Yorug' kunlar hali oldinda

U mahallarda oktyabryat, pioner, komsomolniki edi yoshlarni ovuntirib-ergashtiradigan tashkilotlar. Shu joylarda aql taniganlar epchil-uddaburon bo'lardi – “komsomoldan chiqqan” degan ibora o'shandan qolgan. Yo'limiz yangi, ishimiz yangi, gapimiz yangi – endi xalq ongini ham o'zgartirishimiz kerak, deyishardi. Doimiy iddao, shekilli. Ularning samimiy tuyulgan bunday qizg'inliklari e'tibordan chetda qolmasdi, hash-pash deguncha bo'lmay kommunist degan “sharaf”ga erishib, mansab pillapoyalaridan chopqillab chiqib borishaverardi. Aks holda, ming chiran, Kuhi Qofni yanch – foydasi bo'lmasdi.

Bir azamat yigit kommunist bo'laman deb, raykom byurosiga savol-javobga kiripti. Sherigi eshik tirqishidan quloq solib turibdi. Azamat yigitdan byuro a'zolari tarjimai holini so'zlab berishini so'rashibdi.

— Men bosmachilar safida bo'lganimda, —deya tarjimai holini so'zlay boshlagan ekan, uni shu zahotiyoq byurodan haydab chiqarib yuborishibdi.

— Kallang ishlaydimi? – debdi sherigi kuyunib. – Bosmachilar safida bo'lganingni aytishing kerak emasdi.

— Boshqa nima deyishim kerak edi? – debdi boshi qotgan bo'lg'usi kommunist.– Axir, to'rda qo'rboshining o'zi o'tirgan edi-ku?

O'sha mahallarda xalq orasida yarmi hazil, yarmi chin bunaqa latifalar ko'p edi. Ayniqsa, “arman radiosi” tesha tegmaganlarini tarqatib turardi. Firqalik biletlarini yostiq ostiga yashirib qo'yishganida ham ularga katta tajribalari qo'l kelavergan.

Hozirgi “Tong yulduzi” gazetasining nomi u kezlarda “Lenin uchquni” edi. Birinchi sahifadan dohiy kattaroq tangadek bolalik suratidan kulibgina qarab turardi. To'garak yuzli, jingalak sochli yoqimtoy bolakay. Barcha gazetalarning shiori “Butun dunyo proletarlari birlashingiz!”. “Lenin uchquni” ham mustasno emasdi – shu yoki shunga o'xshash bir shiori bor edi.

Gazeta haftada ikki marta chop etilardi. Ish ko'p. O'zbekistonning, qo'shni respublikalarning turli hududlaridan ming-minglab xatlar keladi. Har biriga javob yozish shart. Mazmunidan qat'i nazar, bunday javob xatlari olgan maktab o'quvchilari ularni faxrlanib ko'tarib yurishardi. Tohir Malikning T.Hobilov imzosi bilan yozgan xatini bir qariya yaqinda qaerdadir ko'rsatuvdi, bolalik chog'i  “Lenin uchquni”dan olgan ekan.

Afsuski, hozirgi kunda yurtimizda chop etilayotgan barcha bosma nashrlarini yig'ishtirib kelganda ham o'shandagi birgina “Lenin uchquni” nusxasiga tenglasha olmaydi. Chunki bir milliondan ortiq edi!

Zahmatkash gazetchilarga yaxshi ma'lumki, bosh muharrirdan keyin mas'ul kotib sanaladi. Materiallar tayyorlanishidan tortib to gazeta eson-omon egalariga yetib borguncha u balogardon – o'z nomi bilan mas'ul. Yozning qaynoq kunlarida oq kuylagi yengi tirsagigacha shimarig'liq, qishda bo'yinbog'ini yechmay labida tutab turgan sigaret bilan Ikrom O'tbosarov “Lenin uchquni”da mana shu vazifani qoyilmaqom bajarib turgan mahali ekan. Ishga kirmoqchi bo'lgan yoshlarga bir oy sinov davri belgilanarkan. Gulchehra Aliboyeva shu vaqt mobaynida kaminani  “tarbiyalab”, ishga olinish-olinmasligimni aytishi kerak edi. Xullas, hash-pash deguncha belgilangan fursat o'tdi-ketdi.

Bosh muharrir xonasi. Gulchehra Aliboyevaning men haqimdagi “hisoboti” tinglandi– rahmi kelganidanmi, borimni oshirib, yo'g'imni yashirdi. Savol-javobga navbat yetdi.

— She'r yozasizmi? – Bosh muharrir Jabbor Razzoqov menga sinovchan nigoh tikdi.

— Yo'q.

— Yozuvchi bo'lsa kerak, — Ikrom aka gap o'rovi kelganida shunchaki aytgandek qistirib qo'ydi.

Bir oy mobaynida gazetaning adabiyot bo'limi mudiri, ajoyib bolalar shoiri Hamza Imonberdiyev  (bugun oramizda yo'q. Alloh rahmat qilsin) bilan ancha inoqlashib qolgandik. Uning “mobodo so'rab qolishsa hikoya yozaman, qissa yozaman deb gullab yurmang,  ijodkorligingizni bildirmang, shoir-yozuvchilar gazetada ish bermaydi, ijodini qilsin, deyishadi”, deya qayta-qayta ogohlantirib qo'ygandi. Qolaversa, sinov davrida o'zim ham guvoh bo'luvdim, bir-ikkitasi ish izlab kelishgandi, “shoir ekan” deb qabul qilishmagandi. Endi nima desamikan?

— Nurali Qobul ham tavsiya etgan, – Ikrom aka gapining to'g'ri ekani isbotini topgandek Jabbor akaga qarab qo'ydi.

Men gazetachilik faoliyati davomida juda qo'l keladigan katta yolg'onlardan kichikroqlarini qalashtirib tashlay dedimu, nimadir to'sqinlik qildi. Qo'lga tushgan fashistday indamay turaverdim.

— Nurali yaxshi yigit, – yengil nafas oldi Jabbor aka. – Ungayam aytganman, bizga yaxshi jurnalistlardan yuboring deb, mayli arizasini yozsin, keyin yana ko'raveramiz.

Shu-shu Ikrom aka bilan chiqishib ketdik. U mahoratli jurnalist, mehribon rahbar. Matn­­ni o'qiyotib jahli qo'zib ketgandayam:

— E, otaginam-a?! – deyishdan nari o'tmas, o'zi tahrirlab, nomini o'zgartirish kerak bo'lsa o'zgartirib, taxt qilib qo'yaverardi.

Mayda gap, g'iybat unga yot edi. Mard, tanti.

O'quvchilik kezlarimdanoq Aziz Nesinning “Demokratiya shunqori” hikoyasi qahramoniga o'xshab mening dastimdan tepalikning qir uchidagi barmoq bilan sanarli xo'jalikka ega qishlog'imizning qalamga tushmagan joyi qolmagandi. Qabriston qorovulidan tortib bog'bongacha, mirobdan tortib maxsido'zgacha besh-olti martalab gazetaga chiqqan edi. Maqolalarimda devor ostida nosvoy kapalab o'tirgan bekorchixo'jalar qandaydir fidoyiliklar ko'rsatishardi. Tuproq ko'chalarga asfalt qo'nardi. Ularni o'qiganlar yozda tup­roq, qishda loy ko'chalar obodligiga havas qilib, bir ko'rgisi kelib qolardi. Qo'shnisi tanimaydigan odamlarni mening dastimdan xatto respublikada yaxshi bilishardi.  Esida qolgan ekan, keyinchalik ustoz yozuvchi Solih Qahhor, “hayron qolardim har kuni ikki-uchta yangilik bo'ladigan bu qanaqa joy ekan deb, yozavergan ekansiz-da”, deb hazillashgandi. Aziz Nesin qahramonining “Bizning narsani ertaga gazetada o'qiysiz” degan gaplari kaminaga ham xos edi. Muxbirlik kasbiga xiyonat qilmay, mahobatni o'rniga qo'ya bilar edim. Ishga qabul qilinganimdan so'ng, gazeta yo'nalishidan kelib chiqib, yoshlarning yuqori komsomol tashkilotidagi korchalonlari dirijyorligidagi umumiy xoriga jo'r bo'la boshladim. Dorilomon zamonamizda ta'lim-tarbiyadan muhim narsa yo'qligi,  ilmu ma'rifat ahlining qadr-qimmati ko'tarilib, ularga hamma shart-sharoitlar yaratib qo'yilgani, o'qituvchilarning yuz foiz oliy ma'lumot olishgani, eng olis qish­loqdagi maktab ham shahar maktabidan qolishmasligi – bunaqasi o'tmishda bo'lmagani, oktyabryatu pionerlarga butun dunyo bolakaylari havas qilishi, ular porloq kelajak kommunizm poydevorini qurishayotgani, paxta terimidagi uyushqoqlik, pioner lagerlarida “yoz o'tmoqda soz”ligi kabilarni tez orada qalashtirib tashladim.

Ikrom aka ularni bir-bir o'qib, ba'zi joylariga qalam tekkizib tuzatar, navbati kelganda sahifalarga joylashtirardi.

— Bo'lar ekan-ku! – deb qo'yardi ba'zan mamnunligini yashirmay.

Ba'zan bitta-yarimta maktabning poli o'pirilib ketgani, paxta dalasidan chiqmayotgan bolakaylar, qurib borayotgan Orol kabilar haqida ja-a tanqid bo'lmasayam, tanqidga o'xshab g'ing'illab qo'yadigan narsalar yozib bergudek bo'lsam, Ikrom aka sigaretini chuqur tortgancha begona narsaga qarayotgandek o'sha qog'ozga uzoq tikilib qolar, ichida nimalarni o'ylayotganini yuzidagi ifodalarga qarab bilib bo'lmasdi. Sukunat uzoq davom etar, keyin u og'ir xo'rsinardi.

— Mayli otaginam, — derdi uni kelgusi songa qo'yib yuboradigandek. – Qichimagan joyni qashimay turaylik, hozircha o'zingizda tura tursin.

Bundan xabar topgan tajribali ustozlar kulib qo'ya qolishardi.

— Hali formaga tushib ketasiz! – Hamza akaning esa kaminaga ishonchi baland edi.

Bunaqa foydasiz mashg'ulotlar qo'l qichig'ini qoldirishdan o'zgasiga yaramasligini hamma bilardi, shekilli.

Shu orada boshqa gazeta-jurnallarda bir-ikki hikoyalarim chiqqaniga ko'zi tushib, Ikrom aka bosh chayqagani ham yodimda.

— Shoir ekansiz-a?!

— Ermak-da, – dedim aybimni yashirayotgandek.

— Nichevo, — dedi u beparvo. – Yozavering, shoir!

Bu so'zni keyin ustoz Nosir Fozilovdan ham eshitdim. U kishi “shoyir” derdilar. Ijodkorlikning nufuzi shu so'zda mujassamdek edi.

Jabbor Razzoqov ham, Ikrom O'tbosarov ham yaxshi g'oyalarni, tashabbuslarni qo'llab-quvvatlaydigan bag'rikeng ustozlar, yoshlarga barcha yaxshiliklarni ravo ko'rishardi.  Jabbor akaning o'zlari ham hikoya yozarkanlar.

— Ustoz o'zingiz ham shoir ekansizu… — deb qo'yardim haddim siqqanida hazillashib.

— E mazgi, — Jabbor akaning tabassumi beg'ubor edi. – Gazeta ishi badiiy ijodingizni yutib yubormasin deb Sizni ogohlantirib qo'yganmiz, xolos.

Jabbor aka “Lenin uchquni”da ajoyib jamoani shakllantirgandi. Ustozning umrlari uzoq bo'lsin!

Ba'zi kunlarda ishdan keyin goh Ikrom akaning, goh Hamza akaning xonasida “to'rtta gurung” boshlanar, har yoqlarda rizqu nasibasini terib yurgan Safar Barnoyev, Sulton Jabbor, Rayim Farhodiy singari bolalar ijodkorlari davramizga kelib qo'shilishar edi. Rahmatilla Barakayev, Turob Yusuf degan kursdoshlarini, Dilshod Rajab, Abdurahmon Akbar singari shogirdlarini ham Hamza aka bu davralarga chorlab turardi.

Davra qizigandan qizib, ijod ahli mavzudan-mavzuga ko'chib borishayotganida Ikrom aka ilkis hushyor tortib, ko'rsatkich barmog'i bilan tepaga ishora qiladi.

— Tis-s! – deydi o'sha barmog'ini labiga ko'ndalang qo'yib. – Sekinroq, yozib olinadi!

Barchaning ko'ngliga g'ulu tushadi. Ba'zi birlarning rangi oqarib, qo'nishgancha jim-dim bo'lib qoladi. Safar aka beparvo qo'l siltaydi.

— Eshitishsin deb aytyapmiz-da! – deydi atay tepaga qarab, chamasi yong'in xavfsizligi uchun qo'yilgan shipdagi o'rtacha lampichkadan kichikroq elektr uskunasiga qarab. – Fikrlar shunaqa tug'iladi, g'oyalar shunaqa tug'iladi – bemalol olib ishlataverishsin. Yurish-turishimizdan tortib nafas olishimizgacha bilib turishsa yaxshi-da, o'zi shunaqa qilinadi, xalqdan olib xalqqa beriladi.

Bu boshqalarga dalda bo'ladi, yurak hovuchlab, tillariga kalolat kelgancha qotganlar ham davra suhbatiga aralasha boshlashadi. Botinga urug' tashlagan qo'rquvning vahimasi mahv etilgandek bo'ladi. Safar akaning bunaqa narsalarga parvo qilmasligi bu vahimani ichkaridan chiqarib tashlaydi, urug'ini quritmasayam, kuchini qirqadi.

Bir kuni gap aylanib, yana o'sha muammo – badiiy ijod bilan shug'ullanadigan odamni gazetaga yaqin yo'latmaslik mavzusi ochilib qoldi.

— Bu gapni qaysi poynak aytdi? – dedi o'zi ham nasr, ham nazmda ijod qiluvchi Safar aka achchiqlanib. – Pokistonda gazetalar faqat she'r bilan chiqadi.

— Otaginam, mahobat qilasiz-a? – Ikrom aka unga ishonqiramay qaradi. – Xabar, izoh, ta'ziyani qanaqa qilib she'rga solish mumkin?

— Hamma gap shunda-da! – yuz gramm otgan Safar aka qat'iylashdi. – Quruqdan quruq gapni hammayam yozaveradi-da, gazetachida talant bo'lishi kerak!

— Gonorarni qanaqa to'lashadi? – xayoli og'di Hamza akaning. – Mana, bizda Ikrom aka she'rning bir satriga bir so'm qo'yadilar.

— Qoidasi shunaqa-da, — qo'shib qo'ydi Sulton Jabbor. – She'r yozish osonmi?

— Uch satrgayam uch so'm, surat ostiga yoziladigan kap-katta izohgayam uch so'm! – norozi ohangda xitob qildi Ikrom aka. – O'zi voobshe she'r bermasak ham bo'ladi!

— Ie, unda bolalar shoirlari qayga boradi? – Safar aka tevarak-atrofini to'ldirishgan ahli shuaroga qiya qarab qo'ydi. – Undan ko'ra izohniyam she'rga solib chiqa­ringlar, Pokistondagiga o'xshab!

— Shunaqa qilsa bo'ladimi? – o'smoqchiladi Ikrom aka.

— Nega bo'lmas ekan? – dedi Safar aka. – Pokistonda bo'ladi-yu, bizda bo'lmaydimi?

Navbatdagi sonda odatda Ikrom akaning o'zi yozadigan suratlar ostidagi izohlar she'riy bo'lib chiqdi. Gazetxon bolakaylar ham xursand, Ikrom aka ham. Izoh muallifining ism-sharifi ko'rsatilmasayam, qalam haqi to'lanadi. Shu-shu Ikrom aka yozgan, ba'zan Hamza aka tahrir qilib bergan she'riy izohlar suratlar ostini bezay boshladi.

— Ana-a, aytmovdimmi?! –Safar aka g'oya muallifi sifatida ko'krak kerib qo'yardi. – Yaxshi ijodiy tashabbuslarni qo'rqmay hayotga tadbiq qilaverish kerak.

Ammo bu “yaxshi ijodiy tashabbus”ga ko'p o'tmay ko'z tegdi.

Ertalab shoshilinch yig'ilish chaqirildi. Jabbor akaning kayfiyati yo'q, qovog'i soliq. Ikrom aka ishdan bo'shatiladigan bo'libdi. Birinchi sahifadagi Kreml surati ostidagi “biz bilamiz, hamma biladi, Mos­k­­­­vada, Kreml­­da falon s'yezd bo'ladi” mazmunidagi  she'riy izohda s'yezdning raqami xato ketibdi, yigirma to'rtning o'rniga yigirma beshmi, yigirma beshning o'rniga yigirma to'rtmi – ishqilib, shunaqa.

Ikrom akani xomush kuzatdik.

Xayriyat, uzoqqa ketib qolmadi. U mahallarda hozirgi “Gazeta korpusi” degan mashhur bino gazetachilar mahriga tushgan edi. Ikrom aka bir qavat tepadagi “Qishloq hayoti”ga o'tdi.

Hayot – qumsoat.

Taqdir taqozosi bilan  “Xalq so'zi” gazetasiga ishga kelib, Ikrom akani tahririyatda yana uchratdim.

Qarashlari, jilmayishlari o'sha-o'sha – ammo nigohi tiyrak tortgan, xomush, o'ychan boqadi. Tahririyatda chekish man' etilgan – u kishigagina mumkin. Halqa-halqa tutunlarga ma'yus nigohini qadaganida unda yuragini g'ijimlayotgan dard iztirobi yolqinlanadi. Ajoyib inson, dilbar shoir O'tkir Rahmat boshchiligidagi ijodiy jamoada  hurmati baland edi.

Ish orasidagi qisqa suhbatlarimizda “Lenin uchquni”da ishlagan do'stlarimizni eslashdik. Ular ajoyib odamlar ekani bilinadi.  Biz ularning ko'pchiligini boy berdik. Yo jisman, yo ma'nan. O'zimiz ham boy berilganlar sirasidan ekanimiz yodimizga tushadi. Fursat o'tgan sayin ularning qadri o'tadi – bu og'riqli, ammo og'riq hamisha ham fojia sanalmaydi. Ikrom aka kutilmagan hayot sinovlarida pishgan, kuygan, olovdan chiqqan – samimiy boqishi, “otaginam” deyishi, mehribonligi o'sha-o'sha edi.

O'tganlarning har biri qo'limizga ko'zgu tutqazib ketganini ko'pincha anglamaymiz. Uning qanday ko'zgu ekani noma'lum, faqat esga olib qaraganimizda muvaqqat hodisalarni o'zgacha talqin qilib yurganimizdan xijolat cheka olsak, bas. Inson qisqa umri davomida mangulikkaga da'vo qiladi, unga shu tariqa Abadiyat ato etiladi – bunga inonmoq zarur. Yaratganning dargohi keng, Alloh u kishidan rozi bo'lsin – yaxshi inson edilar, qalbimizda, yonimizda; ishonaman, uzoqqa ketmaganlar – yorug' kunlar hali oldinda.

Shoyim BO'TAYEV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × 5 =