Buyuk yurtning ulug‘ farzandi

Tog‘ bag‘rida yurgan insonga uning buyukligi sezilmaydi. Lekin uzoqlashgan sari tog‘larning buyukligi yaqqol namoyon bo‘ladi. Ta’bir joiz bo‘lsa, buyuk insonlar baland va purviqor tog‘larga o‘xshaydi. Vatanimizning Birinchi Prezidenti, buyuk davlat va jamoat arbobi Islom Karimov xalqimizning qalbidan joy olgan shunday inson edi, deyishga to‘la haqqimiz bor.

 

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘anievich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Qarorda ta’kidlanganidek, mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimov Vatanimizni mustabid tuzum qaramligidan ozod qilib, halokat yoqasiga kelib qolgan yurtimizni qayta tikladi. o‘oyat qaltis va tahlikali bir vaziyatda og‘ir qiyinchiliklar va sinovlarga qaramay, tarixan qisqa davrda O‘zbekiston barqaror sur’atlar bilan rivojlanayotgan zamonaviy demokratik davlatga aylandi.  

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev qaroriga ko‘ra, tegishli vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘anievich Karimov siymosini yaratish bo‘yicha xalqaro ijodiy tanlovda g‘olib deb topilgan haykallar mamlakatimiz poytaxti Toshkent shahrida, Islom Karimov tug‘ilib o‘sgan Samarqand shahrida va u kishi rahbarlik qilgan Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida o‘rnatiladi.

Moskva shahar dumasi deputatlari Rossiya poytaxtida Islom Karimov uchun haykal o‘rnatish tashabbusini qo‘llab-quvvatlashdi. Moskvada Islom Karimov siymosi aks ettirilgan haykalni o‘rnatish masalasi shahar dumasi huzuridagi monumental san’at komissiyasining yig‘ilishida ko‘rib chiqilib, bir ovozdan qabul qilingandi. Yodgorlik Polyanka ko‘chasi yaqinida, elchixona yonidagi Islom Karimov nomidagi xiyobonda o‘rnatilishi rejalashtirilgan.

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov bilan vidolashuv marosimida Gurbanguli Berdimuhamedov Turkmanistonda Buyuk Yo‘lboshchimiz xotirasi abadiylashtirilishini ta’kidlagan edi. Ko‘p o‘tmay Turkmanobod shahridagi markaziy ko‘chalardan biriga Islom Karimov nomi berildi. Ushbu ko‘chada yodgorlik majmuasi barpo etilib, Birinchi Prezidentimizning byusti o‘rnatildi. Majmuada O‘zbekiston va Turkmaniston davlat bayroqlari aks ettirilgan. Ularning yonidagi granitda Islom Karimovning «Biz qadrlashimiz va yuksaltirishimiz zarur bo‘lgan muhim boylik – bu mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro ishonchdir» degan so‘zlari o‘zbek va turkman tillarida bitilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning taklifiga binoan yaqinda davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi. Tashrifning ikkinchi kuni ikki mamlakat rahbarlari Islom Karimovga o‘rnatilgan yodgorlikning ochilish marosimida ishtirok etishdi.

— Islom Karimov buyuk siyosatchi, ulug‘ davlat arbobi, o‘z xalqini jonidan ortiq sevgan vatanparvar inson edi, — dedi Gurbanguli Berdimuhamedov. — Butun mintaqa tinchligi va hamkorligiga, jumladan, O‘zbekiston bilan Turkmaniston aloqalari rivojiga ulkan hissa qo‘shdi. Islom Karimovning xotirasini abadiylashtirish qarzimiz edi. Bugun ushbu vazifani ado etar ekanmiz, u kishining merosini asrashimiz, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikni yanada mustahkamlashimiz zarur.

— O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasiga hurmat bajo keltirganingiz uchun chuqur minnatdorlik bildiramiz, — dedi Shavkat Mirziyoev. — Islom Karimov buyuk davlat arbobi, uzoqni ko‘ra oladigan dono siyosatchi, zamonamizning yorqin, ulug‘ shaxslaridan edi. Mustaqilligimiz asoschisi Islom Karimov O‘zbekistonda kuchli davlat barpo etdi, jamiyatimizni demokratiya yo‘lidan izchil rivojlantirdi. Shu bilan birga, butun mintaqamizda tinchlik, xavfsizlik va ahillik muhitini yaratishga ulkan hissa qo‘shdi.

O‘zbeklar ma’naviyatli va madaniyatli xalq ekanini 3 sentyabr voqealari to‘la isbotladi. Mamlakatimizning Birinchi Prezidentini so‘nggi yo‘lga kuzatish uchun ko‘plab yurtdoshlarimiz erta tongdayoq ko‘chalarga chiqdi. Ularning hammasining ko‘zida yosh bor edi. Janozaga qatnashish uchun Samarqandga otlanganlarning son-sanog‘i yo‘q edi. 

Dunyo matbuoti, Rossiya telekanallari, hatto “Yeuronews” telekanali Islom Karimov vafoti va dafn marosimlarini efirga uzatdi. Mana shuning o‘ziyoq Islom Karimovning buyuk davlat rahbari ekanligidan dalolat beradi. 

Shu o‘rinda xalqimiz uchun og‘ir bo‘lgan kunlarda Rossiya telekanallarining xolis axborot berganini ta’kidlash kerak. 2 sentyabr soat 23.00 da “Rossiya-24” telekanali boshlovchisi “Karimov o‘zini jahon darajasidagi siyosatchi sifatida ko‘rsatishga muvaffaq bo‘ldi. Uning yutuqlari O‘zbekiston muvaffaqiyati sifatida ko‘rildi”, dedi. Unda ta’kidlanganidek, Karimov SSSR vaqtida hal qilinmagan O‘zbekistondagi murakkab vazifalarni hal qildi. Ko‘rsatuvda 32 million aholiga ega O‘zbekiston ko‘p millatli mamlakat ekani ta’kidlanar ekan, shunday sharoitlarda I.Karimov respublikani saqlab qoldi, fuqarolar urushi alangasi chiqishiga, o‘zgalarning hissiyotlari garovi bo‘lishiga yo‘l qo‘ymadi, deyiladi.

Islom Karimovning vafoti munosabati bilan xorijlik siyosatchilarning fikrlarini o‘rganishga to‘g‘ri keldi. Ularning hammasi bir ovozdan Islom Karimov davrimizning yirik siyosatchisi ekanligini tan olishgan. Islom Karimovning qat’iyati va jasorati bilan respublikamiz mustaqillikka erishdi va o‘z taraqqiyot yo‘lida ulkan muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritdi. Yosh davlatimiz uchun g‘oyat murakkab va mas’uliyatli davrda vaziyat beqarorlashuvining oldi olingani va xalqimizning urush dahshatlarini ko‘rmasdan eson-omon o‘tishi bevosita Islom Karimov nomi bilan bog‘liq.

Tarixan o‘z qadriyatlariga ega bo‘lgan xalqning yo‘lboshchisi bo‘lish uchun xohishning o‘zi yetarli emas. Yo‘lboshchi qalban va jismonan mard bo‘lishi kerak. Ular fikrlar qamrovining kengligi bilan ajralib turadi. Islom Karimov demokratik fuqarolik jamiyati qurish asoslarini yaratdi, mamlakatimiz taraqqiyotining asosiy yo‘nalishlarini ishlab chiqdi, yurtimizning yorug‘ istiqboli yo‘lida ko‘pmillatli xalqimizni birlashtirib, uni ulug‘ maqsadlar sari boshladi.

Lider birovlarni o‘ziga bo‘ysuntirish emas, balki ortidan ergashtirish qobiliyatiga ega bo‘lishi kerak. Bu jihatlarni Islom Karimov siymosida ko‘rdik.

Mustaqillik hech qaysi xalq, hech qaysi millat tarixida osonlik bilan qo‘lga kiritilgan emas. Eng qiyini mustaqillikni saqlab qolishdir. Misol tariqasida o‘tgan asrning 60-yillarida Afrika qit’asida va 90-yillarida sobiq ittifoq respublikalarida qo‘lga kiritilgan mustaqilliklar haqida gapiradigan bo‘lsak, qaysi bir yosh davlatda rahbar oqil va dono bo‘lsa, o‘sha mamlakat taraqqiyot yo‘lidan bordi. Afrikaning deyarli barcha mamlakatlarida qurolli g‘alayon va isyonlar, davlat to‘ntarishlari yuz berib, bu jarayon “zanjir reaktsiyasi” kabi hamon davom etmoqda. Dono yo‘lboshchilarga ega davlatlar tinch taraqqiyot yo‘lini tanlab, buyuk kelajak yaratish yo‘lida bir qator yutuqlarga erishdi. Bunda so‘zsiz o‘sha davlat yetakchisining uzoqni ko‘zlab olib borgan siyosati katta ahamiyat kasb etadi.

O‘zbekiston dunyoning rivojlangan mamlakatlaridan biriga aylanishida, jahon maydonida Toshkentning o‘z aytar so‘zi bo‘lishida Islom Karimovning mehnatlari turganiga aslo shubha yo‘q. 1993 yilda sobiq sovet respublikalari ittifoqdan qolgan merosini bo‘lib olayotgan bir vaqtda O‘zbekiston Janubiy Koreya avtomobilsozlari bilan zavod qurish haqida bitimga erishdi. 1996 yilda Asakadagi zavoddan birinchi o‘zbek avtomobili chiqdi. Natijada boshqa respublikalarga qaraganda O‘zbekiston iqtisodi ko‘tarildi. Xorijiy investitsiyalar asosan sanoatga yo‘naltirildi. Respublikada jahon sanoatining bayroqdorlari faoliyat yuritdi. Ayniqsa, elektrlashtirilgan Angren—Pop temir yo‘lining ishga tushirilishi O‘zbekiston uchun alohida ahamiyat kasb etadi.

Islom Karimov olib borgan oqilona siyosat tufayli O‘zbekiston chorak asr ichida gullab-yashnadi va jahonda munosib o‘rnini topdi. Buyuk ishlari tufayli sayyoramizning nufuzli siyosatchilaridan biri sifatida tan olindi.

Lider o‘z ortidan odamlarni ergashtira oladigan siyosatchidir. Olimlarning fikricha, liderlik o‘zini o‘zi (birinchi navbatda hissiyoti va aqlini) nazorat qilishdan boshlanadi. Chunki insonlarning o‘y-xayoli va hissiyotlari ularning kelajagini belgilaydi.

Masalan, Germaniya kantsleri Gelmut Kol nemis xalqi milliy birligini qayta tiklagan arbob sifatida tarixga kirdi. Liderlar hamisha o‘z bilim va tafakkurlariga ishonishadi. Shu o‘rinda xalqaro terrorizm va unga qarshi kurash borasidagi bayonotlari tufayli ham Islom Karimov bir ovozdan eng mashhur siyosatchilari safidan o‘rin olganini eslaylik. Birinchi Prezidentimiz rahnamoligida O‘zbekiston tom ma’noda mustaqillikka erishdi. Ya’ni nafaqat siyosiy, balki iqtisodiy jihatdan ham mustaqil bo‘ldik.

 

Xulosa o‘rnida aytish kerakki, xalqimizning cheksiz muhabbatini qozongan, mustaqil mamlakatimizning Birinchi Yo‘lboshchisi Islom Karimov qalblarimizda abadiy qoladi va kelajak avlodlar xotirasida tinchlik, barqarorlik, farovonlik va taraqqiyot rahnamosi, buyuk davlat arbobi sifatida mangu yashaydi.

 

Sharofiddin TO‘LAGANOV

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

14 − five =