“QULOQSIZ” ODAMLAR

“Platformaning chetida turmang, bekatga poezd kirib kelmoqda”. E’lon tugar-tugamas poezdning shovqini va nazoratchining hushtagi barchani sergaklantirdi. Yo‘lovchilar orqaga tisarildi. Faqat bir yigitchagina joyidan qimirlamadi.

Nazoratchi yugurib kelib uning qo‘lidan tortdi. Yigit qulog‘idagi matohini oldi, musiqaning qattiq ovozidan karaxt bo‘lgan ongi hech narsani anglay olmas, u yon bu yonga alang-jalang qarardi. Nazoratchining tanbehidan so‘nggina o‘ziga kelib, yonginasida to‘xtagan poezd bag‘riga singib ketdi. Voqeani kuzatib, jamoat transportlarida, metro bekatlaridagi “chekish mumkin emas” iborasi yoniga “quloqchindan foydalanmang” jumlasini ham tirkab qo‘yish kerakmikan, deb o‘ylab qoldim.

Men ham yo‘lovchilar qatori vagon ichkarisidaman. Atrofimga nazar solaman. Har ikkitadan bitta odamning qulog‘ida quloqchin (naushnik), ular musiqa ovozidan mast bo‘lib, atrofdagilarni ham, o‘zini ham unutganlar. Nafaqat, yoshlar, balki ba’zi o‘rta yoshli insonlar ham bu matohning ishqiboziga aylanibdi. Quloqchinlarning shakl-shamoyili bir-birini takrorlamaydi. Birisi katta quloqlarni yopib tursa, birisi quloqning ichiga joylashadi. Eshik oldida turgan qizning quloqchinidan chiqayotgan shovqinli, tushunarsiz qo‘shiq shunchalik balandki, qolganlar quloqchini yo‘qligiga afsuslanmasa ham bo‘ladi. “Tinchlik” bekatiga kelib eshiklar ochilganda uni butunlay to‘sib qolgan qizning ortida qo‘llarida og‘ir yuk ko‘targan amaki: “qochib turing… iltimos qochsangizchi”, — deya bot-bot takrorladi. Amaki qo‘lidagi sumkalarini yerga qo‘yib qizni qo‘llaridan tutishga majbur bo‘ldi. U gap nimada ekanini anglab, yo‘lni bo‘shatguncha eshiklar yopildi. Asabiylashgan amaki: “shu musiqa ulguringni uyingda eshitsang bo‘lmaydimi”, deya achchiqlandi. Qolganlar ham qizga yov qarash qildi.

Beruniy bekatida odamlar gavjum, chunki so‘nggi bekat va bu yerda bir nechta o‘quv muassasalari joylashgan. Odamlar orasidan suvday sirg‘alib, darsga shoshilaman. Quloqlaridagi musiqa butun xayolini band etgan yoshlar ustingga “tank”dek bostirib kelishadi. Urilib ketmaslik uchun chetga qochasan. Quloqchinli odamlar go‘yo jodulanib qolgan robotlarga o‘xshab shaxdam-shaxdam qadam tashlaydi. “Yo‘lingga qarasang-chi”, “nima ko‘rmisan”, “O‘-o‘-o‘ ehtiyotroq bo‘l, nega shoshilasan?”, deb yuzlarini burishtiradi, ularga to‘qnash kelgan odamlar. Quloqchinlilar esa bunga e’tibor ham berishmaydi, chunki eshitishmaydi.    

Darsga kelib o‘qituvchimiz ma’ruzasini tinglash davomida qo‘limdagi matohimdan internetga kirib, “quloqchin” deya qidiruv berdim. O‘-ho‘, ma’lumotlar ularning turidan ham ko‘p.

Endi odam bolasi uchun ortiqcha shovqinning zarari haqida fikr almashamiz. Ma’lumki, inson tug‘ilishi bilan har xil ovozlar va shovqinlar qurshovida qoladi. Sog‘lom odam 10 detsibeldan yuqori bo‘lgan ovozlarni eshita oladi. 30 detsibel esa biz uchun zararsiz bo‘lgan yuqori ovozdir. Lekin quloqchinlardan foydalanganimizda bu me’yor buziladi. Ayniqsa, eshitish a’zolarimiz uchun o‘ta zararli. Mutaxassislarning aniqlashicha, quloqchinlardan boricha taralayotgan musiqa 90, 120 detsibeldan ham yuqori. Bu quloqning nozik a’zosi bo‘lgan nog‘ora pardasiga jiddiy zarar yetkazadi. Eshitish a’zolari bosh miyamiz bilan bog‘liqligi sababli uzoq vaqt kuchli ovozda musiqa tinglash miyamizga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi. Natijada inson ruhiyatida jizzakilik, tez asabiylashish kabi o‘zgarishlar, kuchli bosh og‘rig‘i yuzaga keladi. Quloqchinlardan ko‘pi bilan me’yoriy ovozda kuniga bir soat, yoki undan ham kam miqdorda foydalanish tavsiya etiladi. Undan ko‘p foydalanish esa oqibatda bir necha yildan so‘ng eshitish qobiliyatini pasayishi, yoki butunlay yo‘qolishiga olib keladi.

Ma’lumotlarga ko‘z yugurtirayotganimda o‘qituvchimiz bilan Shavkat ismli o‘rtog‘imning tortishuvi fikrimni chalg‘itdi. “Qulog‘ingdagini olib qo‘y, darsda o‘tiribsan”,— dedi ustoz. Shavkat esa: “Ma’ruzangizni tinglayapman, bir qulog‘im ochiq-ku. Uning ustiga xalaqit bermay jim o‘tiribman…”

Ko‘rib turganingizdek darsda shu ahvol. Qo‘ng‘iroq chalindi, hamma qatori ko‘chaga yugurdim. Yo‘l chekkasida yig‘ilib turgan odamlar e’tiborimni tortdi. Qiziqsinib yaqinlashdim. Bir yigit yerda yotibdi, uning atrofida girdi kapalak bo‘layotgan kishi esa “Axir signal berdimku!”, “Men signal chaldim”, deya o‘zini oqlardi. Tez yordam mashinasi yetib keldi. Barchamiz yigitchani mashinaga chiqarishga yordam berdik. O‘shanda… uning yonida osilib yotgan quloqchinlaridan hali ham musiqa yangrardi…

Sanjar ESHMURODOV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 × 2 =