Olam kamalak rangi jilosida
Kecha poytaxtimizdagi muhtasham “Humo Arena” majmuasida Navro'z umumxalq ayyomi munosabati bilan katta bayram tadbiri bo'lib o'tdi. Unda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev xalqimizga o'z tabrigini yo'lladi.
Yurtimizning taniqli san'at ustalari hamda iste'dodli yosh ijrochilar ishtirokida konsert namoyish etildi.
Navro'zda kun bilan tunning tenglashishida ham hikmat bor. Qishning izg'irin kunlari ortda qolib, bahoriy ko'klam nish otadi, dov-daraxtlar kurtak yoradi. Olam kamalak rangi jilosida tovlanadi. Bobodehqon yangi hosil uchun ona zaminga urug' qadaydi…
Ma'lumki, YuNESKOning 2016 yil 30 noyabrda o'tkazilgan navbatdagi 11-sessiyasi Efiopiya poytaxti Addis-Abebada bo'lib o'tgandi. Unda Navro'zni Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro'yxatiga kiritish to'g'risida qaror qabul qilingani bejiz emas. Shundan buyon, garchi xorijiy tillarda Navro'z “Nawrouz”, “Novruz”, “Nooruz”, “Nowruz”, “Navruz” va shunga o'xshash boshqacharoq yozilib, talqin etilsa-da, butun jahonda mazmun-mohiyati o'zgarmagan holda keng nishonlanib kelinadi.
Prezidentimiz xalqimizga tabrigida: “Butun olam, yeru ko'k uyg'onayotgan bu ajib faslda yurtimizdagi yangi Uyg'onish davri — Uchinchi Renessans orzusi qalblarimizga beqiyos kuch va ishonch olib kirmoqda”, — dedi.
Albatta, bahorning uyg'onish, yangilanish fasli, deb atalishi tabiiy. Buni qarangki, ushbu yilda Navro'z ayyomi Yangi O'zbekiston poydevorini yaratish yo'lida ulkan maqsad tomon odimlayotgan mamlakatimizning Uyg'onish davri — Uchinchi Renessans orzusi ushalishi sari yangilanayotgan davrga to'g'ri kelmoqda. Prezidentimiz tabrigida: “Buyuk Alisher Navoiy bobomiz aytganlaridek, har kunimiz Navro'z bo'lsin!” — deb ulug' bobomizni tilga oldi. Bu bilan ajdodlarimiz ortda qolgan yillar mobaynida ikki bor Renessans davrini boshlab berganini, endi navbat bugungi avlodga yetib kelganiga ishonch bildirdi.
Bahor va go'zallik, nafosat ayyomi barchamizga qutlug' bo'lsin.
Yusuf JO'RAYEV