PALOV-XONTO‘RA

Nosir ota qaqajonlarini maktabga eltib qo‘ygach, qo‘shnisi Farmonning hovlisiga bo‘yladi. 

— O‘-o‘, Farmon, Farmon rais! 

Hovlida timirskilanib yurgan Farmon buva ovoz kelgan tomonga qaradi. 

— Ha, munkillab yuribsanmi? Bu deyman, burungi davrdagi salobatingdan asar ham qolmabdi-ku, bo‘shashma. 

Farmon rais ensasi qotib, peshonasini tirishtirdi. 

— E, oldin o‘zingga boq, deyishgan burungilar.

— Ha, mayli, qo‘yaver, — dedi Nosir ota qo‘lini silkib, — qarichilik-da, undan ko‘ra bir tosh surmaymizmi-a? 

— Mana, bu gaping durust. Hozir chiqaman, — dedi Farmon rais qo‘lidagi ketmonini yerga qo‘yib. 

Ular ko‘pincha ko‘cha yuzidagi kursiga o‘tirib shaxmat o‘ynashardi. Shu bahona qo‘ni-qo‘shnilarini ko‘rishardi, mahalla yangiliklaridan boxabar bo‘lishardi. O‘tgandan aligini, so‘ragandan maslahatini ayamasdi. Ular endigina partiyani boshlab turgan edi, pochtachi Yo‘lchiboy kelib qoldi. 

— Nosir ota, pensiyangizni olib keluvdim, — dedi Yo‘lchiboy qanaqadir daftarlar bilan qo‘liga bir dasta pul olib.

— E, e, barakalla, barakalla, rahmat, o‘g‘lim, sahardan kaftim qichib turgandi desam, shuni sharofatiga ekan-da.

— Endi, Nosir ota emas, Nosirboy bo‘lib qolarkansiz-da, — dedi kulib Farmon buva.  

Kulgi jarangi bosilgach, “zab ish bo‘ldi-da, pensiyalarni naqd pulda berish to‘g‘risidagi qaror chiqarilgani, qariganingdan so‘ng ozgina muammo ham seni qiynab qo‘yar ekan. Biz eskining odamimiz-da, ba’zida bu plastik jonvorni ishlatishga tishimiz o‘tmaydi. Ba’zi joylarda bo‘lsa, plastik ishlatib bo‘lmaydi. Nima qilishni bilmay, oxiri kam-ko‘stingga ishlataver, deb o‘g‘limga berib yubordim. Xalq farovonligiga xizmat qiluvchi qarorlarni chiqargan Prezidentimizga ham rahmat”, dedi Nosir ota shukronalik keltirib. 

— Ha, Prezidentimiz baraka topsinlar, bizga o‘xshab tosh surib o‘tirgani yo‘q-da, Nosirboy. Xalqni eshitayapti, dardini, muammosini tinglayapti. Shunga qarab farmon beryapti, qaror chiqaryapti.

 Har so‘zlaganda, holva degan bilan og‘iz chuchimasligini aytadi. Eshitib mening ham shavqim keladi. Endi, bitta palovxonto‘ra-da, nasib bo‘lsa. 

— Osh bo‘lsa, oshdan qochadigan joyimiz yo‘q. Yo‘lchivoy, raisnikini ham ber, uni ham bir oshga tushiraylik. 

 Farmon rais vaziyatga oydinlik kiritib: 

— Men kecha bankka borib yuz foiz plastikda olishga ariza berib keldim. Plastikda bo‘lsa, seyfda turganday turadi. Naqd olsam ishlatib qo‘yaman. Xolis niyatda, Makkani ziyorat qilsam, deb yig‘ayapman. Xudo nasib, shu kunlarga ham yetib qolarmiz, — dedi.

—Yaxshi qilibsan, bu ishing manzur, o‘zi savob ketidan quvadigan yigitsan-da, — dedi uning yelkasiga qoqib Nosir ota. 

— Bankka borsam, menga o‘xshash pensioner ko‘p, plastikda olishni xohlab ariza yozishyapti. Uning ham o‘ziga yarasha qulayliklari bor-da.

— Naqdmi, plastikmi, ma’qulini ko‘raverish kerak. Bu muhimmas, eng muhimi, tanlash imkoniyating borligida. 

Yo‘lchiboy so‘zga aralashdi:

— Men, hali ko‘p xonadonlarga borishim kerak, oyning yigirma yettinchi kuniga qadar pensiyalarni tarqatishim shart. Mayli, menga ruxsat.

Nosir ota qo‘lidagi puldan uch ming so‘m olib, Yo‘lchiboyga uzatdi.

— Olib qo‘y, bolam, quvonib ketdim, mendan senga yaxshi yangiliklaring uchun suyunchi.

Yo‘lchiboy ko‘ksiga qo‘lini qo‘yib:

— Qo‘yavering, ota, qo‘yavering, — dedi ming istihola bilan. 

Farmonning qovoqlari uyuldi. 

— Pulingni olib qo‘y, nabiralaringga berarsan. 

Yo‘lchining rad etganidan emas, Farmonning avzoyini ko‘rib, Nosir ota pulni joyiga solib qo‘ydi. 

Pochtachi ketgandan keyin Nosir ota xijolat tortib: 

— Bir jo‘shib ketuvdim-da, — dedi nimani noto‘g‘ri qilganini tushunolmay.

— O‘zing o‘ylab ko‘r. Mahallada senu menga o‘xshagan pensionerlar qancha. Yuzdan kam emas. Har kim uch ming so‘mdan bersa, qancha bo‘ladi? A, yasha, uch yuz ming so‘m. Bu nima, tayyorgina luqma-ku!      

Shunday qilib, oldin odamlarni o‘zlaring buzasizlar-da, keyin odamlarda insof yo‘q, hammasi poraxo‘r bo‘lib ketgan, deb ayyuhannos solasiz. Bugun o‘zing berayapsan. Ertaga so‘raydigan bo‘ladi. Undan keyin esa indamay pensiyangdan urib qoladigan bo‘lishadi. 

— To‘g‘ri aytasan, buyog‘ini o‘ylamabman. Raisligingga borasan-da, zakunni yaxshi bilasan. Sen o‘tirib tur, men kelinga aytay, palovxonto‘raning harakatini qilaversin, — deb Nosir ota uyiga kirib ketarkan…      

 

Sanjar ESHMURODOV

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × four =