IKKINCHI UMRNING BOSHLANISHI

 

“Imon” dramasi yana teatr sahnasida

O‘zbek Milliy akademik drama teatrida atoqli olim va dramaturg Izzat Sulton qalamiga mansub “Imon” dramasining sahnalashtirilayotgani haqidagi ovoza, nihoyat, real voqeaga aylandi. 1960 yil 14 iyulda ilk bor sahna yuzini ko‘rgan va 12 yil davomida tomoshabinlar e’tiborini muttasil qozonib kelgan asarga mustaqillik yillarida ham ehtiyoj borligi unda ko‘tarilgan axloqiy-ma’naviy muammolarning bugun ham dolzarb va muhim ahamiyatga ega ekanligidan dalolat beradi.

illiy teatr asarni qayta sahnalashtirish ishini teatrning bosh rejissyori O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Marat Azimovga topshirdi. U spektakl stsenografiyasini yaratishdek o‘ta mas’uliyatli va mashaqqatli ishga yosh rassom Otabek Fayzievni jalb etdi; spektakldagi bosh rolni ijro etishni esa teatrga yaqinda qaytib kelgan O‘zbekiston xalq artisti Yodgor Sa’dievga taklif etdi.

Milliy teatr tarixida bunday barkamol spektakllar oz bo‘lmagan. Lekin sho‘ro davrining mafkuraviy ta’siridan xoli bo‘lmagani uchun bugun ularning ayrimlarini qayta sahnaga olib chiqish mahol. Izzat Sulton dramasida ko‘tarilgan asosiy masala esa Imon masalasi. Imon – vijdonning oliy bosqichi. Xalq va jamiyat oldidagi, Islom va Olloh oldidagi poklik mezoni. Imon — nihoyatda serqamrov tushuncha. Dramada ana shu serqamrov tushuncha faqat bir masalaning badiiy tahlili orqali talqin etiladi. Bu — ilmiy o‘g‘irlik masalasi. Yuzaki qaraganda, ilmiy o‘g‘irlik xalqning turli ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy qatlamlariga mansub tomoshabinlar ommasi uchun muhim ahamiyatga molik emas. Asar bosh qahramoni Orif Komilov (O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti M.Abduqunduzov)ning marhum professor Yusupov qalamiga mansub qo‘lyozmani o‘g‘irlab, uning birinchi qismi bo‘yicha nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgani va ikkinchi qismini doktorlik dissertatsiyasi uchun asrab yurgani umumxalq miqyosdagi sharmandali voqea emas. Ammo butun umr bo‘yi ilm-fan ravnaqi yo‘lida halol xizmat qilgan Yo‘ldosh Komilovning farzandi Orifning shunday qalloblikka qo‘l urishi taniqli kimyogar olimning katta fojiasidir. Ammo farzandlarning imon-e’tiqodli otalarining fidoyilik va vatanparvarlik, xalqparvarlik singari  an’analarini, ezgu insoniy fazilatlarini  davom ettirish o‘rniga ularni jamoatchilik oldida sharmisor qilishi — jamiyatni befarq qoldirmaydigan voqea. Har qanday jamiyatning tanazzulga yuz tutishi, aslida, shunday voqealarni yillar davomida loqaydlik bilan kuzatishdan boshlanadi.

Teatr Izzat Sulton asarida ko‘tarilgan muammoning bir oila uchungina emas, balki poklanayotgan bugungi jamiyat uchun ham g‘oyat muhimligini chuqur his qilgan holda uni sahnaga olib chiqdi.

Sirasini aytganda, ilmiy o‘g‘irlik dramaturg uchun hayotda ro‘y bergan va ro‘y berishi mumkin bo‘lgan barcha ma’naviy-axloqiy masalalarga bo‘lgan munosabatini ifodalash uchun bir bahona, xolos. Buni zukko tomoshabin yaxshi tushunadi va sahnada kirdikori fosh etilgan “ilmiy o‘g‘ri” o‘rnida o‘z lavozimini suiiste’mol qilib, nafaqat o‘zi, balki bolalari va hatto nevaralari uchun ham qasrlar qurib tashlagan yoki qurib tashlayotgan amaldor va puldorlarni, talabalarni shilish hisobiga kekirib yashagan yoki yashayotgan domlalarni, “mo‘ylov”ini yog‘lab qo‘ymagani uchun kasalga qaramay qo‘ygan shifokorlarni ko‘z oldiga keltiradi. Bu noxush hodisalarning hammasiga sabab shu shaxslardagi Imonning salomat bo‘lmagani. Shu ma’noda spektakl katta ijtimoiy jarangga ega.

Rejissyor Marat Azimov sahnalashtiruvchi rassom Baxtiyor To‘raev va rassom Otabek Fayziev bilan hamkorlikda spektaklning o‘ziga xos badiiy obrazini yaratishgan. Parda ochilishi bilan hozirgi hashamatli qasrlardan birining ko‘cha tomonga qaragan derazalari va shu derazalardan avtomobillar g‘izillab o‘tayotgan ko‘cha ko‘rinadi. Tun. Bir-ikki soniyadan so‘ng parda ochilib, Yo‘ldosh Komilovning qimmatbaho qandili charaqlab turgan uyi ko‘z oldingizda butun salobati bilan namoyon bo‘ladi.

Asarda garchand o‘tgan asrning 60-yillaridagi hayot tasvirlangan bo‘lsa-da, rejissyor voqeani pesa muharriri Ahmadjon Meliboev yordamida hozirgi davrga ko‘chirgan. Zero, asarda ko‘tarilgan masala ham, konfliktning ikki qutbini tashkil etgan qahramonlar ham bugungi voqelik uchun begona emas.

Kishilik jamiyatining ko‘p asrlik tarixidan shu narsa ma’lumki, haqiqat bilan nohaqlik, adolat bilan adolatsizlik o‘rtasidagi kurashda haqiqat va adolat hamisha ham tantana qozonavermaydi. Hozir ham muayyan bir davralarda Sanjarovlarning Komilovlar ustidan g‘olib kelishlari hech gap emas. Shuning uchun “Imon” spektaklida rejissyor ham, aktyor ham Sanjarov-Abduqunduzovning “o‘z” falsafasining to‘g‘riligiga bo‘lgan ishonch olovini pasaytirmasligi maqsadga muvofiq. Aks holda yana sotsrealizmning siyqalgan relslariga tushib qolish mumkin.

Spektaklda to‘qqiz personaj qatnashganiga qaramay, asosiy voqealar markaziga Komilov bilan Sanjarovdan tashqari, Komilovning o‘g‘li, ammo Sanjarovning shogirdi Orif ham tortiladi. Hayot mashaqqatlari va zavqini faqat ilm-fanda ko‘rgan Yo‘ldosh Komilov o‘g‘lining keyingi tarbiyasi Sanjarovning — ilmga boylik orttirish vositasi deb qaragan kishining qo‘liga topshirilganini ko‘ra-bila turib, na o‘g‘lining hayot tarzi bilan qiziqadi, na nomzodlik dissertatsiyasi bilan. Axir u safdoshi professor Yusupovning qanday ilmiy muammolar bilan shug‘ullanganini bilgan bo‘lishi kerak-ku!.. Hamma gap shundaki, Komilov singari o‘z hayotini ilmga yoki boshqa bir sohaga to‘la-to‘kis bag‘ishlagan ayrim kishilar farzandlarining keyingi tarbiyasi bilan qiziqmay qo‘yadilar. Natijada farzandlar otalar tarbiyasidan uzilib, boshqa “tarbiyachilar”ning ta’sir doirasiga tushib qoladilar. Bu achinarli hol: ota farzand oldidagi burchini to‘la bajara olmadi. Orifning qing‘ir yo‘lga kirganini ko‘rgan Komilov — Sa’diev  hayotining shu davrini eslab, o‘kinadi, nafaqat farzandi, balki o‘zi ham gunohkor ekanidan iztirob chekadi.

Izzat Sulton pesani yozishdan avval Fanlar akademiyasining Kimyo institutiga borib, Sobir Yunusov, Malik Nabiev singari atoqli olimlar bilan suhbatlashib, Chirchiqdagi kimyo kombinati ishchilari hayotini o‘rganib, o‘zbek kimyogarlari erishgan yutuqlar haqida tasavvur hosil qilgan. Hayotini mamlakatimizda kimyo fanining kamol topishiga bag‘ishlagan olimlar uning Komilov obrazini yaratishida prototiplar bo‘lib xizmat qilgan. Ammo u shu davrda muhim va dolzarb hisoblangan “ishlab chiqarish mavzu”idagi asarni emas, balki hatto “imon” so‘zidan ham hurka boshlagan jamiyat uchun ma’naviyat muammolariga bag‘ishlangan asarni yozishni ma’qul ko‘rdi. Buning sabablaridan biri shundaki, o‘sha davrda odamlarda molparastlik, hashamparastlik mayllari kuchaygan; odamlar xorijdan keltirilgan “stenka”larga o‘zlari o‘qimaydigan, ammo muqovasi xushsurat bo‘lgan kitoblarni “ko‘z-ko‘z” qilib qo‘yadigan bo‘lgan edilar. Gazetalar buyumparastlik odamlarni ma’naviy va ruhiy qashshoqlikka olib kelishi mumkinligi haqida bong urgan yillar edi.

“Imon” shunday tarixiy-ijtimoiy va ma’naviy muhit qaror topa boshlagan davrda yaratildi. Asar boshlarida ulkan qandil detaliga e’tibor qaratilganining sababi ham shunda.

Spektakl markazida, yuqorida aytilganidek, Komilov bilan Sanjarovning bahsi turadi. Sanjarov nazarida, har bir odamning ichida nahang yashaydi. “Ha, men nahangman! — deydi u Komilovga. — Har bir odamning ichida nahang bor. Har kim hayotdan qonib lazzatlanish uchun qo‘lidan kelganini qiladi. Sen o‘zing ham hayotning gashtini surmayapsanmi? Mana, o‘zing ham mana shunday koshona qurib olibsan-ku?” Komilov uning bu so‘zlariga javoban “koshona”ni halol mehnati evaziga qurganini aytadi. Shundan so‘ng Sanjarov hayotiy falsafasining to‘g‘riligini tasdiqlash uchun deydi: “Agar o‘g‘lingning ichida nahang bo‘lmasa edi, u mening shogirdim bo‘lmas edi”. Bu, kuchli argument. Komilov bu so‘zlarni rad etishga ojiz. U faqat: “Men bu nahangni quritaman… Bu bizning imonimiz”, deya oladi, xolos. Dramaturg shu bahsda Sanjarovning tantana qilayotganini sezadi va uning “yorilishi”ga imkon beradi: “Imon! Imon! Shu imoning bilan sen bugun hatto o‘z o‘g‘lingning qo‘lidan birovning qo‘lyozmasini olishga ham qodir bo‘lmay turibsan-ku?” Sanjarovning bu so‘zlari Komilovga, uning falsafasiga berilgan yana bir kuchli zarbadir.

Rejissyor har ikkala rolning ijrochilari bilan birga shu mizansahna ustida ko‘p ishladi. Va shu mizansahnada g‘oyaviy va badiiy jihatdan yetuk spektaklning tug‘ilgani oydek ravshan bo‘ldi.

Afsuski, ayrim personajlar spektakl boshlanishida muayyan badiiy vazifani bajargan bo‘lishsa-da, keyin, dramaturgik materialning yo‘qligi tufayli, ular xarakteri rivojlanmay qolgan.

Maqola so‘ngida yana bir narsani aytishni joiz deb bilaman. Teatrga kelgan har bir pesa, rejissyor va artistlar ko‘magida pishib, yetilib sahna yuzini ko‘radi. Bundan bir necha yil avval yozilgan, mualliflari o‘tib ketgan asarlar qayta sahnalashtirilganda, rejissyor va adabiy emakdosh shu asarga yangi tarixiy davr ko‘zi bilan yondashib, ba’zi bir sahna, monolog  yoki dialoglarni qisqartiradi. Bu hamma zamonlarda, hamma teatrlarda qo‘llanadigan ijodiy ish usuli.

Ammo bu masalaga ijodkorlarimiz ehtiyotkorlik bilan yondashganliklari ma’qul.

“Imon”ning 1960 yildagi premerasi ko‘tarinki ruhda o‘tganidan keyin Izzat Sulton yon daftariga quyidagi so‘zlarni yozib qo‘ygan ekan: “Tomoshabin hayotdan dastavval yorqin hodisalar va ibrat bo‘larlik xarakterlarning ko‘rsatilishini intizorlik bilan kutadi va shu yo‘ldagi kichkina muvaffaqiyatni ham katta quvonch bilan qarshi oladi. Ijobiy qahramonni izchil ijobiy, yuksak taqlid namunasi qilib tasvirlashdan hayiqmaslik kerak”.

Bu, teatrni ibrat maktabi deb bilgan olimning dil so‘zlari.

 

Naim KARIMOV,

filologiya fanlari doktori, professor

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nine + 6 =