Ota-onalar universitetidan saboqlar

Yurtimizga kelib-ketadigan xorijlik mehmonlarning bizdagi jamoaviylikka asoslangan qadriyatlarga havas bilan qarashlarini ko‘p eshitgansiz. Mahalla tuzilmasi, hashar tushunchasi boshqa mamlakat va xalqlarda uchramasligi ham barchaga ayon. Xalqimiz azaldan nafaqat ijtimoiy-maishiy masalada, balki ta’lim-tarbiya borasida ham hashar qilishga odatlangan. Bu ishlar asosan mahallada amalga oshirilgan. “Mahallang – ota-onang”, “Bir bolaga yetti mahalla ota-ona” naqllari buni tasdiqlaydi.

 

Sobiq tuzum davrida ushbu tuzilma asl mohiyatini yo‘qotib, jamiyatdagi o‘rni pasa-yib ketdi. Ota-bobolardan meros milliy qadriyatlar beshigi bo‘lgan mahalla buyruqbozlik tizimiga xizmat qildi. Vatanimiz istiqlolga erishgach, milliy davlatchilik poydevori yaratila borib, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari ishini yo‘lga qo‘yish ana shu siyosiy islohotning uzviy qismiga aylandi. Odamlar o‘rtasida o‘zaro mehr-oqibat, totuvlik, ehtiyojmand kishilar holidan xabar olish, to‘y-tomosha, hashar va ma’rakalarni ko‘pchilik bilan bamaslahat o‘tkazish kabi elimizga xos urf-odat va an’analar yana davom eta boshladi. 

Hozirgi fuqarolar yig‘inlari ilgari mahalliy davlat hokimiyati organlariga taalluqli bo‘lgan o‘ttizdan ziyod vazifani bajarib kelmoqda. Mahallalar qoshida sakkizta komissiya, shuningdek, jamoatchilik kengashlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Fuqarolar yig‘inlari hududida istiqomat qilayotgan ota-onalarning yosh avlodni tarbiyalash bo‘yicha huquqiy, ma’naviy-axloqiy va fiziologik bilimlarini oshirishga ko‘maklashish maqsadida mahallalar qoshida “Ota-onalar universitetlari” tashkil etilgan. Toshkent shahri Shayxontohur tumanidagi “Shofayzi” mahallasi bu borada peshqadamlardan. 2012 yilda ilk bor mazkur mahallada shunday jamoatchilik kengashi tashkil etilib, taqdimoti o‘tkazilgan edi. Xo‘sh, bunday tuzilmaga nega ehtiyoj sezildi, uning maqsad va vazifalari nimalardan iborat?

–Guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, har bir mahallaning, oilaning o‘z muammolari bo‘ladi, – deydi MFY raisi Baxtiyor aka Shamsutdinov. – 1200 ta oila istiqomat qilayotgan hududimizda namunali oilalar ko‘p. Qirqqa yaqin oila – bobosidan tortib nabirasigacha oliy ma’lumotli, ziyoli, har jihatdan o‘rnak qilib ko‘rsatgulik. Endi, o‘qimishli bo‘lmasa-da, tinch-totuv, hurmat-izzati joyida oilalar ham ko‘p.

Shular qatorida besh-oltita ichkilik yoki giyohvand-likka ruju qo‘ygan, tez-tez janjal qilib turadigan, mahalla va qo‘ni-qo‘shnini hurmat qilmaydigan, bosar-tusarini bilmay qolganlari ham bo‘ladi. Ana shunday muhitda ulg‘ayayotgan farzandlarning tarbiyasi, kelajagiga befarq bo‘lolmaymiz. Kattalar xatosi uchun bolalar zarar ko‘rmasligi kerak. Mana, to‘rt yildan buyon shunday oila ota-onalarini to‘g‘ri yo‘lga boshlash, oiladagi muhitni sog‘lomlashtirishda “Ota-onalar universiteti”ning roli katta bo‘lyapti. Ushbu jamoatchilik kengashining rahbari va a’zolari yordamida oila huquqi, oila ma’naviyati, ma’naviy-axloqiy tarbiya, oila psixologiyasi, oilaning tibbiy-biologik asoslari, sog‘lom turmush tarzi kabi o‘nlab mavzularda tadbirlar tashkil etdik. Ularda huquq-tartibot organlari, diniy idoralar, tibbiyot muassasalari va ta’lim maskanlaridan vakillar qatnashib kelyapti. Har oy o‘tkaziladigan tadbirlarga yoshlarni ko‘proq jalb qilish uchun jonli, hayotiy misollar bilan auditoriyani qiziqtiradigan ma’ruzachilarni jalb qilib, savol-javoblar o‘tkazamiz. Ayniqsa, o‘nta namunali va o‘nta notinch oila ishtirokida tashkil qilgan tadbirimiz ijobiy samara berdi. Bunday tadbirlarda “Sen yomon, bu yaxshi” degan gap bo‘lmaydi. Avvaliga namunali oila keksalariga “Onaxon yoki otaxon, o‘z hayotiy tajribangizdan so‘zlab bering, nega sizning oilangizga hamma havas qiladi, bunga qanday erishgansiz?”, deya murojaat qildik. Ular kattalar o‘rtasidagi muloqotlardan tortib, nabiralarning bo‘sh vaqtini qanday tashkil qilish, ko‘cha-ko‘yda, to‘y-ma’rakada o‘zini qanday tutishiyu o‘qish va ishga munosabatini birma-bir so‘zlab berishdi. Shunda ikkinchi tomon o‘zining bu tadbirga nega taklif qilingani haqida o‘ylab ko‘radi, qarshisida turgan oila vakilidek bo‘lishga intiladi. Hech yo‘qsa, tez-tez takrorlanadigan janjallar kamayib, o‘zini yig‘ishtirib olishga harakat qiladi, mahalla-ko‘y oldida qaytib yuzi qizarishini istamaydi. Qarabsizki, muhit tozara boradi. Buning isbotini statistika hisobotida ko‘rish mumkin: 2012 yildan buyon mahallamizda voyaga yetmaganlar jinoyati sodir etilmadi, huquqbuzarlik bo‘lmadi, odam savdosiga aralashganlar, turli oqimlarga a’zo bo‘lganlar yo‘q. To‘rt yil ichida o‘n beshta ajrim arizasi tushgan bo‘lsa, shundan o‘ntasini yarashtirdik. Bunday xayrli ishlarda yarashtiruv komissiyalari bilan hamkorlikda “Ota-onalar universitetlari” a’zolari, mahalladagi obro‘-e’tiborli xonadon vakillari ham qatnashadi…

Mirshukur Mira’zamov mahallaning ana shunday jonkuyarlaridan. Otaxon nafaqat o‘z nabiralari, balki hududdagi barcha yoshning odob-axloqi, yurish-turishi havas qilgulik bo‘lishini istaydi.

– Bizning yoshligimiz o‘tgan davr bilan bugungi kunni solishtirib, bir tomondan havas qilsam, bir tomondan ba’zi yoshlarning beparvoligidan kuyinaman, – deydi otaxon. – Eski Toshkentning markaziy ko‘chalaridan birida kichkina kitob do‘koni bo‘lardi. Tushlikka berilgan to‘rt tangani yig‘ib, och qolsak-da, o‘sha do‘konga yugurardik. Kichik bir xatomiz uchun ustozimiz yoki mahalla oqsoqollari, yoshi ulug‘lar qulog‘imizni cho‘zib qo‘yishsa yoki dakki eshitsak, necha kungacha ularning ko‘ziga ko‘rinishdan cho‘chib, qaytib xato qilmaslikka harakat qilardik. Hozirgi yoshlarning qulog‘ini cho‘zib, dakki berolmaysan, hatto o‘qituvchilar ham bunday qilishdan qo‘rqib qolishgan. Chunki shunday ota-onalar borki, bolasiga pashsha qo‘ndirmaydi. Bu bilan o‘sha farzandning odob-axloqi yaxshi bo‘lib qolsa-ku mayli edi. Aksincha bo‘lsa-chi? Ana shunday ota-onalarning ko‘zini ochish uchun ham mahalla qoshida o‘sha universitetlarga ehtiyoj sezildi. Birni ko‘rib fikr, ko‘pni ko‘rib zikr qilish mahalladan boshlanadi.

Yurtboshimizning “oilada havas qilsa arziydigan muhitni yaratishda, birinchi navbatda, mahalla ta’sirchan kuchga ega bo‘lishi kerak”, degan gaplarini shior qilib olganmiz.  

Shukrki, sa’y-harakatlar ozmi-ko‘pmi samara beryapti… 

–Darhaqiqat, aholining katta qismini yoshlar tashkil qiladigan (jami 7161 nafar, shundan 3853 nafari yoshlar) ushbu mahalladagi ma’naviy muhit ibrat qilsa arzigulik. Har qanday natija – xoh ijobiy, xoh salbiy bo‘lsin, bejiz emas. Buning ortida katta mehnat yoki befarqlik bo‘lishi mumkin. “Shofayzi” mahallasi ahli faollar yetovida birinchi yo‘lni tanlagan. Shuning uchun hudud tinch, saranjom-sarishta. Mahalla binosida ish qaynaydi, devorlar tashakkurnomayu diplomlar bilan to‘la. Har yili an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Eng namunali fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari” ko‘rik-tanlovining Toshkent shahar va respublika bosqichlarida (2013-2014 yillarda) 1-, 2-o‘rinlar qo‘lga kiritilgan.

Yurtboshimiz mahallaga shunday ta’rif bergan edi: “Bag‘rikenglik, o‘zaro mehr-oqibat singari noyob insoniy fazilatlar aynan mahalla muhitida kamol topadi. Shu ma’noda mahallani o‘zini o‘zi boshqarish maktabi, ta’bir joiz bo‘lsa, demokratiya darsxonasi, deb atash mumkin”. Darvoqe, ana shu go‘shada olingan ilm nuri hayot yo‘limizni yoritajakdir…

X.FAYZIYEVA

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

13 + ten =