SURXONDARYO OAVGA BIR NAZAR
Har bir go‘shaning o‘ziga xos urf-odatlari, havosi, tabiati bo‘ladi. Surxondaryo odamlari o‘zining samimiyligi, mehnatkashligi bilan, kuy-qo‘shiqlari esa zavqu shavqqa to‘laligi, qizlari ibo-hayosi, yigitlari dangalligi bilan ajralib turadi. Xo‘sh, nashrlari-chi? Surxondaryo matbuotida qaysi mavzular dolzarb? Shu savollarga javob topish maqsadida viloyatning ayrim gazetalarini ko‘zdan kechirdik.
Surxondaryo hududining Shimol, Shimoli-sharq va Sharq tomondan Tojikiston, G‘arbdan Turkmaniston, yer yuzining qaynoq nuqtalaridan biri Afg‘oniston bilan janub tomondan Amudaryo orqali chegaralanishining o‘zi aholining shuuri doimiy uyg‘oq bo‘lishi kerakligini taqozo etadi. Bunday sharoitda matbuotning zimmasiga katta mas’uliyat yuklanadi. Surxonlik hamkasblarimizdan yanada zalvorli maqolalar, fidoyilik talab etiladi.
Bugungi kunda viloyatda 30 dan ortiq gazeta, 2 jurnal 5 televidenie va bir radio faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Viloyatning deyarli barcha nashrlarida vatanga muhabbat, insonparvarlik ruhi, shu bilan birga, odam savdosi, giyohvandlik, aqidaparastlik kabi muammolar aks etgan maqolalarni ko‘rib, viloyat jurnalistlaridan, ijodkorlaridan ko‘nglimiz to‘ldi. Ayniqsa, viloyat hokimligining ijtimoiy-siyosiy gazetasi “Surxon tongi” alohida e’tirofga loyiq. Nashr haftada ikki marta chop etiladi. Ushbu gazeta sahifalarida viloyat ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy hayotiga doir faktlarga boy, pishiq materiallarni uchratasiz. Unda adabiyot va san’atni targ‘ib qilishga ham alohida e’tibor qaratiladi.
“Sariosiyo” gazetasida ham ko‘plab tahliliy-tanqidiy maqolalar chop etiladi. Bu albatta, jamoaning yutug‘i. Xususan, 2016 yil 27 mayda chop etilgan “Bola tarbiyasi muhim omil”, “Barqaror va osoyishtalik — taraqqiyotning bosh omili”, “Millionlab odamlarni kim o‘ldirgan?” kabi maqolalar shular jumlasidandir. Bugun har birimizning qo‘limizda telefon, planshet, noutbuk bor. To‘g‘ri, ularsiz bugungi davrni tasavvur qilish qiyin, ammo har narsaning me’yori bor. Gazetada ularning zarari haqida aniq faktlar bilan boyitilgan “Uyali telefonlarning salomatlikka ta’siri” nomli maqola e’lon qilingan. “Telefondan nurlanish, ayniqsa, chaqiruv gudogi ketayotganda nisbatan ko‘proq yuz beradi. Buning uchun telefonni quloqdan 10 santimetrga uzoqlashtirsangiz, nurlanish darajasi 100 marotaba kamayadi. Bundan tashqari, gaplashganda telefonni 1 santimetr uzoqlikda ushlash maqsadga muvofiqdir. Ilmiy xulosalarga qaraganda, telefonning miya hujayralariga salbiy ta’siri 13-15 soniyadan keyin boshlanar ekan”. Maqolada aytilishicha, qo‘l telefoni organizmning tez qarishiga, asab tizimining izdan chiqishiga, bosh og‘riqlarining ko‘payishiga ham sabab bo‘lar ekan. Bunday maqolalarning e’lon qilinishi, albatta, foydadan xoli emas.
Bola tarbiyasi doimiy dolzarb masala. Uning nozikligi sabab kimdir buni uddasidan chiqadi, kimdir esa yo‘q. Yurtimizda tarbiya ta’limdan ajratilmaydi. Bolaning kamoloti uchun ota-onalar va o‘qituvchilar birdek harakat qilishadi. “Soliqchi minbari” gazetasining joriy yil 16-mart sonida “Oila va maktabni yaqinlashtirib bo‘ladimi?” nomli maqola e’lon qilingan. Bugun maktab va oila munosabatlari uzuq-yuluqroq. Ba’zi ota-onalar yilda bir yo ikki marta o‘tkaziladigan ota-onalar majlisiga ham zo‘rg‘a og‘rinib kelishadi. U ham bo‘lsa ertasiga bolasining yuzi qizarmasligi uchun. Maqolada shu muammo atrofida batafsil mulohaza yuritilgan.
Otaning oilada o‘rni beqiyos. U ham ma’nan, ham jismonan suyanch, tayanch. Ammo hamma otalar ham bunday emas. “Qumqo`rg`on sadosi” nashrining joriy yil 30 iyul sonida e’lon qilingan “Beoqibat “otalar” sarlavhali maqolada farzandining ko‘z yoshlariga loqayd, ularni tashlab ketib, hatto aliment to‘lashdan ham bosh tortayotgan “ota”lardan biri haqida yozilgan.
Bir paytlar dovrug‘i butun respublikaga yoyilgan “Chag‘oniyon” gazetasini qo‘limizga oldik. Bu gazetaning afzalligi, yutug‘i nimada ekan, degan qiziqish bilan varaqlay boshladik. Ushbu gazetaning 2016 yil 28 iyul sonida “Qon tomirimiz — jon tomirimiz”, “Eng nozik madaniyat”, “Muborak dargoh nasimlari” kabi tahliliy, tanqidiy ruhdagi “Isrofning oldini olaylik”, “Jigar kushandasi”, “Tamoyillarga zid “biznes”, “Soxtakorlar” kabi maqolalar chop etilgan. Gazeta tuman nashri bo‘lsa-da, mukammallikka intilayotgani ko‘rinib turibdi. Unda boshqa mahalliy nashrlarda deyarli uchramaydigan lid, rukn kabi muhim elementlar doimiy qo‘yib boriladi. Ammo sarlavha tanlashda biroz no‘noqlik seziladi. “Soliqdan bosh tortdi”, “Arizalar qanoatlantirildi”, “Mehnat qonunchiligi ijrosiga bag‘ishlandi” kabi darak gap shaklidagi sarlavhalarga o‘rin berilmasa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Oltinsoy tumani “Oltinsoy tongi” gazetasi A-2 formatda, 4 sahifali ko‘rinishda chop etiladi. Shundan bir yarim sahifasi turli xil internet materiallari asosida to‘ldirilgan va kim tayyorlagani (bitta xabardan tashqari) ham ko‘rsatilmagan (2016 yil 16 mart soni). Sahifalar shunchaki to‘ldirilganga o‘xshaydi. Ijtimoiy-siyosiy gazetada shu yo‘nalishdagi maqolalar bo‘lishi kerak, nazarimizda. Bu nashrning ikkinchi sahifasida esa “Navro‘z mushoirasi” sarlavhasi ostida 13 ta she’r e’lon qilingan. She’rxonlik yaxshi, ammo asosiy vazifani ham unutib qo‘ymaslik kerak-da!
“Sariosiyo” gazetasining 2016 yil 27 may sonida chop etilgan “O‘zbekona milliy tilimizga e’tibor shumi?” sarlavhali maqolada tilimizning muqaddasligi, uni asrab-avaylashimiz, e’tiborli bo‘lish haqida mulohaza yuritilgan. Ammo muallif o‘z so‘ziga qarshi chiqqan holda maqolada ayrim uslubiy xatolarga yo‘l qo‘ygan. Jumladan, “Xatlarga javob qaytarish, ma’ruzalar, ma’lumotnomalar, arizalar, korxona hujjatlarini yuritish ham hamma-hammasini rus tilida yuritish (yozish) talab qilinar edi. O‘z ona tili qolib, boshqa tilda buni bajarish qancha qiyinchiligini bilasizmi?”. Jumla g‘aliz tuzilgani ko‘rinib turibdi. Yana bir jumlaga e’tiboringizni qaratmoqchimiz: “Bilasiz, o‘zbekona haqiqiy so‘z “Ilonni inidan chiqaradi” — deyishadi, o‘zbek maqolida”. Gapdagi maqol o‘zlashtirma gapga aylantirilganda qo‘shtirnoq ishlatilmaydi. Maqolning turli variantlari bor. Shulardan biri quyidagicha: “Yaxshi so‘z ilonni inidan — yomon so‘z pichoqni qinidan chiqaradi”.
Tuman nashrlarida “Jinoyat va jazo” ruknida berilgan, sud ocherklari, qonunbuzarlik holatlari haqidagi maqolalar anchagina. Masalan, “Soliqchi minbari” gazetasining joriy yil 16-mart sonida “Aql yoshda emas…”, “Sehrgarmi yo firibgar”, “Xalq posboni” gazetasining 2016 yil 30 yanvar sonida e’lon qilingan “Ikkinchi xotinning qilmishi”, “Qush uyasida ko‘rganini qiladi”, “O‘g‘ri ayol”, “Sariosiyo” gazetasining 2016 yil 29 aprel sonida “Oilaviy tadbirkorlar”, “O‘g‘rining qilmishi”, “Manmanlik oqibati”, “O‘z manfaatini ko‘zlab”, 26 mart sonidagi “Qing‘ir ishning…”, “O‘g‘ri to‘g‘ri bo‘lmas” kabi. Bu — aholini ogohlikka chorlab turadi, albatta. Ammo aynan shu materiallarda tushinilishi qiyin bo‘lgan jumlalar ko‘p uchraydi. Bizningcha, maqolalar sodda, jonli tilda ifoda etilsa nur ustiga nur bo‘lar edi.
Har ishning o‘z qonun-qoidalari bo‘ladi. Uni bilish, o‘rganish esa mutaxassisning vazifasi. Milliy jurnalistikamizda dizayn masalasiga e’tibor sustroq. Gazetaning tashqi imijiga, maqolalarning joylashtirilishi, suratlar, shriftlar, ranglarning uyg‘unligi masalasida ko‘pgina nashrlarimizda muammo bor. Masalan, anchagina zalvorli maqolalar chop etiladigan “Jarqo‘rg‘on” gazetasining dizayn borasidagi kamchiliklari yutuqlariga soya solmoqda.
Gazeta maketi chizilgach, kerakli format asosida sahifalanadi. Maqola tarkibidagi xat boshilar bir xil tekislikda joylashtirilishi shart. Ushbu nashrda berilgan maqolalarda xat boshining ravonligiga e’tibor qaratilmagan.
Mutolaa jarayonida punktatsion xatolarga ko‘p bora duch kelamiz. Hechqisi yo‘q, bu shunchaki belgilar-ku, deya aksariyat hollarda qo‘l siltab qo‘yamiz. Ammo bu davom etaversa-chi? Axir, birgina belgi so‘zni, kerak bo‘lsa gapni o‘zgartirib yuborishi mumkin. Masalan, chiziqcha asosan juft, takror so‘zlar orasida ishlatiladi. Tirening vazifasi esa umuman boshqa. Biz kuzatgan nashrlarning aksariyatida lozim bo‘gan tire belgisi o‘rniga ham chiziqcha ishlatilgan: “Odam savdosi-jirkanch jinoyat”, “Kasbim-faxrim mening” (“Sariosiyo” 2016 yil 29 aprel), “Sug‘urta badal to‘lovi-pensiya ta’minoti kafolati” (“Sariosiyo” 2016 yil 26 mart), “Odam savdosi-qullik balosi”, “Yolg‘on xabar-shayton vasvasasi…”, “Giyohvandlik-umr zavoli”, “Kuchli davlatdan-kuchli fuqarolik jamiyati sari” (“Taraqqiyot” 2016 yil 21 mart), “Tinchlik-ulug‘ ne’mat” (“Qumqo‘rg‘on sadosi” 2016 yil 30 iyul), “Haydovchilik-hushyorlikni talab qiladi”, “Ma’naviyat-millat ko‘zgusi”, “Baxshi-el naqshi” (“Termiz oqshomi” 2016 yil 29 aprel) kabi. Bu ko‘zga tashlanib turadigan sarlavhalardan misollar edi. Matn ichida bu holat juda ko‘p takrorlangan. Xalqimiz ko‘p hollarda imloni, orfografiyani gazetadan o‘rganadi. Shunday ekan, e’tiborliroq bo‘lish bizning burchimiz.
Tan olish kerak, viloyat tahririyatlarida respublika nashrlarinikidek sharoit yo‘q. Mutaxassislar yetishmaydi. Shunday sharoitda ham xalqqa ma’rifat ulashishga, mas’uliyatni his etib, o‘z vazifalarini sidqidildan bajarishga intilayotgan hamkasblarga minnatdorligimizni izhor etgan holda taklif va tavsiyalarimizni to‘g‘ri va samimiy qabul qilishingizni istardik. Maqsad bitta — o‘zbek matbuotini rivojlantirib, dunyo axborot maydonida munosib o‘rin egallash!
Shohsanam KOMILOVA,
“Hurriyat” muxbiri