Virtual “zavq” azobi yoxud oilangizni virtual xiyonatdan asrang!

 

Hali balog‘at yoshiga yetmagan Jamilaning turmushga chiqqani ko‘pchilikni ajablantirgan bo‘lsa, to‘yidan yetti oy o‘tar-o‘tmas ota uyiga ko‘ch-ko‘roni bilan homilador ahvolda qaytib kelgani butun qishloqqa ovoza bo‘ldi. U ota-onasining xohishi bilan bolalik orzularidan voz kechib, o‘zlari singari o‘rtahol oilaga kelin bo‘lgandi. Turmush o‘rtog‘idan erta ayrilgan qaynonasi maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlar, kuyov ham qo‘lidagi guldek hunari bilan ro‘zg‘orning kam-ko‘stini to‘ldirardi. Umar  to‘ydan keyin uch oy o‘tgach, (uylanishdan avval bir-ikki tanishidan olgan qarzini uzish maqsadida) sinfdosh do‘stlari bilan chet elga ishlagani ketdi. Ketar chog‘ida kelinga qimmatbaho telefon sovg‘a qildi. Hatto “Odnoklassniki.ru” hamda “whatsapp” ijtimoiy tarmoqlaridan rafiqasiga shaxsiy sahifa ochdi. Unga “o‘rgimchak to‘ri”dan qanday foydalanish borasida ham yetarlicha “saboq” berdi.

 

Biror kasb-hunarning etagidan tutishga ulgurmagan Jamila uyda bir o‘zi qolib, aksariyat vaqtini televizor ko‘rish, telefonda qarindosh va dugonalari bilan gaplashishga sarflardi. U hali g‘o‘r, qiziqqon bo‘lgani boismi, internetga kirib, dastlab onlayn makondagi yangiliklar, xabarlarni mutolaa qilardi. Kun sayin ijtimoiy tarmoqlarga “ishtiyoq”i ortib, shaxsiy sahifalariga o‘quvchilik davri va to‘y kungi suratlarini joylab, anchagina “like” to‘pladi. Turli mavzularni bayon qiluvchi va ko‘ngilochar guruhlarga a’zo bo‘lib, ko‘plab “do‘st”lar orttirdi. Kelinchakning virtual hayot “bag‘ri”ga singib, unga “mehr” qo‘ygani uy ishlarini o‘z vaqtida bajarmasligi yoxud bir qo‘lida “hamroh”i bilan barcha yumushlarni chala qilishida aks eta boshladi. Uning bu xatti-harakatini ko‘rgan qaynona avvaliga ajablandi va uni zimdan kuzatib yurdi.  

Axiyri, sabr kosasi to‘lgan qaynona “portlash”ga majbur bo‘ldi: o‘g‘liga qo‘ng‘iroq qilib, bor gapni aytdi. Umar suhbat chog‘ida musofir yurtda ishsiz sanqib yurishgani sabab yangi haftaning boshlarida uyga qaytayotganini bildirdi.

Umar chet eldan qaytgach, bir kuni xotini oshxonaga chiqib ketgach, uning televizor oldida quvvat olayotgan qo‘l telefonini titkilay boshladi. Yaxshi niyatlar bilan xotiniga olib bergan “matoh”dagi SMS nomalaru, notanish yigit-qizlarning yarim-yalang‘och holatdagi suratlari uning qalbidagi shubha-gumonlarni yanada alanga oldirdi. Qo‘shiq xirgoyi qilib, eshikdan kirib kelgan kelinchak turmush o‘rtog‘ining qo‘lidagi telefonini ko‘rgach, karaxt bo‘lib qoldi. Umar esa rafiqasini so‘roqqa tuta boshladi. Jamila qo‘rqib ketganidan yig‘lashga tushdi. Ularning uzoq davom etgan janjaliga Umarning “Internetdan topgan o‘sha “aka”laring bilan yashab, baxtli bo‘l”, degan achchiq so‘zlari nuqta qo‘ydi…

Ha, bugun globallashuv davrida kun sayin “quloch” yozib borayotgan ijtimoiy tarmoqlardagi muloqotlar hayotimizning ajralmas qismiga aylanib ulgurdi. Ko‘pchiligimiz erta tongdanoq qo‘l telefonimizni kovlashga tushamiz. Shu zaylda kunimizning aksariyat qismi onlayn makonda o‘tadi. Bu sarhadsiz “dunyo” “fuqaro”larining auditoriyasi kengayib borayotgani kabi u orqali g‘oyibona tanishib, qiyomatli “do‘st” tutinayotganlar, dardu hasratini baham ko‘rayotganlar, sirlashib, sevishayotganlar, ayrim hollarda esa o‘z “jufti”ni topib, oila qurayotganlar soni ham tobora urchib borayotir. Ayniqsa, yuqoridagi singari yosh oilalarning buzilib ketayotgani kishi dilini xira qiladi. Yana bir muhim “odat”ni afsus bilan aytish mumkinki, so‘nggi paytlarda real hayotda yigit va qiz bir-birini uchratishi va o‘z xohishiga ko‘ra nikoh rishtasini bog‘lashi anqoning urug‘idek kamayib bormoqda. Rivojlangan Yevropa mamlakatlarida esa bu hol allaqachon katta muammoga aylanib ulgurgan.

— Endigina oila qurgan yosh kelin-kuyov o‘rtasida avvalo, bir-biriga bo‘lgan ishonch va mehr-muhabbat rishtalari mustahkam bo‘lishi zarur, – deydi Andijon davlat universiteti psixologiya fani o‘qituvchisi Gulxumor Tojiboeva. – Oilada erning xotinga, xotinning erga bo‘lgan munosabati va ularning tarbiyalanganlik darajasi havas qilgudek bo‘lsa, bu qo‘rg‘onga hech qanday tashqi ta’sirlar rahna sololmaydi. Ayol kishi tabiatan erini o‘ziga ishontirishni, faqat uning diqqat-markazida bo‘lishni, oila a’zolaridan o‘ziga nisbatan e’tibor, izzat-ikrom kutib yashashni yaxshi ko‘radi va shunga erishishga harakat qiladi. Bundan tashqari, ayol kishi tashqi ta’sirlarga qiziquvchan bo‘ladi. U hech qaerda ishlamay, uy yumushlari va farzandlar tarbiyasi bilan shug‘ullansa, oiladan tashqaridagi muhitdan boxabar bo‘lishga intiladi, o‘ziga bo‘lgan iliq munosabatni o‘zgalardan izlashga “bel bog‘laydi”. Bu borada unga internet, televizor yoki gazeta-jurnallar “ko‘makchi” vazifasini o‘taydi. Oila boshlig‘i rafiqasiga o‘z vaqtida e’tibor berib, ko‘ngliga yo‘l topishga harakat qilmasa, ayol bunday munosabatdan o‘zini olib qochishga, boshqa bir muhit, virtual olam orqali o‘zini chalg‘itishga urinadi. 

Telefon va “o‘rgimchak to‘ri”ning inson hayotiga kirib kelganiga ancha yillar bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlardagi yozishmalar oqibatida yuzaga kelgan ajrimlar to‘g‘risida ko‘pchiligimiz aniq ma’lumotga egamiz. Ushbu voqealarning yanada keng va chuqur ildiz otayotgani, guldek oilalarning barbod bo‘layotgani kishini tashvishga soladi.

– Aslida ijtimoiy tarmoqlardagi muloqotlar virtual bo‘lsa-da, ma’lum odob-axloq, insoniylik fazilatlari chegarasidan chiqib ketmasligi lozim, – deya mavzu yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildiradi Shahrixon tuman xotin-qizlar qo‘mitasi bosh mutaxassisi Shohidaxon Yusupova. – Odatda bizga ajralish yuzasidan murojaat qilayotganlarning oilasi buzilishi sababini o‘rganganimizda, qaynona-kelin bir-birining tilini topa olmayotgani, oila ustuni bo‘lgan erkakning ro‘zg‘orga mas’uliyatsizlik qilayotgani, iqtisodiy qiyinchilik singari omillar kelib chiqadi. Biroq oxirgi paytlarda telefon orqali oilaviy mojaro yoxud xiyonatning ham yuzaga kelayotgani bizni yanada tashvishga solib, jiddiy ish olib borishga undamoqda.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Yer sharidagi insonlarning qariyb 50 foizi qaysidir ijtimoiy tarmoq, ayrimlari esa yana bir qancha tarmoq a’zosi ekan. Virtual olam tubiga “g‘arq” bo‘layotganlarning aksariyatini yoshlar tashkil etmoqda. Rossiyada har bir foydalanuvchi bir kunda 11 soat, Angliyada 6, Gretsiyada 7, mamlakatimizda esa taxminan 6 soatdan ko‘proq vaqtini ijtimoiy tarmoqlar uchun sarflar ekan. Xorijiy davlatlarda, xususan, Amerika va Yevropada aynan ijtimoiy saytlar oqibatida 40-50 foiz oilalar ajrashib ketmoqda. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, 2020 yilga kelib bu ko‘rsatkich 70 foizga chiqishi mumkin.

– Virtual dunyodagi hayot qaysidir ma’noda qaramlikni keltirib chiqaradi, — deya so‘zida davom etadi psixolog G.Tojiboeva. – Bu “sehrli” olamda sizni yaxshi ko‘rib, iltifotlar ko‘rsatishadi. Inson esa bundan behad quvonib, o‘zini voqealar qaynagan joyning qoq markazida turgandek his qiladi. Biroq kompyuter yoki telefon o‘chgach, u real hayotga ko‘nikishi biroz qiyinlashadi. Sababi, u “yangi” hayotning rang-barang, ko‘zni quvnatadigan hodisa-jarayonlariga mukkasidan ketib, soxta, yengil-elpi, yolg‘onlar asiriga aylangan bo‘ladi. “Telegramm”, “IMO”, “whatsapp” singari ijtimoiy tarmoqlar masofa tanlamaydi, shaxs his-tuyg‘ularini ohanrabodek o‘ziga chaqirib oladi. Bu kabi muammolarning oldini olish borasida avvalo ta’lim-tarbiya o‘chog‘ining o‘rni katta ahamiyatga ega. Ta’lim muassasalarida o‘tiladigan oila psixologiyasi fanida shu jihatlarga alohida e’tibor berilishi, o‘qituvchi dars jarayonida faqatgina darslik bilan cheklanib qolmasdan, hayotiy voqea-hodisalar haqida ham suhbatlar o‘tkazib tursa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Ha, aslida qaerda, qachon va kim bilan tanishib, do‘stlashish har kimning shaxsiy ishi. Ammo virtual olam g‘am-tashvishsiz, faqat o‘yin-kulgiyu yozishmalardan iborat bo‘lsa-da, ularning barchasi o‘tkinchidir. Shuningdek, g‘oyibona tanishuvlar hech qachon oilaning mustahkamligini ta’minlay olmaydi. Tabiiyki, dilbandini katta orzu-maqsadlar bilan voyaga yetkazgan ota-ona ham ularning bu tarzda hayot rishtalarini bog‘lashiga aslo rozi bo‘lmaydi. Shunday ekan, darhol oniy quvonchlarni fikru xayolingizdan “yulib”, virtual “hayot”ingizdan voz keching. Siz izlayotgan mehru muhabbat chashmasi aslida oilangizning issiq bag‘rida ekanini unutmang!

 

Mirolim ISAJONOV

 

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twenty − nineteen =