Mavlon Umurzoqov: “Siyosatchi ham romantik bo'lmog'i kerak”

Adolat haqida fikr yurita turib yozuvchilardan biri uni “dunyo ustidan o'tguvchi dor”ga qiyoslagan. Unda yurgandan ko'ra u haqda xayol surgan afzalroq deydi. Darhaqiqat, adolatsizlikka, haqsizlikka uchragan odam adolat haqida ana shunday o'yga borishi tabiiy. Biz Birinchi Prezidentning sobiq Davlat maslahatchisi Mavlon Umurzoqov bilan uning hayot yo'llari haqida suhbatlashar ekanmiz, tuhmat va fitnaning, nohaqlik va ig'voning yo'li baribir boshi berk ko'chada ekanligiga amin bo'ldik. Marhamat, sizni suhbatdoshimiz bilan yuzma-yuz qoldiramiz.

  • Vatanning “oltin xazina”si
  • Siyosatchiga qarshi ishlagan fitna va tuhmat “mashina”si…
  • Davlat maslahatchisidan siyosiy mahbusgacha…
  • Sobiq Davlat maslahatchisining topilmagan tillalari…
  • Xalq shoiridan yechib olingan taqinchoqlar….

— Mavlon aka, mana Vatanimiz Mustaqil bo'lganiga 29 yil to'ldi. Bu o'z-o'zidan bo'lmagan, albatta. Mustaqillik qabul qilingan pallalarda siz davlat mahkamasida nufuzli lavozimda ishlagansiz. Yangi davlat barpo etishning o'zi bo'lmagan bo'lsa kerak?

— Mustaqillik afsonaviy tortiq sifatida osmondan tushmagan. Aslini olganda sobiq SSSR deb atalmish imperiya 1970 yillar oxiri 1980 yillar boshida siyosiy, iqtisodiy, ma'naviy jihatdan inqirozga yuz tuta boshlagan edi. O'sha yillardagi turg'unlik nafaqat iqtisodda, balki mafkurada, odamlar orasidagi munosabatda ko'rinardi. Eliga va vataniga emas, o'z boshlig'iga sadoqati bois tanlangan kadrlarning xato va kamchiliklari urchigan va buning oqibatida KPSS degan “mashina” yurishdan charchagan edi. Shuning barobarida unga tobe mamlakatlar va aholining ham sabr kosasi to'lgan bir palla edi.

“Qayta qurish” degani bilan uning aniq bir strategiyasi yo'q, oshkoralik deb juda ko'p korxona va tashkilotlarni tartibdan chiqarib yuborgan Moskvaning boshqaruv qobiliyati allaqachon koma holatiga kelayotganligi aniq bo'lib qoldi. Bularning hammasi SSSRning parchalanishiga va mus­taqillikka erishishga qulay vaziyat yaratgan edi. Natijada mamlakatimiz sobiq Ittifoq respub­likalari orasida birinchi bo'lib, o'z mustaqilligini e'lon qildi va 1991 yil 1 sentyabr — Mus­taqillik kuni deb e'lon qilindi. Bu albatta, juda quvonchli tarixiy hodisa. Biroq ana shu lahzadan boshlab bizning, ayniqsa, davlat tepasida turgan har bir mutasaddilarning yelkasiga juda katta mas'uliyat yuklandi.

Biz bu davrda kabinetda o'tirib ishlamaganmiz, xalq orasiga kirib borganmiz. Bu paytda qo'yilgan ilk masala “Paxta ishi” masalasida nohaq qamalganlarni ozod qilish masalasi bo'ldi.

1991 yilning dekabr oyida Namangan voqealari sodir etildi. Buni ko'pchilik yaxshi eslasa kerak. Tohir Yo'ldoshev degan kimsa olomonni to'plab, ular nomidan Islom Karimov oldiga O'zbekistonni Islom jumhuriyati deb e'lon qilish, diniy siyosat asosida davlatni boshqarish kabi o'nlab talablarni qo'ydi. O'sha kuni aeroportda I.Karimovni kuzatar ekanmiz, Ismoil Jo'rabekov va men tinchlik o'rnatilguncha bir muddat Namanganda qolishimiz haqida topshiriq oldik. Bu bir muddat bir yarim oydan oshishini o'shanda ikkovimiz ham bilmagan edik. Bu vaqt mobaynida maktab, kollej, institut yoshlari bilan uchrashuvlar qilib, vaziyatni to'g'ri baholovchilar sonining oshishiga erishdik. Tohir Yo'ldoshev va Juma Namangoniy esa o'z harakatining kelajagini bilgach, xorijga qochib ketishdi. Boringki, O'sh, Farg'ona, Bo'ka voqealarining har biri bizdan oqilona ish olib borishni talab qilardi. Mamlakat hayotidagi eng og'ir, eng qaltis, eng tarixiy pallalarda ishlab, elimizga xizmatimiz singiganidan g'ururlanib ketamiz.

— Mamlakatimiz rivojiga hissa qo'shgan siyosatchi, iqtisodchi olim sifatida bugungi ijtimoiy, iqtisodiy jarayonlarni qanday baholaysiz?

— Bugun odamzotning boshiga tushgan bu sinovli damlardan chiqish uchun har bir mamlakat o'zicha yo'l tutmoqda. Aholining ijtimoiy yordamga muhtoj qatlamiga alohida e'tibor qaratilayotgani tahsinga sazovor. Vatanparvar, fidoyi va islohotchi Prezidentimiz Shavkat Mirziyo­ev pandemiya sharoitida xalqimizning manfaatlarini o'ylab, qator farmon va qarorlarga imzo chekdiki, buni quvonch bilan e'tirof etaman. Kezi kelganda aytay, shunday og'ir va sinovli kunlarda xalqimizning yordamga muhtoj qatlamiga ajratilgan mab­lag'lar ayrim noinsof mulozimlar tomonidan talon-toroj qilindi. Shu yurtning bir fuqarosi sifatida bu xildagi munosabatdan yuragim qattiq og'ridi.

Ijtimoiy-iqtisodiy tizim bilan bog'liq ulug'vor maqsadlar sari dadil qadam tashlanyapti, lekin ularning to'la-to'kis amalga oshishi yengil kechayotgani yo'q. Bosh­qaruv tizimida faoliyat olib borayotgan ayrim mulozimlarning no'noqligi esa, bugungi tezkor va globallashuv jarayonlariga moslasha olmayotgani, korrupsiya botqog'idan qutula olmayotgani, fidoyilik va vatanparvarlik tuyg'ularidan yiroqligi mamlakatda boshlangan jiddiy islohotlarni qiyinlashtirmoqda. Yurtda boshlangan yangicha yondashuv bu xildagi mulozimlarga murosasizlik qilib, zudlik bilan ulardan voz kechish kerakligini ko'rsatmoqda. Chunki, Prezident Shavkat Mirziyoyev ilgari surayotgan «Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak», «Fuqarolar emas, hujjatlar harakatlanadi», «Odamlar ertaga emas, uzoq kelajakda emas, bugun yaxshi yashashni istaydi», degan mutlaqo yangicha tamoyillari odamlar qalbida umid va ishonch tuyg'ularini uyg'otdi.

Shavkat Mirziyoyev davri xalqimiz hayotida uyg'onish va islohotlar davri bo'lib tarix sahifalariga kirishi uchun bosh­langan keng ko'lamli islohotlar o'zining samarasini berishi kerak. Salmoqli va xalqimiz kutayotgan farovon hayotni barpo etish xohlaymizmi, yo'qmi, baribir yetuk kadrlar faoliyati bilan bevosita bog'liq. Vaqt va umr esa kutib turmaydi. Shiddat bilan o'tib bormoqda. Shunday bo'lgach, fidoyi, jasoratli, vatan va xalqimiz manfaatlarini o'ylaydigan odamlarning mas'ul lavozimlarda faoliyat olib borishlariga barchamiz birdek harakat qilishimiz bugungi muhim vazifamizga aylanmog'i lozim. Tarixdan ma'lum, dono podshohlarning yonida donishmand vazirlar, bilimdon allomalar, yuksak iqtidor egalari qanot bo'lgan. Axir Husayn Boyqaroga hazrat Navoiyni qanchalik yomonlashmasin, eng murakkab vaziyatda sulton Navoiyga suyangan. Saljuqiy hukmdorlarga qirq yil bosh vazirlik maqomida faoliyat olib borgan dono vazir Nizomulmulk aqlli va donishmandligi tufayli mamlakatning ishonch tog'iga aylangan. Demak, noyob iste'dod egalari Vatanning “Oltin xazina»si sifatida islohotchi va tolmas Prezidentning yonida bo'lishlari bosh­qaruvda adolat va haqiqatning qaror topishini ta'minlaydi, deb o'ylayman. Ana o'shanda mamlakat gullab, yashnaydi. Ana o'shanda odamlarimiz ish izlab, turli mamlakatlarda sarsonu sargardon kezmaydilar.

— Davlat boshqaruvi tizimida ishlagan davringiz katta bir tarix, albatta. Lekin bu ko'pchilik uchun qiziq ekanligi ayon. Ayting-chi, bu tizimga ishga kelishingizga nimalar sabab bo'lgan, katta lavozimda ishlashdan, siyosat “o'yinlari”dan qo'rqmaganmisiz?

— Har bir odamning kelajagiga, uning shakllanishiga oilaviy muhit, tasodifiy uchrashuvlar yoki hodisalar sabab bo'ladi. Bu jarayon chetdan qaraganda tabiiy holday ko'rinadi. Mening iqtisodchi bo'lishimga paxta terimi paytida uyimizda ikki oy yashagan Toshkent Davlat xalq xo'jaligi institutining besh nafar talaba — hasharchilari sabab bo'lgan edi. Ularning odobi, kamtarligi va o'zaro munosabatlariga havas qilganman. Mana shu havas meni Toshkent Davlat xalq xo'jaligi ins­titutiga yetaklab kelgan. 1970 yilda ins­titutni imtiyozli diplom bilan tamomlaganimdan so'ng meni rektorimiz M.Qori­ev tashabbusi bilan institutda olib qolishdi. Keyinroq Moskva Davlat moliya institutiga ish o'rganuvchi — tadqiqotchi bo'lib bordim hamda u yerda aspiranturaga qabul qilindim.

Ha, umr oqar daryo deganlari rost ekan, ko'z ochib yumguncha o'tib ketdi. U yerda asosiy vaqtim Lenin nomidagi o'sha mashhur kutubxonada kechardi. Haftada ikki kun talabalarga amaliyotdan mashg'ulot o'tardim. Har bayramda Qizil maydonga piyoda yo'lga tushardik. Mos­kvada dissertatsiyamni himoya qilgandan keyin Toshkentga qaytib yana ins­titutda dars bera boshladim. Institut o'qituvchilari yoshlarga ma'ruzalar o'qish uchun viloyatlarga chiqardik. Bu guruhlarga o'sha vaqtlar O'zbekiston Kompartiyasi Markaziy qo'mitasi va Komsomol tashkiloti mas'ul xodimlari rahbarlik qilgan. Ana shunday safarlardan so'ng meni Komsomolning markaziy qo'mitasiga ishga taklif qilishdi. U yerda ozroq ishlab, siyosat havosida ozmi-ko'pmi tob­lanishga to'g'ri keldi.

1985 yilda meni Markazqo'mga chaqirib, Ishlar boshqarmasining moliya sektori mudirligiga ishga taklif etishdi. Shu sabab, Moskva — KPSS Markaziy komitetiga suhbatga bordim. KPSS MK apparatining O'zbekiston bo'yicha kuratori N.Girko, ishlar boshqaruvchisi Ye.Krugina, Markazqo'm kotiblari Biryukova va Dolgixlarning suhbatidan o'tgachgina ushbu lavozimga tayinlanganman.

— Endi sir bo'lmasa kerak, o'sha davrdagi “Markazqo'm”da siz ishlagan sektor qanday vazifani bajargan?

— Bu sektor asosan partiyaning byudjeti bilan shug'ullangan. O'sha yillar O'zbekistonda partiyaning moliyaviy ahvoli ko'pgina boshqa ittifoqdosh respublikalarga qaraganda ancha yaxshi bo'lgan. Respub­likadan to eng quyi bo'g'inlargacha xodimlarning soni, maoshlarigacha “Markaz”dan belgilanardi. Hatto partiya qo'mitalari kotiblariga biriktirilgan avtomashinalarning bir yilda qancha kilometr yurishi, qachon shinalari almashishi muddati va tartiblari ham KPSS Markaziy Komiteti tomonidan tasdiqlanardi. Bu esa “Markaz”ning quyi bo'g'inlariga ishonchsizligidan dalolat berardi. O'z nav­batida partiya xodimlari orasida norozilik kayfiyatining tug'ilishiga sabab bo'lgan.

— Kadrlar siyosati qanday olib borilgan. O'sha paytda mamlakat qay darajada o'zining yetuk va salohiyatli kadrlariga ega edi?

— Aytishim kerakki, sovet davridagi kadrlar siyosatini yuz foiz qoralab bo'lmaydi. Kadrlarni tanlashda asosan Res­publika, viloyat, shahar va tuman darajasida kadrlar zaxirasi hujjatlariga asoslanardi. Viloyat rahbarlari va muovinlari “Moskva tasdig'i”dan o'tishi shart edi va shu boisdan rahbar deganlari Mos­k­vaning ko'nglini ovlash bilan band bo'lgan. Rus tilini bilmagan, tashab­buskor ilmiy kadrlarning rahbarlik lavozimiga o'tishi o'ta murakkab hol edi. Ayniqsa, Sharof Rashidov o'limidan so'ng kadrlar siyo­sati butunlay “Markaz” qo'liga o'tgan. O'zbekiston Respublikasi Kompartiyasi markazqo'mining olti nafar kotibidan uch nafari rus millatiga mansub bo'lgan. Tez-tez “Markaz”dan “desantchi” — rahbarlar tashlanardi. Bundan ko'zlangan maqsad ayon — O'zbekistonda “tartib o'rnatish”, shiori ostida o'zbek xalqining g'ururini sindirish, o'zlariga yanada kuchliroq tobe qilish, elni el bilmas olomonga aylantirish edi.

— Ma'lumki, siz ishlagan davrlarda yuqori lavozimlarga kurash zimdan davom etgan. Manfaatlar, lavozimlar to'qnashuvi oralab to'g'ri kadr tanlay bilish juda murakkab kechgan bo'lsa kerak?

— Albatta. Bu yerda ikki xil manfaatlar to'qnashuvi yuz bergan: yurt, mamlakat manfaati uchun va o'z urug'-aymog'i-yu oshna-og'aynisi uchun xizmat qilguvchilar manfaatlari. Bo'sh emas, munosib o'ringa munosib kadrlarni tanlash va tayinlash ajdaho og'zidan olov keltirishday xatarli edi. Chunki tepangizda har qanday fitna sizga qarshi qilich qayrab turganligini his qilib turish mumkin edi u paytlarda.

O'sha paytda O'zbekiston teleradiokompaniyasi raisi o'rinbosari lavozimiga I.Karimovning taklifi bilan yurtimizdagi iste'dodli jurnalistlardan birining nomzodini tayinlash to'g'risida farmoyish tayyorlash buyurildi. Ertasi kuni ushbu farmoyish loyihasini tayyorlab olib kirsam, sobiq prezident bu masalaga keyinroq qaytamiz, deb bu ishni orqaga surdi. Xuddi shuningdek, Bosh vazir o'rinbosari lavozimiga Toshkent shahridagi tuman hokimlaridan birining nomzodini tavsiya qilgan edik. Prezident rozilik berdi, biroq bir kun o'tib bu masala ham to'xtab qoldi. Bu ham o'sha atrofdagi fitnachilarning, oshna-og'aynibozlarning ishi bo'lgan. Ular iloji boricha halol, malakali kadr­lar ustidan turli ig'vo va fitnalarni uyushtirib, imkoni boricha ulardan tezroq qutulishga bel bog'lagan edilar. Nafaqat men, balki xalq va millat taraqqiyoti yo'lida astoydil mehnat qilib, Prezidentning nazariga tushgan har qanday odam saroydagi bir uyum fitnachilarning bosh dushmaniga aylangan.

— O'sha yillarda kadr tanlashda ma'lum bir me'yorlarga amal qilinganmi?

— Mustaqillik e'lon qilingandan so'ng, kadrlar borasida “Markaz tasdig'i” kabi sarqitlar va ish uslublariga barham berildi. Yangicha tuzum va uning tuzilmasida sezilarli o'zgarishlar qilish uchun yangicha ruh va yangicha kuch bilan ishlaydigan kadr­larni topish ustida ish olib borildi. Ayt­ganimday, kadrlarni topish, tanlash, ularni munosib o'rinlarga qo'yish juda qaltis va og'riqli masalalardan biri edi.

Chunonchi, mahalliychilik, oshna-og'aynigarchilik o'sha yillar kadrlar siyosati kun tartibidagi asosiy masala bo'lgan. O'shanda bunga barham berishning yangi usulini o'ylab topdik. Unga ko'ra mamlakat markaziy organlarida qo'mitalardan tortib, vazirliklargacha hamma viloyatlardan vakillar bo'lishi, ya'ni ma'lum kvotaga bo'ysunish kerak edi. Kvota o'sha viloyat aholisi mamlakat aholisining necha foizini tashkil etishiga qarab belgilanardi. Kadr tanlashning ushbu usuli ancha-muncha muvaffaqiyatli kechgan edi.

Prezident devonida ishlab yurganimda va hozir ham rahbar atrofida mayda gap­lar aylanishi meni ko'p o'yga toldiradi. Menimcha, bizda shaxsga sig'inish emas, mansabga sig'inish unsurlari har doim ustunlik qilmoqda. Har bir davrda ham shikoyatchilar bo'lgan. Xo'sh, ular nimadan paydo bo'ladi: albatta, o'zi duch kelgan muammoning quyi hokimiyatlarda adolatli hal etilmaganidan. Chunki har qanday shikoyat zamirida ozmi-ko'pmi adolat istagi yotadi. Qaerdaki adolat bo'lmasa, o'sha fuqaro rahbar eshigidan norozi bo'lib chiqadi. Natijada davlat siyosatiga nisbatan ishonchsizlik paydo bo'ladi.

Shuningdek, har bir rahbar o'z sohasini, o'z kasbini romantik darajada yaxshi ko'rishi kerak. Menimcha, hatto siyosatchi ham romantikaga moyil bo'lmog'i kerak. Buyuk san'atkor Rastrapovichning buyukligi nimada edi? Uning buyukligi “Tug'ilganidan o'limiga qadar uning uchun faqatgina musiqa borligidadir”. Rahbar uchun ham uning kreslosi emas, ishi mazmunga aylanmog'i kerak.

Yana qaytarib aytamanki, kadrlar siyo­satida halollik va adolat bosh mezondir. Ba'zan ommaviy axborot vositalari orqali falon hokim faloncha ming dollar olibdi, yoki pismadon hokim o'z viloyatidagi bir oilaning uyini o'zi bosh bo'lib buzdirib tashlabdi, deganga o'xshash xabarlarni o'qib qolaman. Mana shu va shu kabi holatlar bois, allaqanday kaltabin rahbarlarning egri siyosati bilan hukumat ham, davlat ham uyatga qoladi, yuzi shuvut bo'ladi.

— O'tgan yillar davomida siyosatchilardan kimlarning shaxsi va amalidagi uyg'unlikni qadrlaysiz? Sizningcha O'zbekiston o'zining professional siyosatchilariga egami?

— Avvalo, men Sharof Rashidov shaxsiga va faoliyatiga cheksiz ehtirom bilan qarayman. Sharof Rashidov res­publikamizni chorak asr oqilona bosh­qargan davlat arbobi edi. U kishining mehridan, g'amxo'rligidan bahramand bo'lgan odamlar juda ko'plab topiladi. Sharof Rashidov davlatni boshqargan yillar mamlakatning gullagan davri edi. O'sha davrda respublika iqtisodiyotini har tomonlama rivojlantirish o'z-o'zidan amalga oshmagan. Uning zamirida katta kurashlar, sobiq “Markaz”ning korchalonlari bilan til topishishlar, hatto bir tonna sement olish uchun ularning roziligini olish oson kechmagan. Mamlakat xalq xo'jaligi tarmoqlarining har biri bevosita u kishining rahbarligida rivojlangan. Endi u kishining nomi qoralanishlari-yu uni oqlash uchun qilingan harakatlarni aytay desam, buning o'zi alohida bir mavzu.

Shuningdek, yana bir iqtidorli, talabchan siyosatchi bu Ismoil Hakimovich Jo'rabekov, men uni 1985 yildan buyon bilaman. Bu odam bilan ish yuzasidan res­publikamizning viloyat, tuman, kolxoz va sovxozlarigacha aylanib chiqqanman. Hokimlar, kolxoz, hatto brigada boshliqlarining ismigacha bilardi. Xalq hayotiga singib ketmagan odam bunday yaqinlikni his qilmasdi, albatta. Umrini, jo'shqin faoliyati va salohiyatini, qishloq va suv xo'jaligini rivoj­lantirishga bag'ishladi. U mamlakatimizning har bir qarich yerini qadamma-qadam aylanib chiqqan. Bosh vazir o'rinbosari, Prezidentning Davlat maslahatchisi lavozimlarida turib ham oddiy xalqning “o'z odami”ga aylanib ketgan edi. Uning qat'iy irodasi, siyosiy bosiqligi sabab mamlakatimiz juda ko'p tahlikali vaziyatlardan eson-omon o'tgan. Bu kabi kadrlar kam emasdi. B.Rahimov, N.Xudoyberdiyev, M.Musoxonov, O.Salimov, O.Sodiqov, A.To'rayev, S.Sirojiddinov kabi yuzlab kadrlar el olqishiga sazovor bo'lganlar. Men bu tarixiy shaxs­larni hamda bugun mamlakatimizda muhim islohotlarni o'tkazayotgan Shavkat Miromonovich Mirziyoyevni haqli ravishda yurtning asl farzandlari va oqil siyosatchilari deb bilaman.

— Ruslarda bir mashhur maqol bor: “Vek jivi, vek uchis” deyishadi. O'zimizda esa bundan ham kuchli gap bor: “Beshikdan to qabrgacha ilm izla”. Shunday ekan, hukumat tarkibida ishlagan yillaringizni bugun o'zingiz qanday baholaysiz?

— Har qanday odam o'zi qilgan ishlaridan ko'nglim to'ldi, qotirib bajardim, degan fikrlardan uzoq bo'lmog'i kerak. Shu ishni sening o'rningda boshqa odam bajarganida balki undan ham yaxshiroq natijaga erishgan bo'larmidi…

Endi o'zim bajargan ishlarga keladigan bo'lsam, ulardan ko'nglim to'q bo'lganidan to'lmagan hollar ko'p bo'lgan. Nega, deb so'rarsiz? Qon-qonimizga singib ketgan odat bor: bir-birimizga to'g'ri so'zni ayta olmaymiz, yuz-xotir qilamiz, andishaga berilamiz. Ba'zan esa qo'rquv vij­donimiz ustidan ham g'olib keladi. Aksar hollarda rahbarlar tanqid qilgan odamning fikrini o'rganib, xulosa chiqarish o'rniga ulardan qasd olish payiga tushadilar. Shunday ekan, huquqiy davlat qurish yo'lidan borayotgan mamlakatda fuqarolarning shaxsiy fikri qaerda qoladi?!

— Mamlakat va millat taqdiri uchun tinim bilmay ishlab, yana nomingizga “dog'” tushib, tuhmat bilan ishdan chetlatilish bu chidash og'ir bo'lgan azobli holat, albatta. Ishdan chetlatilganingizda ehtimol, adolatli bo'lishga adolatning, haqiqatni aytishga haqiqatning qurbi yetmagan bo'lishi mumkin. Bugun hammasini ochiqlasa bo'lar, chunki Oliy Sud Sizning aybsiz ekanligingizni isbotladi. Ayting-chi, agar mumkin bo'lsa, o'shanda nima bo'lgan edi?

— Albatta bu azobli, qayg'uli hol, mening rahbarligimda ishlayotgan mas'ul xodimning o'z boshlig'i ustidan shikoyat yozishi kechirib bo'lmas holat edi. Biroq bu shikoyatning, to'g'rirog'i, fitnaning tashkilotchilari boshqalar bo'lgan. Bu xatda go'yoki mening mahalliychilikka, oshna-og'aynigarchilikka berilganim bitilgan edi. Oddiy referentlikdan bir yil ichida o'rinbosarlikkacha ko'tarilgan kimsaga “ustoz”ini sotish evaziga katta amallarni va'da berishgan. Biroq niyatlari amalga oshgach, fitna tashkilotchilari uni keraksiz buyum­day chetga uloqtirishgan.

Shundan so'ng o'z vazifamdan ozod etilib, Sirdaryo viloyat hokimiga o'rinbosar etib tayinlandim. Biroq bu bilan fitnachilar tinchimadi. Go'yoki sobiq davlat maslahatchisi kelgusida davlat rahbari vazifasini egallashga intilmoqda, degan uydirmalarni tarqataverishgan. Ana shu sabab mening ishimni mahkamaga tortishga ko'rsatma berilgan. Sud hukmida esa hatto chet eldan sovg'a sifatida olib kelingan va qiymati 50 dollarga baholangan ikki kilogramm konfet ham pora sifatida ko'rsatilgan edi.(Oradan 22 yil o'tib ushbu hukm Oliy sudda qayta ko'rilganida bu ayblov taroziga qo'yishga ham yaramadi). Jinoiy dalillar yetarli bo'lmagani sababli yangi, turli xil qabihlik­larni o'ylab topishardi. Katta boylik orttirgan bo'lishi mumkin degan taxmin bilan Boyovut tumanida yashovchi aka-ukalarim va qarindosh­larimning uylari ham tintuv qilindi. Oltin bor joyda chirillab ovoz chiqaradigan uskuna bilan boylik axtarishdi. Uskuna har chirillab ovoz chiqqanida xursand bo'lib qarashsa, afsus­ki, u oltin emas, tuproq ostida qolib ketgan konserva qutisi yoki zanglagan temir bo'laklari bo'lib chiqqan ekan.

— Axir, o'sha paytda Oliy Majlis deputati bo'lgansiz-ku. Nahotki Qonunchilik palatasi o'z deputatini himoya qila olmagan bo'lsa?

— Aynan shunday. Oliy Majlis deputati, qolaversa, hukumat tarkibidagi siyosatchi edim. Biroq hammaning tiliga qulf osilgan edi. 1994 yil 4 avgustda jinoiy javobgarlikka tortildim va hibsga olindim. Na Oliy Majlis, na Xalq demokratik partiyasi o'z a'zosining taqdiri bilan qiziqqani yo'q. Bilasizmi, sen Adolat deb tikiladigan hukumatning o'zi boshing­ga uyum-uyum ig'voni ag'darib o'tirsa, chidab bo'lmas edi bunga. Hukm o'qilib, qamoqxonaga jo'natilganimdan so'ng ham kuzatuv va bosimlar muntazam davom etaverdi. Bir zonaga yuborishadi, biroz vaqt o'tgandan keyin turmalar boshqarmasidan ko'rsatma keladi: “Falon saylov yaqinlashmoqda. Bu zonada kontingent juda ko'p, “Falonchiyev” saylovga yomon ta'sir ko'rsatishi mumkin”. Shundan so'ng meni yana bosh­qa zonaga ko'chirishadi. Qiziq, turmada o'tirib, maxbus holimda saylovlarga qanday qilib “yomon ta'sir” o'tkazishim mumkin edi? Ko'ryapsizmi, qanchalar ayanchli, tuturuqsiz va kulguli bo'lgan bu xatti-harakatlar. Amnistiya vaqti yaqinlashganda esa arzimagan xatolarni topishardi, maqsad — amnis­tiyaga ilintirmaslik bo'lgan.

Birinchi prezident Islom Karimovga xat yozganimdan so'ng, uning farmoyishi bilan 1996 yil 9 avgustda men ozod etildim. Biroq Toshkentga — oilam bag'riga emas, Sirdaryoga — ukalarim yashayotgan qishloqqa borishim kerak ekan. Qishloqda uy-joyim yo'q, shunga qaramasdan, uysiz qish­loqqa ro'yxatga olingan edim. Nima uchundir, o'z jonajon uyimdan ro'yxatdan o'chirilgan bo'lganman. Uzoq yillar qo'limga pasportim ham berilgani yo'q. Faqat 2015 yil, 21 oktyabrda Toshkentga — o'z uyimga ro'yxatga olindim.

— Bu kabi dahshat o'pqonlariga har kuni ming marta yiqilib, uning og'riqlarini yengib yashash nozikta'b shoiramiz Halima Xudoyberdiyevaga ham oson bo'lmagan bo'lsa kerak?

— Halima opangiz o'zining oxirgi kitoblaridan birini “Osoyishta sham” deb atadi va o'sha kitobdagi bir turkum she'r­lar “Dahshatli yoz” deb nomlangan. Bu bejizga emasdi, albatta. Chunki o'sha yoz kunlarida mening, oilamizning, qarindosh-urug'larimning boshiga hayotimizdagi eng ayanchli kunlar tushgan edi. Halimaning o'zi o'sha kunlarni shunday izohlagan edi: “Nega dahshatli yoz?.. Negaki o'sha yozda oilamizning qahraton sovuqlaridan battar kunlari boshlangan edi… Biz yozda goh izg'irindan, sovuq nigohlar, sovuq xabarlardan muzlaganmiz, goh tuhmat qozonlarida qovrilganmiz. Umr yo'ldoshim — bolalarimning otasi qamoqda, bolalarim azobda, ro'zg'orim parishon… O'zim qamoq eshiklarida…”

Halimani, o'g'illarimni, qarindosh-urug'­larim va yaqin do'stlarimizni doimiy ravishda surishtiruvu so'roqlarga chaqirib turishdi. Uyni tintuv qilib, oilamiz a'zo­lariga tegishli kiyim-kechak, mol-mulk bormi — hammasini xatlov qilib olib ketishgan. Hatto turmush o'rtog'imning taqinchoqlarigacha yechib olishgan. Yashayotgan uyimiz xususiylashtirilganiga qaramasdan musodara qilingan. Ushbu zulm ortidan ikki farzandimiz ham jinoiy javobgarlikka tortildi. Ular ham “sudlangan” degan tamg'ani olishi kerak bo'lgan, shekilli. Ko'p o'tmay esa ikkinchi o'g'lim vafot etdi. Bunday voqealardan so'ng Halima opangizning yuragidan o'tgan haddan tashqari qayg'uli onlarni Siz bir ijodkor, qolaversa ona sifatida his qilsangiz kerak. Qamoqdan chiqqandan so'ng Halima opangiz ham, men ham turli cheklovlar va kuzatuvlardan forig' bo'lmadik. Radio, televidenie, matbuot va nashriyotlar eshiklarida biz uchun katta qulflar osig'lik turardi.

Shu o'rinda yana bir voqeani gapirib bersam… 2011 yilda Halima tug'ilib o'sgan Boyovutning “Taraqqiyot” fermer xo'jaligida uchrashuv uyushtiriladi. Unda Halima bilan birga Azim Suyun, Umrzoq O'ljaboyev, Qozoqboy Yo'ldoshev kabi shoir va olimlar ishtirok etishgan. O'sha uchrashuvdan esdalik sifatida olingan fotosurat muzey devoriga ilib qo'yilgan ekan. O'sha birgina fotosuratni deb maktab direktori surishtiruv va so'roqqa tortilgan. Men to'la oqlanganimdan so'ng­gina suratni qaytarib joyiga qo'yishgan. Bu og'ir damlar kayfiyati shoiraning she'rlariga ko'chgandi:

Kecha hayotga toj biz ko'plarimiz,

Bugun shu hayotning mag'lublarimiz…

Kecha oyat misol ko'zga surtilgan

Bugun o'qilmadi… maktublarimiz.

— O'shanda Siz kabi juda ko'plab millat oydinlarining boshi turli tuhmatlar ostida qolgan. Bunga tuhmatchi va fitnakorlar sabab bo'lgan ekan-da…

— Men kabi necha o'nlab o'z ishini sevib ishlaydigan odamlarga qilingan ig'vo va fitnalar sabab kadrlar siyosati og'ir ahvolga tushib qolgan edi. Adolatli, to'g'riso'z va tashabbuskor kadrlar yo yurtdan badarg'a qilindi yoki qamaldi. Hatto o'zining ilmi bilan butun Islom dunyosida dong taratgan shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf ham ma'lum yillar yurtimizni tark etishga majbur bo'lgan edi. Aytishadi-ku: “Agar podsho donishmand bo'lsa ham uning atrofini johil va nodonlar egallasa, podshoning donoligiga putur yetadi”. Eng afsuslanarlisi, davlatchilik va boshqaruv bor ekan, uning atrofida har doim fitnachi va ig'vogarlar bo'lgan. Bu fisqu fasodlarga aldanmagan hukmdorlargina adolatli jamiyat barpo eta olganlar. Shunday ekan, bugun mamlakatda adolatli tizimni to'liq amalga oshirish nafaqat Prezidentning, balki barchamizning vazifamizga aylanmog'i kerak. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Xalqimiz ertaga emas, uzoq kelajakda emas, balki bugun baxtli yashashi kerak” degan ulug' niya­ti to'la-to'kis hayotga ko'chmog'i lozim.

Axir 2018 yilda men bilan birga men kabi minglab nohaq jabrlanganlar, qoralanganlar oqlandi-ku! Oila a'zolaring, qarindosh-urug'laring oldida yuzing yorug' bo'lishdan ham ulug' ne'mat bormi? El oldida-chi? Mana mening muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich olib borayotgan siyosatga mehrim va xayrixohliklarim nimadan?! To'g'risi, bu kabi siyosiy donishmand­lik qoshida hayratlanmay bo'ladimi, axir!

— Millat taqdiri haqida o'ylaganingizda nimalar haqida xayolga berilasiz? Xalqni rozi qilish uchun sizningcha qanday ishlash va qanday yashash kerak?

— Menimcha, muammolardan biri bu — fuqarolarni qabul qilish masalasidir. Chunki rahbarlar bilan xalq orasida masofaning kattaligi, ular orasidagi jar mana shu muammodan kelib chiqadi. Tanish­larimdan biri o'z shaxsiy ishi bo'yicha mutasaddi rahbarlarga 300 martadan ortiq xat yozganini aytadi. Nahotki, 300 ta xatdan birortasiga javob ololmasa? Aksariyat rahbarlar aholini qabul qilishdan qochadilar. Xo'sh, nega? Mana yuqori tashkilotlar bilan bog'liq yuzlab savollar javobsiz qolib ketmoqda. Amerikaning sobiq prezidentlaridan Ruzvelt haftada ikki marta jurnalistlar, sportchilar va noshirlar bilan suhbat o'tkazgan ekan. Axir xalqning dardu tashvishlarini ko'tarib yuradigan odamlar o'shalar-da.

Hikoya qilinishicha, prezident Ruzvelt onasi vafot etgan jurnalistni yakshanba kuni kechki ovqatga taklif qilgan ekan. Yoxud boshqa safar jurnalist kechikayotganligi bois, poezdni ma'lum muddat to'xtatib turgan ekan. Aytmoqchimanki, biz xalqning dilidagini bilishimiz uchun, avvalo ularga yaqin bo'lishimiz kerak.

— Ayni paytda nimalar ustida ish olib borayapsiz?

— Men iqtisodchiman. Partiya ishiga o'tish uchun Moskvaga borganimda ilmiy rahbarim, professor Yu.Ratmirovning uyida bo'lganimda, “Seni ilm bilan shug'ullanasan deb umid qilgan edim. Siyo­satga bekor aralashibsan” deb meni mayin koyigan edilar. Bu aslida mening noto'g'ri tanlagan yo'limmidi yoki taqdirning yozg'iti, haligacha anglay olmayman. Biroq siyosat o'z saroyidan haydagani bilan ilm ummoni meni hech vaqt o'zidan uloqtirmadi. Ishdan chetlatilganimdan so'ng Moskvada doktorlik dissertatsiyamni yoqlab keldim.

Hozir esa ikkita — she'r va maqolalar kitobim nashrdan chiqdi. Shuningdek, yana ikkita kitob ustida ish olib boryapman. Bu — biografik ocherklar va Halima opangiz haqidagi xatlar va fikrlardan iborat kitobdir. Xudo xohlasa, bular o'quvchilarga asl haqiqatlarni ochib beradi.

Go'zal Begim suhbatlashdi.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

17 + fourteen =