EKSPORT SALOHIYATI OSHMOQDA
Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatimizda o‘tgan 2014 yilda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasida 480 mingdan ortiq yangi ish o‘rni tashkil etildi. Bugungi kunda ish bilan band bo‘lgan aholining 77,2 foizdan ziyodi iqtisodiyotning ushbu sohasida mehnat qilmoqda. Ularning sa’y-harakatlari, yaratilgan shart-sharoitlar natijasida davlatimizning iqtisodiy salohiyati ham yildan-yilga oshib borayotir.
Birgina o‘tgan yili 500 dan ziyod yangi korxona, birinchi navbatda, kichik biznes sub’¬ekt¬lari eks-port faoliyatiga jalb etildi. Tadbirkorlik sub’ekt¬lari tomonidan 1 milliard 250 million dollar miqdoridagi eksport shartnomalari tuzildi. Mazkur shartnomalar asosida o‘tgan yili qiymati 840 million dollardan ziyod tovarlar eksport qilindi.
Bu kabi yutuqlarga, albatta soha rivojiga qaratilgan yuksak e’tibor tufayli erishilmoqda. Prezidentimizning 2013 yil 8 avgustdagi «Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari eksportini qo‘llab-quvvatlash borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘¬risida»gi qaroriga muvofiq, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki huzurida maxsus tashkil etilgan Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ekt¬larining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Jamg‘armaning asosiy maqsadi tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, tashqi bozorni o‘rganish, xorijiy hamkorlar topish, O‘zbekiston tadbirkorlarining xalqaro ko‘rgazma va yarmarkalarda o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etishlarini tashkillashtirish, eksport salohiyatini oshirish yo‘lida yaqindan yordam berishdir. Mana shu maqsadlarni oldiga qo‘ygan jamg‘arma mana ikki yildirki tadbirkorlarga turli yo‘nalishlarda yordam berib kelmoqda.
— Joriy yilning yanvar-aprel oylarida jamg‘arma 1014 ta tadbirkorlik sub’ektiga mahsulotlarini eksport qilishda tashkiliy, huquqiy va moliyaviy xizmat ko‘rsatdi, — deydi Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi ijrochi direktori Jahongir Mus¬tafoev. — Natijada 360 nafar tadbirkor umumiy qiymati 306,5 million AQSh dollariga teng mahsulot eksport qildi. Shuningdek, 187 nafar tadbirkorga xorijda bo‘ladigan xalqaro ko‘rgazma va yarmarkalar, tenderlarda qatnashish, sertifikat va litsenziyalar olish hamda bojxona rasmiylashtirish ishlarida zarur ko‘mak berdi. Yuz nafar tadbirkorga eksport shartnomalarni tuzish, ularni tegishli davlat organlarida ro‘yxatidan o‘tkazish, sug‘urta polisi orqali mahsulotlarni eksport qilishda amaliy va huquqiy yordam ko‘rsatdi.
Jamg‘arma tashabbusi bilan joriy yilning shu davriga qadar 95 nafar tadbirkor xalqaro ko‘rgazma va anjumanlarda ishtirok etdi. Jumladan, 16-25 yanvar kunlari Germaniyaning Berlin shahrida bo‘lib o‘tgan «Yashil hafta — 2015» xalqaro ko‘rgazmasida Jamg‘arma 50 dan ziyod tadbirkorning 100 dan ortiq turdagi mahsulotlari bilan ishtirok etdi. Frantsiyaning «Shocolate de Beussent-Lachelle», Germaniyaning «Younus Trading» va «W.Schu¬macher&Co GMBH» kabi nufuzli korxonalari bilan muzokaralar o‘tkazildi. Natijada «Shoco¬late de Beussent-Lachelle» va «Younus Trading» kompaniyalari O‘zbekistondan qizilmiya ildizini, «W.Schumacher&Co GMBH» kompaniyasi esa quritilgan mevalarni import qilishga qiziqish bildirdi va umumiy qiymati 5 million dollarga teng eksport shartnomalarini imzolash rejalashtirildi.
Bundan tashqari, jamg‘armaning Farg‘ona viloyati filiali tashkiliy va moliyaviy ko‘magida 36 nafar tadbirkorning xaridorlar bilan muzokaralar o‘tkazish va eksport shartnomalarini tuzish maqsadida Rossiya Federa¬tsiyasiga tashrifi uyushtirildi. Tashrif natijasida, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti bo‘yicha umumiy qiymati 2,5 million dollarga teng eksport kelishuvlari imzolandi, 30 million dollarga teng eksport shartnomalari hamda O‘zbekistonda to‘rtta qo‘shma korxona ochish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Shuningdek, Turkmanistonning Ashxabod shahrida bo‘lib o‘tgan qurilish mahsulotlari xalq¬aro ko‘rgazmasida Jamg‘arma tashabbusi bilan mamlakatimizdan yettita korxona ishtirok etib, umumiy fiymati 3 million AQSh dollariga teng eksport shartnomasi imzolandi. 30 million dollarlik eksport shartnomalarini imzolash rejalashtirildi.
Jamg‘arma Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi qoshidagi «O‘ztadbirkoreksport» tashqi savdo kompaniyasi bilan hamkorlikda tadbirkorlarning og‘irini yengil qilib, mahsulotlarini eksport qilishga yordam bermoqda.
Bu yilgi dasturga binoan Jam¬g‘arma tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar ko‘lami kengayib, tadbirkorlarimiz bir milliard AQSh dollarlik mahsulotlarini eksport qilishlari kutilmoqda. 12 ta xalqaro ko‘rgazma va yarmarkalarda tadbirkorlik sub’ektlari ishtiroki rejalashtirilayotir. Shuningdek, yurtimizda faoliyat yuritayotgan 60 ta ishlab chiqarish korxonasida xalqaro standartlar talablariga mos boshqaruv tizimi bosqichma-bosqich joriy etilishi ko‘zda tutilgan.
Jamg‘arma tadbirkorlar va innovatsion loyiha mualliflarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida innovatsion loyihalar ko‘rik-tanlovini o‘tkazmoqda. Tanlov mahalliy va ikkilamchi xomashyolarni qayta ishlash hisobiga yangi turdagi eksportbop mahsulotlarni ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan bo‘lib, besh yo‘nalishni o‘z ichiga qamrab oladi. Bular oziq-ovqat, kimyo, to‘qimachilik, qurilish ashyolari sanoati, mashinasozlik va elektrotexnika sanoatida eksportbop mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha innovatsion loyihalardir. Bu loyihalarini rag‘batlantirish maqsadida jamg‘arma tomonidan 300 million so‘m miqdorida grant mablag‘lari ajratilgan. Tanlovda fermer va tadbirkorlar, mutaxassis olimlar, tadqiqotchilar ishtirok etishi mumkin.
Bobur MUHAMMADIYEV,
“Hurriyat” muxbiri