XORAZM NASHRLARI «JANLIMI»?

Gazetalar qaerda, qancha tirajda chiqmasin, unda yoritilgan muammolar, dolzarb mavzular, butun jamiyatga tegishli bo‘ladi. Ulardan doimo nimalarnidir o‘rgansa, yangi iste’dodlarni, yangi gaplarni topsa bo‘ladi. Mintaqaning chekka bir nashrida berilgan maqola butun hududni oyoqqa qalqitishi mumkin.

Xorazm viloyati nashrlariga yuzlanar ekanmiz, ayni shu kabi o‘ylar xayolimizdan o‘tdi.

“Xorazm HaQiQati”dagi HaQiQatlar

So‘zimizni viloyatning bosh gazetasi hisoblanmish “Xorazm haqiqati”dan boshlasak.

1920 yil 8 martda tamal toshi qo‘yilgan ushbu nashr bugungi kunda Xorazm viloyati hokimligi muassisligida chop etilmoqda. Shu boisdan undagi asosiy materiallar hokimlik qarorlari, hududda amalga oshirilayotgan islohotlar bilan bog‘liq. Gazeta haftada ikki marta nashr etiladi. Publitsistikadan ko‘ra, ko‘proq rasmiy uslubda yoziluvchi bunday materiallar gazeta sahifalarining salmoqli qismini egallaydi. Shuningdek, O‘zbe­kiston milliy axborot agentligidan olib berilayotgan materiallar viloyat o‘quvchilarini mamlakatimiz hayotiga doir muhim yangilik va islohotlar bilan tanishtirishda ko‘mak berayotgani shubhasiz. Shu bilan birga gazeta sahifalarida dolzarb mavzular aks etgan maqolalar ham vaqti-vaqti bilan chop etib turiladi.

Nashrning 2016 yil 23 yanvarda e’lon qilingan “Nafsi o‘pqon mudira”, “Qing‘ir ishning qiyig‘i chiqdi”, “Oqibat” kabi maqolalarda o‘quvchini mulohazaga chorlaydigan mavzular qalamga olingan. Dastlabki ikki maqolada jinoyatga qo‘l urgan valyutafurushlar hamda lavozimini suiiste’mol qilgan bog‘cha mudirasi haqida so‘z boradi. Gazetadagi bir talay maqolalar, xabarlar jinoyat olamidagi ishlar bilan bog‘liq bo‘lib, ular aholini hushyorlikka chorlash bilan birga, mavzular xilma-xilligini ta’minlagan. “Firibgarlar fosh bo‘ldi”, “Kechirish — ishonch degani”, “Ko‘za kunida sindi”, “Insonparvarlik ifodasi” kabi maqolalar shular jumlasidan. Viloyatning bosh nashrlari nafaqat hudud markazidagi, balki viloyatdagi barcha yangiliklarni, islohot va muammolarni olib chiqishi kerak, nazarimizda. Mana shu jihatdan “Xorazm haqiqati”da ham yaxshi say-harakatlar ko‘zga tashlanadi. Xususan, 2016 yil 27 fevral sonida gazetaning maxsus muxbiri Abdulla Safoevning “Birini ko‘rib shodlanasiz, biridan ranjiysiz” sarlavhali maqolasida Qo‘shko‘pir tumanidagi holat bayon qilinadi. Maqolada tumandagi Mahmud Zamaxshariy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘idagi obodonchilik bilan unga olib boriladigan yo‘llardagi manzaraning nomutanosibligi, shuningdek, mahallalarda to‘plangan chiqindi muammosi haqida so‘z boradi.

“Dehqon bozori” atrofida mashinalar turar joyining yo‘qligi, ba’zi chekka qishloq xonadonlaridagi “befayz”lik ham jurnalist nigohidan chetda qolmaydi. “Xonobod chindan obodmi? Bu savolga ijobiy javob berish mushkul. Ko‘p hovli joylar, savdo shoxobchalari, ko‘chalarda obodonlashtirish ishlariga e’tibor kam. Qishloqdagi 17-maktabdagi ahvol ayniqsa, achinarli. Devorlari ohaklanmagan. Atrofda qarovsizlik, hudud tozalanmagan”… Muallif shu tarzda kuzatuvlarini bayon qilar ekan, maqola yakunida bu kamchiliklar qachon bartaraf qilinadi, degan savolni o‘rtaga tashlaydi. Bu kabi urinishlar — masalani dangal ko‘tarib chiqish, mavzu va muammo jihatidan butun hududni qamrab olishga bo‘lgan harakatlarni nashrning 2016 yil 3 fevral sonida “Bozor bedarvozami?!” sarlavhali maqolada ham ko‘rishimiz mumkin.

Darvoqe, sarlavhalar xususida. Ustozlarimiz “Sarlavha — yarim maqola” deyishadi. Bu unga nihoyatda jiddiy yondashish shart deganidir. Tan olishimiz kerak, bugungi kunda yurtimizda chop etilayotgan ko‘plab gazeta va jurnallarda bu borada kamchilik ko‘zga tashlanadi. Ayrim nashrlar o‘quvchilari sonini oshirish maqsadida shov-shuv ko‘taraman deb, ignaday narsani sarlavhaga tuyaday qilib olib chiqsa, ba’zi “kamtar” gazetalar tuzukkina yozilgan, dolzarb mavzudagi maqolalariga “Islohotlar samarasida”, “Sohaga qaratilayotgan e’tibor”, “Ham­­korlikning yangi ufqlari” singari “otamzamon” sarlavhalarni qo‘yadi. (Ba’zan o‘ylab qolasan, kishi, shunday sarlavhalarning yoshi uni maqolasining tepasiga qo‘yayotgan muallif yoshidan ikki baravar ziyodroq bo‘lsa kerak…)

Xorazm gazetalarida ko‘zimiz tushgan sarlavhalarga e’tibor bering: “Soliq tizimida islohotlar va ularning samaralari”, “Olimpiada o‘yinlarga tayyorgarlik yuksak darajada”, “Yangi turar joylar dilni quvnatadi”, “Ekologik madaniyatni shakllantirishda jamoatchilik nazorati”.

“Xorazm haqiqati”da chop etilgan “Ekologik madaniyatni shakllantirishda jamoatchilik nazorati” maqolasida ko‘p qavatli uylar atrofida “o‘z-o‘zidan to‘planib qoluvchi” chiqindilar muammosi haqida so‘z boradi. Yaxshi mavzu. Ammo sarlavhani o‘qib, tadbir-padbir haqidagi odatiy materiallardan bo‘lsa kerak, deb o‘ylaysiz.

Taniqli shoir Matnazar Abdulhakim tavalludi munosabati bilan berilgan esdalik, aytish mumkin bo‘lsa, kichik esse-yodnomalar ham “Abadiyatga daxldor meros”, “Do‘stlik tarannumi” kabi odatiy sarlavhalar ostida chiqqan. Afsuslanayotganimiz boisi ham shu: mazkur maqolalar o‘qishli. Yaxshi yozilgan-u, sarlavhalari…

“Hayot kO‘zgusi”dagi akslar

“Bog‘ot sadosi”, “Xiva tongi”, “Yangibozor ko‘zgusi”, “Yangiariq ovozi” kabi tuman nashr­larini kuzatib, badiiy-publitsistik, tanqidiy-tahliliy maqolalarni ularda ko‘proq berish kerak ekan, degan xulosaga keldik.

Qo‘shko‘pir tumani hokimligi muassisligidagi “Hayot ko‘zgusi” gazetasida bir qancha dolzarb muammolarga bag‘ishlangan materiallarni uchratdik. “Kutubxonachi qaerda?”, “Sil kasalligi oila qurishga to‘sqinlik qiladimi?”, “E’tiborsizlik, loqaydlik qachongacha?!” (tumandagi 15-maktabgacha ta’lim muassasasidagi ayanchli ahvol xususida), “Sifat, sertifikat qani?!”, “Dabdababozlik baxt keltiradimi?” singari maqolalarda mualliflarning ziyrak nigohi, teran mushohadasi ko‘rinib turibdi. Quvonarlisi, gazetaning ke­yingi sonlarida ko‘tarilgan muam­molarning ijobiy hal qilingani haqidagi tegishli idoralarning kichik bildirgilari ham berilgan. Mavzular xilma-xilligi, dizayn borasidagi izlanishlar shundoq aks etib turibdi.

Bugun auditoriyaga qisqa va lo‘nda, tezkor axborotni yetkazib bera olgan OAVning “dovi yurishadi”. Bu borada mazkur tuman nashrlarining faoliyati maqtasa arzirli. Hech bir anjuman muxbirlar nigohidan chetda qolmagan. Hattoki, maktablardagi haftalik, bilimdonlik tadbirlari ham muntazam yoritib borilar ekan. Biroq tadbirlarni bayon qilish bilan birga, ularda ko‘tarilgan masalalarga ham ko‘proq urg‘u berilishi gazeta saviyasini oshirishga xizmat qiladi, albatta. Masalan, “Mo‘’jiza yaratayotgan qo‘llar” (“Yangiariq ovozi” 6-son) maqolasida faqatgina ko‘rik-tanlov haqida so‘z yuritmasdan, biror tadbirkor ayol ish faoliyati to‘g‘risida hikoya qilinib, so‘ng o‘rnida tadbirga oid xabar berilganida o‘quvchilar uchun ham qiziq, ham foydali bo‘lishi mumkin edi.

Surat sO‘zlamasa…

Aksariyat ma’lumotlarni vizual tarzda qabul qilamiz va aynan ular ko‘proq esimizda qoladi. Psixologiyada tasdig‘ini topgan ana shu jihat matbuotning oldiga dizayn masalasiga alohida ahamiyat qaratish talabini qo‘ydi. Xorazm nashrlarida ham materiallarni “g‘isht tergandek” ustma-ust joylashtirish, badiiy-publitsistik maqolaga ham, rasmiy xabarlarga ham bir xil shrift­lardan foydalanish, sarlav­halarda kompyuter grafikasi imkoniyatlaridan foydalanmaslik kabi kamchiliklarni uchratdik.

“Bog‘ot sadosi” gazetasidagi e’tiborimizni tortgan ilk jihat bu natyurmort shaklidagi suratlar bo‘ldi. E’tirof etish kerakki, aksariyat suratlar boshqa gazetalardan farqli o‘laroq, “jonli”. Ammo ko‘pgina suratlar maqolaga ajratilgan joyning yarmidan ko‘prog‘ini egallagan. Natijada, o‘quvchida ular go‘yoki joyni to‘ldirish uchun joylashtirilgandek taassurot qoldiradi. “Tadbir” yoki “Jarayon” ruknidagi maqolalar suratlari esa voqelikdan ko‘ra ko‘proq yirik planda olingani gazetada malakali fotojurnalist­ga ehtiyoj borligini ko‘rsatadi. Gazeta bilan yaxshiroq tanishar ekanmiz, maqolalarda qalamga olingan mavzularga doir suratlardan ko‘ra asosan, mualliflarning rasmi berilishiga amin bo‘ldik. Yangibozor tumani hokimligiga qarashli “Yangibozor ko‘zgusi” gazetasida esa buning aksi, “jonli” suratlar kam uchraydi. Biroq undagi rasmlar maqola mavzusiga mos va sifati yaxshi. “Xiva tongi”, “Yangiariq ovozi”, “Xonqa hayoti” kabi gazetalarda ham jarayonni yorituvchi suratlar nisbatan ko‘proq.

Xulosa qilib aytganda, vohaning biz kuzatgan nashr­larida zalvorli maqolalardan ko‘ra, ko‘proq bo‘lib o‘tgan voqelik, tadbirlar haqida “bo‘lib o‘tdi” tarzidagi kengaytirilgan xabarlar birinchi planga chiqib qolayozgan. Bu esa aholi o‘rtasida axborotga, mushohadaga ehtiyoj ortib borayotgan bir paytda biroz achinarli holat. Ammo biz ishonamiz, ko‘hna voha farzandlari bu boradagi kamchiliklarni bartaraf eta oladi. Zero, zamon bilan hamnafas, jamiyatning og‘riqlari, aytadigan gaplarini ilg‘ab, sahifalarida yorituvchi gazeta va o‘z so‘ziga ega jurnalist­gina o‘quvchi e’tiborini qozonadi…

Feruza XAYRULLAYEVA

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fifteen − 4 =