Ulug‘lar Sabog‘i

Allomalar so‘z qo‘llash mahorati haqida

 

                                                                                          MAQOLA YOZISHDA…

O‘n karra o‘lchab, bir marotaba kesmak yaxshi: 1. Siz olg‘an mavzu’ning ijtimoiy va siyosiy manfaati. 2. Qosh qo‘yib, evaziga ko‘z chiqarmaysizmi? 3. Masala zamirida shaxsiy manfaatingiz, ya’ni oldi-berdi janjalingiz yo‘qmi… Bu jihatdan qanoatingiz tom bo‘lsa, endi navbat qalamnikidir. 

 

So‘z so‘ylashda va ulardan jumla tuzishda uzoq andisha kerak, yozg‘uchining o‘zigina tushunib, boshqalarning tushunmasligi katta ayb.

Abdulla Qodiriy

 

 “Nur alan nur” degan yaxshi ibora bor. Uni ko‘pincha “Nur ustiga a’lo nur” deb nodonlarcha buzib ishlatadilar.

“Ustuvor” — mustahkam, poydor, davomli degan so‘z. Biz uni ustunlik, ya’ni “prioritet” ma’nosida ishlatamiz: Ustuvor yo‘nalishlar”, “qonun ustunligi” deb, oddiygina o‘zbekcha va to‘g‘ri gapirishga nima yetsin!

“Ko‘cha odamlar bilan gavjum”, “qo‘ylar bilan gavjum” deb bo‘lmaydi. Chunki “gavjum”ning o‘zi “odam ko‘p” degani.

Asqad Muxtor

 

                                                                                  OCHERK YOZISHDA…

Qahramon hayotining ozmi-ko‘pmi batafsil yo‘nalishini belgilab olgandan keyin muallif yo‘lga otlanmog‘i darkor — u borib, qahramoni hayot kechirgan va harakat qilgan joylarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rmog‘i, uning boshidan nur sochib turgan quyoshni, u odimlab yurgan zaminni ko‘zdan kechirmog‘i, qahramoni yashagan qishloq yoki shaharning qiyofasi qanday ekanini bilib olmog‘i kerak.

 

                                                                      AXBOROT MATERIAL TAYYORLASHDA…

Hammani hang-mang qiladigan voqealarni qidirma… Arzongarov olibqochishlarning ketidan quvma, darg‘azab bo‘lganingni yoki yoxud nafratingni oshkor qilma… 

Tafsilotlarni ko‘z-ko‘z qilib maqtanma! Oliftagarchilik qilma, “ko‘rib qo‘y — buni men bilaman” deb maqtanma, faqat yangilik uchungina yangilikka intilma. Hech qanday jazavalar bo‘lmasin, hech qanday chuchmal gaplar bo‘lmasin. Joyni avaylab, jiddiy gaplarga sarflash kerak.

Irving Stoun

 

                                                                                 UMUMAN, FAOLIYATDA…

Har nechakim suxandon bo‘lsang, o‘zingni bilg‘ondan kamroq tutg‘il, to so‘zlash vaqtida nodon va beburd bo‘lib qolmag‘aysan. Ko‘p bilib, oz so‘zlag‘il va kam bilib, ko‘p so‘z demag‘il. Nima uchunki, aqlsiz shundog‘ kishi bo‘ladur — u ko‘p so‘zlar.

“Qobusnoma”dan

 
Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twelve − 1 =