OT SURIB FIL O‘YNATIB…

Samarqand viloyati Matbuot uyida O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, «Yoshlik» jismoniy tarbiya va sport jamiyati viloyat bo‘limlari tashabbusi bilan «Zarafshon» va «Samarkandskiy vestnik» gazetalari sovrini uchun shaxmat va shashka bo‘yicha musobaqa o‘tkazildi.

27 iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan tashkil etilgan mazkur turnirda viloyatdagi ommaviy axborot vositalarida faoliyat ko‘rsatayotgan va soha faxriylaridan iborat yuzga yaqin jurnalist qatnashdi. 


– Uzoq yillar televidenie, radio va gazetalarda ishlaganman, – deydi faxriy jurnalist Abdimurod Ismatov. – Bugun ham ommaviy axborot vositalarini muntazam kuzatib boraman. Mazmun-mundarijasi o‘zgarib, taraqqiy etib borayotgan soha faoliyatiga boqib, mamnun bo‘laman. Bugungi jurnalistlarga, ularga yaratib berilayotgan sharoitlarga havas qilmay ilojingiz yo‘q. Muhimi, shu Vatan farzandi sifatida yuragingizda o‘t yonib, qo‘lga qalam oldingizmi, jiddiy izlanish, shasht va shiddat bilan ishlash lozim.

Tadbirda musobaqa g‘oliblari hamda faxriy jurnalistlarga tashkilotchilarning esdalik sovg‘alari topshirildi.   

Shuningdek, sana munosabati bilan O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi hamda «Zarafshon» va «Samarkandskiy vestnik» gazetalari birlashgan tahririyati tomonidan Samarqand shahridagi 1-, 9-, 10-mehribonlik uylari va 64-tarbiyasi og‘ir bolalar maktab-internatiga badiiy-ommabop kitoblar jamlanmasi topshirildi.  

– Muassasamizda shoir va yozuvchilar bilan uchrashuvlar, kitob taqdimotlarini o‘tkazish an’anaga aylangan, – deydi 10-mehribonlik uyi direktori Salohiddin Latipov. – Chunki aynan mana shunday uchrashuvlarda bolaning ongiga ilm olishga, kitobga muhabbat chuqurroq singadi. Tarbiyalanuvchilarimizning mutolaaga qiziqishi baland. Ularni yaqinda shahrimizda ochilgan «Samarqand kitob olami»ga olib borishni rejalashtirib turibmiz. Nazarimda, bu ham ularning kitob bilan yanada yaqinroq do‘st tutinishlariga zamin yaratadi.

Jasur Hakimov 64-tarbiyasi og‘ir bolalar maktab-internati o‘quvchisi. U kitobga ishtiyoqi balandligi, ko‘p she’rlarni yod bilishi bilan tengdoshlariga namuna.  

– O‘qishdan bo‘sh vaqtlarimda ertak va sarguzasht kitoblarni o‘qishni yaxshi ko‘raman, – deydi Jasur. – Bundan tashqari, sevimli shoirlarimiz Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Muhammad Yusuf she’rlarini yod olishni odat qilganman. O‘rtoqlarimga bugun maktabimizga sovg‘a qilingan yangi kitoblarni ham o‘qib chiqishlarini tavsiya etaman. Chunki yaxshi kitob insonni har doim yaxshilikka yetaklaydi.

Uchrashuvlarda faol qatnashgan yoshlarga «Zarafshon» gazetasi kutubxonasi seriyasida chop etilgan to‘plamlar ham topshirildi.

 

Isomiddin PO‘LATOV

Baxtiyor MUSTANOV olgan suratlar.

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fourteen + 14 =