MEDIASAVODXONLIK VA U NIMA UCHUN KERAK?

2015 yili har bir amerikalik internetda kuniga 8,4 soat o‘tirib, mediakontent bilan tanishgan bo‘lsa, filippinliklar bunga 10,6 soat, rossiyaliklar 4,6 soat, yurtimizda 1,6 soatni ajratishmoqda. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda internet foydalanuvchilarining soni 2,6 milliardni tashkil etgan bo‘lsa, O‘zbekistonda mazkur raqam 19 milliondan oshdi va shundan 7 million nafari mobil foydalanuvchilardir.

 Har oyda o‘zgarib turgan mazkur raqamlar bugungi kunda  zarur axborotni kerak emasidan ajratish,  media orqali savodxonlikka ega bo‘lish zaruratini qo‘ydi. Xo‘sh, mediasavodxonlik nima? Nega bugun uning ahamiyati tobora ortib bormoqda? So‘nggi yillarda axborot oqimining bir necha barobar tezlashishi, ijobiy ma’lumotlar bilan bir qatorda salbiy xarakterdagi axborotning ko‘payishi mediasavodxonlikka ega bo‘lish zaruratini qo‘ydi. An’anaviy tarzda mediasavodxonlik shaxsning adabiy asarlarni tahlil eta olish va sifatli matnlarni yaratishidan iborat bo‘lgan.  Bugun mediasavodxonlik –  axborotning nega va nima uchun uzatilayotganligini bilish demakdir.  Mediasavodxon inson o‘ziga  bu axborotni kim va nima maqsadda yaratgan? Ushbu xabar men uchun zarurmi? degan savolni bera olishi va to‘g‘ri xulosa chiqarishi, unga nisbatan tanqidiy yondoshishi lozim. Mazkur savollar nafaqat siz oilangiz davrasida televizor ko‘rayotgan, mashinada radio eshitayotgan yoki internetdagi xabarlarni ko‘rayotgan paytda berilishi, balki har qanday axborotni qabul qilayotgan va unga baho berayotganda ham kerakdir. Bugungi axboriy muhitni tushunishda mediasavodxonlik muhim ahamiyat kasb etadi.  Xo‘sh, mediasavodxonlik nima uchun kerak? Avvalo:

Huquqiy demokratik jamiyatimizning to‘laqonli,  faol fuqarosi  sifatida  amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyatini tushunish;

OAV orqali uzatilayotgan  va qabul qilinayotgan kundalik axborotni saralash ko‘nikmalarini shakllantirish;

Axborot orqali inson ongini boshqarishga yo‘l qo‘ymaslik va har qanday vaziyatda to‘g‘ri qaror qabul qilish;

Insonning vizual obrazlar ta’siri ostida  ijobiy yoki salbiy tomonga o‘zgarishlarini tahlil eta olish va vizual xabarlar ostida beriladigan ko‘rinmas ma’lumotlarni “o‘qiy olish”;

OAV orqali beriladigan matnli  kommunikatsiyalar mohiyatini tahlil etish;

Axborot qaerdan, kim tomonidan va nima maqsadlarda uzatilyapti, kimning manfaatlarini o‘zida aks etayapti, degan savollarga javob topa olish uchun zarurdir.

Mediasavodxonlik tushunchasi borasida turli xil fikrlar mavjud bo‘lib,  AQShning Jamiyat xususidagi xalqaro entsiklopediyasida qayd etilishicha,  «Mediasavodxonlik» (media literacy)  inson jamiyatdagi fuqaro sifatidagi mas’uliyatini his qilgan holda  faol va  savodli bo‘lishi, mediamatnlarni  qabul qila olishi, yaratishi, tahlil eta olishi va baholashi, zamonaviy mediani ijtimoiy-madaniy va  siyosiy mazmunini tushuna olishi  demakdir.

Londonning Qirollik universiteti professori  S.Fayrstounning fikriga ko‘ra esa,  mediasavodxonlik  harakat bo‘lib,  uning asosiy vazifasi  insonlarni audiovizual va bosma matnlarning madaniy ahamiyatini tushunish, yaratish va baholashga undashdan iborat.

 

Ingliz  siyosatshunosi R.Kibey esa  mediasavodxonlikni turli xil shakllarda ma’lumotlarni uzatish, ularni tahlil etish va baholash deb tushunadi. M.Guetterz esa  multimediasavodxonligi  o‘z ichiga multimedia hujjatlarini shakllantirishga qaratilgan tillarni bilish,  axborotni qayta ishlashga qaratilgan  qurilma va usullardan foydalana olish, yangi multimedia texnologiyalarini bilish va ularni baholay olish, mediamatnlarni tanqidiy qabul qilishni oladi, deydi.

Fikrimizcha, mediasavodxonlik yuqorida bildirilgan fikrlar bilan birgalikda  ommaviy axborot vositalari orqali uzatiladigan barcha axborotga tanqidiy qarash, ularga xolis yondoshish va har bir uzatilayotgan axborotni saralashda ongli ravishda yondashish hamdir.

Medisavodxonlikning maqsadi  har bir medianing ustuvorliklari va kamchiliklarini tushungan holda  ular tomonidan tarqatilayotgan axborotni saralay bilish va zarurini qabul qilish ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘lsa, asosiy vazifasi insonlar tomonidan iste’mol qilinadigan har qanday axborotning manipulyativ kuchini anglagan holda undan chegaralanishdir. Shuningdek, odamlarga OAV hamda fuqarolik jurnalistika rolini tushunishga yordam berishdir.

Taniqli hind fotojurnalisti Pabak Sarkarning fikriga ko‘ra, mediasavodxonlik sari tashlangan ilk qadam, bu to‘g‘ri savol bera olishdir. Bugungi kunda Internet orqali amalga oshirilayotgan axboriy xurujlar dunyodagi har bir mamlakat milliy xavfsizligi strategiyasining bir qismiga aylandi va u kiberxavfsizlik nomini oldi. Zero, virtual va haqiqiy dunyoning qo‘shilishi, aynan virtual dunyo orqali yoshlar tomonidan haqiqiy dunyoni noto‘g‘ri tushunilishi, turli xil salbiy kuchlar va oqimlar tomonidan bir qarashda ijobiy ko‘ringan, ammo  mohiyatan inson ongiga salbiy ta’sir qiluvchi  axborotning tarqatilishi  ko‘payib borayotganligi hech kimga sir emas. Aynan jamiyat hayotiga ta’sir etuvchi mazkur salbiy  jihatlarning oldini olishda  aholini mediasavodli qilish zarur, degan fikrlar ko‘paymoqda. Bugungi kunda mediasavodxonlik Buyuk Britaniya va Avstraliyada gumanitar fanlar majmuasida alohida fan sifatida o‘tilsa, Finlyandiyada 1970-yildan o‘rta maktablarning, 1977-yildan esa oliy o‘quv yurtlarning  o‘quv dasturlariga kiritilgan edi. 1990-yillarda esa mamlakatda mediasavodxonlik  mediata’lim tushunchasi bilan almashtirildi. Shvetsiyada  u 1980-yildan boshlab ta’lim muassasalarida  alohida  fan sifatida o‘qitila boshlangan.  1990-yillarda Rossiyada  mediata’limni ilmiy tadqiq etishga urinishlar bo‘lib,  O.Baranov,  S.Penzin,   A.Fyodorov,  A.Sharikova va boshqalarning  tadqiqotlari bunga misol bo‘la oladi.  2002-yili pedagogika  oliy ta’lim yurtlari uchun mediata’lim ixtisosligi bo‘yicha  yo‘nalish ochildi. 2005-yili esa YuNYeSKO homiyligida “Mediata’lim” darsligi yaratildi  va  Rossiyada kinota’lim va mediapedagogika sayti ishga tushirildi.

OAV orqali tarqatilayotgan axborotning manipulyativ ta’siri kuchliligini bugun hech kim inkor etmaydi. Tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, OAV orqali tarqatilayotgan xabarning haqqoniyligiga ishonish ilk gazetalar  paydo bo‘lishi bilan yuzaga kelganligini ko‘rish mumkin. 1874 yilning 9 noyabr kuni New York Herald  gazetasida  reportyor T.B.Konneri tomonidan Sentral Park hayvonot bog‘ida yirtqichlar chiqib ketib, “ikki yuzga yaqin odam jarohatlangan, toptalgan bo‘lib, oltmish nafari  og‘ir ahvolda.  Ulardan uchtasi ertalabgacha yetib bormasligi mumkin. O‘n ikkita yirtqich hayvon hamon erkinlikda. Ular qaerga yaqinlashganligi hozircha noma’lum” deya yolg‘on xabar  bosib chiqarilib, uning oxirida  gazeta mushtariylari  xavotirga tushmasliklari, bularning barchasi uydirma ekanligi yozilgan edi. Ammo ko‘pchilik xabarning aynan shu joyigacha yetib kelmay,  yashirinishga, ba’zilar esa qo‘lga qurol olib yirtqichlarni o‘ldirish uchun hattoki ko‘chaga chiqishgan.  1939 yili  CBS radiostantsiyasi  Orsona Uelles tomonidan Mercury teatrida Gerbert Uellsning “Dunyolar urushi” romani asosida  qo‘yilgan asarining radiopostanovkasini efirga uzatayotgan paytida ommaviy tartibsizliklar yuz bergan. Roman syujetiga ko‘ra,  marsliklar yerni bosib olib, millionlab insonlarni gaz bilan zaharlaydilar.  Ko‘pgina  odamlar radiopostanovkaning birinchi qismini eshitgan daqiqalardan boshlab qochishga,  “dushmanlar”dan yashirinishga harakat qilishgan. 1835 yili birinchi Amerika tabloidi  New York Sun  jurnalist Richard Adame Lokkning  ingliz astronomi oyning yuzasida aqlli jonzotlarni teleskop orqali ko‘rganligi haqidagi yolg‘on xabarni bosib chiqaradi.  Natijada  gazetaning adadi o‘sha payti eng yuqori ko‘rsatkich   — 19 ming donaga yetadi. Hattoki, xristian ayollar jamiyati ularni  nasroniy diniga kiritish uchun Oyga uchish taraddudiga ham tushishadi.

Bugun OAVning ta’siri o‘sha paytdagidan kam emas. Aynan axborotni  tahlil etmay, o‘z holicha qabul qilish oqibatida dunyoning turli chekkalarida yoshlar jinoyatga qo‘l urmoqda, o‘zini kino asari qahramoni sifatida his qilganlar esa, “qahramon” xatti-harakatlarini takrorlagan holda  qo‘llariga qurol olib, begunoh insonlar hayotiga zomin bo‘lishmoqda.  Masalan, respublikamiz telekanallari orqali efirga uzatilgan “Jumong” serialidan so‘ng yosh bolalarning o‘zini “Jumong” his qilib, qo‘lida “qilich” bilan urisha boshlaganliklari, AQShda jangari filmlari va kompyuter o‘yinlarini ko‘rgan maktab o‘quvchilari haqiqiy qurol bilan sinfdoshlari va ko‘chadagi begunoh odamlarni otganliklari haqidagi xabarlar tobora ko‘payib bormoqda. Bugungi kunda terrorchilik guruhlar tomonidan internet  orqali jihodga chaqirgan, “jannat” va’dasini o‘zida mujassam etgan axborotlari yoshlar ongiga salbiy ta’sirini ko‘rsatmoqda. Demak, aynan ana shu holatlarning oldini olish, axborotga ongli ravishda yondoshish bugun zamon talabidir.

Hozirda  medianing tahlil etilishi natijasida  tilimizga kirib kelayotgan tushunchalar, ya’ni mediasavodxonlik, mediata’lim, mediani o‘rganish va boshqalar bir- biri bilan bog‘liq bo‘lsa-da, olimlar ularni mohiyatan bir-biridan farqlashga urinmoqdalar. Fikrimizcha,  mediasavodxonlik mediata’limning uzviy bog‘liq qismidir. Shu bilan birgalikda uning ko‘rinishlari ko‘paymoqda. Bugungi kunda  mediaaxborotni  qabul qilish, saralash, tahlil etish, baholashda mediasavodxonlik  tushunchasi bilan birgalikda mediata’lim,  mediani o‘rganish, mediamadaniyat tushunchalari ham qo‘llanilayotir. Ular bir-biridan farq  qiladimi?

Mediata’lim

(media education):

  media o‘quv dasturida integrallashgan, fanlararo  asosida  o‘rganilishini;

  «mediamavzu»ni aniq bir fan doirasida tahlil etilishini; 

– amaliy ish va tahlil orqali mediaga tanqidiy yondashishni;   

  uning shakli, texnologiyalari, axborotni uzatish usullarini o‘rganishni;

  mediaagentliklarni, ularning ijtimoiy, siyosiy va madaniy rolini o‘rganishni;

– talabaning OAV bilan ishlashini;

  tadqiqot faoliyatini;

  medianing til va san’at orqali  auditoriyaga ta’sirini o‘rganadi.

Mediani o‘rganish

(media studies) 

o‘z navbatida:

  mediani nazariy jihatdan o‘rganishni;

  mediani qiyosiy jihatdan tahlil etishni;

  uning kontseptual tarkibini;

  mediamatnni tahlil etish va uning yaratilish metodikasini;

– ommaviy kommunikatsiya, kinosan’ati va madaniyatshunoslik fanlarining o‘zaro bog‘liqligini; 

  jahon OAVning  bir-biriga o‘zaro ta’sirini o‘rganadi.

Media savodxonlik

(media literacy)  mediani o‘rganish bo‘lib, mediata’limning quyidagi natijalariga asoslanadi va o‘z oldiga:

  medianing shaxs va jamiyatga ta’sirini tushunish;

  ommaviy kommunikatsiya jarayonini anglash;

  mediamatnlarni tushunish va tahlil eta olish;

  media kontekstini tushunish;

  mediamatnlarni yaratish va ularni tahlil etish;

  mediamatnlarni baholashga va ularni saralash vazifalarini qo‘yadi.

Bugungi kunda media, ya’ni ommaviy axborot vositalari, kino, teatr, san’atning turlari, madaniyat sarchashmalari, internet  orqali uzatilayotgan har qanday ma’lumot inson ongiga o‘zining ma’lum bir ta’sirini o‘tkazib,  uning dunyoqarashini o‘zgartirishga sabab bo‘lmoqda. Yuqorida tilga olingan tushunchalarning qo‘llanilishi va bugungi kunda mediata’lim, mediasavodxonlik, mediatanqid va mediani o‘rganishga bo‘lgan intilishning asosiy maqsadi ham axborotning yaratilishi, uning tarqalish jarayonini tushunib yetish, tijorat, siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy va madaniy maqsadlarda tarqatilayotgan axborotning mohiyatini anglagan holda  uni baholay olishdir.

Ayni paytda  mediata’lim asoslarini har bir  ta’lim muassasasiga o‘quv dasturiga kiritish, bolalarga maktabgacha ta’lim jarayonida uning asoslarini interaktiv, turli o‘yinlar shaklida tushuntirish, o‘sib kelayotgan avlod tomonidan shiddatli axborot oqimida zarurini tanlash va unga tanqidiy yondoshgan holda baholay olish imkonini beradi. Bu esa o‘z navbatida  yoshlarning kelajakdagi fuqarolik pozitsiyasini yanada mustahkamlanishiga,  jahonda yuz berayotgan voqea-hodisalarni xolis baholab, to‘g‘ri  qaror qabul qila olishiga asos bo‘ladi.

Nargis QOSIMOVA,

filologiya fanlari nomzodi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × three =