan bo'lmasmidi?!

Ammo berilayotgan ma'lumotlar, xulosalar bu yerda nayrangbozlik qilinganidan dalolat. Biz ushbu sirli jumboqni Respublika Sog'liqni saqlash vazirligi hamda tegishli huquq idoralari e'tiboriga havola etishni lozim topdik.

Chunki tibbiyot fanlari nomzodi O'ktam Rahmonqulov COVID-19 tufayli vafot etgan. Agar shunday bo'lmaganida marhumning oila a'zolari ham to'liq karantinga olinmas edi, to'g'rimi?

Shunday qilib, ariza muallifi qon yig'lab bizga o'z dardini bayon etishiga va tahririyatga taqdim qilgan hujjatlarga ko'ra, O'.Rahmonqulov o'z uyida bu dunyoni tark etmagani aniq bo'lsa-da, Samarqand shahridagi 7-son oilaviy polik­linika sox­­ta ma'lumotnomani taqdim qilgan. Umuman, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi hamda Samarqand viloyat SSBdagi mutasaddilarning bu qilig'iga qanday baho berish mumkin?

Ubaydullo XO'JANIYoZOV,

“Hurriyat” muxbiri

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × 1 =