MILLIY O‘YINLAR VA MILLIY TARBIYA
Navro‘z shodiyonalarini qishloqda, qir-adirlar bag‘rida kutib olishning zavqi boshqacha. Ayniqsa, ushbu ayyomda o‘ynaladigan milliy o‘yinlarimizda o‘zgacha fayz, mantiq bor. Chillak, qoqma (quvlashmachoq), arqon tortish, ko‘pkari kabi o‘yinlar bolalarda jamoa uchun qayg‘urish, iroda, mardlik, jasurlik tuyg‘ularini tarbiyalasa, to‘ptosh, halinchak uchish kabi o‘yinlar qizlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlariga yordam beradi.
Ota-bobolarimiz bu o‘yinlarni bejiz o‘ylab topishmagan. Besh-o‘n nafardan bo‘lib, ikki jamoaga bo‘linib o‘ynaladigan qoqma bolalardan chaqqonlik, epchillikni talab qiladi. U o‘ziga xos yugurish (engil atletika) musobaqasidir. Bir jamoa a’zolari qochadi, ikkinchi jamoa vakillari ularni tutib olishga harakat qiladi. Raqib jamoa a’zosini tutib olish uchun, unga yetib borib, yelkasiga qo‘l bilan shappatilab-qoqib qo‘yilsa kifoya. Yelkasiga qoqilgan «raqib» bola tutilgan hisoblanadi va jamoadoshlari ham «ushlangunga» qadar o‘yindan chiqib turadi. Shu tariqa raqib jamoaning boshqa a’zolari ham tutilgach, endi birinchi g‘olib jamoa qochadi. Shu tariqa bolalar yugurib, chiniqadilar. Raqibni tutish uchun jon-jahdi bilan birgalashib harakatlanganda, ularda jamoaviylik ko‘nikmasi shakllanadi. Qarang, juda oddiy o‘yin, ammo uning foydasi beqiyos. Yana bir ijobiy jihati shuki, bu o‘yinda bolalar (odamlar) bir-birlarini qiynamaydi, ozor bermaydi. Unda hech kim jarohat ham olmaydi. Aksincha, mana shunday o‘yinlarda toblangan bola ertaga jismonan baquvvat, ruhan tetik bo‘lib ulg‘ayadi. Ko‘pkari, arqon tortish musobaqalari haqida ham shunday deyish mumkin. Ular yosh avlodda tantilik, mardlik fazilatlarini kamol toptiradi. «Chavandoz» filmidagi personajlardan birining gapi esingizdami: «Sizda tantilik oz, Beshimboy!» deydi u salbiy qahramonga qarata. Beshimning aksi bo‘lgan Toshmurod polvon haqiqiy tantilik, mardlik timsoli. U bolaligidan chavandoz. To‘g‘ri, Beshim ham yoshligidan ot chopadi. Biroq uning qalbi unchalik toza bo‘lmagani, ozroq hasadgo‘yligi bois, ko‘pincha Toshmuroddan ortda qolib yuradi. Aslida, uning ham qalbi tantilikdan butunlay begona emas. Buni film oxirida Toshmurod bilan qo‘l berishganida ko‘rish mumkin. Bu ham bo‘lsa, xalqimizning ko‘p ming yillik tarixga ega milliy sport turi — ko‘pkarining yigitlarda or-nomus, g‘ayrat-shijoat, javonmardlik fazilatlarini tarbiyalashga xizmat qiluvchi jihatlaridandir. Chindan ham, aslida eng kuchli, irodali insongina ko‘ngli keng, tanti bo‘la oladi, hayotda ham sportdagi kabi mardligini ko‘rsatadi.
Shularni mulohaza qilarkanman, bugungi ayrim tengdoshlarim, uka-singillarimda ko‘zga tashlanayotgan qusurlardan afsuslanaman. Masalan, jamoat transportlarida o‘zini nojo‘ya tutadigan yigit-qizlarni oling. Kunda-kunora shundaylarga duch kelib turasiz. Ayrimlari o‘ta andishasiz, yuzing-ko‘zing demay, hatto otasi yoki bobosi tengi kishilarga gap qaytaradi, hatto yoqalashishga tayyor. «Ustidagi kiyimiga qaraganda o‘ziga to‘q oila farzandiga o‘xshaydi, afsus, shunday chiroyli kiyim-bosh olib bergan ota-ona tuzukroq tarbiya bermabdi-da! Jamoat joyda o‘zingni tutishni o‘rgan, odobli bo‘l, kattalarni hurmat qil, tarbiyasiz bolalarga o‘xshab meni sharmanda qilma, deya saboq bermabdi-da», deb o‘ylaysiz. Men bo‘lsam, hali o‘n to‘rt-o‘n besh yashar o‘smir, nari borsa, yigirma-yigirma ikki yoshlardagi shunday yigit-qizlarning nihoyatda tajang (mabodo tuflisiga kimdir oyog‘i bilan tegib ketsa, chumchuqday chirillaydi!), asabiy («Ichkariroqqa suril, bolam» deyishsa, o‘zini haqoratlangandek his qilib, bobillaydi) ekanini ko‘rib, bularning bo‘sh vaqti xiyobonlarda yoki internet-kafelarda, kinoteatrlarning qorong‘i, xilvat burchaklarida o‘tayapti-da, ichi torligi shundan bo‘lsa kerak, deb o‘zimcha mulohaza qilaman. Ular keng dalada ot chopganda, qoqma o‘ynaganda, kurash tushib katta bo‘lganda bunday qilmasdi, deb ishonaman.
Ha, milliy o‘yinlarimizning tarbiyaviy ahamiyati bisyor. Ammo ularning boshqa xususiyati ham yo‘q emas. Milliy o‘yinlar millatni, xalqni dunyoga mashhur qilishi ham mumkin. Mana, o‘zbek kurashini oling. Uning insonni halollikka, mardlikka chorlovchi jihati necha-necha xalqlarni o‘ziga maftun etdi. Ba’zi sport turlariga o‘xshab, unda raqiblar bir-birining burnini qonatmaydi, tahqirlamaydi, jismonan ozor bermaydi. U haqiqiy insoniy his-tuyg‘ularni tarbiyalaydi. Ko‘pkari ham shunday, bugun ot sportining qanday rivojlanayotganiga bir qarang.
Millionlab insonlarning sevimli sport turi bo‘lmish futbol ham aslida bir xalqning milliy o‘yini, aslida. U ham xuddi bizning kurashimiz singari o‘zining go‘zalligi, maftunkorligi bilan dunyoni zabt etdi.
Ha, milliy o‘yinlar haqida qancha gapirsak, ozdek tuyuladi. Bugun shaharlarimizda barpo etilgan bolalar maydonchalarini ko‘rib ko‘z quvonadi. Ularda shodon qiyqirib o‘ynayotgan bolakaylarga ota-onalari milliy o‘yinlarimizni ham o‘rgatishsa, nur ustiga nur bo‘lardi. Bolaligidan milliy o‘yinlar o‘ynab, qalbi pokiza hislarga oshno bo‘lib ulg‘aygach, o‘smirlik damlari ham mazmunli, qiziqarliroq o‘tarmidi. Har holda shafqatsizlik targ‘ib qilingan, ruhiyatni buzishgagina yaraydigan bir tiyinga qimmat ko‘pgina kompyuter o‘yinlaridan ko‘ra insonni harakatga undaydigan, jismoniy va ma’nan kamolotiga xizmat qiladigan milliy o‘yinlarimiz yuz ming chandon afzalroqdir.
Muhammadsodiq TO‘RAYEV,
O‘zDJTU talabasi