Ayollar qachongacha “mardikor bozori”ga chiqishadi?

Ayollarning ta'lim olishi, mehnat qilishi va jamiyatda o'z o'rnini topishi uchun barcha sharoitlar yetarli. Ammo, besh qo'l barobar emas-da, hamon o'z o'rnini topa olmagan xotin-qizlar ham kam emas.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xotin-qizlarni qo'llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Farmoni ijrosiga bag'ishlangan matbuot anjumani kuni-kecha Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo'lib o'tdi.

Unda O'zbekiston Xotin-qizlar qo'mitasi va “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi mutasaddilari ishtirok etdi.

Matbuot anjumanida aytilishicha, joriy yilning o'tgan 9 oyida 250 mingdan ortiq ishsiz xotin-qizlar ishga joylashtirilgan.

Shuningdek, nogironligi bo'lgan 5 mingdan ortiq xotin-qizga Xotin-qizlarni va oilani qo'llab-quvvatlash jamoat fondi mablag'lari hisobidan nogironlik aravachalari va bosh­qa reabilitatsiya vositalari olib berildi. Tadbirda O'zbekiston Xotin-qizlar qo'mitasi raisining birinchi o'rinbosari Zulayho Mahkamova bu borada amalga oshirilayotgan ishlar bilan jurnalistlarni tanishtirib, uchrayotgan muammolarni ham sanab o'tdi:

— Qo'mitaga kelib tushayotgan shikoyatlarning ko'pi ayollarning uy-joy, oilaviy muammolar, bandlik, kredit olish hamda zo'ravonlik masalalarida bo'lmoqda. Qolaversa, ayrim hududlar bo'yicha xotin-qizlarning huquqlari poymol etilayotgani aytilmoqda. Gohida aksariyat ayollarning ishxonasidan nohaq bo'shatishlarini ham eshitamiz. O'rganishlar natijasida shu narsa ma'lum bo'ldiki, shu paytgacha 2 mingga yaqin ish beruvchilar xotin-qizlarning huquqlarini buzgan. Ularning aksariyati bizning sa'y-harakatimiz natijasida hal etildi.

O'zingizga ayon, ayollarning bir kunlik yollanma mehnat bilan shug'ullanishi jamiyatda ko'p muhokama qilindi. Ammo hanuz bu borada tizimli ishlar amalga oshirilmadi. Bozorlar va odam qatnovi ko'p bo'lgan katta yo'llar atrofida ayollarning to'planib, “mardikor bozori”ga chiqayotgani ja­miyatimizning eng og'riqli nuqtasi hisoblanadi.

Guldek nozik jussasi bilan og'ir ishlarga ham tirikchilik tufayli ko'ngan ayollarning qismati haqida Xotin-qizlar qo'mitasi raisining o'rinbosari Mukarrama Nurmatova quyidagilarni ma'lum qildi:

— Sir emaski, ayollarning barchasi ham to'liq ish bilan ta'minlanmagan. Bu esa bizning oldimizdagi eng muhim vazifa bo'lib turibdi. Farzandlari bilan boquvchisiz qolgan ayol kunlik ish bilan shug'ullanishiga to'g'ri kelmoqda. Bunga ko'z yumib bo'lmaydi. Oilasiga moddiy yordam ko'rsatib, uyiga qaytarib olib borgan vaqtlarimiz bo'lgan, ammo “Qo'ldan berganga qush to'ymaydi”, degan naql bor. Ular yana pul topish uchun mardikorchilikka chiqadi. Halol pul topish ayb­mas, lekin ularni “mardikor bozori”da ko'rish Xotin-qizlar qo'mitasi uchun og'ir masala, ayollarni ishga joylashtirish borasida rejalarimiz bor. Tushunamiz, ayolga qiyin, qanday odamning uyiga ishga ketayotganini bilmaydi va ayrim paytlarda salbiy holatlarga ham duch keladi.

Yaqinda tadbirkor yurtdoshlarimizdan biri Germaniya va Koreya davlatlarining tajribasini o'rganib, yangi loyiha taklif qilayapti. Albatta, loyiha uchun yaxshigina mablag' zarur bo'ladi. Mazkur masala yuzasidan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi mutasaddilari bilan memorandum imzolash, loyihani amalga oshirish yuzasidan tomonlarning vazifa va majburiyatlari borasida kelishib olish taraddudidamiz, — dedi M.Nurmatova.

Feruza Rahimova,

«Hurriyat» muxbiri.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 + 20 =