HAYRAT VA HAYAJON OLAMI

– Zahro opa, bizning eng katta ishonchimiz va umidimiz bugun zamonaviy bilim va tarbiya olayotgan, endigina kuchga kirayotgan yoshlarimiz, farzandlarimizdandir. Bolalar nashriga alohida e’tibor berilayotganini sababi ham shunda. Bu borada “Gulxan” jurnalida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

 – Darhaqiqat, Yurtboshimizning “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” kitobining ilk sahifasidayoq quyidagi satrlarni o‘qiymiz: “Vatanimizning kelajagi, xalqimizning ertangi kuni, mamlakatimizning jahon hamjamiyatidagi obro‘-e’tibori avvalambor farzandlarimizning unib-o‘sib, ulg‘ayib, qanday inson bo‘lib hayotga kirib borishiga bog‘liqdir. Biz bunday o‘tkir haqiqatni hyech qachon unutmasligimiz kerak”.

Mustaqillikka erishganimizga 24 yil bo‘ldi. Shu yillar mobaynida Vatanimiz, xalqimiz ne-ne sinovlarni boshidan kechirmadi. Har qanday qiyinchilik va to‘siqlarga qaramay, mamlakatimiz har sohada katta taraqqiyot yo‘liga chiqib oldi. Yoshlar, bolalar va o‘smirlar har jabhada qo‘lga kiritayotgan yutuqlarni sanab adog‘iga yetib bo‘lmaydi. Vatanimiz ertasi, kelajagi bo‘lgan yosh avlod kamoloti, ta’lim-tarbiyasi, ular ma’naviyatini yuksaltirishga e’tibor istiqlolning ilk yillaridayoq davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Bu O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995 yil 14 fevraldagi  “Yosh avlodni umuminsoniy qadriyatlar asosida, xalqimizning ma’naviy merosiga chuqur hurmat ruhida tarbiyalashni yanada yaxshilash va bu sohada matbuot vositalaridan samarali foydalanish hamda mavjud bolalar nashrlarini moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash haqida”gi qarori edi. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va Davlat matbuot qo‘mitasi  “ўuncha”, “Gulxan” jurnallari hamda “Tong yulduzi”, “Klass” gazetalarining muassislari etib belgilandi. Ushbu qaror qabul qilinganiga ham 20 yildan oshdi. Bolalar ko‘proq o‘qisin, ma’naviy oziq olsin, fikri teran, dunyoqarashi keng, kelajakka uyg‘oq shuur  bilan boqadigan, mustaqil fikrli yoshlar bo‘lib ulg‘aysinlar, degan maqsadda bu nashrlarning narxi mo‘’tadil ushlab turilmoqda. Aytaylik, har bir sonining bahosi 3000 so‘mga to‘g‘ri keladigan “Gulxan” o‘quvchilarning qo‘liga yetkazib berish narxi bilan 1000-1300 so‘mdan to‘g‘ri kelyapti. “ўuncha” esa bundan ikki barobar arzon. Mana, shundan ham davlatimizning unib-o‘sib kelayotgan kelajak avlodga bo‘lgan g‘amxo‘rligini his etish mumkin.

“Gulxan” uzoq yillardan beri bir necha avlodning ma’naviy tarbiyasiga ulkan hissa qo‘shib kelayotgan jurnal. U hamisha havaskor qalamkashlar, yosh iste’dodlarning ijod minbari bo‘lib kelgan. Hozirgi kunda xalqimizning ardoqli shoir, yozuvchi va rassomlariga aylangan sevimli shoirlarimiz Anvar Obidjon, Iqbol Mirzo, rassomlar Bahodir Jalolov, Javlon Umarbekov, Ortiqali Qozoqovlarning ilk ijod namunalari “Gulxan”da bosilgan. Bugungi kunda Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohiblariga aylangan o‘nlab ijodkor qizlarimizni ham “Gulxan” kashf etgan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Mustaqillik yillarida jurnal o‘z sahifalarida nafaqat adabiyot va san’atda, balki turli fanlar bo‘yicha “Bilimlar bellashuvi”da g‘olib bo‘lgan o‘quvchilar, sportda ulkan g‘alabalarni qo‘lga kiritayotgan yosh chempionlar haqida, turli xil kasb-hunar namunalari bilan dunyo ahlini lol qoldirayotgan yoshlar haqida qiziqarli maqolalarni ham berib bormoqda.

Jurnalning har bir sonini bosmaxonaga topshirgach, muxlislar davrasiga, har bir uchrashuv va tadbirdan katta zavq olib, yangi mavzular topib qaytamiz. Ana shunday uchrashuvlardan biri yaqinda Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida bo‘ldi. Jurnal bo‘lim muharriri Muhabbat Hamidova bilan tumandagi 10 dan ortiq maktablarda jurnalxonlar davrasida bo‘ldik. Tog‘lar orasida joylashgan zamonaviy maktab binolari, kapital ta’mirdan chiqarilgan keng yorug‘ sinf xonalar, sport zallarini ko‘rib,  ko‘zimiz quvondi. Kutubxonadagi kitoblar qatoridan “Gulxan”ning ham joy olganini ko‘rib sevindik. O‘qituvchilar bu jurnallarda e’lon qilinayotgan maqolalardan bevosita dars jarayonida foydalanayotganini bildirishdi. O‘tgan yili xizmat safari bilan Andijon viloyatining Oltinko‘l tumanidagi Jalabek qishlog‘i bolalari hayoti bilan ham yaqindan tanishgandik. U yerdagi 10-maktab qoshida tashkil etilgan sport to‘garaklarini kuzatdim. Shaxmat, kurash, boks, voleybol… Ayniqsa, badiiy gimnastika bilan shug‘ullanayotgan qizlarning chiroyli, nazokatli mashqlari ko‘zimni quvontirdi. 

Tahririyatimizga nafaqat o‘quvchilar, balki ularning ustozlari, ota-onalari hamda viloyatlardagi jamoatchi muxbirlarimiz o‘nlab xatlar yo‘llaydilar. Hyech bir xat, hyech bir qo‘ng‘iroq javobsiz qolmaydi. “Bolam she’r yozayapti, rasm chizayapti, maqola yozdi”, deb farzandini yetaklab kelayotgan ota-onalar, bobo va buvijonlar ham talaygina. Shunday ota-ona, buvi va bobolarning safi tobora ko‘payib borayotgani ertangi kunga ishonchimni yanada orttiradi.  

– Jurnalni varaqlab, sodda bolalar tafakkurini charxlaydigan maqolalar, ibratli she’rlar, quvnoq hikoyalarni uchratamiz. Aytingchi, bolalar ruhiga moslab maqolalar yozadigan jurnalist qanday fazilatlarga ega bo‘lishi kerak?

–           Bolalarga yozish uchun bola bo‘lish kerak, deyishadi. Bu gap ayni haqiqat. Ularga yozish uchun ularning dunyosini, sodda va shirin  tilini, qiziqish va intilishlarini, ruhiyatini yaxshi bilish kerak bo‘ladi. Agar shu beg‘ubor olamga yo‘l topa olsangiz, o‘zingiz ham bir muddat barcha ishlaringizni unutib bolaga aylanasiz, atrofga uning ko‘zi bilan boqasiz, kattalar ilg‘amaydigan ranglarni ilg‘aysiz, boladek sodda, boladek to‘g‘ri, boladek beg‘ubor bo‘lib qolasiz. 32 sahifali jurnalni tayyorlash uchun ba’zida ko‘plab ijodiy ishlarni o‘qib chiqishga to‘g‘ri keladi. Ular orasidan “Gulxan”ga mosini tanlab olishimiz zarur. Bolalar uchun yozayotgan qalam ahli hamisha ularning yosh xususiyatlarini inobatga olishi kerak. Masalan, yosh bolaga o‘zidan kattaroq aka-opalariga mos ertak yoki hikoyani o‘qib bersangiz, u tushunmaydi va keyingi safar sizni eshitmaydi. Jurnalni tayyorlayotganimizda mana shu me’yorlarni nazarda tutamiz. Bolalarga yozilgan ijod namunalari avvalo, ularga tushunarli tilda yozilishi, she’rlardagi qofiyalar jaranglab turishi kerak.

– Bolalikning so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydigan zavqini ertaklardan olganmiz. Bugun ertakchi onalarimiz, buvijonlarimiz negadir kamayib qolgandek…

– Bu juda ham og‘riqli savol. Ertakchilik qadim-qadimdan mavjud va uni fanda xalq pedagogikasi deb yuritiladi. To‘g‘ri, kamayib borayotgani  rost, lekin hali  bor. Bolasi, nabirasi, o‘quvchisining kelajagiga, ma’naviyatiga mas’uliyat bilan qaraydigan, ota-onalar, boboyu buvijonlarni ko‘rganimda, dilim zavqqa to‘ladi. Hozir bolalar televizor, kompyuter, har xil rusumdagi telefonlar orqali milliy tarbiyamizga mos bo‘lmagan multfilmlarni ko‘rib, katta bo‘lishmoqda. Lekin oiladagi kattalar ana shu bolalarga vaqt ajratib qiziqarli ertaklarni turli obrazlarga kirib, ularga yoqadigan tarzda aytib bersalar, bolalar kichikligidan shunga o‘rganadi. Hyech bo‘lmasa, bu vazifani bog‘cha va maktabdagi murabbiy-ustozlar o‘z zimmasiga olishi kerak. Buning uchun Xalq ta’limi vazirligi tomonidan “Tayanch dasturi” asosida zarur qo‘llanmalar chop etilgan. 

Ertakchi onalar, buvijonlar haqida so‘z yuritganda, taniqli yozuvchi va shoirlarning bolaligi, tarjimai holiga bir nazar tashlaylik. Bahor va baxt kuychisi Hamid Olimjonni  Komila aya tarbiyalagan ekan. Buyuk yozuvchimiz Oybekni esa bobosi ertak va dostonlar aytib, katta qilgani haqida o‘qiganmiz. Bunday misollarni ko‘plab keltirishimiz mumkin. 

Kitobsevarlik, kitobxonlik ota-bobolarimizning qon-qoniga singgan qadimiy an’analardan. Yaqinda poytaxtimizdagi ўafur ўulom nomidagi bog‘da “Sog‘lom va ma’naviy yetuk avlod – yurt kelajagi” shiori ostida o‘tkazilgan “Bolalar kitobi” II Respublika festivali barcha ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Bu bayram nafaqat poytaxtda balki barcha viloyat va tuman markazlarida tashkil etildi. Unda yurtimizda faoliyat yuritayotgan barcha nashriyotlar eng yaxshi kitoblari bilan ishtirok etdilar. Bunday bayramlar tez-tez o‘tkazilib turishi kerak. O‘tkazilganda ham xuddi o‘sha kungidek haqiqiy bayramona ko‘rinishda tashkil etilishi zarur. Ana shunda bolalarning ko‘nglida kitobga mehr-muhabbat ortadi, ular kitobga alohida e’tibor bilan qaraydigan bo‘ladilar.

– Ajdodlarimiz qoldirgan ma’naviy boyliklarni kelajak vorislariga yetkazish, yoshlarning ma’naviy kamolotini ta’minlovchi kutubxonalarni to‘ldirish borasida “Gulxan” o‘zining qanday hissasini qo‘shmoqda? 

– Bolalarga, maktab kutubxonalariga kitob sovg‘a qilish keng tus olmoqda, bu quvonarli hodisa. Buni Zangiota tumanidagi maktablar misolida ko‘rishimiz mumkin. Har yili o‘tkaziladigan  “Kitob marafoni”da homiylar maktab kutubxonalariga yuzdan ortiq yangi nomdagi adabiyotlar sovg‘a qilmoqda. O‘tgan yili shu tumandagi 14-maktabda “Farzandimga kitob sovg‘a qilaman” deb nomlangan kitob marafoni o‘tkazilganda “Qatortol” hamda “Oqtepa” mahallasi oqsoqollari bolalarga 500 ming so‘mlik kitoblar sovg‘a qilishdi. Bolalarning kamoloti haqida qayg‘urayotgan mana shunday bag‘rikeng, saxovatli insonlarni ko‘rganda, sevinib ketaman.

Keyingi yillarda “Obuna majburiy emas, ixtiyoriy” degan gaplar aytilyapti. Lekin  bolalar oqni-qoradan, yaxshini-yomondan ajratib mustaqil fikrlay oladigan darajaga yetguncha, shakllanib olgunlariga qadar bu nashrlar majburiy bo‘lishi kerak. Nega?  Biz farzandlarimiz kichikligidan “Mana buni yema, mumkin emas, mana bunisi foydali, vitaminlarga boy” deb uqdiramiz. Yoki “Mana buni kiyib yurgin, tabiiy matodan tikilgan, salomatliginga yaxshi. Mana bunisi esa, sun’iy matodan”, deb ularning sog‘ligi uchun qayg‘uramiz. Endi savol tug‘iladi, nima uchun ularning ma’naviy kamoliga ulkan hissa qo‘shadigan davlat nashrlariga majburan obuna qilmaymiz. Bu nashrlar yurtimizdagi barcha islohot va o‘zgarishlarni, yangiliklarni bolalar tili bilan, ularga mos va tushunarli, qiziqarli qilib taqdim qilishga xizmat qilmoqda-ku. Aytaylik, Farg‘onadagi bolalar qoraqalpog‘istonlik tengdoshining yutuqlari haqida o‘qisa, ularning orzulari bilan qiziqsa, ularga ergashsa, qanday yaxshi! Yoki Respublikada o‘tkazilayotgan turli musobaqa va tanlovlarning g‘oliblari surati bilan e’lon qilib borilayotgan jurnalni ko‘rmasa, ulardan bexabar bo‘lsa, bu ma’naviy fojia emasmi? To‘g‘ri, jurnalning internetdagi veb-saytini boyitib borishga harakat qilyapmiz, har bir sonning elektron varianti unga joylanyapti. Lekin jurnalga obuna bo‘lmagan maktab bolalarining barchasi internetga kirib u bilan tanishib borishiga ishonmayman.

Jurnalning asosiy vazifalaridan biri bolalarimizdagi his-tuyg‘ularni vatanparvarlik, milliy qadriyatlar asosida tarbiyalashdir. Ulardagi ijod kurtaklarini parvarishlash, rag‘batlantirish, milliy iftixor, mustaqillik tuyg‘usini shakllantirishdan iborat. Biz ularga ana shu his-tuyg‘ularni o‘z vaqtida singdirmasak, ular ertaga robotsifat bolalarga aylanmaydimi? Global tarmoqlarda kun sayin yoshlar diqqatini o‘ziga tortadigan yangi o‘yinlar paydo bo‘lmoqda. Ulardagi jangari sahnalar hali ulg‘ayib ulgurmagan bolalar qalbidagi barcha ezgu his-tuyg‘ularni yakson qilib yubormasligiga kim kafolat beradi. Bu o‘yinlarning shunday turlari borki, qisqa fursatda bolalarni boshqara boshlaydi. Yurtboshimiz “O‘zbekistonning barcha bolalari – mening farzandlarim” deb ardoqlaydi. Shunday ekan, biz ham kelajak avlodni ma’naviyatga eltuvchi eng kichik nuqtalarni unutmasligimiz kerak.

 Adiba UMIROVA gurunglashdi.

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

thirteen + thirteen =